PAREMIOLOGIYA VA UNING NAZARIY ASOSLARI

Til va jamiyatning o‘zaro ta’siri muammosi tilshunoslarning doimiy e’tiborida bo‘lgan masaladir. Ma’lumki, til faol ijtimoiy hodisa hisoblanib, u millat madaniyati hamda uning an’analari bilan bevosita bog‘liqdir. So‘nggi yillarda tilshunoslikning “til va inson” muammosiga murojaat qilishi tilni inson ongi, tafakkuri, madaniyatiga chambarchas bog‘liq ekanligini tadqiq etishga qaratilmoqda. Odamlar har doim o‘z qadriyatlari va dunyoga bo‘lgan munosabat tamoyillarini o‘z ona tillari orqali namoyon etishadi. Milliy madaniyatlarning o‘ziga xos xususiyatlarini o‘rganish va saqlash masalalari tobora muhim ahamiyat kasb etib borayotgan bir paytda, tilshunoslarning paremiologiyaga qiziqishi ortib bormoqda. Folklorshunos olimlar maqollar va matallarni o‘rganuvchi sohani paremiologiya deb atashadi. Paremiologiya so‘zi grekcha paroimia (hikmat) va logos (fan) so‘zlaridan olingan bo‘lib, ma’lum bir tildagi maqol, matal, aforizm kabi hikmatli iboralar sistemasini o‘rganadigan fandir [Berdiyorov, Rasulov  1984: 5].

Bundan tashqari, paremiologik manbalarni yig‘ish, saqlash va qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi alohida soha, ya’ni paremiografika ham  mavjud. Paremiologiya nafaqat folklorshunoslar, balki tilshunoslarning ham e’tiborini tortib kelmoqda. Paremiologiyaning obyekti paremalar bo‘lib, ular maxsus til birliklari, belgilari hamda inson muloqotining zarur elementlari hisoblanadi. Bu belgilar aniq ma’lumotni, hayotiy va ruhiy vaziyatlarni  yoki ular o‘rtasidagi boshqa obyektlar bilan bo‘lgan munosabatlarni yetkazadi.

Hozirgi vaqtda nutqni barqaror shakllantirishning har xil turlariga qiziqish ortib bormoqda. Bu qiziqish hozirgi bosqichda fan va madaniyatning rivojlanishi bilan izohlanadi. Olimlar ma’lum bir xalq dunyoqarashining o‘ziga xos milliy xususiyatlarini ko‘rishga harakat qilmoqdalar yoki aksincha, turli etnik dunyoqarashlarga xos bo‘lgan universal toifalarni - umuminsoniy tamoyillarni aniqlashga intilmoqda. Paremalar insonning ma’naviy dunyosini yaxshiroq tushunishga, donolik xazinasini o‘rganishga imkon beradi. Shuni ta’kidlash kerakki, so‘nggi paytlarda mahalliy va xorijiy tilshunoslarning paremiologiya  muammolarini  o‘rganishga qaratilgan qator tadqiqotlar amalga oshirilib kelinmoqda. Paremiologiya muammolariga mahalliy va xorijiy tilshunoslarning qiziqishlarining ortib borishi, paremiologik birliklarni mukammalroq o‘rganishga qaratilgan deb ta’kidlasak bo‘ladi.

Folklorshunos olimlar paremiologiyani ko‘proq maqollar, ertaklar, topishmoqlar, matallar, hazillar, tez aytishlar kabi kichik folklor janrlari doirasida o‘rgansalar, tilshunos paremiologlar esa, maqollarni paremiologiyaninig asosiy tadqiq  obyekti sifatida o‘rganadilar. Uzoq vaqt davomida maqollar faqat didaktik mazmunga ega bo‘lgan xalq og‘zaki ijodiyoti elementlari sifatida ko‘rib chiqilgan. Biroq, tilshunoslikning fan sifatida rivojlanishi bilan paremiologik birliklar ham  kengroq qamrovda ko‘rib chiqila boshlandi.

Maqol va matallar (paremalar) ni birinchi bo‘lib tasniflagan va tizimlashtirgan olim Arastu bo‘lgan. Uning ta’kidlashicha, paremalar falsafiy mazmun kasb etganligi, hamda qisqa va lo‘ndaligi tufayli  saqlanib qolingan.

