Sharqshunos N.I. Konrad (1891–1970) qiyosiy adabiyotshunoslikning predmeti boʻlishi mumkin boʻlgan besh jihatga eʼtiborni qaratgan: 1. Tarixiy umumiylikka ega boʻlgan milliy adabiyotlarni (masalan, fors va tojik tillari) qiyoslash; 2. Turli xalqlar adabiyotidagi tipologik xususiyatlarni qiyoslash (masalan, XIX-asr klassik realizmi);3. Turli mintaqa va davr xalqlari adabiyotini qiyoslash (masalan, rus va o‘zbek adabiyoti); 4. Bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan adabiyotlarni tipologik belgilarga ko‘ra qiyoslash (masalan, ritsarlik romanlari va yapon urush dostonlari); 5. Xalqaro adabiy aloqalarni qiyoslash. Bu yerda olim adabiy aloqalarni alohida ta’kidlagan1.
O‘zbeklar va yaponlar o‘rtasidagi munosabatlar uch bosqichda amalga oshganligi ma’lum: diplomatik, “yuqori doiradagi” hamda ommaviy aloqalar. Diplomatik aloqalarda ikki mamlakat diplomatlarining muloqoti nazarda tutiladi. “Yuqori doiradagi” bosqichda diplomatik munosabatlar kengayib iqtisodiy, savdo-sotiq, madaniy va ilmiy sohalarni qamrab oladi. Ommaviy bosqichda ikki xalq o‘rtasidagi bevosita munosabatlar tushuniladi, masalan ommaviy axborot vositalari orqali boshqa mamlakat to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘lishdagi keng imkoniyatlar yoki yapon harbiy asirlarining O‘zbekiston shaharlaridagi qurilishlarda ishtiroki kabi2. Ma’lumki, O‘zbekiston va Yaponiya har doim siyosatchilar, jurnalistlar, olimlar va tahlilchilar, yozuvchilar va shoirlarning e’tiborini tortgan hayratlanarli va sirli mamlakatlardir. Qiyosiy tahlil usullari, davlat-huquqiy modellashtirish, shuningdek, tahliliy, axborot ma’lumotlari va ilmiy adabiyotlardan foydalangan holda shuni aytish mumkinki, xalqlarimiz o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar tarixi Buyuk Ipak yo‘li davrida savdo-iqtisodiy almashuvlar bilan bir qatorda intensiv madaniy-ijtimoiy aloqalar ham amalga oshirilgan davrlarga borib taqaladi. Yapon olimi Yutaka Yoshida qadimiy idishlardan birida so‘g‘d yozuvida saqlanib qolgan, idish egasi Shosh (Toshkentning qadimiy nomi) shahrida yashovchi ekanligi haqidagi yozuvni o‘qib chiqqan. Xitoy va yapon imperatorlari o‘zlari tashabbus ko‘rsatib, Hindistonga, Kushon, Davan (Farg‘ona), Sug‘d podshohlariga elchilar va sovg‘a-salomlar yuborib, buddaviy rohiblarni yuborishni iltimos qilar edilar3.
