Har qanday badiiy matnning muallifi o‘z uslubining yuzaga chiqishi uchun tinimsiz mehnatu mashaqqat qiladi. Uslub o‘z-o‘zidan shakllanmaydi. Uning qa’tida qanchadan-qancha izlanish, o‘rganish, hayotni va umuman insonlar xarakterini tushunish, mutolaa judayam zarur bo‘ladi. Buning hech qiyin joyi yo‘qki, iste’dodli ijodkor oqibatda o‘ziga qulay uslubni va usulni topishi tayin. Norealistik, modernizm yoki postmodernizm yo‘nalishida ijod qilayotgan yozuvchilarning badiiy topilmalarining barchasi – uslubda moddiylashadi, o‘quvchining estetik olamiga ta’sir qiladi.
An’anaviy usul: ta’kidlash lozimki, qissada yozuvchining bosh qahramoni atrofida hamma voqelik aylanishi shart, qahramonlar yig‘lamasligi muhim, ijobiy kommunistik g‘oyalarni targ‘ib va tashviq qilishda qahramonlik ko‘rsatishi, orzularining faqat shodlikdan iborat bo‘lishi, milliy mentalitetga mos va xos ibo, hayo pardalariga o‘ranishi muhim degan ko‘nikmalarni 70 yil davomida ongu tafakkuriga singdirib kelgan sovet mafkurasining yalovbardorlariga albatta, bunday samimiy usulda, milliy adabiyotning ramziy shtirxlari aks etgan asarlar albatta, yoqmaydi.
Noan’anaviy usul: mana shu tamoyil qissa arxitektonikasidagi inson iztiroblarining, quvonch va shodliklarining, qayg‘ulari-yu, jamiyatdagi turli soha vakillarining botinida yashab kelayotgan – yolg‘izlik fragmenti xususida to‘laqonli tasavvur berishga undaydi. “Anglash qobiliyati odamni olamning sarvari darajasiga yuksaltiradi. Olam hodisalarini, o‘z fikru sezimlarini, o‘zgalarning o‘y-xayollarini anglash kishini Yaratganni anglash sari yetaklaydi. “Anglash so‘zi zamirida bilishdan tashqari tuyish holati ham mavjud. Shuning uchun inson hissiy-intellektual faoliyatining oliy ko‘rinishi bo‘lmish san’at hodisalariga tatbiqan ham anglash so‘zi ishlatiladi. Millatning hayot kechirish, fikrlash va sezimlar tarzida ro‘y berayotgan shiddatli o‘zgarishlar ruhiga moslashish uchun kishi o‘zini bir qadar zo‘riqtirishi lozim bo‘ladi. Fikr, zavq va didning yangilanishi badiiy ifoda tizimini ham to‘la o‘zgartirishni taqozo etadi. Adabiyotda o‘zgarishlarning davomiyligidan boshqa o‘zgarmas narsa yo‘q. Modern adabiyot inson didi va qarashlaridagi o‘zgarishlar ifodasi o‘laroq, yuzaga keladi. Oldinlari muvaffaqiyatli hisoblangan adabiy shakl yoxud uslub o‘zlashtirib olinib, uning yangi imkoniyatlari io‘langan bo‘lsa, modernzimda oldin orttirilgan tajribalarni takrorlamaslik asosiy talabga aylanadi”[1]. Darhaqiqat, insoniyatning bosib o‘tgan uzun yo‘lida – koinotdagi ko‘ngil bilan bog‘liq, ruh va tafakkur bilan bog‘ilq muammolar, san’at alaloqibatda o‘zgarishi, yo‘q bo‘lib ketishi va yangilanishi mumkinligi haqida so‘z borar ekan, birgina tafakkurning ifoda imkoniyatlarida juda katta siljishlar kuzatilishini unutmasligimiz lozim. Shuni qayd etish lozimki, anglashning og‘riqlari va iztiroblari millat dardi va tashvishlari bilan uzviylashib, yangidan-yangi metamorfozalarning shakllanishiga olib keladi. Dunyo adabiyotidagi san’at (modernzim) XX asrning boshlarida mustahkam zamin hozirlagan bo‘lsa, oradan 90 yil o‘tib bizning adabiyotimizda rosmana kurtak ota boshladilar. Olimlar bu haqda turli xil nazariy qarashlarini bildirishgan va haligacha bu muhokamalarga munosabat davom etayotir. Ulug‘bek Hamdamning “Yolg‘izlik” qissasida anglash iztirob va hayot hamda mamot ekanligini tasvirlardagi ochiqlik va oshkoralik, tanqidiy realizm va romantizm, sentimentalizm va ekzistensializmning qorishib ketgan orginal ifodasini ko‘ramiz. Bu ifoda usuli o‘zbek adabiyotida alohida bir yangilik bo‘ldi desak, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz:
“Bo‘shliq...
Go‘yo gavjum bozor ichida bolasini yo‘qotib qo‘ygan otadek atrofga alanglayman – o‘g‘lim yo‘q! Ko‘zimga notanish, undan-da battar – yetti yot begona basharalar tiqilar – siqilaman... Chor tomonga o‘zimni urib, tanish bir chehra qidiraman: BORMISAN? Ko‘ksimga panjalarimni sanchib, yuragimni sug‘uraman – ortingdan otaman – qutulaman!..
Bu – bir chuqur dard. Men uning domiga qulab tushaveraman, tushaveraman... Qo‘llarim panshaxa, nimagadir sanchilmoq istaydi – istayman! Nihoyat, u qalamni tanlaydi: yozaman, yozaveraman...
Ko‘nglim vaqti-vaqti bilan meni xuddi o‘pqon kabi o‘z qa’riga tortadi. Men ilonning joduli ko‘zlari qarshisida serrayib qolgan qurbaqadek harakatsiz qotaman. U esa meni yutaveradi, yutaveradi... To‘g‘risi, jarayon menga xush yoqadi. Ba’zan hatto ko‘ngilni tark etib, moddiy o‘lchovlar olamiga – tashqariga chiqqim kelmaydi. Lekin na iloj, tirikligim tirikchilik g‘amini yeyishimni taqozo qiladi. Chor-nochor, kayfsizu behol... ko‘ngilni qoldirib, ko‘pchilik yelib-yugurib yurgan makonga – dunyoga qaytaman. Bu yerda esa men-da millionlab odamlarning biriga, hamma qatori tirikchilik quliga aylanaman. Hech kimdan yaxshi ham, yomon ham emasman. Biroq, aynan shunday bo‘lish menga ba’zan juda ham og‘ir botadi, hatto malol keladi. Qattiq iztirobga tushaman, parchalanaman, yemirilaman. Borlig‘im jang maydoniga aylanib, unda ikki parcham – ikki Men – Ichki Men bilan Tashqi Men ayovsiz ravishda bir-biriga qilich soladi. Kim jarohatlansa-da, oqibatda azobini men chekaman, kim g‘olib kelsa-da, mag‘lub mendirman! “Yagona yo‘limiz bor – kelishuv!”, deyman, nihoyat dod solib...”[2]
Yozuvchining qahramonlari – ko‘ngil kishilaridir. Yolg‘izlik ihotasida yanchilgan, jamiyatning qittiq tartibotlaridan zada bo‘lgan, erkinlik va ozodlik haqida chuqur qayg‘urgan, millat va zamondoshlarining baxtli hayot kechirishini chin ko‘ngildan istaydigan telba va faqirlik to‘nini yelkasiga kiygan darveshlar, jiddiy hayot haqida bosh qotirishga odatlangan tadbirkorlar, millatning ertangi kunini o‘ylab siqilayotgan tarixchi-faylasuflar sifatida namoyon bo‘ladi. Bitta vujudning, ruhning murkkab, ko‘p ovozliligi qissago‘yning ham falsafiy-intellektual badiiy olamini belgilab yermoqda. Mana shu jihatdan olib qaralganda “Yolg‘izlik” qissasi inson iztiroblarini yangicha shalda inkishof qilishga bel bog‘lagan yangilanayotgan badiiy tafakkurning o‘ziga xos namunasi, modernizm va psixoanalitika qorishib ketgan shakli sifatida namoyon bo‘ladi. Ulug‘bek Hamdamning bir mantiq bag‘rida o‘nlab sohalarni singdirib, ifodalay olishi yangi uslubiy-shakliy metamorfozaning kirib kelganligidan dalolat beradi.
“Adabiyot biz ko‘nikkan tushunchadangina iborat emas, albatta, uning missiyasi xiyla teran, shunchalarki, insonning asliy va eng asosiy, ichkin ehtiyojlariga ajabtovur tarzda javob bera oladigandek tuyuladi menga. Chunonchi, qadimdan “Biz qaydan keldigu keturmiz qayon?” (Umar Hayyom) degan savol fikrlovchi inson uchun savollarning savoli bo‘lib kelgan. Bunga muqaddas kitoblarda javob aytilgan. Odatda, o‘lmas bitiklarning javobi g‘oyat umumiy tarzda bo‘ladi. Fikr odami esa shu umumiylikni o‘zining va o‘zgalarning hayoti misolida konkretlashtirgisi, unga induvidual libos kiydirgisi, yaqindan tushungisi, his qilgisi keladi. Shu yerda adabiyot o‘zining obrazlar olami va ramziy tabiati bilan unga yordamga bel bog‘laydi, nazarimda. Rumiy hazratlari “Ichindagi ichindadir” asarida u dunyoni, ruhlar olamini bu dunyo orqaligina, bu dunyodan olingan misollar vositasidagina tushuntirish mumkin, deydi”, – deya yozadi U.Hamdam adabiy suhbatlarining birida. Mana shu tamoyil “Yolg‘izlik” mohiyatida o‘z ifodasini topgan. Biz ko‘nikkan tushunchalar bugun adabiyot bo‘lmay, zamona zayli bilan o‘tmishning dolg‘ali va qaytib kelmas bag‘rida qoldi, qanchadan-qancha asarlar o‘zining missiyasini bajara olmay, tarix sahnasidan supirilib yo‘qlik tomon ketdilar. Mordernizm ramzlar, metaforalar va kodlarni uyg‘unlashtiribgina qolmay, fazofiy intellektual idrok sarzaminlarini ham o‘zida jilovlantirish maqomiga ega bo‘ldi.
