 
            O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi o‘zbek tilining ravnaq topishiga imkoniyat yaratib berdi. Zero, prezidentimiz ta'kidlaganlaridek, “Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma'naviy boylik, buyuk qadriyatdir. Kimda-kim o‘zbek tilining bor latofatini, jozibasi va ta'sir kuchini, cheksiz imkoniyatlarini his qilmoqchi bo‘lsa, munis onalarimizning allalarini, ming yillik dostonlarimizni, o‘lmas maqomlarimizni eshitsin, baxshi va hofizlarimizning sehrli qo‘shiqlariga quloq tutsin” [1.1.].
Keyingi yillarda o‘zbek tilshunosligida zamonaviy yo‘nalishdagi tadqiqot ishlarini olib borishga e'tibor yanada kuchaydi. Shu sababli til birliklarining semantik strukturasini tekshirish, uslubiy-semantik ma'nolarini chegaralash, bu ma’nolarning nutqda reallashuvida til vositalarining o‘rnini belgilash kabi qator masalalar turli ilmiy ishlarning o‘rganish obyektiga aylandi. Xususan, muayyan so‘z san'atkorining tildagi fonetik, leksik, morfologik va sintaktik birliklardan betakror uslub yaratish vositasi sifatida foydalanishi, takrorlanmas uslub yaratishdagi o‘ziga xosliklar reklama matnlarini ham stilistik aspektda o‘rganishga qiziqishni oshirmoqda.
Bugungi kunda o‘zbek tilshunosligida reklama tili muammolari, xususan, bir qancha reklama matni masalasiga bag‘ishlangan tadqiqotlar ko‘lami kengaydi. Jumladan, birinchilardan bo‘lib Chiniqulov N.J. “Peshlavhalarning lisoniy xususiyatlari” nomli monоgrafiyasining nashr etilishi bu boradagi muammoli masalarning yechilishiga xizmat qildi.
Ma'lumki, ilmdagi barcha fanlar tizimlardan, ya'ni katta va kichik bo‘lgan sistemalardan tashkil topgan. Jumladan, tilshunoslik ham fanlar sistemasining bir bo‘g‘inidir. Tilshunoslik fanga nisbatan mikrosistema hisoblansa, matnga nisbatan esa makrosistemadir. Umuman olganda, barchasi umumiy bir yirik sistemaning tarkibiy qismlari, boshqacha aytganda, bir zanjiming turli xalqalaridir. Bu xalqalar bir xillikni, jumladan, sistemaga xos bo‘lgan umumiylikni taqozo qiladi. Mazkur umumiyliklardan biri - har bir sistema ma’lum bir maqsadni ko‘zda tutadi. Demoqchimizki, fanlar sistema bo‘lsa, ular ham har biri, o‘z navbatida, muayyan maqsadlarga yo‘naltirilgan bo‘ladi. Biz tilga olgan tilshunoslik bo‘limlari ham, shu jumladan, matn ham ma lum bir maqsadni ko‘zlab amalga oshiriladi. Shuningdek, sistemaning yana bir xususiyati - zamon va makon izchilligida ham namoyon bo‘ladi. Fanlar ham, soha-yu bo‘limlar ham tekshirilishi lozim bo‘lgan masalalarning ma'lum bir davlatda va joyda, ya'ni muayyan makon va zamonda ro‘y berganliklarini nazardan qochirmaydi. Reklama matnlari makon va zamon deyksisining dominant xronotopik modelidir, chunki reklama xronotopida aniq kelajak tasviri ifodalanadi. Reklama qilinayotgan mahsulotning iste’moli shu matn va tasvirlari orqali kelajakda yuz beradi. Bunday matnlar orqali reklama iste'molchida xayol va istaklar dunyosini shakllantiradi.
Ma’lumki, obyekt masalasi ham sistemaning umumiy jihatlaridan biridir. Chunki ilmda, umuman, fanlarni tekshirishda, obyekt ham muhim ro‘l o‘ynaydi. Mazkur umumiy jihat reklama matnida ham voqelanadi. Bunday matnlar axborot uzatar ekan, muayyan bir obyektga tegishli ekanligi tinglovchiga sezilib turadi. Bilish nazariyasidan ma'lumki, umumiylik va xususiylik masalasi sistemaning butunligi va yaxlitligini ko‘rsatib berishda namoyon bo‘lib, mazkur jihatlar ham matnning sistemaga mansubligini ta'minlashga xizmat qiladi. Yuqoridagilardan ko‘rinadiki, matn ham ma'lum ma’noda makro va mikrosistemani hosil qiladi. Ya'ni o‘zidan katta sistemaga, jumladan, tilga nisbatan mikrosistema, tarkibiy qismlari - so‘z, gap, abzats, bob va bo‘lim kabilarga nisbatan makrosistema bo‘ladi. Shu o‘rinda, matnning sistemaviylik xususiyatlari qatorida yana bir masala xususida fikr bildirish joiz. Sababi, matnning sistemaviylik harakatida uning nutqiy va lisoniy xususiyatlari ham aks etadi. Natijada, biz matnga batafsil va to‘liq ta'rif berishimizda tilshunoslikdagi til va nutq dixotomiyasiga murojaat qilishimizga to‘g‘ri keladi.
Til va nutq dixotomiyasi matnning qanday birlik ekanligini ko‘rsatib berishda muhim ahamiyat kasb etadi. Biz bilamizki, ko‘pchilik tilshunos olimlar matnni nutq hodisasi sifatida e’tirof etadilar. Kimdir matnga nutq parchasi, deya ta'rif bersa, yana kimdir nutq faoliyatining mahsuli yoxud o‘zi deb tushunadi. Bularning barchasida matnning nutq bilan bog‘liq bo‘gan jihatlari ko‘zga tashlanadi. Ya’ni so‘zlovchi bilan tinglovchi o‘rtasidagi o‘zaro muloqot jarayonidagi kommunikativ xususiyatlari tushuniladi. Lekin, matnning bugungi yondashuvlar natijasida eng yirik til birligi deb e’tirof etilishi lingvistik jihatini ochib berishga undaydi. Bunda yuqoridagi ta'riflar o‘zini oqlamaydi. Ko‘rinadiki, matn faqat nutqiy birlik bo‘lmay, lisoniy birlik hamdir. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, matn ham boshqa sath birliklari kabi umumiylik-xususiylik dialektikasi asosida sharhlanishi kerak.
Matnning til va nutq dixotomiyasidagi o‘rni masalasi nisbatan keyinroq o‘rtaga qo‘yildi. Matnning nutqiy xususiyati haqida ko‘p gapirilgan, biroq lisoniy mohiyati hanuzgacha to‘la ochib berilmagan. Demak, matnga ta'rif berishda ehtiyotkorlik bilan yondashish talab qilinadi. Chunki berayotgan ta'rifimizda matnning lisoniy mohiyati va nutqiy xususiyatlari birday qamrab olinishi kerak. Reklama matnlarini bo‘laklanishida ham matnning nutqiy va lisoniy jihatlarini hisobga olgan holda tahlil qilishga harakat qildik.
Reklama matnlarida bo‘laklanishning bir ko‘rinishi sifatida parsellyatsiya, segmentatsiya hodisalarini keltirishimiz mumkin.
Parsellyatsiya kommunikativ, ekspressiv sintaksisda, хususan, reklama matnida benihoya muhim ahamiyatga ega bo‘lgan sintaktik-kommunikativ hodisa bo‘lib, uning mohiyati yaxlit butunlik bo‘lgan gapni mantiqiy ta’kid va ekspressiyani kuchaytirish maqsadida ikki (yoki undan ortiq) kommunikativ birlikka ajratib gapdan tashqariga chiqarishdan iborat. Reklama matnida aynan mijozni qiziqtirgan jumlalar ajratilib ko‘rsatiladi. Unutdik, qahva ichishni. Kel, unda yana bir kun qola. qolaylik (kofe reklamasi). Bu hodisa sodda, qo‘shma gaplarda, murakkab sintaktik butunliklarda namoyon bo‘ladi. “Parsellyatsiya” terminining lingvistik adabiyotlarda qo‘llanila boshlaganiga ham yarim asrdan oshdi. Mazkur hodisaning sintaktik tabiati, shakliy-mazmuniy ko‘rinishi va хossalari o‘zbek tilshunoslari tomonidan bir qator fundamental tadqiqot, maqola, o‘quv hamda metodik qo‘llanmalarda turli darajada tadqiq etilgan, yoritilgan [2;80].
“Parsellyatsiya” gapning shunday bo‘linishiki, unda ifodaning mazmuni bitta emas, balki ikki va undan ortiq intonatsion ma'noviy nutqiy birliklarda anglashiladi[3;60]. Bunday birliklar biri ikkinchisidan so‘ng ketma-ket keladi. Shunga ko‘ra, ularni asos va partsellyat sifatida ikki qismga ajratib tekshirish maqsadga muvofiqdir. Ular ayni paytda “parsellyatsiya” termini fransuzcha “bo‘laklamoq, qismlarga ajratmoq, maydalamoq” ma’nosidagi parceller so‘zidan olinganligi va matnni bo‘laklash usulini ifodalash uchun qo‘llanishiga urg‘u berib, parsellyatsiyaning ekspressiv sintaksisga oid ekanligini ta’kidlaydilar [4;10].
Bu o‘rinda shuni ham qayd etish joizki, lug‘atlarda “parsellyatsiya” so‘zining fransuz tilida “dehqon o‘z хo‘jaligini yuritishi uchun yerni kichik qismlarga (parsellalarga) bo‘lish” tarzidagi ma’nosi mavjudligi aytiladi [5;374]. Reklama matnida bu termin gapning ekspressiv maqsad bilan bo‘laklanishi, gapning ta’kidlanishi nazarda tutilgan muayyan qismining gap tashqarisiga chiqarilishiga nisbatan qo‘llaniladi. Masalan: Choyning har bir qismi alohida germetik paketga qadoqlanadi. Tabiiy ingredientlardan iborat. (Choy reklamasi). Bu gap sintaktik me’yor bo‘yicha Tabiiy ingredientlardan iborat choyning har bir qismi alohida germetik paketga qadoqlanadi shaklida bo‘lishi kerak. Bir gap bilan aytish mumkin bo‘lgan fikrni ikki gap orqali ifodalashdan kutilgan maqsad nima? Bu haqda shunday fikr bildirish mumkin: “Og‘zaki nutqda, matnda ba’zan muloqot talabiga ko‘ra yaхlit bir jumlada uzilish sodir bo‘ladi. So‘zlovchi tinglovchiga biror voqea-hodisa haqida хabar berayotganda, mana shu хabar ichidagi eng muhim fikrni boshqalaridan ajratib, alohida ta’kidlab aytishga harakat qiladi.
Ma’lumki, ta’kid og‘zaki nutqda ohang, pauza, mantiqiy urg‘u kabi vositalar yordamida amalga oshirilsa, matnda partsellyativ tuzilmalar – matn komponentlarini ekspressiv-stilistik maqsadga ko‘ra qayta tartiblash orqali namoyon bo‘ladi. Yoki “partsellyatli tuzilmalardagi tartib mohiyat e’tibori bilan ta’sirchan so‘z tartibi bo‘lib, uslubiy jihatdan betaraf tuzilmali gap qismlarini kommunikativ maqsadga muvofiq tarzda guruhlash, sintaktik jihatdan qayta o‘rinlashtirish sifatida ro‘yobga chiqadi. Gap tuzilmasini bu хilda qayta qurish (uning qismlarini sintaktik jihatdan qayta tartiblash) ma’lum qismni mantiqiy jihatdan ajratishga asoslanadi va o‘ziga xos ekspressiv ifoda shakli hamda funksional-semantik munosabatlar tarkib topadi." Yuqorida keltirilgan gapdagi qaysi informatsiya eng muhim hisoblanadi? Choyning har bir qismi alohida germetik paketga qadoqlanishimi yoki tabiiy ingredientlardan iboratligimi? Bizningcha, har ikkisi ham muhim. So‘zlovchi pozitsiyasidagi qahramon nazdida Choyning har bir qismi alohida germetik paketga qadoqlanishiga ko‘ra qanday ta’lim maskanida o‘qiyotganligini ta'kidlash muhimroq (Agar uning qaysi shaharda tarkibga ega ekanligini ta’kidlash zaruriyati bo‘lsa, mazkur parsellyat pozitsiyasiga choy nomi ham chiqarilishi mumkin, ya’ni: Tabiiy ingredientlardan iborat. Yalpizli o‘simlik choyi. Ayniqsa, uning Tabiiy ingredientlardan iborat ekanligini aytish barobarida mahsulotning afzalligini uqtirish sezilib turadi. Yalpizli o‘simlik choyi shunchaki choy emas, tabiiylikka ega ekanligini ta’kidlashni istaydi. Bu istak ayni so‘zni gap ichidan ajratib olish orqali qondiriladi. Demak, Yalpizli o‘simlik choyining tabiiy ingredientlardan iborat ekanligi haqidagi хabar standart shakl orqali, ya’ni Tabiiy ingredientlardan iborat choyning har bir qismi alohida germetik paketga qadoqlanadi tarzida deparsellyativ shaklda berilganida, mazkur jumlaga emotsional ta'kid singmagan va tabiiy tarzda iste’molchi ham buni sezmagan bo‘lar edi. Buni sezdirishning yo‘llari ko‘p, masalan, kopireyter o‘zi bu haqda izoh berishi yoki boshqa kengaytiruvchi birliklardan foydalanishi mumkin edi.
Biroq, muallif ortiqcha izohlarsiz ayni effektga erishishning yo‘lini topadi. Ya’ni buning uchun partsellyatli konstruktsiya tarzida ifodalashni eng ma’qul yo‘l deb biladi. Muayyan bir fikr muallifning niyatiga ko‘ra atayin gap tarkibidan ajratib olinib, alohida gap tarzida berilishi mumkin. Bunday vaziyatda ham keyingi konstruksiyalar o‘zidan oldin kelgan gapning ifoda mazmuni bilan bir qatorda mantiqiy va poetik ta’kid oladi. Masalan: VOLVO – tasavvuringizning yo‘ldoshidir. VOLVO – go‘zallik hissiyoti rivojlanganlar uchun. VOLVO – hayotni sevuvchilar uchun. Ushbu parcha uchta gapdan iborat. Biroq, mazkur gaplarda aytilgan fikrlarni odatdagi tartib bilan bir gap doirasida berish mumkin. Boshqacha qilib aytganda, mazkur uchta gapni osonlik bilan bitta gapga birlashtirish, ya’ni murakkab qo‘shma gapga aylantirish mumkin: VOLVO – tasavvuringizning yo‘ldoshi, go‘zallik hissiyoti rivojlanganlar uchun, hayotni sevuvchilar uchun. Agar shunday qilinganda, jonli nutqqa хos iхchamlik, tabiiylik sezilarsiz darajaga tushgan hamda ifoda ta’sirchanligi bu qadar yuqori aks etmagan bo‘lar edi. Ta’kidlovchi omil yordamida xaridorga samarali ta’sir ko‘rsatish maqsadida mahsulot nomi takrorlanadi.
Bu o‘rinda shuni ham aytib o‘tish lozimki, muayyan gap strukturasini biror maqsad bilan o‘zgartirish tarzidagi sintaktik-stilistik hodisa dunyo tilshunosligi tariхida juda ancha ilgaridan anglab yetilgan va turlicha nomlar bilan atalgan. Masalan, mashhur rus tilshunosi Yu.V. Vannikov parsellyatsiyaga quyidagicha ta’rif beradi: “Biz parsellyatsiya hodisasini yagona sintaktik tuzilmaning nutqiy bo‘linish usuli, ya’ni bir emas, balki bir nechta intonatsion-semantik nutq birliklarida mujassamlangan jumlalar, yani, iboralar deyishimiz mumkin" [6;5].
Yu.V. Vannikovning tushuntirishicha, so‘zlovchi, masalan, "Noyabr oyida Misr sizni mayin quyosh va iliq dengiz bilan quvontiradi" (ta’tillar uchun reklama) gapida ifodalangan fikrni emotsional bir tarzda ifodalamoqchi bo‘lsa, jumladagi holni kesimga tobelikdan chiqaradi, ya’ni: "Noyabr oyida Misr sizni ayniqsa quvontiradi. Yumshoq quyosh. Issiq dengiz." Buning natijasida bitta jumla sintaktik jihatdan uchta jumla maqomini oladi, ular alohida-alohida jumlalar sifatida ajratilgan holda idrok qilinadi. Hatto ularning o‘rnini alamashtirish ham mumkin bo‘ladi, ya’ni: “Yumshoq quyosh. Issiq dengiz. Noyabr oyida Misr sizni ayniqsa quvontiradi”. Bizningcha, parsellatsiyadan foydalanish quyidagi afzalliklarni beradi. Birinchidan, bu qisqa jumlalardan foydalanishga imkon beradi, katta jumlalar reklamani idrok etishni qiyinlashtiradi. Ikkinchidan, bunday konstruksiyalar umumiy nutq oqimidan ajralib turadi, ekspressiv hissiy rangga ega, nutqni kuchaytiradi, reklamani yanada qiziqarli qiladi va eng muhimi, asosiy g‘oyani ta'kidlashga xizmat qiladi: "Meva ta’mi. Har doim xohlaydilar" (sharbat reklamasi).
Dislokatsiya haqidagi fikrlarini rivojlantiradi, emotsional sintaksis hodisasi bo‘lmish dislokatsiyaning turli ko‘rinishlarini tahlil qiladi va parsellyatsiyalangan konstruksiyalar ham ayni shu dislokatsiya hodisasining [7;355-357] mahsuli ekanligini, dislokatsiyaning bir ko‘rinishi ekanligini aytadi (dislokatsiya so‘zining ma’nosi “joylashtirish, qayta joylashtirish” degan ma’nolarni beradi [8;627]). Gap sintaktik strukturasining bunday nutqiy bo‘laklanishi E.V.Guliga, A.A.Andriyevskaya, V.G.Admoni kabi ayrim tadqiqotchilar tomonidan “separatizatsiya” termini bilan nomlanib o‘rganilgan, bu hodisaning badiiy nutqdagi o‘rniga alohida urg‘u berilgan. Separatizatsiya (separatsiya) so‘zining “ajratish, tarkibiy qismlarga bo‘lish” ma’nosidan kelib chiqilsa, mazkur termin ayni hodisaning mohiyatini ifodalay olishini ta’kidlash mumkin. Ammo aytish joizki, bu tilshunoslarning ba’zilari, masalan, nemis tili sintaksisining taniqli tadqiqotchisi V.G.Admoni “separatlashtirilgan konstruksiyalar” (“сепаратизованные конструкции”)ni ilova konstruktsiyalar bilan bir хil hodisa sifatida talqin qiladi. U bunday konstruksiyalarning mohiyati elementar gapga хos bo‘lgan sintaktik aloqalarning uzilishi, buzilishidan iboratligini aytadi. Hamonki, “separatizatsiya”ning mohiyati gapga хos bo‘lgan sintaktik aloqalarning buzilishidan iborat ekan, uni ilova konstruksiyalar bilan tenglashtirib bo‘lmaydi. Chunki “ilova”da keyin qo‘shilganlik ta’kidi hamisha mavjud, ya’ni oldin tayyor gap bor, keyin unga qo‘shimcha qilib, boshqa tuzilma tirkaladi. Separatizatsiyada esa mohiyatan muayyan sintaktik tuzilmaning mavjudligi, ayni shu tuzilmaning o‘zini qismlarga ajratish nazarda tutiladi. Boshqacha qilib aytganda, separatizatsiya butunni qismlarga ajratish, ilova esa muayyan butunga boshqa qismni qo‘shishdan iborat hodisalardir. Ana shu ma’noda separatizatsiya parsellyatsiyani o‘z ichiga oladi.
Gapning nutqiy bo‘laklanishi nemis tilining E.I.Shendels, E.Rizel kabi yana boshqa tadqiqotchilari tomonidan “izolyatsiya” termini ostida ham o‘rganilgan. Bunda, albatta, muayyan gapdan ma’lum bir qismni ajratib alohidalashga urg‘u berilgan [9;1]. Shubhasizki, bunday alohidalash parsellyatsiyaning mohiyatiga ham xosdir.
Gapni nutqda muayyan qismlarga – segmentlarga ajratish hodisasi tilshunoslikda “segmentatsiya” nomi bilan ham yuritiladi. Sh.Ballidan boshlangan segmentatsiya nazariyasi turli tilshunoslar tomonidan rivojlantirildi, bu hodisaning matnni ekspressiv bo‘laklash, ekspressiv konstruksiyalarni shakllantirish va shu asosda tegishli birliklarning mantiqiy va poetik aktuallashtirish uchun juda katta imkoniyatlar manbai ekanligi turli tillar materiallarida tahlil etildi. Tabiiyki, segmentatsiya deyiladigan bu nutqiy hodisa turli-tuman kommunikatsiya jarayonlarida so‘zlovchining u yoki bu estetik maqsadiga uyg‘un holatda хilma-хil ko‘rinishlarga ega bo‘ladi, albatta, parsellyatsiyani ham segmentatsiyaning ana shunday ko‘rinishlaridan biri deb qarash mumkin.
Sintagmalarni ta’kidli pozitsiyaga chiqarish, ya’ni muayyan sintagmalarni gapning yo boshiga, yoki oхiriga chiqarish yo‘li bilan sintagmalar aktualizatsiyasi voqe bo‘ladi. U shunday yozadi: “Eng ta’sirchan usul sintagmani alohida gaplarni ajratishga хizmat qiladigan pauza bilan ajratib, gap oхiriga chiqarishdir. Bunday ajratib olish ayni sintagmaga nisbiy mustaqil ma’no beradi [10;61]. Bu hodisa ... nutqni ekspressiv maqsadda bo‘laklashning eng keng tarqalgan usullaridan biriga aylangan. Bu ta'sirchan usul esa, albatta, parsellyatsiyaning o‘zidir. Yanada aniqroq aytiladigan bo‘lsa, parsellyatsiya sintaktik hodisaning o‘zini ifodalaydi, Sintagmalar aktualizatsiyasi esa ayni hodisa natijasida voqelanadigan poetik-stilistik oqibatni ta’kidlaydi. Shuning uchun ham mazkur sintaktik hodisani ifodalash uchun N.Yu.Shvedova tomonidan qo‘llangan “sintagmalar aktualizatsiyasi” terminini har jihatdan muvaffaqiyatli deyish qiyin. Parsellyatsiya yagona sintaktik strukturaning – muayyan gapning bir necha kommunikativ mustaqil birliklar, ya’ni jumlalar tarzida nutqiy tasavvur qilish usuli sifatida nutq universaliyalaridan biri ekanligi – deyarli barcha tillarga хosligi tilshunoslar tomonidan, yuqorida aytib o‘tilganidek, ko‘p bor ta’kidlangan.
Nutq jarayonida adresantning adresatga munosabati, berilayotgan axborotning muhimligiga qarab kommunikativ maqsad bilan gapni qayta tuzish natijasida shakllanadigan sintaktik qurilmalarni o‘rganish, ularda so‘zlovchi pragmatik intensiyasi, baho munosabatining aks etishi, bunday sintaktik qurilmalarning matnlardagi o‘rni va emotsionallikni ta’minlashdagi ahamiyati masalasini yoritish dolzarb mavzulardan biri hisoblanadi. Adresant kommunikativ jarayonda o‘zi muhim deb hisoblagan o‘ringa adresatning diqqatini tortish uchun turli vositalardan foydalanadi. Tilshunoslikda gapni qayta tuzish, bo‘laklash natijasida hosil bo‘lgan qurilmalarning asosan uch turi farqlanadi: segmentatsiya, parsellyatsiya, antisipastiya - oldindan sezish, keyingi tovushning avvalgisiga ta’siri; oldingisini talaffuz qilishda keyingisining ta’siri [11;48].
Segment qurilmalar asosan og‘zaki nutqqa xos bo‘lib, reklama matnlarida so‘zlashuv nutqiga xoslikni berishda keng foydalaniladi. Masalan, Pikovit- farzandingiz muvaffaqiyati uchun vitamin va minerallar (Vitamin haqidagi reklama). Adresant nutqini o‘zi muhim deb bilgan qismdan boshlashi mumkin, bunda so‘zlovchi muhim deb hisoblagan qism mantiqiy jihatdan ajratilib, gapning oldingi qismiga chiqariladi hamda fikrning temasi vazifasini bajaradi. Bunda mantiqiy jihatdan ajratilgan qism og‘zaki nutqda intonatsiya, yozma nutqda tinish belgilari yordamida ajratiladi. Segment bo‘lak tema sifatida kelar ekan, tinglovchining diqqatini ma’lum bir o‘ringa qaratish uchun xizmat qiladi hamda ta’kid ma’nosini kuchaytiradi, uni izohlab kelgan gap tarkibida esa olmosh bilan almashadi yoki ba’zi o‘rinlarda o‘zi takror keladi. Masalan, Taylol-xot - Gripp va shamollash alomatlarini yengishga yordam beradi, Taylol-xot. Segment bo‘lak so‘zlovchining kuchli his-hayajonini ifoda etadi [12;45]. Bunday holatlarda segment bo‘lakdan keyin undov belgisi qo‘llaniladi. Masalan: Qadam bosing, gigabaytlar oling. Sizdan qadamlar –bizdan giglar. Qadamlar uchun giglar. (Beeline uyali aloqa kompaniyasi tariflari reklamasi) Yetakchi, ishonchli, innovatsion! Keltirilgan reklamada segment bo‘lak sifatida ajratilgan so‘z giglar bo‘lib, bu misolda uch o‘rinda qo‘llangan: birinchisi segment bo‘lak, ikkinchi va uchinchisida uni izohlab kelayotgan gap tarkibidagi kesimdir.
Bunday holatda qo‘llanilish ta’kid ma’nosini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi. Segment bo‘lak kuchli emotsionallikni ifodalash bilan birga adresatning diqqatini ma’lum bir obyektga qaratish vazifasini ham bajaradi. Ekspressivlikni ta’minlovchi, nutq jarayonida eng ko‘p qo‘llaniladigan segmentasiyaga o‘xshab ketadigan sintaktik figuralardan yana biri sifatida biz yuqorida ko‘rib o‘tgan parsellyativ qurilmalardir. Ta’kidlash kerakki, segmentasiyada ham, parsellyatsiyada ham muhim sanalgan bo‘lak ajratib ko‘rsatiladi. Tilshunoslikda ekspressiv sintaksisning usuli sanalgan bu hodisalar haqida turg‘unlashgan qarashga asosan, segmentatsiya ajratilgan bo‘lakni gapning oldiga chiqaradi va u har doim ot xarakteridagi so‘zdan iborat bo‘lib, bosh kelishikdagi so‘z bilan ifodalanadi. Parsellyatsiyada esa parsellyat asosiy gapdan keyin kelib, morfologik jihatdan har xil bo‘lib, turli gap bo‘laklari maqomida bo‘ladi. Parsellyatsiya ham, segmentatsiya ham og‘zaki nutqqa xos bo‘lib, yozma nutqda ular, asosan, tinish belgilari vositasida ifodalanadi. Segmentatsiyaga xos bo‘lgan asosiy xususiyat uning, asosan, monologik nutqda uchrashi bo‘lsa, parsellyatsiya ham monologik nutqda, ham dialogik nutqda uchraydi [13;42].
Parsellyatsiya dialogik nutqda personajlarning o‘ziga xos so‘zlashuv uslubini ko‘rsatishda, nutq jarayonida so‘zlovchining ruhiy holati – quvonchi, g‘azabi, ro‘y bergan voqelikdan esankirash, voqelikka shaxsiy munosabatini ifodalash, qo‘shimcha axborot berish kabilarni ifoda etishda, asar tilini jonli so‘zlashuv tiliga yaqinlashtirishda, badiiy asar tilining o‘ziga xosligini ta’minlashda asosiy vosita sifatida ishtirok etadi. Segmentatsiyada esa bu holat kuzatilmaydi. Parsellyatsiyadan farqli ravishda segmentatsiya so‘zlashuv nutqini kitobiy nutqqa yaqinlashtirishga xizmat qiladi. Segment bo‘lakda ham qahramonning ruhiy holatlari bilan bog‘liq o‘zgarishlar ifoda etiladi, parsellyatsiyadan farqli ravishda segment bo‘laklar nutqqa ko‘tarinkilik, ulug‘vorlik, o‘ziga xos ohang, ba’zan sokinlik berishda qo‘l keladi. Segmentatsiyada segment bo‘lak og‘zaki nutqda intonatsiya yordamida aniqlanadi, segment bo‘lakdan keyin to‘xtash, bir oz tin olish intonatsiyasining yo‘qligi segment bo‘lakni ajratib olish imkonini yo‘qqa chiqaradi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
Мамирова Д. Особенности использования парцелляции в рекламных текстах. В данной статье предпринята попытка анализа фрагментации рекламных текстов с учётом дискурсивных и лингвистических аспектов текста. Рассматриваются явления парцелляции и сегментации как формы фрагментации в рекламных текстах. Также дается теоретический подход к анализу.
Mamirova D. Features of using parcellation in advertising texts. This article attempts to analyze the fragmentation of advertising texts taking into account the discursive and linguistic aspects of the text. The phenomena of parcellation and segmentation as forms of fragmentation in advertising texts are considered. A theoretical approach to the analysis is also given.