Ingliz adabiyotida maqollardan foydalanish cho‘qqisi XVI-XVII asrlarda sodir bo‘lgan. Ingliz dramaturglari J. Lili va B. Jonson o‘z pyesalarida turli xil aforizmlardan foydalanishgan. V. Shekspir paremalardan  “All's well that Ends Well”¸ “Measure for Measure” kabi komediyalarini nomlash uchun  ishlatgan. Ingliz she’riyatining otasi hisoblangan J. Choser  o‘zining uzun she’rlarida hazil xarakteriga ega maqollarni qo‘llagan [Osheva 2013: 76].

Rus paremiyalarini o‘rganish bo‘yicha ilk tadqiqotlar M.V. Lomonosov tomonidan amalga oshirilgan. U folklorga aynan adabiyot, til va tarix kabi fanlar ustida ishlayotganda murojaat qilgan. Maqollar o‘zining obrazli mulohazalardan iboratliligi bilan M.Lomonosov e’tiborini jalb qilgan.

Rus tilining moslashuvchanligi va go‘zalligini ko‘rsatish maqsadida M.V. Lomonosov o‘zining: “Ritorika uchun qisqa qo‘llanma” (1744), “Notiqlik bo‘yicha qisqa qo‘llanma” (1748) va “Rus savodxonligi” (1757) kabi asarlarida  maqollardan keng foydalangan. Tadqiqotchilarning fikriga  ko‘ra, M. V. Lomonosov o‘zining maqollar to‘plamini tuzgan, ammo, bu hozirgi davrgacha yetib kelmagan. Shunga qaramay, uning yuqorida sanab o‘tilgan asarlari Rossiya paremiologik fondini o‘rganishda keyingi avlod tadqiqotchilarida katta qiziqish uyg‘otdi [Shayxullin, Zaripova 2018: 1].

Tilimizdagi  maqol-matal tipidagi paremalarni to‘plash, o‘rganish juda qadimiy tarixga ega. Bu borada, ayniqsa, buyuk alloma Mahmud Qoshg‘ariy, zabardast masalchi Gulxaniy, keyinchalik, G‘ozi Olim, Buyuk Karimiy, Hodi Zarif, Mansur Afzalov, Muzayyana Alaviya kabi fidoyilar jonbozlik ko‘rsatdilar.

Mahmud Qoshg‘ariy o‘zining “Devonu lug‘otit turk” asarida turkiy xalqlarning 400 ga yaqin hikmatli iboralarini  qanday vaziyatda, qanday mazmunda qo‘llanilishini arab tilida izohlagan. Shulardan 250 dan ortiqrog‘i mazmun jihatidan ham, shakl jihatidan ham hozirgi o‘zbek tilida jarangdor yangrab turibdi. Masalan : Arslon qarisa, sichqon inini poylar. Besh barmoq barobar emas. Bor -mis, yo‘q oltin. Yog‘ochni uzun kes, temirni qisqa qil. Ko‘kka tupursa, yuzga tushar. Suv ko‘rmaguncha, etik echma. Qo‘sh qilich qinga sig‘mas  kabilar [Berdiyorov, Rasulov  1984: 13-14].

Paremiologiyani hozirgi zamonning filologiya fani tarmog‘i sifatida faol o‘rganilishi, o‘tgan asrning ikkinchi yarmida boshlangan va bu muammoga bag‘ishlangan nazariy asarlar soni ko‘paygan. Paremiologik tadqiqotlarni yanada mukammalroq va aniqroq o‘rganish bo‘yicha umumlashtiruvchi nazariya bayon qilindi va  uning asosida turli paremiologik o‘rganishlar o‘tkazila boshlandi. Paremiologiya masalalari bilan V. P. Anikin, A. N. Afanasev, V. I. Dal, G. L. Permyakov, V. P. Jukov, V. M. Mokienko, Y. E. Proxorov, M. Y. Kotova va boshqa taniqli olimlar shug‘ullangan. Turli xalqlarning ko‘plab maqollari ma’no va shaklda o‘xshashligi uzoq vaqtdan beri paremiologlarning e’tiborini tortib kelgan. XX asr boshida P. Shmit, J. Lautenbax, E. Kokare kabi xorijiy tadqiqotchilarning asarlarida paremalarning turli tillardagi o‘xshashligi muammosiga to‘xtalib o‘tilgan.

XX asrda maqol va hikmatli so‘zlarni o‘rganishga nafaqat folkloristik va adabiy tomondan ham  yondashildi, balki  shu bilan bir qatorda,  lingvistik jihatdan ham e’tibor berildi. Tadqiqotchilar uchun maqollar va hikmatli so‘zlar  stilistik, leksik va grammatik jihatdan ham tadqiq etish qiziqarli bo‘lib bora boshladi. Bu jihatlar xorijiy mualliflardan: V. Mider, A. Dandis, X. Kasares, A. Teylor, R. Norrik, E. Shtrauslarning, hamdo‘stlik mamlakatlari tilshunoslari orasidan  N. D. Arutyunova, V.  V. Vinogradov, I. R. Galperin, V. M. Mokienko, A.Y. Molotkov, A. G. Nazaryan, M. F. Palevskaya, A. A. Potebnya, A. I. Fedorov va boshqalarning turli ilmiy maqolalarida o‘z aksini topgan.

O‘tgan asrning eng mashhur paremiologlaridan A. Teylorning ilmiy merosi uning bir yuz yigirma kitobida maqollar, taqqoslashlar va idiomalarga oid maqola va eslatmalarda o‘z aksini topgan. A. Teylorning “The Proverb”(1931) klassik tadqiqotini ko‘plab tillarda muhim bibliografik ma’lumotnomalarni o‘z ichiga olgan izohlar va misollar bilan ta’minlangan ilmiy asar deb ta’kidlash joizdir.

  Paremiologik birliklarning to‘plamlarini yaratish, yangi materiallar yig‘ish va uni oldingisi bilan solishtirish, paremalarning strukturasi, paydo bo‘lish tarixi, evolutsiyasi va ularning xalq mentaliteti bilan bog‘liq tomonlari nafaqat xorijiy olimlar tomonidan, balki o‘zbek olimlari tomonidan ham keng o‘rganila boshlangan.

O‘zbek xalq maqollarini V. Ostroumov, V. Divayev, S. Ibrohimov, M. Saidov, M. Murodov, Z. Husainova, T. Mirzayev, B. Sarimsoqov, H. Razzoqov, V. Murodov, R. Ishoqov, O. Xolmirzayev, S. Xudoyberganov, Turob To‘la, R. Komilov, R. Jumaniyozov, E. Siddiqovlar, to‘plab paremiologiya rivojiga katta hissa qo‘shganlar [Siddiqov 1986: 4].

Paremaga taalluqli o‘zbek tilshunoslarining ishlariga nazar tashlasak, X. Berdiyorov va R. Rasulovning “O‘zbek tilining paremiologik lug‘ati” ni tuzganligi, Sh. Rahmatullayevning o‘zbek frazeologiyasi, O. Madayevning o‘zbek adabiyotini rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasini ta’kidlamay bo‘lmaydi.

Taniqli frazeolog, bibliograf A. M. Bushuy “O‘zbekiston paremiologiyasi”, “Qoraqalpog‘iston paremiologiyasi”, “Qirg‘iziston paremiologiyasi”, “Ukraina paremiologiyasi” kabi mintaqaviy bibliografiyalarni nashr etdi. Ushbu turkumdagi “O‘zbekiston ertaklari” kitobi turkologlar qo‘mitasi tomonidan folklorga oid yirik nashr sifatida qayd etilgan va Finlandiyaning “Proverbium” tadqiqot markazi (Xelsinki) ma’lumotlariga ko‘ra, prof. A. M. Bushuy dunyoning yetakchi folklorshunoslari va paremiologlari qatoriga kirgan [Umarxodjayev, Begmatov  2017: 99-100].

Olimlarning fikriga ko‘ra, paremiologiyaning asosiy vazifasi, tilning butun paremiologik fondini umumlashtirish va tasniflashdir. Ammo, o‘rganilayotgan birliklarning murakkabligi va ko‘p o‘lchovliligi  ushbu sohada hali ko‘plab ilmiy izlanishlar olib borilishini taqozo etmoqda.

Paremiologik birliklarning eng keng tarqalgan tasnifi  rus paremiologi G. L. Permyakov tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, ushbu tasniflash jarayoni  paremiologiyaning fan sifatida rivojlanishiga katta hissa qo‘shgan. G. L. Permyakov maqol va matallar muayyan vaziyatlarda narsalar va hodisalar o‘rtasidagi munosabatlarning belgisi ekanligini aniqlagan. G. L. Permyakov olib borgan ko‘plab tadqiqotlarda dunyo xalqlari maqollari orasidagi umumiy narsa bu “ularning haqiqiy hayotdagi narsalar o‘rtasidagi munosabatlarning mantiqiy mazmunida” yotadi degan fikrni ilgari surgan. Asosiy farq mahalliy tushunchalar aks ettiradigan so‘zlarning majoziy tuzilishida namoyon bo‘ladi.

G. L. Permyakov paremiologik birliklarni tasniflashning beshta asosiy turini aniqlagan: alifbo tartibi bo‘yicha tasniflash, tayanch so‘zlar bo‘yicha tasniflash (leksik yoki qomusiy), monografik, genetik va mavzu bo‘yicha tasniflash.

1. Alifbo tartibi bo‘yicha tasniflash. Ilk manbalarni qamrab olgan eng qadimgi tasnif. Unga ko‘ra, maqol va matallar bosh harfga qarab alifbo tartibida taqsimlanadi va bunday usul ko‘plab zamonaviy nashrlarda qo‘llaniladi. Ushbu tasnifning afzalligi  uning qulayligi bo‘lsa, har qanday maqolni boshqa tilga  tarjima qilish jarayonida har qanday harf bilan boshlanishi mumkinligi bu tasnifning kamchiliklaridan biri hisoblanadi. N. I. Tolstoy (1995, 2005), V. P. Jukov (2000), I. V. Fedosov (2003) va boshqalarning to‘plamlari va nashrlari ushbu tamoyil asosida ishlab chiqilgan.

2 . Tayanch so‘zlar bo‘yicha tasniflash (leksik yoki qomusiy).Tasnifning bu turida  to‘plangan maqollar, muayyan maqol tarkibidagi kalit so‘zlar bo‘yicha taqsimlashni nazarda tutadi. Ko‘p hollarda paremiologlar  maqollarni aynan shu tasnif asnosida to‘playdilar.

Barchaga ma’lum bo‘lgan maqollarni qidirishda, ushbu usul samarali bo‘lib, ma’nosi bir xil, ammo, leksik tarkibi jihatidan farq qiladigan so‘zlarning turli guruhlarga bo‘linishi va so‘zlari o‘xshash, ammo, ma’no jihatidan farq qiladiganlarining boshqa guruhga ajratilganligi ushbu tasnifning kamchiliklaridan biri hisoblanadi. Paremiolog olimlar A. Jigulev (1959), V. M. Mokiyenko va T. G. Nikitina (2007) lug‘atlari materiallari ushbu tasnifga ko‘ra tuzilgan.

3. Monografik tasniflash. Ushbu tasniflashda maqollarni to‘plagan muallif maqollarni yig‘ish joyi yoki vaqtini guruhlar tizimida to‘playdi. Bunday tasniflash usuli maqollarning tarixini o‘rganish uchun juda qulaydir, ammo, unda ko‘plab takrorlashlarni kuzatish mumkin. 1961-yilda sobiq SSSR Fanlar Akademiyasi nashriyoti tomonidan nashr etilgan “XVIII–XX asrlarning qo‘lyozma to‘plamlarida maqollar, matallar, topishmoqlar” kitobini ishlab chiqishda shu tasniflash usuli  ishlatilgan.

4. Genetik tasniflash. Ushbu tasnif maqollarni kelib chiqishi bo‘yicha, xususan, uni vujudga keltirgan tillar va xalqlar bo‘yicha ajratadi. Genetik tasniflash usuli ko‘plab monografik tasniflash usuli xususiyatlarini, shu jumladan, bir xil matnlarning takrorlanishi bilan bog‘liq kamchiliklarni takrorlaydi.Ushbu tamoyilga ko‘ra I.S. Braginskiy tahriri ostida chop etilgan “Sharq xalqlari maqollari va matallari” (1961) nomli taniqli to‘plam  A. K. Birich, V. M. Mokiyenkoning tarixiy va etimologik lug‘ati (2005) tuzilgan.

5. Mavzu bo‘yicha tasniflash. Ushbu usulni ilk marotaba V. I. Dal bir yuz yetmish mavzuni qamrab olgan “Rus xalq maqollari” to‘plamida ishlatgan. Maqol va matallarning taqsimlanishi  mavzularga ko‘ra, ya’ni mazmuniga ko‘ra tasniflanadi. Mavzu bo‘yicha tasniflash maqollarning muhim jihatlariga e’tibor berishga imkon beradi. Biroq, bu tizimda bir qator jiddiy kamchiliklar mavjud. Birinchidan, maqollarning aksariyati majoziy ma’noda ishlatilib, ularni ma’lum bir mavzu doirasiga kiritish mumkin emas. Ikkinchidan, paremiologlar tomonidan qabul qilingan barcha mavzu-tematik sinflar bir-biriga mos keladi va shuning uchun aniq yechim bera olmaydi. Uchinchidan, har bir  maqol va matallarni mavzular bo‘yicha guruhlash tadqiqotchi va maqollar to‘plamlari mualliflarining o‘z nuqtayi nazaridan kelib chiqib tuziladi. Ushbu tasnif ko‘plab paremiologlar tomonidan qo‘llanilgan bo‘lib  A.S. Spirin (1978), V. I. Zimin (2010) va hokazolarning paremiologik to‘plamlarida kuzatilgan [Permyakov 1988: 11-13].

Biroq, G. L. Permyakovning o‘zi ta’kidlaganidek, bu tasniflarning hech biri mukammal emas, ularning barchasi faqat paremalarning tabiati bilan deyarli yoki umuman bog‘liq bo‘lmagan tasodifiy belgilarga tayanadi. Shuning uchun hozirda mavjud bo‘lgan tasniflarning hech biri, paremalarning obyektiv nazariyasini yaratish uchun asos bo‘la olmaydi. Paremalarning ilmiy tasnifi masalasi zamonaviy paremiologiyaning asosiy muammosidir. Uning yechimisiz fan mustaqil rivojlana olmaydi.

 

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

 

  1. Berdiyorov X., Rasulov R. O‘zbek tilining paremiologik lug‘ati. – T.: O‘qituvchi, 1984. – 288 b.
  2. Osheva E. Paremiologicheskoye prostranstvo: diskussionniye voprosi // Issledovatelskiy jurnal russkogo yazika i literaturi. - 2013. - №1(1). - S. 75-88.
  3. Permyakov G.L. Osnovi strukturnoy paremiologii. – Moskva: Gl. red. vost. Lit., 1988. – S. 11-13.
  4. Umarxodjayev M., Begmatov M. Uchyoniy, uchitel, chelovek s bolshoy bukvi // Xorijiy filologiya. - 2017. - №3(64). - S. 99-100.
  5. Shayxullin T.A., Zaripova A.M. Istoriya izucheniya russkogo paremiologicheskogo fonda // Sovremenniy musulmanskiy mir. - 2018. - №2(36). - S. 1-2.
  6. Siddiqov E. Qanotli so‘zlar: Maqollar, matallar, hikmatli so‘zlar. – T.: Yosh gvardiya, 1986. – 256 b.

 

Ахмедова Г. Паремиология и её теоретические основы. Данная статья посвящена паремиолигии, которая занимает важное место в лексической системе языка. Несмотря на достаточно давнюю традицию филологического исследования паремиологии и её теоретических основ эта область филологического знания является одним из тех направлений, где еще не сложилось достаточно устойчивого представления о свойствах и статусе изучаемого объекта.

 

Ahmedova G. Paremiology and its theoretical bases. This article is devoted to paremiology, which plays an important role in the lexical system of the language. Despite the rather long tradition of philological research of paremiology and its theoretical bases, this area of philological knowledge is one of those areas where a sufficiently stable understanding of the properties and status of the object under study has not yet developed.

 

 

 

 

Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati