Perfektning grammatik ma’nosi 1980 yillardan boshlab tipologik tadqiqotlarning predmeti sifatida tadqiq etila boshlagan. U dastlab B. Anderson [B. Anderson 1982] tomonidan semantik jihatdan o‘rganilgan. Yevropa olimlaridan Drinka [Drinka 2003] ishida “perfektning “ega bo‘lmoq + sifatdosh” shakli lotin tilidan kalkalangan oddiy o‘tgan zamon shaklining o‘rniga analitik shakl (perfekt)ning kirib kelib, umumyevropa tillariga keng tarqalishi fransuz tilining shimoliy lahjasiga borib taqaladi” degan fikr qayd etilgan. A. Arno, K. Lanslo hammuallifligida chop etilgan [Grammatika… 2000: 190] kitobda fransuz tilidagi analitik qurilmalar german tillaridan kelib chiqqani haqida yozilgan. Fransuz tilida perfekt “Passe compose” deb atalib, L. Fulle uni ikki ma’noga ega ekanligini aytadi. Mazkur shakl bir vaqtning o‘zida perfekt sifatida o‘tgan zamonda sodir bo‘lgan harakatning hozirgi zamonga tegishli bo‘lgan natijasini, shuningdek, preterit sifatida o‘tgan zamondagi, shu bilan birgalikda hozirgi zamonga juda yaqin bo‘lgan harakatni ifodalaydi [Foulet, 1937]. Qadimgi rus tilida perfekt – o‘tgan zamonda sodir bo‘lib tugallangan ammo, hozirgi zamon bilan bog‘liq bo‘lgan harakatni ifodalash uchun qo‘llangan. L. Markova ishida ham bu borada berilgan ta’rif o‘xshash: “Perfekt – o‘tgan zamonni umumiy natijaga birlashuvchi hozirgi va kelasi zamon bilan bog‘lovchi ko‘prikdir, ya’ni u o‘tgan zamonda boshlangan harakatni hozirgi zamonda davom etayotganligini va kelasi zamonga yo‘naltirilganligini bildiradi”. XVI asrdan boshlab perfektning qo‘llanish doirasi kengayib, u yozuv uslubida faol qo‘llana boshlagan. Shu bilan birgalikda u aorist va imperfekt semantikasiga ham ega bo‘lgan [Markova, 2010: 305-309]. Perfekt terminining etimologiyasiga nazar solsak, tilshunoslikda uning eng ko‘p tarqalgan shakli “Perfekt” bo‘lib, u ingliz tilida “Perfect” yoki “Present Perfect”, zamonaviy ingliz tilidagi adabiyotlarda “Anterior” terminlari bilan ataladi [Bybee et al. 1994: 51-105]. L. P. Piskovaning yozishicha, harakatning butunlay tugallanganligini faqat perfektning o‘zi bilan ifodalab bo‘lmaydi [Piskova, 1982: 110]. Yana bir olim [Gak, 2000: 337]ning ham bu boradagi fikri o‘xshash, ya’ni perfekt – o‘tgan zamonga oid harakat, hodisani ifodalasa-da, ammo bu harakat har doim ham tugallangan bo‘lmaydi.
Rus olimi V. A. Plungyan perfektni aspektual kategoriyalardan biri sifatida ta’riflab, o‘z tadqiqotida perfektning uch turini farqlaydi: “kengaytirilgan perfekt” – asosan, Yevropa tillariga xos bo‘lib, german, roman, slavyan tillarida mavjud; “ixtisoslashgan perfekt” – Kavkaz, Janubiy Osiyo, Janubiy Sibir, Boltiq bo‘yi tillariga xosdir; “kuchsiz perfekt” – asosan, yangi yunon tilida uchraydi [Plungyan, 2016: 21-23]. D. V. Sichinavaning fikricha, perfektga xos bo‘lgan eng muhim jihat – bu uning o‘tgan zamondagi harakatning nutq momentigacha sodir bo‘lganligini ifodalashidir. Tilshunoslarning fikricha, ko‘pgina tillarda perfektni o‘ziga xos ko‘rsatgichlaridan biri uning aniq paytni ko‘rsatuvchi hol bilan qo‘llanishidir, masalan: It’s just been announced five minutes ago – Bu haqida besh daqiqa ilgari e’lon qilingan edi. [Miller 2004]. Ushbu misoldan ko‘rinib turubdiki, payt hollari perfekt shakli bilan qo‘llangan holda uning temporal ma’nosini yanada kuchaytiradi.
Yevropa tillarida perfekt (Present Perfect) britan adabiy tili varianti bo‘lib, Lindstedt [Lindstedt 2000]ning fikriga ko‘ra amerika-ingliz tilida perfektning o‘rniga oddiy o‘tgan zamon (Past Indefinite)ni qo‘llash tendensiyasi paydo bo‘lmoqda. Bu borada Dj. Miller tomonidan analogik kuzatuv olib borilib, u Britaniyadagi, ayniqsa, Shotlandiyadagi ingliz tilining og‘zaki va nostandart variantlari borasida tadqiqot olib bordi [Miller 2004]. Zamonaviy afroamerika tilshunosligida bu jarayon o‘z yakuniga yetdi, ya’ni ular barcha perfektli kontekstda -ed preteritli shaklni qo‘llashmoqda. Shuningdek, perfektga oid bo‘lgan barcha nazariyalarga birday javob bo‘ladigan yangi done + preterit (done ate) shakli o‘rniga qabul qilindi [Terry 2001]. Qadimgi udin tili yozma yodgorliklariga oid matnlarda perfekt shaklining uchramasligi – bu shaklning boshqalariga qaraganda ancha navqiron ekanligidan darak beradi. Shunga ko‘ra perfektning grammatikalashuvini quyidagicha tasavvur qilish mumkin: “REZULTATIV ˃ PERFEKT ˃ PERFEKTIV [Bybee, 1994: 3]. Perfekt – tuzilishi jihatidan ayrim tillarda sifatdosh, suffiks, ko‘pgina tillarda ko‘makchi fe’llar bilan yasaladi. Shu sababdan uning analitik va sintetik turi farqlanadi. Olib borilgan tahlillar natijasida ayon bo‘ldiki, jahon tillari bo‘yicha perfektning analitik shakli 85 % bilan yetakchilik qiladi [Dahl, 1985: 129]. Xuddi shunday, udin tilidagi perfekt dastavval analitik tuzilishga ega bo‘lib, keyinchalik u morfologik yo‘l bilan (sifatdosh, ravishdosh, ko‘makchi fe’l bog‘lanmasi) yasala boshlandi [Maysak 2014]. An’anaviy tilshunoslikda ham perfektning grammatik ko‘rsatgichlari ko‘makchi fe’ldan tashkil topgan analitik shakl hisoblanadi. Darhaqiqat, umumtilshunoslikda faqatgina qadimgi yunon va sanskrit perfekti sintetik usulda hosil bo‘lgan [Lindstedt, 2000: 368]. Hozirgi kunda ingliz tili perfektining yangi shakllari iste’molga kirgan. Masalan, Tagliamonte [Tagliamonte 2000]ning qayd etishicha, Samana (Dominika Respublikasi)da standart ingliz tilidagi “have + sifatdosh” qurilmasiga mos keluvchi bir qancha “perfektoid” shakllar mavjud. Bunday perfektoidlar have ko‘makchi fe’lisiz been yoki done sifatdoshi yordamida yasaladi: been (she been married – u turmushga chiqdi); done (I done been to Miami – Men Mayamida bo‘lganman.
Yevropa tillariga xos bo‘lgan perfektning o‘ziga xos jihati – bu “иметь – ega bo‘lmoq” va “быть – bo‘lmoq” fe’llaridan tashkil topgan qurilmaning mavjudligi hamda mazkur fe’llar bilan qo‘llanadigan fe’llar guruhini aniq ajratib ko‘rsatilganligidadir. D. V. Sichinavaning qayd etishicha, ba’zi tillarda bu ikkala ko‘makchi fe’l parallel tarzda ishlatilsa, shunday tillar ham mavjudki, ularda faqatgina bitta yordamchi fe’l qo‘llanishi mumkin. Ba’zi tillarda ikkala ko‘makchi fe’l bor bo‘lsa-da, lekin ularning qo‘llanish doirasi bir xil emas. Masalan, fransuz tilidagi etre faqatgina sanoqli (o‘nta) fe’l bilan qo‘llansa, avoir qolgan barcha fe’llar bilan qo‘llanadi [Sichinava, 2005: 128]. Fikrimizcha, ko‘makchi fe’llarning bunday qo‘llanishi har bir tilning o‘ziga xos grammatik qurilishiga bog‘liqdir. Ma’lumki, qoidaga ko‘ra “bo‘lmoq” ko‘makchi fe’li perfekt yoki plusquamperfektni hosil qilishda faqatgina ba’zi o‘timsiz fe’llar, “ega bo‘lmoq” qolgan barcha o‘timsiz va o‘timli fe’llar bilan qo‘llanadi. Aytib o‘tilganidek, perfektda qaysi ko‘makchi fe’li qanday fe’llar bilan moslashishi muayyan til va uning o‘ziga xosligi bilan bog‘liqdir.
