ORIYENTAL VA OKSIDENTAL LINGVOMADANIYATLARGA XOS ASOSIY MILLIY-MADANIY OBRAZLAR TAHLILI

Dunyoda bir qancha mamlakatlar va unda yashaydigan xalqlar, jamiyatlar, kishilar mavjud, har bir xalq yoki elatning o‘zigagina xos bo‘lgan milliy madaniyati ham yashaydi. Har bir xalqning milliy madaniyati yagona unsur bo‘lib, u takrorlanmasdir, kelib chiqishi, rivojlanish bosqichlari, sivilizatsion elementlari qaysidir madaniyatga yaqin bo‘lishi mumkin, lekin shunda ham u takrorlanmasligini, yagonaligini saqlab qoladi.

Mazkur masalaga keng miqyosda nazar solar ekanmiz, dunyoda ulkan umumiy madaniyatlar borligini ham ta’kidlashimiz kerak. Bugungi kunda Sharq va G‘arb kabi geografik tushunchalar dunyoni teng ikkiga bo‘lib, turli madaniyatlar, xalqlar, elatlar, jamiyatlar, tillar va hokazolarni birlashtirib umumiy bir maqsad sari harakatlanadigan katta kuchga aylantirib ulgurdi. Kishilik jamiyati shakllanishining eng rivojlangan bosqichlarida, insonlarning soni nihoyatda ko‘paya boshlashi bilan dunyo mamlakatlari Sharq va G‘arb mintaqalariga bo‘linib, o‘z taraqqiyot yo‘liga ega bo‘la boshlaganligini ta’kidlab o‘tish mumkin. Shu bilan birga ushbu ulkan mintaqalar yana ma’lum bir kichik guruhlarga bo‘lina boshladi.

Zamonaviy tilshunoslikda Sharq olamiga tegishli turli obrazlar, madaniy unsurlar, madaniyat, din, falsafa, adabiyot, turmush tarz, mentalitet, folklor, tamaddun, lisoniy belgilar,  leksik birliklar va hokazolarni, ularning kelib chiqishi, etimologik va antropologik jihatlari asosida tadqiq qilish kabi dolzarb masalalar oriyentalizm, ya’ni sharqshunoslik fani maqsadlaridan biri hisoblanadi. Oriyentalizm Yevropa davlatlari, G‘arb olamining Sharq haqida shakllantirgan yoki yaratgan obrazi, tasavvuri sanaladi. Uzoq vaqt, bir necha asrlar davomida bir-biri bilan uyg‘unlikda umrguzaronlik qilib kelayotgan bu ikki olam o‘zidagi eng yaxshi madaniy, diniy, falsafiy, lisoniy unsurlar asosida bir-biri haqida ijobiy portret yarata olganliklari maqtovga sazovor. Kelib chiqishi falastinlik bo‘lgan amerikalik olim Edvard Said Oriyentalizm terminini hamda uni hosil qiladigan bir qator unsunlarni yaratgan olim hisoblanadi [1; 35-38]. U o‘zining “Oriyentalizm” asarida ba’zi bir G‘arb olimlarining Sharq, ayniqsa arab olami xususida noto‘g‘ri tushuncha, xulosaga ega ekanliklariga urg‘u beradi hamda asl oriyental madaniyat va san’at, din va tabobat, falsafa va jamiyatga aloqador masalalarni yoritadi. Edvard Said ba’zi G‘arb olimlarining u yoki bu Sharq tushunchalariga baho berishda, ularni talqin qilishda xatoliklarga yo‘l qo‘yganliklariga ham e’tibor berib, oriyentalizm nuqtai nazardan G‘arb olami uchun bunday madaniy unsurlarga to‘g‘ri va aniq izoh beradi. Bir so‘z bilan aytganda, ushbu asar Sharq va G‘arb olamining bir-biriga yanada yaqinlashishi, yaxshiroq tushunshiga o‘z hissasini qo‘shdi. Oriyentalizm obyektlariga qarama-qarshi tarzda shakllangan fan bu oksidentalizm sanalib, u aksincha G‘arb mamlakatlarining turli masalalar hamda sohalarda Sharq olamida qandaydir bir tasavvur uyg‘otishi masalalarini o‘rganishga bel bog‘lagan. Oksidentalizm G‘arb san’ati, madaniyati, dini, tili, falsafasi, sotsiologiyasi, mentaliteti, psixologiyasi va hokazolarda Sharq olamida shakllanib qolgan yoki sun’iy tarzda yaratilgan stereoltiplarga qarshi o‘z g‘oyalarini taqdim etish, paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan qandaydir bir tushunmovchiliklarni oldini olishdan iboratdir.

Ba’zi bir olimlar tomonidan zamonaviy tilshunoslik tarkibiga kiruvchi bo‘lim, boshqalari alohida fan deb hisoblaydigan oriyental hamda oksidental lingvistikalar (Sharqshunoslik hamda G‘arbshunolik) oldida turgan dolzarb masalalardan biri bu hamkorlikda ikki dunyo olami, ikki ulkan tamaddum, ikki yirik madaniyat hamda jamiyat, ikki yo‘nalishda taraqqiy topayotgan lisonlarni o‘zaro tolerantlik, tushunish va gumanizm nuqtai nazaridan tadqiq qilishdir. Oriyentalizm (sharqshunoslik) asosan Osiyo va Afrika davlatlarining madaniyati, tili, dini, jamiyati, adabiyoti, turmush tarzi, odat va an’analarini o‘rganish barobarida ularning qadimda qanday shakllanib kelgani, etimologiyasi, hozirgi davrdagi holatini sinxron va diaxron tarzda o‘rganadi, shuningdek, mazkur masalalar turli diniy, sotsiologik, tarixiy, madaniy kontekstlarda tadqiq qilinadi. Oriyental hamda oksidental tilshunoslikda mavjud bir qator obrazlar shu olam hayoti, jamiyati, tarixi, madaniyatida muhim bo‘lgan unsurlar hisoblanib, kishilar tomonidan qadrlanadigan, e’zozlanadigan ramzlardir, shubhasiz, ular bir-biridan tubdan farq qiladi, ma’lum bir hududga xos bo‘lgan odat yoki an’ana u yoki bu inson tomonidan qabul qilinishi qiyin bo‘lishi mumkin, biroq identik tamaddum, insonlarning xilma-xil dunyoda yashashini anglash, qabul qilish barcha separatizmga oid muammolarga yechim bo‘la oladi.        

Milliy o‘ziga xoslikni aks ettirish, eng avvalo leksika bilan bog‘liq. Bunday leksika lingvomadaniyatshunoslik, lingvoo‘lkashunoslik va boshqa tilshunoslikga oid fanlar uchun tadqiqot ob’yektiga aylanadi, chunki uning semantizatsiyasi madaniy-tarixiy kontekstga kirishini, muhit (tabiiy va moddiy) bilan tanishishning albatta bajarilishi kerakligini nazarda tutadi. Muqobilsiz (ekvivalentsiz) leksikani konsept darajasida boshqa til bilan mos keladigan, ammo prototiplar darajasida ajralib turuvchi leksikadan farqlash lozim.

S.M.Mezenin obrazlilikni lisoniy kategoriya sifatida xarakterlar ekan, uning har qanday shakli, xoh nutqiy xoh lingvistik bo’lsin o’zining mantiqiy shakllanishida uch komponentga ega ekanligini ta’kidlaydi [5; 65-67]: 1) ifodalangan predmetning gnoseologik ma’nosi bilan aloqador referent; 2) u yoki bu holda ifodalangan holatdagi predmet, agent; 3) asos, ya’ni predmetning umumiy xususiyatlari hamda uning ifodasi, o‘xshashlik tamoyiliga asosan shartli ravishda paydo bo‘ladigan belgilar. Lisoniy obrazli vositada mavjud yuqorida sanab o‘tilgan eksplisit tarzda ifodalangan komponentlarni qiyoslash hisoblanadi. Obrazlilik – til birliklarining real xususiyatlari hisoblanib, biz, insonlarning ongida turli “manzara”larni hosil qila olish qudratiga ega. Shuningdek, fanda g‘oyaviy obraz tushunchasi ham mavjud bo‘lib, umumlashtirilgan hamda mavhumlashtirilgan tasavvurlarni manzara sifatida inson miyasida qolishini ta’minlaydi.

V.A.Maslovaning ta’kidlashicha, madaniyat turli belgilar ichiga ularning semantikasidagi assosiativ-obrazli asoslari orqali kirib boradi hamda obrazlarning stereotiplar, etalonlar, ramzlar, mifologemalar, prototipik vaziyatlar va milliy madaniyatning boshqa belgilari bilan aloqadorlik hamda munosabatlarni mavjudligini aniqlash orqali xarakterlanadi [4; 123]. Aynan milliy til semantikasida shakllangan obrazlar tizimi jonli nutq (til) jarayonidagi madaniy ma’lumot bilan to‘qnash keladigan markaziy lisoniy hudud sanaladi. Inson ongida shakllangan tashqi olamdagi hodisa va predmetlar ichki obrazlar shaklida ifodalanadi. A.N.Leontyevaning fikricha, inson ongida maxsus “beshinchi kvazio‘lchov” mavjud, unda insonni o‘rab turgan haqiqiy olam ifodalangan: bu – “ongli maydon”, tushunchalar tizimidir. Shu asosda, olamning lisoniy manzarasi bu – “obrazlar tizimi” deb ta’kidlashimiz mumkin.

Prototip deganda u yoki bu madaniyat, xalq, etnos, til, hudud, mamlakat va boshqa makonlarga oid bo‘lgan eng ko‘p ma’lum invariant tizimli obyektning reprezentativ (diniy, muqaddas, etalonga oid) varianti tushuniladi, u eng ko‘p o‘ziga xoslik (mazkur obyektning o‘ziga xos belgilarining aralashib ketishi), yasama variantlarga ta’sir ko‘rsatish qobiliyati va  zohir  bo‘lib  turishining  yuqori  darajadagi doimiyligi bilan xarakterlanadi. Umuminsoniy tag bilimlarga tegishli bo‘lgan konseptual universaliyalar turli prototiplarga ega bo‘lishlari mumkin,  ya’ni har bir tilda (kollektiv lisoniy ongda ham) universal konseptga mos ravishda  bu konseptning o‘z shaxsiy, milliy, o‘ziga xos obrazi keltiriladi, boshqa til sohiblari bu elementni hatto xayoliga keltirmasliklari ham mumkin. Inson ma’lum bir moddiy muhitda yashab, bir tamoyilni ko‘pincha unutib qo‘yadi yoki bilmaydi: “manzara hamma joyda har xil ko‘rinadi. Hamma joyda ham odamlar dengiz yoki qor bilan tanish emaslar, tuproq hamma joyda ham jigarrang emas (ko‘p joylarda u ko‘proq qizil, sariq yoki qora bo‘lishi mumkin) va hattoki o‘t ham uning tarkibida namning  miqdori va quyoshda joylashganligiga bog‘liq (masalan, Avstraliyada o‘t bilan qoplangan joy yashildan ko‘ra ko‘proq sarg‘ish yoki jigarrangdir)”[2; 45]. T.D. Gachevning fikricha, olamning milliy obrazi quyidagilarni o‘z ichiga oladi: milliy makon, turmush, til; milliy xarakter, milliy qalb; tafakkurning milliy xususiyati,  olamni idrok qilish usuli, turmushga nazar, qadriyatlar ketma-ketligi [3; 97-102]. Har bir davr esa o‘z obrazlarini keltirib chiqaradi. Aynan mana shu obrazlar u yoki bu hudud xususida ma’lum bir to‘xtamlarga, xulosalarga kelishni ta’minlaydi.

Mazkur tadqiqotni amalga oshirish uchun diskursiv, kontekstual, lingvokulturologik tahlil medodlaridan foydalanildi. Lingvokulturologik tahlil metodi yordamida biz Oriyental hamda Oksidental lingvomadaniyatlardagi milliy-madaniy unsurlarni topib, tahlilga tortdik. Diskursiv tahlil metodi esa turli diskurslarda taqdim etilgan madaniy elementlarni tadqiq qilish imkoniyatini berdi. Kontekstual tahlil metodi esa milliy-madaniy unsurlarning turli kontekstlardagi vazifalarni aniqlashda qo‘llanildi. 

Ma’lum bir mamlakat, shahar, qishloq, mintaqa kabi hududlarning umumiy obrazini ifoda etishda intro (introversiya) hamda ekstro (ekstraversiya) obrazlar ko‘maklashishini ham ta’kidlab o‘tishimiz joiz. Intro obrazlar ma’lum bir hududning ichki tushunchalari bo‘lib, uni dunyo ommasiga ko‘rsatish, namoyish etish ma’qullanmaydi, misol uchun ma’lum bir mamlakatdagi ba’zi bir intro obrazlar ushbu davlatning umumiy imiji, obraziga salbiy ta’sir o‘tkazishi mumkinligi, biroq baribir hayotda, jamiyatda yashab kelayotganligi tufayli bunday obrazlarni yashirishga harakat qilishadi. Ekstro obrazlar esa ochiq obrazlar bo‘lib, u yoki bu hududning madaniyatiga aloqador har qanday tushuncha, ramz, ifoda va hokazolar dunyo xalqlari uchun taqdim etilishi mumkin. Shu o‘rinda dunyodagi har bir mamlakat xususida, jumladan oriyental hamda oksidental davlatlar xususida jahon xalqlari orasida shakllangan ma’lum bir stereotiplar mavjudki, ular u yoki bu xalq yoki davlat xususida ma’lum bir umumiy obrazlar yaratishga asos bo‘la oladi, lekin stereotiplar hamma vaqt ham haqiqatga yaqin bo‘la olmasligi ham ma’lum, Angliyada har kuni yomg‘ir yog‘ishi, fransuzlarning eng sevimli iste’mol qiladigan ovqati qurbaqa oyoqchalari ekanligi, ruslarning hamma erkaklari har kuni aroq ichichi kabi ta’kidlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, ma’lum sabablar mazkur stereotiplarni paydo bo‘lishiga olib kelgan. Shu asnoda, u yoki bu mamlakatning obrazini muhokama qilishda uning hayotga to‘g‘ri keladigan ijtimoiy, madaniy hayotidagi realiyalarga murojaat etish ma’qul.     

Xalqning urf-odatlari, xarakteri, turmush tarzi, mamlakatning geografiyasi,  iqlimi, boshqacha aytganda, keng ma’nodagi madaniyat so‘ziga, ona tilining kalit so‘zlariga tayanib, shoirlar va yozuvchilar metaforalarni, yorqin badiiy obrazlarni yaratadilar, ularning ko‘pchiligi universal hisoblanadi. Bu obrazlar xalqqa qaytadi, uning til shuurini boyitadi, uning ma’naviyatini rivojlantirishga ichki turtki beradi. Barcha tillarda mavjud bo‘lgan uy, shahar, qishloq so‘zlari har bir mamlakatda o‘ziga xos mazmun kashf etadi. Masalan, uy obrazi ruslarda yoki o‘zbeklarda fransuz, ispan, nemis, amerikalik yoki afrikaliklarning tasavvuridan jiddiy farq qiladi. Har bir millat va jamiyat a’zosining uy konseptiga beradigan ta’rifi ham turli xildir. Biroq Sharq va G‘arb olami qanchalik keng hududga ega bo‘lmasin, bir-biriga yaqin madaniy odatlarga egaligi insonni hayratda qoldiradi. Quyida biz Sharq va G‘arb olamida mashhur bo‘lgan milliy-madaniy obrazlar xususida fikr yuritamiz, mana shu obrazlar umumiy Sharq hamda G‘arb obrazini hosil qilishda xizmat qiladi.

Oriyental lingvomadaniyatlarning o‘ziga xos unsurlari o‘zining hayrotomuz mistikasi, sirlari, kutilmagan aurasi bilan kishini lol qoldiradi. Bu jamiyatlarda insonlar ongiga allaqachon singdirilgan obrazlar uzoq davrlardan buyon shakllanib kelgan, ular kishilarni hayotga umid bilan qarashga, doimiy olg‘a yurishga, farovonlikga intilishida ko‘maklashib kelgan. Shunday obrazlardan Humo, Qaqnus, Semurg‘ qushlari sanaladi. Markaziy Osiyoning durdonasi sanaladigan O‘zbekistonda Humo qushi oʻzbek xalqi eʼtiqodida baxt, saodat, davlat, omad va farovonlik ramzi hisoblangan afsonaviy qushdir. Bu qush kimning boshiga soya solsa, u kishi baxtli boʻladi, deb ishonilgan. Hozirda Humo tasviri Oʻzbekiston gerbida ham aks ettirilgan va xalqaro miqyosda Oʻzbekistonning ramzlaridan biri hisoblanadi. Oʻzbekiston hududlaridagi meʼmoriy yodgorliklarda va amaliy bezak sanʼati buyumlarida Humo tasvirlari koʻplab uchraydi. Mazkur qush obrazi azaldan insonlarni yaxshilikga, ezgulikga da’vat etib kelgan.

Umuman olganda, Sharq mamlakatlarida turli obrazlarni yaratishda aynan qushlardan foydalanish holatlari ko‘p uchraydi, misol uchun qaqnus qushi uzoq hayotdan keyin vafot etib, qayta tiriladigan mifologik qush sanalib, qadimgi Misr mifologiyasida bennu, antik davrda quyosh ramzi sifatida tan olingan , kunchiqar yurt Yaponiyada quyosh, sodiqlik, adolat, bo‘ysunish kabi tushunchalarni ifoda etsa, Xitoyda ajdarho va qaqnus Xitoy mifologiyasining In-Yan ramzidir. G‘arb madaniyatida ham qaqnus qushi ma’lum bir obrazlarni ifodalovchi qush sanaladi, yunon-rim, nasroniylikda qaqnus olov qush hisoblanib, o‘zini kuydirib, qayta kuldan yaraladigan mavjudot bo‘lib abadiy hayot va Iso Masihning qayta tirilishi ramzi hisoblanadi. Semurgʻ — Sharq xalqlari ogʻzaki poetik ijodidagi afsonaviy qush obrazi; osmonda uchish, uzoq manzilni yaqin qilish haqidagi asriy orzu-umidlarning ramziy ifodasi. Semurg‘ qushi dastlab Eron mifologiyasida paydo boʻlgan.  

Ko‘plab dunyo mamlakatlarida choy obrazi ham muhim madaniy, ijtimoiy ahamiyatga ega, unga bog‘liq ko‘plab marosim, an’ana, odatlar mavjudki, ularning kelib chiqishi uzoq davrlarga borib taqaladi, shu bilan birgalikda ma’lum bir ma’no va mazmun ham ifoda etadi. Choy, ayniqsa Sharq madaniyatida madaniy hamda ijtimoiy ramz hisoblanib, umuman olganda donolik, mehmondo‘stlik, hamohanglik, uyg‘unlik kabi tushunchalarni ifodalaydi. Misol uchun, Xitoy madaniyatida choy uyg‘unlik, tinchlik, xotirjamlik, donolik, aqlirasolik kabi tushunchalarni bildiradigan unsur sifatida qadrlanadi. Yaponiyada maxsus choy marosimlari o‘tkaziladi va ularning kelib chiqishi qadimgi davrlarga borib taqaladi. Hozirgi globallashuv, yuqori texnologiyalar davrida ham yaponlar choy marosimini avlodlari o‘tkazgan odat, an’analar asosida olib borishlari kunchiqar yurt madaniyatiga beriladigan yuqori baho sifatida belgilanishi mumkin. Tyadzi (Yaponiyadagi choy marosimi nomlanishi) marosimi bir necha soat davom etib, uy egasi tomonidan oldindan belgilangan g‘oyaviy mavzu (tabiatga, jamiyatga aloqador masalalarga oid) asosida olib boriladi, turli jonli suhbatlar davraga o‘ziga xos joziba kasb etadi, kimano hamda xakamalar kiygan ayol va erkaklar oddiy choy marosimida butun Yaponiya madaniyatini ko‘z-ko‘z qilayotganday tasavvur uyg‘otishadi. Tyavan (Yaponiyada choy marosimida choy suziladigan maxsus piyola) to‘la choy mehmonlarga tortiq qilinar ekan, har bir marosim elementi umumiy Yaponiya madaniyatiga qorishib ketib, ajoyib muhitni taqdim etadi. Choy marosimining bosh g‘oyasi to‘rt tamoyil asosida qurilgan: VA, KE, SEY hamda DJAKU, bular uyg‘unlik, hurmat-izzat, tozalik va halollik, ichki xotirjamlik.

Har bir millat, xalq, elat, mamlakat, jamiyatning faqatgina unga xos bo‘lgan, takrorlanmas milliy-madaniy unsurlari mavjud ekanligi mazkur tadqiqotda yana bir marta belgilandi. Til hamda madaniyat o‘rtasidagi uzviy aloqadorlik munosabatlari individning tili, nutqida ifoda etilishi ham ma’lum. Oriyental va Oksidental lingvomadaniyatlarga xos bo‘lgan milliy-madaniy predmet, obraz, stereotip, etalon, ramz, prototip kabi lisoniy hamda nolisoniy belgilar u yoki hudud xususidagi umumiy obraz, xulosa yasashga zamin yaratadi. Bu esa hududning ichki va tashqi imijini yaratishga xizmat qiladigan kognitiv belgidir.

 

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

 

  1. Said, E.W., (1978) “Orientalism”, Pantheon Books.
  2. Вежбицкая, А., (1996) «Язык, культура, познание» (сс. 233–234). Русские словари.
  3. Гачев, Г.Д. (2019). «Французский образ мира. Зимой с Декартом (роман мышления)». Академический проект.
  4. Маслова В.А. (2001), «Лингвокультурология» учеб. пособие для студ.высш. учеб. заведений. – М.: Академия, 2001.
  5. Мезенин, С.М. (1975). «Стилистическая функция личных имен в драматических произведениях Шекспира», Москва.
  6. www.meros.uz

 

Турсунов М. Анализ основных национально-культурных образов характерных для ориентальной и оксидентальной лингвокультур. В данной статье анализируются основные национально-культурные элементы, характерные для восточных и западных лингвокультур. Известно, что именно национально-культурные символы служат основой для формирования общего образа определенного народа или нации. Язык и речь, используемые индивидами, живущими в обществе, также состоят из национально-культурных элементов. Любая нация, народ, народность, язык обладают уникальными, неповторимыми культурными качествами. В статье обсуждается, как на основе национально-культурных особенностей возникают общие образы или когнитивные модели знаний.

 

Tursunov M. Analysis of the main national-cultural images related to oriental and occidental linguocultures. In this article, the main national-cultural elements related to Eastern and Western linguocultures are analyzed. It is known that national-cultural symbols serve as the basis for the formation of the general image of a particular people or nation. Language and speech used by individuals living in society also consist of national-cultural elements. Every nation, people, nationality, and language possess unique, unrepeatable cultural qualities. The article discusses how common images or cognitive models of knowledge arise on the basis of national-cultural features.

 

 

 

 

 

Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati