Predikativlik hodisasi talqini tilshunoslik fanida azaldan munozarali bo‘lib keldi va bugungi kunda ham shundayligicha qolmoqda. Biroq bu narsa shunday umumiy tus oldiki, unga ko‘ra predikativlik tushunchasi faqat gapga xos ekanligi, tilning boshqa birliklari doirasida mazkur tushuncha uchun o‘rin yo‘qligi alohida ta’kidlandi. Bunday vaziyat faqat o‘zbek tilshunosligida, turkologiyada emas, balki rus tilshunosligida ham chuqur ildiz otdi. Buning dalilini sintaktik muammolarning tavsifiga bag‘ishlangan har qanday ishda ham ko‘rish mumkin. Lekin shunday bo‘lsa-da, bu o‘rinda ham tilshunoslar fikrlarining mushtarak emasligi kuzatiladi. Quyida bu boradagi fikrlarning ba’zilarini keltiramiz.
I. Davidovning bundan qariyb bir yarim asr avval aytgan mulohazasiga ko‘ra predikativlik tushunchasi grammatik nuqtayi nazardan o‘ziga xoslikka ega bo‘lib, u mantiqiy tushunchadan keskin farq qiladi, zero, grammatik ega faqat bir tushunchani ifodalaydi, mantiqiy ega esa o‘z tasarrufidagi bir necha unsurlar bilan birga ma’lum bir tushunchani beradi. Grammatik kesim va mantiqiy kesim haqida ham shu tarzda fikr bildirish mumkin. Gapning grammatik bo‘laklari to‘rtta bo‘lsa (ega, kesim, aniqlovchi, to‘ldiruvchi), mantiqiy bo‘laklar faqat ega va kesimdangina iboratdir [Давидов, 1854.].
F.I. Buslayev ham mantiqiy jihatdan ikkinchi darajali bo‘laklar bosh bo‘laklardan ajralmasligini, ular bilan yaxlit olingani holda mantiqiy ega va mantiqiy kesimni tashkil etishini aytadi [Буслаев,1955: 126.].
A.A. Shaxmatov esa grammatik egani mantiqiy subyekt bilan, kesimni esa mantiqiy predikat bilan bog‘liq ekanligini izohlaydi [Шахматов, 1941: 28.].
V.V. Vinogradov ta’limotida ham predikativlik faqat gapga xos bo‘lganligi ta’kidlanadi. Biroq V.V. Vinogradov grammatik ega va grammatik kesimni mantiqiy subyekt hamda mantiqiy kesimdan farqlash va umuman, grammatikani mantiq bilan qorishib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik lozimligini aytadi. V.V. Vinogradov predikativlik hodisasini gap mazmunining voqelikka munosabati tarzida izohlaydi [Виноградов, 1975: 263-267].
Shuni alohida qayd etish lozimki, V.V. Vinogradov predikativlik haqida fikr va mulohazalarining sobiq Ittifoq tarkibidagi xalqlar tilshunosliklariga ta’siri katta bo‘ldi. Shu bois o‘zbek tilshunosligida ham predikativlik hodisasining tavsifi, uning ifodalanish usullari V.V. Vinogradov ta’limoti doirasidan chetga chiqolmadi. Hatto bugungi kunda ham mazkur ta’limotning grammatik tadqiqotlarimizga ta’siri sezilarli darajadadir. Ayniqsa, so‘z, so‘z birikmalari va gap tadqiqiga bag‘ishlangan ishlarda bu narsa ko‘proq ko‘zga tashlanadi.
Albatta, har bir fanning o‘z maqsad va vazifalari bo‘ladi. Bu jihatdan grammatikaning ham, mantiqning ham faqat o‘zigagina xos bo‘lgan qonun-qoidalari mavjudligi shubhasizdir. Biroq mantiq bilan grammatika o‘rtasiga “xitoy devori” qo‘yish ham yaramaydi, deb o‘ylaymiz. Chunki, tilshunoslik fani bilan mantiq uzviy bog‘liqdir. Shunga ko‘ra predikativlik hodisasini, bizningcha, mantiqiy-grammatik hodisa tarzida tushunish maqsadga muvofiqdir. T.P. Lomtev ta’biri bilan aytganda, predikativlik har qanday jumlaning umumiy va yaxlit mantiqiy xususiyatidir [Ломтев, 1972: 27.].
T.P. Lomtev predikativlik grammatik omil emasligini va u hozirgi mantiq fanida “propozitsion funksiya” tushunchasining sinonimik varianti ekanligini ham alohida ta’kidlaydi [Ломтев, 1972: 29.].
Mazkur ta’limot tilshunoslik fanining bugungi taraqqiyoti davrida, xususan, semantik sintaksis muammolari talqinida keng qo‘llanilmoqda va rivojlantirilmoqda. Boshqacha aytganda, predikativlik propozitsiya tushunchasi bilan uzviy bog‘liq holda talqin etilmoqda. V.B. Kasevich bu haqda shunday deydi: “Predikativlik yoki uni keng qamrovda tushunadigan bo‘lsak, jumlaning semantik tasavvuri – bu nolingvistik tushunchaning lisoniy nusxasi bo‘lib, uning yordamida inson qabul qilayotgan xabarga shakl beradi” [Касивич, 1988: 69.; Арутюнова,1 996: 34; Усмонова , 1998: 35 -38.].
Mazkur mulohazani biz semantik sintaksisga taalluqli deb hisoblashimiz ham mumkin. Lekin masalaning tub mohiyatiga e’tibor beradigan bo‘lsak, predikativlik hodisasining grammatik qonun-qoidalari bilan emas, balki semantik va mantiqiy qoidalar bilan bog‘liq ekanligini ko‘ramiz. Grammatika esa bu hodisaning til unsurlari orqali ifodalanishini ta’minlash uchun xizmat qiladi, xolos.
Bunda turli xil grammatik va nogrammatik vositalar qatnashishi mumkin. Ammo hozirgacha mavjud grammatikaga oid ishlarda predikativlik hodisasining ifodalanishini fe’l zamonlari bilan uzviy bog‘liq ekanligi hamda bu hodisaning faqat gap doirasidagina sodir bo‘lishi xususida bildirilgan fikr va mulohazalarning izohtalab ekanligini qayd etish joiz, deb o‘ylaymiz.
Darhaqiqat, grammatik qonun-qoidalar til unsurlarining nutqda real qo‘llanilishini ta’minlash uchun, bu unsurlarni o‘zaro munosabatga kirishuvini tashkil etish uchun xizmat qiladi. Boshqacha aytganda, grammatika mazmun tushunchasini taqozo etmaydi. Mazmunning to‘g‘riligi, noto‘g‘riligi, rostligi yoki yolg‘onligi kabi masalalar mantiqiy muammolardir. Ammo masalaning ikkinchi tomoni ham mavjud bo‘lib, unga ko‘ra shakl va mazmun birligi deb ataluvchi dialektik qonuniyatga murojaat etishga to‘g‘ri keladi. Ana shundan kelib chiqib, predikativlik hodisasining grammatikaga ham aloqador ekanligini dalillash mumkin. Biroq, bunda predikativlik hodisasi gap mundarijasining voqelikka munosabati ifodasidir deyish masalaning bir tomonini yoritadi, deb o‘ylaymiz. Chunki, predikativlik tushunchasi so‘z birikmalari doirasida ham, hatto alohida olingan mustaqil so‘zdan iborat nutq birligida ham ifodalanishi mumkin. Qiuyida mustaqil so‘z va unung predikativlikka munosabati xususida ayrim masalalarga e’tibor qaratamiz.
Predikativlik hodisasini til unsurlarining real voqelikka munosabati tarzida tushunar ekanmiz, uning mustaqil so‘z orqali ifodalanishi mumkinligi haqida mulohaza yurita olamiz. Albatta, bu o‘rinda predikativlikning mantiqiy tushuncha ekanligini, uning real ifodalanishi til unsurlari bilan bog‘liq ekanligini va shu orqali u mantiqiy-grammatik karegoriya maqomini olishini nazarda tutishimiz lozim bo‘ladi.
So‘z xususida gapirilganda shunga alohida e’tibor berish lozimki, u tilning eng muhim birligi sifatida lug‘at boyligimizning asosiy xomashyosini tashkil etadi. Lekin uning mazmuniy jihatlari, funksional faolligi real qo‘llanilgandagina o‘z ifodasini topadi. Masalan, o‘qituvchi so‘zining lug‘at tarkibidagi va real qo‘llanilishi bilan bog‘liq bo‘lgan mazmuniy jihatlariga ahamiyat beraylik.
Mazkur so‘z o‘zining morfologik xususiyatiga ko‘ra kasb otini taqozo etadi va lug‘at boyligimizdagi shu singari yasama so‘zlardan biri hisoblanadi. Shubhasiz, bu o‘rinda u nominativ birlikdir. Biroq, uning ichki mazmuni, presuppozitsional belgilariga e’tibor bersak, ancha murakkab mazmuniy salmoqqa ega ekanligini ko‘ramiz: o‘qituvchi – dars (ta’lim, saboq) beruvchi kishi; dars beruvchi kishi – o‘qituvchi. Boshqacha aytganda, bu o‘rinda ichki predikat mavjudligi, mavjud bo‘lganda ham u konkret fe’lni (o‘qitmoq, dars bermoq, saboq bermoq, ta’lim bermoq) taqozo etayotganini ko‘ramiz. Biroq berilgan so‘zda ma’no ifodasi kommunikativ yo‘nalish ololmayotgani uchun mazkur predikat ham noreal, umumiy va nisbatan mavhum ifodali bo‘lib qolmoqda. Bu singari ifodadagi predikatni Y.S.Kubryakova ichki predikat deb nomlaydi [Кубрякова,1986: 119.].
N.Q.Turniyozov bunday yasama so‘zlarda morfemalararo mikrosintagmatik munosabatlar mavjudligini, o‘zak morfemalarga affiks morfemalar tirkalishi natijasida so‘z doirasida sintagmatik munosabat vujudga kelishini ta’kidlaydi. Masalan, ishchi, oshpaz, soatsoz so‘zlarida ish, osh, soat morfemalari keng ma’noda harakat ob’ektlari vazifalarini bajarayotgan bo‘lsa, affiks morfemalar harakat ijrochilari funksiyalarini o‘tamoqda va har biri o‘zlari tirkalayotgan harakat ob’ektlari orqali aniqlanmoqda. Harakatning o‘zi esa, ob’ekt bilan ijrochi doirasida implitsit ifodaga ega bo‘lmoqda [Турниёзов,1998: 8.]. Y.S. Kubryakova ta’biri bilan aytganda esa, bunday yasama so‘zlarda yashirin predikat ifodasinibemalol kuzatish mumkin. Bu xususda V.B. Kasevich ishlarida ham yetarli ma’lumotlar keltirilgan [Касивич, 1988: 58.].
Biroq, shuni ham aytish kerakki, mazkur so‘zlarda real predikativlik ifodalanmaydi, balki noreal, mavhum ichki predikativlik belgisi kuzatiladi. Shuning uchun ham ayni paytda Y.S. Kubryakovaning “ichki predikat” terminini o‘rinli ishlatilgan deyish mumkin.
Mustaqil so‘z tom ma’nodagi predikativlik ifodalashi uchun uning ichki ma’nosida voqelikka munosabat ifodasi kuzatilmog‘i kerak. Bu jarayonda mustaqil so‘zning qo‘llanilish o‘rni muhim ahamiyat kasb etadi. Boshqacha aytganda, bunday vaziyatda mustaqil so‘z sof nominativ birlik sifatida emas, balki, nominativ-kommunikativ birlik ma’nosida qo‘llanmog‘i lozim. Masalan, biror san’at asari o‘qituvchiga bag‘ishlangan bo‘lib, bu asarning nomi “o‘qituvchi” deb atalgan bo‘lsa, mazkur so‘z ma’lum bir xabar ma’nosini berayotganini va bu orqali real voqelikka munosabat bildirilayotganligini inkor etish qiyin. Bunday vaziyatda o‘qituvchi so‘zining predikativlik ifodalashi uning ichki ma’nosi salmog‘ida “Bu – o‘qituvchi”, “Bu – shunday o‘qituvchidir”, “Bu kishi o‘qituvchi bo‘ladi” singari bir necha sintaktik qurilmalar yotishi bilan bevosita bog‘lanadi.
So‘zning ichki yashirin ma’nosi va u orqali ifodalanadigan predikativlik belgisi tilshunoslik fanining hozirgi taraqqiyoti davrida semantik yo‘nalish tadqiqotchilari tomonidan faol qo‘llanayotgan presuppozitsiya tushunchasi bilan ham bevosita bog‘liqdir, zotan, presuppozitsiya mazmuniy tuzilishning bir unsuri sifatida yashirin anglashiladi [Раҳимов , 1994: 8.]. U.E.Rahimovning “O‘zbek tilida yuklamalar presuppozitsiyasi” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasida presuppozitsiyaga ishora qilivchi lingvistik vositalar jumlasiga quyidagilar kiritiladi: leksik vositalar, morfologik vositalar, sintaktik vositalar [Раҳимов , 1994: 12.].
Yuqorida keltirilgan o‘qituvchi so‘zining presuppozitsion salmog‘ida to‘liq bir gap ma’nosining mavjudligi bizga bu vaziyatda mustaqil so‘zning predikativ ma’noli ekanligidan dalolat beradi.
Bizningcha, ayni damda presuppozitsion ma’no mantiqiy asosda vujudga kelmoqda. So‘z ma’nosining sintaktik qurilma vositasida (gap shakli orqali) ifodalanishi esa leksik va sintaktik unsurlar bilan bog‘lanadi. Biroq, shuni ham aytish lozimki, mustaqil so‘zning predikativlik ifodalashi doimiy xarakterli emas, balki ma’lum qo‘llanish muhitidagina voqe bo‘la oladi.
Birinchi va ikkinchi holatlarda ufq so‘zi voqelikka munosabat bildirayotgani yo‘q. Biroq, shunday bo‘lsa-da, ikkinchi holatda mazkur so‘z ifodalayotgan ma’no real voqelikka munosabat bildirishga yaqinlashib qolganligi ko‘zga tashlanadi. Uchinchi holatda aynan ana shu so‘z orqali voqelikka munosabat bildirilib predikativlik belgisi shakllanayotganligini ko‘ramiz. To‘rtinchi holatda, albatta, tom ma’nodagi predikativlik ifodalanmoqda[Смирницкий , 1957: 103.].
Keltirilgan misollardagi oxirgi holat uchinchi holatdan shu bilan farqlanadiki, unda predikativlik hodisasining real (eksplitsit) ifodasi o‘z aksini topmoqda. Uchinchi holatda predikativlik belgisining noreal (implitsit) ifodasini kuzatamiz. Boshqacha aytganda, bu o‘rinda ufq so‘zining ichki ma’nosi nozikligida tafakkur orqali idrok etish mumkin bo‘lgan predikativlik belgisi mavjuddir. Shu tufayli uchinchi holat to‘rtinchi holatning propozitsion salmog‘ini taqozo eta oladi.
Shunga e’tibor berish kerakki, predikativlik ifodalanishi uchun mustaqil so‘z tarkibida mikrosintagmatik munosabatning mavjud bo‘lishi shart emas. Bunda mustaqil so‘zning qanday muhitda qo‘llanilayotgani muhim ahamiyatga egadir.
Predikativlikning yolg‘iz so‘z orqali ifodalanishi modallik tushunchasi bilan ham, ohang bilan ham qisman aloqador bo‘ladi. Uni shakllantiruvchi yolg‘iz vosita nutqiy muhit sanaladi. Agar nutqiy muhit imkoniyat yaratsa, ichki predikatsiya shakllanadi, aks holda berilgan mustaqil so‘z nominativ birlik sifatida o‘zgarishsiz qoladi.
Albatta, so‘z til birligi sifatida nominativ mavqega ega. Lekin u nutq birligi sifatida kommunikativ maqomda ham bo‘lishi mumkin. Uning kommunikativ funksiya bajarishi tilshunoslik adabiyotlarida faqat gap tarkibida voqe bo‘lishi aytiladi [Савченко, 1986: 73.]. Bunda ma’lum bir xabar faqat gap orqali o‘z ifodasini topishi alohida ta’kidlanadi. Lekin masalaning ikkinchi tomoni, ya’ni xabar ifodasi alohida olingan bir so‘z orqali berilishi ham mumkinligi e’tibordan chetda qoladi
Bizningcha, yuqorida keltirilgan o‘qituvchi, ufq so‘zlarning ichki ma’nolarida gapga tenglasha oladigan, ammo tafakkur orqali idrok etish mumkin bo‘lgan mazmuniy salmoq mavjudligi ularning nafaqat nominativ birlik, balki predikativlik ifodalovchi kommunikativ birlik ham bo‘la olishidan dalolat beradi. Bunday vaziyat til belgilarining maxsus qo‘llanilish jarayonida tug‘iladi va bevosita nutqiy, lisoniy omillar bilan hamda so‘zlovchining psixologik holati bilan ham bog‘liq bo‘ladi, zero, til belgilarining real qo‘llanilishiga so‘zlovchining ta’siri shubhasizdir. Bu haqda aytilgan A.N.Savchenkoning quyidagi fikri mutlaqo to‘g‘ridir: “So‘z nafaqat til birligi (nominativ birlik), balki nutq birligi (kommunikativ birlik) ham hisoblanadi” [Савченко, 1986: 67.]. Biroq, A.N. Savchenko kommunikativ birlik sifatida so‘zni gap sathida o‘rganishga asosiy e’tiborni jalb etadi.
Darhaqiqat, so‘z o‘z tabiatiga ko‘ra o‘ta murakkab hodisani taqozo etadi. A.M. Peshkovskiy ta’biri bilan aytganda, so‘z tilshunoslar uchun yechilmagam “jumboqdir” [Пешковский, 1925: 122.]. Mazkur jumboq bugungi kunda ham jumboqligicha qolmoqda. Shu bois, tilshunoslik fani taraqqiyotining hozirgi davrida so‘zning sintaktik birlik sifatida o‘rganilishi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Biroq, hanuzgacha izohtalab bo‘lib kelayotgan mazkur masalaga hali A.M. Peshkovskiy zamonlaridayoq e’tibor qaratilgan edi. Masalan, A.M. Peshkovskiy bu haqda shunday degan edi: “ So‘z o‘zining maksimal maqsadiga ko‘ra sintaktik birlik bilan qarama-qarshi qo‘yilmaydi, balki u mazkur birlikning yorqin ifodasi hisoblanadi. Demak, so‘z haqli ravishda sintaktik birlikdir” [Пешковский, 1925: 130.]. Shu bois, maxsus qo‘llanilgan so‘z orqali predikativlik belgisining ifodalanishi g‘ayritabiiy hodisa emas, balki me’yoriy hodisadir. Masalaning ikkinchi tomoniga ham e’tibor beradigan bo‘lsak, gap bo‘laklari bilan so‘z bo‘laklari (tarkibiy qismini tashkil etuvchi unsurlar) o‘rtasida jiddiy farq kuzatilmaydi.
So‘z doirasida morfemalar munosabati aksariyat hollarda gap bo‘laklari orasidagi sintaktik munosabatni taqozo etadi, so‘z doirasida ichki sintaktik kategoriyalarni – predikat, aktant, atribut, aniqlovchi, aniqlanmish va h.k.larni bevosita kuzatishimiz mumkin [Смирнова, 1973: 235-236.]: Keldiyor, Xudoyberdi, sohibjamol, beshotar.
Keltirilgan so‘zlarda predikativlik munosabati (Keldi – kesim, yor – ega), aniqlovchi-aniqlanmish munosabati (besh-aniqlovchi, otar- aniqlanmish) kuzatiladi. Bunday so‘zlardagi morfemalar munosabatlar statik xarakterda bo‘lganligi uchun jonli predikativ aloqani tashkil eta olmaydi. Biroq, sodda so‘zlar kabi maxsus qo‘llanilish muhitida qo‘shma so‘zlar ham predikativ belgili bo‘lishi mumkin. Bunday vaziyatda ular voqelikka munosabat bildiradi. Shunday qilib, predikativlik hodisasining alohida olingan mustaqil so‘z orqali ifodalanishi ham mumkinligini ko‘ramiz. Mazkur maqomga ega bo‘lgan so‘zlar nutq muhitida biror xabar ifodasini berish va bunga mos holda maxsus qo‘llanilish o‘rniga ega bo‘lmog‘i lozim. Biroq, so‘z doirasidagi morfemalar munosabatida kuzatiladigan predikativlik esa gap orqali ifodalanadigan predikativlikdan farq qiladi. Birinchidan, ularning ifodalanish ob’ektlari turlicha bo‘lsa, ikkinchidan, morfemalar munosabatida noreal, so‘zlar munosabatida esa real predikativlik shakllanadi.
Bu o‘rinda shunga ham e’tibor berish kerakki, mustaqil so‘z orqali ifodalanadigan predikativlik hodisasini so‘z-gaplardan farq qilmoq darkor. Chunki, so‘z-gaplarda ichki predikativlik emas, balki tom ma’nodagi eksplitsit xarakterdagi predikativlik ifodalanadi:
So‘z-gapning predikativ belgisi, asosan, ohang yordamida ifodalanadi. “so‘z-gaplarning asosiy xususiyatlaridan biri ularning maxsus ohangga ega bo‘lishi va ma’lum vaziyatni, kontekstni talab etishidir. Agar bu shartlar bo‘lmasa, so‘z-gaplar o‘z vazifasini bajara olmaydi”, - deydi G‘.A.Abdurahmonov [Абдураҳ-монов, 1995: 35.].
So‘z-gaplarda ega ham, kesim ham bo‘lmaydi. Lekin, ular voqelikka ro‘yirost munosabat bildiradi. Va shu bois, bunday gaplarda predikativlik belgisi aniq ifodasini topadi.
Boshqacha aytganda, so‘z-gaplarning leksik ma’nosida predikativlik belgisi yashiringanligi sababli bunday gaplar voqelikka ro‘yirost munosabat bildira oladi.
So‘z-gaplar xususida fikr yuritilganda R.Bobokalonovning ana shu sohada bajarilgan “O‘zbek tilida semantik-funksional shakllangan so‘z-gaplar” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini eslatib o‘tish maqsadga muvofiqdir.
Mazkur ishda bu haqda quyidagilar qayd etiladi: “... bo‘laklarga ajralmaydigan gaplar yoki so‘z-gaplar umumiy atamasi ostida birlashtiriladigan bunday leksik va morfologik jihatdan xilma-xil bo‘lgan birliklarda ularni birlashtiruvchi belgilar mavjud. Bular quyidagilar: a) mustaqil holda gap bo‘la olishi; b) boshqa gap tarkibida qo‘llanilganda, shu gapning boshqa bo‘laklari bilan sintaktik aloqalarga kirisha olmasligi; d) o‘ziga xos g‘ayrioddiy leksik ma’noga ega bo‘lishi; e) bog‘lamalar bilan birika olmasligi va shuning uchun mayl, zamon, shaxs, son shakllariga ega emasligi” [Бобокалонов, 2000: 7.].
R.R.Bobokalonov so‘z-gaplarni leksik va sintaktik sathlarini umumiy belgi ekanligini isbotlovchi eng muhim omil bunday so‘zlarning lug‘aviy (leksik) ma’nosida kesimlik kategoriyasi ma’nolarining (predikativ ma’no) sinkretik holda mujassamlashganligida o‘z aksini topishini to‘g‘ri ta’kidlaydi [Бобокалонов, 2000: 15.].
Darhaqiqat, so‘z-gaplar ana shu doimiy xarakterdagi belgilari bilan maxsus qo‘llanish muhitidagina predikativlik ifodalay oladigan mustaqil so‘zlardan keskin farqlanadi. Boshqacha aytganda, predikativlik mustaqil so‘zlarning doimiy belgisi emas.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
Хайруллаев Х. О предикативном отношении и минимальных единицах, его реализующих. Интерпретация феномена предикативности долгое время вызывала споры в лингвистике и остаётся таковой по сей день. Однако эта дискуссия приобрела настолько общий характер, что подчёркивалось, что понятие предикативности специфично только для предложений и не имеет места в других единицах языка. Такая ситуация укоренилась не только в узбекском языкознании и тюркологии, но и в русском. Свидетельства этому можно найти в любой работе, посвящённой описанию синтаксических проблем. Однако и здесь среди лингвистов нет единого мнения. В данной работе мы представим некоторые точки зрения по этому вопросу.
Khayrullaev Kh. On the predicative relation and the minimal units that realize it. The interpretation of the predicativity phenomenon has long been a subject of debate in linguistics and remains so to this day. However, this discussion became so general that it was emphasized that the concept of predicativity is specific only to sentences and has no place in other language units. Such a situation has taken root not only in Uzbek linguistics and Turkology but also in Russian. Evidence of this can be found in any work devoted to the description of syntactic problems. However, even here, there is no consensus among linguists. In this work, we will present some points of view on this issue.