“… Chingizxonning nabirasi Qabuloy xoqon Chin-Xitoyni olgandin so‘ngra 4 ming safina (kema) ila Yaponiyaga askar yubormish edi. Lekin yapon xokimlarining ltadbiri va bir quvvatli yel (buron) yordami ila mug‘ullar tasarrufina kirmay qoldilar. Ovrupa esa Yaponiyaning dunyoda borligini Morku Pulu (Marko Polo) ning sayoxatidan so‘nggina bildi”4. Аmmo, turkiy xalqlar Yaponiyaning borligini ilk o‘rta asrlarda (III-VII) ham bilar edi. Hasan Аto Аbushiy yapon xalqining fazilatlari haqida bunday yozadi: “Yopun xalqi sofdil, pok xulqlidir. Gadr (zorlik), xiyonat va o‘g‘rilik qilmas, yolg‘on so‘ylamas, zulm va jinoyat etmas, ichkilik ichmas, tez achchig‘lanmas. Ne qadar achchig‘lansa (g‘azablansa)da faxash va usal so‘zlar ila so‘kinmas. Hech kimdan istehzo etib kulmas. Ilm va mol va yo xusn ila aslo kibrlanmas, faxrlanmas. (Maqtanib) mol isrof etmas, foydasiz va maʼnisiz mudalarga aldanmas. Har kim ila xush va birodarona muomala etar... Ozga qanoat qilar. Ishga juda tirishqoq, ilm va maʼrifatga ijtixodli (g‘ayratli), hunar va sanoeʼga g‘oyat xavasli xalqdir”5. Yapon xalqining bu fazilatlari, noziktabligi, she’riyatga xavasi, adolat va xaqiqatni, yaxshilikni, ezgulikni qadrlashi yapon folklorida, ertak va afsonalarida ham, yozma badiiy nasri va nazmida ham yorqin ko‘rinadi. Yapon xalqiga xos bo‘lgan kamtarlik, xushmuomalalik, ratsionalizm, mehnatsevarlik, sheriklarga hurmat va ehtirom kabi fazilatlar katta hurmatga sazovordir. Tarixiy maʼlumotlarga koʻra, Meyji islohotlari davrida, aniqrog‘i 1880-yilda yapon diplomati keyinchalik Yaponiya tashqi ishlar vaziri boʻlgan Tokujiro Nishi vataniga qaytayotganda qirq kun davomida Oʻrta Osiyo boʻylab sayohat qilib, Toshkent, Samarqand, Buxoro va Fargʻona vodiysida boʻlgan. Tokujiro Nishini Buxoro amiri Muzaffar qabul qilib, Yaponiya bilan savdo aloqalarini oʻrnatish yoʻllarini muhokama qilgan. 1886-yilda “Turkistonga sayohat” kitobini nashr ettirgan. Keyinchalik yapon tadqiqotchilari Yasumashi Fukusima (1894), Kazzuo Otani (1903), Masaji Inoue (1903), Zuichi Toshibana (1912) va boshqalar Markaziy Osiyo bo‘ylab sayohat qilib, o‘z qaydlarida mintaqa va uning xalqlari haqida yozganlar. Taxminan 1920-yillarning o‘rtalaridan boshlab Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasida ilmiy muassasalar orqali nashrlar va davriy nashrlar almashinuvi ko‘rinishidagi ayrim aloqalar qayd etilgan. Sovet Ittifoqiga yapon yozuvchilari va fan va madaniyat arboblari tashrif buyurishgan: xususan, 1964-yilda Sibir bo‘ylab Irkutsk va Novosibirskga qilgan sayohati haqida sayohat yozuvlarini qoldirgan yozuvchi Eysuke Nakazono; 1950-yillarning o‘rtalarida Toshkentga tashrif buyurgan yozuvchi Man Inoue va boshqalar. Ular davlatning madaniyati, fani va ta’limi haqida ijobiy sharhlar qoldirganlar. 1960-yillarda Yasusi Inoue Markaziy Osiyoga qilgan sayohatlari, olimlari va jamoat arboblari bilan uchrashuvlar ikki tomonlama aloqalar imkoniyatlarini kengaytirganligidan dalolat beradi. Inoe Toshkentga tashrifi davomida o‘zbek ijodkorlari bilan uchrashgan.
Yasushi Inoue urushdan keyingi Yaponiyaning taniqli nasriy va publitsistlaridan biri bo‘lib, yozuvchi asosan tarixiy voqealarga e’tiborini qaratgan. 1930-yillar o‘rtalarida Osakadagi Yaponiyaning eng yirik gazetalaridan biri – “Mainichi” ning madaniyat bo‘limida jurnalist bo‘lib ishlay boshlagan. U 1930-yillar oxirida harbiy xizmatni Shimoliy Xitoyda tugatgan.
Ikkinchi jahon urushi tugagandan so‘ng, Yasushi Inoue o‘zini ijodga bag‘ishlagan va Yaponiya, Osiyo va Rossiya haqidagi tarixiy romanlar va qisqa hikoyalar muallifi sifatida shuhrat qozongan. 1959-yilda “Loulan” (楼蘭) tarixiy hikoyalar va qissalar to‘plami va “Dunxuang” romani nashr etilgan, asarning voqealari Xitoyning g‘arbiy va shimoli-g‘arbidagi cho‘l mintaqalarida bo‘lib o‘tadi, unda xitoylik bo‘lmagan xalqlar istiqomat qiladi, ular qadimgi va o‘rta asrlar davomida xitoyliklar va ular o‘rtasidagi tinimsiz qarama-qarshiliklarning manbayi bo‘lgan. Yasushi Inoue Mo‘g‘ul imperiyasining mashhur xonlari haqida bir qancha romanlar muallifi: “Ko‘k bo‘ri” (“蒼き狼”, 1960) – Chingizxon haqida; “Shamol va to‘lqinlar” (“⾵濤:” 1963) - Xubilayxon haqida. 1966-1968-yillarda “Rossiya haqida tushlar” romani ajoyib yaponiyalik savdo kemasi kapitani Kodayu Daikokuya haqida nashr etilgan, u kema halokati tufayli Rossiyada bo‘lib, keyinchalik rus-yapon munosabatlari tarixida ramziy shaxsga aylangan. Yasushi Inoue Yevroosiyo haqidagi matnlarida o‘tmishdagi joylar va voqealarning hikoyaviy tarixini yaratish texnikasidan foydalangan, ular orqali “Xitoyning mohiyati” (中国のもの) va “G‘arbiy mintaqaning mohiyati” (西域のもの) ifodalanadi.
“Seiiki” uchun tanlangan janr shakli O‘rta asrlar yapon adabiy ijodining an’anaviy shakllaridan birini ifodalaydi. Inoue Yasushi adabiy hikoyani tegishli tarixiy va g‘oyaviy mazmun bilan to‘ldirgan. U SSSRning Oʻrta Osiyo va Xitoy Xalq Respublikasining Shinjon-Uygʻur avtonom viloyatiga safarlaridan ancha oldin (1977) Yevroosiyo masalalarini rejalashtirgan. Yozuvchining taʼkidlashicha, “Gʻarbiy mintaqa”6 - “seiiki” 1930-yillarda yapon ziyolilarining qiziqishini uygʻotgan, yaponiyaliklarning Osiyoni oʻrganish boʻyicha gullab-yashnashi boshlangan, ammo, Sovet Ittifoqining urushdan keyingi mintaqalariga sayohat qilishning iloji boʻlmagan va Xitoy Xalq Respublikasi obyektiv sabablarga ko‘ra (行けない 所 - yetib bo‘lmaydigan joy), shuning uchun qissa va romanlar Xitoy mumtoz tarixiy asarlari va yapon tarixshunosligi ta’sirida yozilgan7.
Xitoy tarixi, mamlakatning G‘arbiy mintaqadagi xalqlari bilan to‘qnashuvlari, Yevroosiyo madaniyati Yasushi Inouening yoshligidanoq qiziqish uyg‘otdi: “学生のころ、私は中央アジアで一番古い街サマルカンド、へ行きたいと,思った8.(Talabalik vaqtlarimda Markaziy Osiyodagi eng qadimiy shahar - Samarqandga borishni xohlardim)”. Bo‘lajak yozuvchi Sima Tsyanning “Tarixiy yozuvlari” va “Buyuk Tan sulolasi davrida rohib Syuan Szanning G‘arbiy mintaqaga sayohati” kabi Xitoy klassik tarixiy asarlarini o‘qishni yaxshi ko‘rardi[1]. Yozuvchi o‘z asarlarida Xitoy tarixiy va madaniy an’analariga ishora qilib, Xitoydan kelgan tarixiy va badiiy asarlar mualliflarining adabiy yodgorliklarini keltirib o‘tadi. Yasushi Inouening Sovet Oʻrta Osiyosiga safarlaridan maqsad SSSRning Oʻrta Osiyo respublikalarining tarixiy ahamiyatga ega shaharlari — Buxoro, Samarqand va Toshkentga tashrif buyurish edi; cho‘l shaharlari - Ashxobod, Urganch, Xiva; tog‘li shaharlar - Dushanbe, Andijon, Marg‘ilon, Qo‘qon, Farg‘ona; rohib Syuanzanning G‘arbga qilgan o‘n yetti yillik sayohati haqidagi yozuvlarida tilga olingan To‘qmoq, Oq-Beshim, Bishkek (Frunze) kabi shaharlar (3 b.).
Birinchi sayohat 1965-yilning may-iyun oylarida boʻlib, yozuvchi Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston, yaʼni Toshkent, Samarqand, Buxoro, Penjikent, Dushanbe, Ashxobod shaharlarida boʻlgan; Ikkinchi sayohat 1968-yilning may-iyun oylarida Yasushi Inoue Moskva, Leningrad, Kiyevda boʻlib, soʻngra Oʻzbekistonga kelgan. Toshkent va Fargʻona vodiysi (Andijon, Namangan, Fargʻona, Qoʻqon, Leninsk, Asaka va boshqa shaharlar) da boʻlgan [2]. Keyinchalik, 1970-1980-yillarda Yasushi Inoue G‘arbiy Turkistonga bir necha marta tashrif buyurgan (jami beshta sayohat); 1980-yillarda Yasushi Inoue Buyuk Ipak yo‘liga bag‘ishlangan NHK- loyihasining bosh tashkilotchisi bo‘lgan[3].
“Seiiki” nomi Tokugava davri (1603-1868) mutafakkiri Toshiaki Xondaning “Seiiki monogatari” (1798) nomli asariga mos keladi. Biroq, matnlar turli muammolarni hal qilgan: Toshiaki Honda Yaponiya va tashqi dunyo haqidagi iqtisodiy va strategik risolasini yaratgan, Yasushi Inoue esa Gʻarbiy mintaqaning tarixiy va madaniy oʻziga xosligini koʻrsatishga intilgan[4]. Asarning Yaponiyada mashhur topishi ijodkor mahorat bilan maqsadga erishganligidan dalolat beradi.
Yasushi Inoue O‘bekiston tasvirlarini yaratishda uchta asosiy ilmiy matnlar guruhiga tayanadi: Xitoy klassik tarixiy asarlari; Konan Naito (1866–1933), Jitsujiro Kuvabara (1871–1931), Kurakichi Shiratori (1865–1942), Toyoxachi Fujita (1869–1929), Mikinosuke Ishida (1891) kabi yirik yapon sharqshunos tarixchilarining ilmiy asarlari; Buyuk Ipak yoʻli tarixiga oid Gʻarb tarixiy tadqiqotlari, jumladan, P.P.Semenov-Tyan-Shanskiy, N.M.Prjevalskiy, V.V.Bartold, A.N.Bernshtam, V.A. Shishkin kabi rus tarixchilari va sayohatchilarining asarlari. Shuni ta’kidlash kerakki, Markaziy Osiyo masalalari XX asrda Yaponiyada keng o‘rganilgan: 1927-2005-yillarda G‘arbiy mintaqa xalqlari tarixi va madaniyatini o‘rganish va mintaqaga sayohatga bag‘shlangan besh yuzdan ortiq asarlar nashr etilgan, eng ko‘p nashrlar 1970 va 1980-yillarda nashr etilgan[5]. Yasushi Inoue matnlarining o‘ziga xos jihati shundaki, ular tarixchilarning professional jamoasiga emas, balki keng kitobxonlar ommasiga qaratilgan bo‘lib, kuchli tarbiyaviy pragmatik vazifalarni ham bajaradi.
Yasushi Inoue matnlarida Yevroosiyo obrazining qurilishi muhim va tipik jihatlarni ochib beruvchi bir necha asosiy komponentlardan iborat: 1) tabiat – Yevroosiyo cho‘llari, tog‘lari, daryo va ko‘llari, go‘zalligi mahalliy xalqlarning estetik qarashlarini shakllantiradi; 2) tabiiy-geografik sharoitlarning bevosita ta’siri ostida bo‘lgan xalqlarning harakati va o‘zgarishi, ularning madaniyati va iqtisodiy shakllari: “Men kabi yozuvchilarni cho‘l mamlakatlarining tarixi va tabiiy go‘zalligi o‘ziga jalb qiladi va [bu dunyoning] eng yashirin burchaklariga qarash misli ko‘rilmagan besh rangli kamalakka ergashishga o‘xshaydi”(240 b). O‘zbekiston qiyofasi o‘rta asrlardan hozirgi kungacha turli xalqlarning qorishmasi orqali o‘tganligi haqidagi g‘oyalari bilan yanada aniqroq ifodalanadi: mintaqa “G‘arb va Sharq o‘rtasidagi yo‘lak ichida cho‘l kamarida yaratilgan ilohiy ijodga aylandi. Cho‘llar, savdo shaharlari, masjid va buddizm ibodatxonalari[6], turli xalqlarning yuksalishi va qulashi, o‘sha voqealarning ulkan tarixiy soyalari – bularning barchasi asarlarida o‘z aksini topgan”(196 b).
Yasushi Inoue 1965-yilda bir guruh yapon olimlari va madaniyat arboblari (yozuvchi Shogo Nomura, adabiyotshunos Xirotosi Fukuda, fotograf Isshu Nagata, arxeolog Kyuzo Kato va boshqalar) bilan birgalikda Afrosiyob qazilmalarida tarixchi V.A. Shishkin bilan uchrashishni rejalashtirgan va tashrif buyurgan (93 b). Yozuvchi Afrosiyob va Samarqandning qadimgi va o‘rta asrlarda yuksak madaniy saviyasini qayd etgan.
Yasushi Inoue Buyuk Ipak yo‘lining Buxoro, Xiva va Qo‘qon shaharlarini seiiki shaharlari (西域の町) deb ataydi(194 b). U shunday ta’kidlaydi: “Hozirgi Turkistonda eng qadimiy arxeologik yodgorliklar Buxoroda joylashgan. Bu shaharda nafaqat xarobalar, balki o‘rta asrlar shahrining atmosferasi ham kuchli seziladi. Uning hozirgi qiyofasi Shayboniylar sulolasi hukmronligi davridan beri o‘zgarmagan,… Toshkent modernizatsiya ta’sirida sezilarli darajada o‘zgargan, ammo, Buxoro qadimiy holatda qolmoqda, bu bizni juda quvontiradi (197 b). Yozuvchi hamrohlari bilan Buxoro ko‘chalarida sayr qilar ekan, masjidga tashrif buyurib, baland teraklar, minoralar, “loy uylar”ga qoyil qoldi (204).
Muallif Samarqand va Buxoroda bo‘lgani kabi, Xiva va Qo‘qonning o‘rta asrlar tarixi haqida ham batafsil ma’lumot beradi. U Xivaning tabiati haqida yozgan ediki, u ham Buxoro singari savdo shahri boʻlgan, buning koʻp bozorlari ham dalolat beradi, lekin, u ham “Turkistonda koʻrilgan eng oʻziga xos shahar”dir (213 b); shahar ichkarisida va tashqarisidagi devorlar ohak bilan qoplangan, yarmi vayron bo‘lgan, hijobli ayollar aylanib yurgan, musulmon maktablari faoliyat yuritgan. Fargʻonada joylashgan qoʻqon Xitoy bilan savdo-sotiq tufayli Buyuk Ipak yoʻlidagi shahar sifatida ravnaq topdi, Qoʻqonlik savdogarlar esa “Gʻarbiy mintaqa savdogarlari” (西域の商人) edi. Yasushi Inoue 1968-yilda Farg‘onaga tashrif buyurib, shaharning tarixiy o‘ziga xosligi va paxta yetishtiruvchi shahar sifatidagi zamonaviy iqtisodiy ahamiyatini ta’kidladi (225, 229).
Shunday qilib, Yasushi Inouening O‘zbekistonga sayohati yozuvchiga tarixiy meros va tabiatning o‘ziga xosligi asosiy xususiyatlar bo‘lgan muzey hududining rasmini yaratishga imkon berdi. Yozuvchi, seiikining mohiyatini aynan o‘zining tarixiy yo‘lida Sharq va G‘arbni bog‘lovchi, xalqlar va madaniyatlar qozoni sifatida, o‘ziga xos tarzda namoyon etadi. Bu bilan Inoue O‘zbekistonni yaponlar tomonidan “kashf etish”da o‘zidan oldingilarning an’anasini davom ettirayotganini ko‘rsatadi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
Сатторова Г. Роль Ясуси Иноуэ в литературных связях Узбекистана и Японии. Литературные связи никогда не бывают односторонними. Ведь возникновение межлитературного синтеза в определённом регионе, крае, стране связано с развитием культуры, а порой и с приходом в литературу писателя с широким мировоззрением, основанным на национальных ценностях своего народа, мыслящего в общечеловеческом масштабе, и созданием признанных человечеством произведений искусства. В рамках статьи мы сосредоточим внимание на Ясуси Иноуэ и его творчестве, как одного из таких творцов.
Sattorova G. The Role of Yasushi Inoue in the Literary Ties of Uzbekistan and Japan. Literary ties are never one-sided. After all, the emergence of interliterary synthesis in a certain region, territory, country is associated with the development of culture, and sometimes with the arrival in literature of a writer with a broad worldview based on the national values of his people, thinking on a universal scale, and the creation of works of art recognized by humanity. This article will focus on Yasushi Inoue and his work as one of such creators.
2 Maʼlumotlarga koʻra, Ikkinchi jahon urushi natijasida 1945-yil kuzida Sovet hukumatining buyrugʻi bilan minglab yaponiyaliklar mamlakatning chekka viloyatlariga yuborilgan, xususan, Oʻzbekistonga 25 mingga yaqini koʻchirilgan. Yaponlar 50-yillarning birinchi yarmigacha mamlakatimizda yashab, O‘zbekiston qurilishida faol ishtirok etgan.
3 Yutaka Yoshida. Three Manichaean Sogdian letters unearthed in Bäzäklik, Turfan. Tokyo: Rinsen Book Co., 2019, -P.278, 10 planches, 2 cartes.
4 Рукописная книга в культуре народов Востока. Том 2.- М.: Наука, 1988. - C. 235.
5 Abushiy Hasan Ato. Тurkiy qavmlar tarixi. – Тоshkent: “Choʻlpon” nashriyoti, 1995. –B.25.
6 “Seiiki” - Xitoy tarixiy-adabiy an’analarida Turkiston cho‘llari va cho‘llarining an’anaviy nomi bo‘lib, uni yapon tarixchilari va mutafakkirlari bo‘lishgan.
7 Старовойтова Е.О. Китай в российской сатирической прессе времен Русско-японской войны 1904–1905 гг. Новейшая история Pоссии // Культурная антропология. 2021. Т. 11, № 4.-C.34.
8 井上靖. 西域物語. 東京.1969. ページ.3. Asardan keltirilgan keyingi misollarda faqat sahifasi beriladi. Asar o‘zbek tiliga tarjima qilinmagan, tarjimalar muallifga tegishli.
[1] Сыма Цянь. Исторические записки. Т.8. M., 2002; Сюань-цзан. Записки о западных странах [эпохи] Великой Тан (Да Тан си юй цзи). М., 2012.
[2] 顧維良.永遠と帝都の詩人:井上靖 - 青春、太鼓にひびきあう「異国の星」 - をめぐって. [永遠と不動の詩人:小説『見知らぬ国の星』における青春と古代の統一について井上靖が語る] // 国際日本文学選集:集:カイカイギロク. 2008. No. 31. P.122.
[3] シルクロド・ローマへの道.ダイソー:玄翁ゆく.ソビエト/井上靖、樋口隆康、NHK酒販.パート 1.東京,1983 年.P.22.
[4] М.Н.Малашевская Культурный диалог Япония — социалистическая Евразия в 1960–1970-е гг.: визиты писателей Ясуси Иноуэ и Рётаро Сибы в СССР и Монголию Новейшая история Pоссии..Культурная антропология. 2021. Т. 11, № 4.-C.
[5] https://www.library.toyama.toyama.jp/wp/wp-content/uploads/2013/01/silkroad.pdf [ murojaat etilgan sana :12.07.2025].
[6] Turkiston turli diniy e’tiqodlar va monoteistik dinlarning muloqoti va tarqatiladigan joyiga aylandi, Yasushi Inoue islom dinining tarqalishining fundamental ahamiyatini qayd etdi; Buddizm uchun Dunxuangdagi kimsasiz ibodatxonalar G‘arbiy mintaqada buddizm ta’sirini kengaytirishning eng muhim belgilaridan biriga aylandi. Yaponiyada Dunxuangshunoslik buddologiya olimlari va Ichki Osiyo madaniyati tadqiqotchilari orasida doimiy mashhurlikka ega.