Ko‘makchi fe’lni tanlash mezonlariga ko‘ra, Yevropa tillari quyidagicha tasniflanadi: italyan, fransuz, nemis (janubiy va shveysar nemis dialekti bilan); retoroman, niderland, idish. Ushbu tillarda ko‘makchi fe’lni tanlash leksik omillarga bog‘liqdir. Umuman olganda, mazkur muammo yuzasidan tilshunoslar orasida ikki xil yondashuv mavjud, ya’ni sintetik va sintaktik. Levin, Rapparort Hovav [Levin, Rapparort Hovav 1995]ning tadqiqotida “neakkuzativ”, “neergativ” terminlari qo‘llanib, olimning fikricha, neakkuzativ fe’llar – o‘timsiz (быть – bo‘lmoq), neergativ fe’llar – o‘timli (иметь – ega bo‘lmoq) fe’llari bilan qo‘llanadi. Ammo, keyinchalik Yevropa tilshunosligida ushbu qarash o‘zini oqlamay qo‘ydi. Chunki, ba’zi tillarda perfektni qanday ko‘makchi fe’l bilan yasalishi ushbu nazariyaga to‘g‘ri kelmadi. Jumladan, qadimgi ispan tilida o‘zlik fe’llari perfektni ikkala ko‘makchi fe’l bilan ham yasaydi, xuddi shunday dat tilida ham barcha o‘zlik fe’llari perfektni ega bo‘lmoq fe’li bilan yasaydi. Bu xususiyat niderland va nemis tillari uchun ham xosdir [Sichinava, 2005: 131]. Demak, roman va german tillari qiyosi shuni ko‘rsatmoqdaki, ko‘makchi fe’lning qo‘llanishida “neakkuzativlik” tamoyili har qanday tilga ham mos kelmaydi. Bizning nazarimizda, ko‘makchi fe’lni tanlashda muayyan tildagi predikatning semantik va boshqa o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olish lozim. Roman-german tillari guruhiga xos bo‘lgan asosiy + ko‘makchi fe’l + sifatdosh II qurilmasiga ega bo‘lgan perfekt (ing. tilida have done, nem. tilida haben gemacht/sein gekommen, fran. tilida avoir lu/etre arrive)ni shartli ravishda ikki guruhga ajratish mumkin: 1) birinchi guruhga ingliz, norveg, shved, ispan; 2) ikkinchi guruhga nemis, niderland, fransuz, italyan tillarini kiritish mumkin. Mazkur tillardagi present perfektning qo‘llanishidagi asosiy farq shundaki, birinchi guruhga kiruvchi tillardagi perfekt o‘tgan zamondagi harakatni voqelantirishda narrativ matnlar va aniq zamonni ko‘rsatuvchi ravishlarsiz qo‘llanmasa, ikkinchi guruh tillarida buni aksi kuzatiladi, ya’ni bu guruh tillari perfekti uchun bunday cheklovlar xos emas [Giorgi., Pianesi 1997]. Niderland tilida perfektning qaysi ko‘makchi fe’l bilan yasalishi quyidagi ko‘rinishga ega: zijn – bo‘lmoq ko‘makchi fe’li bilan - yurish-harakat fe’llari (gaan – bormoq, komen – kelmoq), holat o‘zgarishini ifodalovchi fe’llar (sterven- o‘lmoq, groeien – o‘smoq); hebben – ega bo‘lmoq bilan o‘timsiz fe’llar, asosan, faoliyat va holat fe’llari (denken – o‘ylamoq, slapen – uxlamoq, staan – turmoq) va boshqalar qo‘llanadi. Ayrim o‘timsiz fe’llar ham jumladan, passeren – yonidan o‘tib ketmoq, naderen – yaqinlashmoq, vergeten – unutmoq, folgen – ortidan bormoq kabilar ham bo‘lmoq fe’li bilan ishlatiladi. Shunday fe’llar ham borki, ularning qaysi ko‘makchi fe’lni talab qilishi bahslidir, masalan: yo‘nalish ma’nosiga ega bo‘lgan (lopen – piyoda bormoq, fietsen – velosiped haydamoq) fe’llar; agar ular (пойти пешком в школу, поехать на велосепеде на конференцию) ma’nosida kelsa, u holda u ziyn – bo‘lmoq ko‘makchi fe’li bilan qo‘llanadi. Kauzativ variantga ega bo‘lgan yurish-harakat fe’llari va holat o‘zgarishini bildiruvchi (scheiden – farqlamoq, farqlanmoq, ploffen – portlatmoq, portlamoq fe’llari kauzativ – o‘timli fe’l bo‘lib kelganda hebben neakkuzativ ma’noda kelsa zijn bilan qo‘llanadi [Liber, Baayen 1997]. Yuqorida keltirilgan fikrdan oydinlashadiki, niderland tilida ko‘makchi fe’lni tanlash mezonida fe’llarning chegaralanganlik/chegaralanmaganlik, ya’ni aktional semantikasiga ham e’tibor berilmoqda.
Yevropa tillaridan biri bo‘lmish shved tilida esa, jumlaga bog‘liq tarzda ko‘makchi fe’lni tushurib qoldirish mumkin [Dahl, 2000: 12]. Xuddi shunday holat serbxorvat tilida ham kuzatiladi [Lindstedt, 2000: 377]. Yana bir yevropalik tilshunoslar [Arno, Lanslo, 2000: 187]ning yozishicha, “ko‘makchi fel” muammosi Yevropadagi barcha yangi tillarga tegishlidir. Shunday vaziyatni fransuz tili misolida qaraydigan bo‘lsak, mazkur tilda etre – bo‘lmoq barcha o‘zlik fe’llari (il s’est blesse – u lat yedi, yaralandi), o‘timsiz fe’llardan (ular jami yigirma bitta) yurish-harakat va holat o‘zgarishini ifodalovchi (aller - bormoq, arriver – yetib kelmoq, descender – pastga tushmoq, naitre – tug‘ilmoq, mourir – o‘lmoq, qolish ma’nosini bildiruvchi demeurer, rester fe’llari bilan qo‘llanadi. Fransuz tilida yordamchi fe’lni qo‘llashdagi o‘ziga xoslik shundaki, yordamchi fe’l etre – bo‘lmoq ikki holatda, “avoir – ega bo‘lmoqning o‘rniga ishlatiladi, ya’ni o‘zlik fe’llari hamda ba’zi o‘timsiz fe’llar bilan. Fransuz tilidagi ko‘makchi fe’llarni sintaktik jihatdan tahlil qilgan Abeille, Godard [Abeille, Godard, 2002: 446]ning xulosasiga ko‘ra, bu tildagi ko‘makchi fe’lning qo‘llanishi sintaktik emas, balki leksik cheklovlarga bog‘liqdir. Shuningdek, avoir ko‘makchi fe’lining o‘zlik fe’llari bilan qo‘llana olmasligiga sabab, mazkur tilda morfologik moslashuvning yo‘qligi bilan tavsiflanadi.
Hind yevropa tillaridan yana biri, ingliz tilidagi Present Perfect ko‘plab tillar uchun ko‘makchi fe’l va sifatdosh II birikuvidan hosil bo‘lgan (klassik) mumtoz namunaviy kategoriyadir. T. A. Maysak udin tilidagi perfekt shaklining Bibliya matnlarida qo‘llanishini ingliz tilidagi Present Perfect bilan o‘zaro qiyosiy holda tahlil qilgan. Olimning tahlili natijasida ma’lum bo‘ldiki, udin va ingliz tillaridagi perfekt 50 % holatlarda mos kelgan. O‘zaro tafovutiy holatlar formal sabablar, tillarning oziga xos sintaktik xususiyatlari, perfekt shakllari semantikasidagi farqlar tufayli kuzatilgan [Maysak, 2016: 325]. O‘tgan zamon shakllarining qo‘llanishi borasida olib borilgan tadqiqotlardan birida perfekt – narrativ kontekstda eng ko‘p qo‘llanuvchi shakl sifatida qayd etilgan [Lindstedt, 2000: 379].
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, perfekt – o‘tgan zamon shakllaridan biri bo‘lib, u, asosan, hind-yevropa tillariga xos shakl sanaladi. Perfekt tuzlishi jihatidan analitik xarakterga ega bo‘lib, ayrim tillarda sintetik shakli ham uchraydi. U analitik shakl sifatida ko‘makchi fe’l, sifatdosh va asosiy fe’ldan tashkil topadi. Uning qaysi ko‘makchi fe’l yordamida hosil bo‘lishi har bir tilning o‘ziga xos grammatik qurilishi hamda predikatning leksik semantikasi va boshqa lisoniy omillarga bog‘liq.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
Muminova A. Criteria for auxiliary verb perfect tense. This article examines the diverse perspectives of linguists worldwide on the historical origins, developmental stages, and structural characteristics of the past tense form, particularly significant in general linguistic grammar, notably within Indo-European languages. Also, the criteria of the auxiliary verb that forms the perfect in a number of languages are different, these issues are the focus of this article, and the author has covered them in detail.
Муминова А. Критерии вспомогательного глагола перфекта. В данной статье излагаются различные мнения и взгляды мировых лингвистов относительно истории возникновения, этапов развития и структурных аспектов формы, представляющей прошедшее время, что важно в области грамматики общего языкознания и считается особенно характерным для языков, принадлежащих к индоевропейской семье языков - совершенным образом рассмотрены и проанализированы. Также критерии вспомогательного глагола, образующего перфект, в ряде языков различны, этим вопросам посвящена данная статья, и автор подробно их рассмотрел.