E’tibor qilgan kishiga bugungi o‘zbek modern adabiyotining 1) san’atning ijtimoiy xizmatdan uzoqlashayotganligi; 2) muayyan qoliplarga tushmaslikka intilayotgani; 3) badiiy yaratiqlarning faqat san’at asarigina ekani; 4) san’atga o‘yin (mahorat, o‘zgachalik, o‘ziga xoslik – orginallik o‘yini) deb qarash mayli kuchayganligi; 5) kinoyaga moyillik ortganligi; 6) soxta ko‘tarinkilik va sun’iy chaqiriqlardan qochilayotgani; 7) ifodaning mukammaliliga intilish ortgani; 8) san’atning mafkuradan yiroq bo‘lishga urinish kuchayganligi kabi tamoyillari borligi yaqqol seziladi. Shu xil tamoyillar butunjahon adabiy jarayoniga ham tegishli ekanini Ortega-i-Gasset alohida ta’kidlaydi. Shu o‘rinda, modern va an’anaviy yo‘nalishdagi asarlarni biri-biriga qarshi qo‘yish aqldan emasligini, milliy did yuksalgani sari u xilma-xillashib borajagini alohida ta’kidlash joizdir[3]. San’atning ifoda turlari va uning o‘quvchi estetikasiga ruhiy ta’siri ham ranginlashdi. Endilikda birgina jumla yoki birgina voqelik asosida drabll[4] hikoyalar paydo bo‘ldi. Ularni badiiy matn tarzida talqin etish, yozuvchi nuqtayi nazari o‘sha mavjud ixcham voqelikni obrazli tarzda eng xarakterli jihatini ochib berishga qaratilgani bilan nihoyalanadi:
“Hammasini tushunib, hatto mazasini bilib turibman. Men go‘yo sahna asarini miriqib tomosha qilayotgan tomoshabinman. Qizig‘i shundaki, aktyor ham o‘zimman. Shu bilan birga tomoshabin bo‘lib aktyor – A.ni kuzataman, aktyor bo‘lib esa tomoshabin A. nigohini shundoq borlig‘imda his qilaman. Men senga achinganim kabi o‘zimga ham xo‘rligim keladi, ey Do‘st! Qani endi qo‘limdan kelsa-yu seni ozod etganimdek o‘zimni-da bu sharmandalikdan xalos qilsam! Axir, men o‘zimni o‘zim, ya’ni o‘zligigimni qanchalar sog‘inganimni bilsang edi. Nahotki, o‘zi bilan o‘zi bo‘lishni istashlik Xudoga yoqmasa? Axir, Xudoning O‘zi mendan ayro emas-ku! To‘g‘rirog‘i, men Undan alohida emasman. Balki meni sog‘intirgan qismim Xudodan bir parchadir... Nima bo‘lgandayam, qiynalib ketdim, ko‘ksimdagi yuragim go‘yo qonga qo‘shilib butun vujudim bo‘ylab nimaningdir qasdida kezib yurgandek...”[5]
Ulug‘bek Hamdam “Yolg‘izlik” qissasida bosh qahramon (balki adibning o‘zidir) tiynatidagi o‘zgarishlarni qahramon – jamiyat; qahramon – oila; qahramon – men shaklida talqin qilishi o‘quvchida hech qanday savol tug‘dirmasligi mumkin, ammo, nega yozlizlik chohida qulab tushishini bot-bot takrorlayveradi. Buning asl sababi nimalarda ko‘rinadi? Tugal baxtga erishgan inson bormi bu dunyoda? Tugal baxnning iztiroblarini o‘zida aks ettirgan xarakter qaysi mantiq asosida kun kechiradi. Aristotel zamonidan oltin qoida “badiiy uslubning rang-barang”ligi davr yaratgan ehtiyojga bo‘lgan munosabat tig‘izligini dalolatlaydi. Shuning uchun ham, badiiy asarning qiymati matn transformatsiyasidagi – shartlilik bilan ham belgilanadi.
“Badiiy asardagi hissiylik bevosita tabiiy predmetlardan farq qilib, mushohada yo‘li bilan sof ko‘rinishni hosil qiladi, shuning uchun badiiy asar bevosita hissiylik bilan ideallikdan iborat bo‘lgan fikrning oralig‘ida turadi. U sof fikr bo‘lmasa-da, o‘zining hissiy holatiga zid o‘laroq endi quruq moddiy borliq sifatida tosh, o‘simlik va jonli organizmlar singari ko‘zga tashlanmaydi. Badiiy asardagi hissiylik mohiyatan ideallikka taalluqli bo‘lsa-da, biroq, bu ideallik, ayni paytda, ilmiy fikrdan farq qilib turuvchi narsalar shaklida ham gavdalanishi mumkin”[6]. Ko‘rinadiki, Ulug‘bek Hamdamning “Yolg‘izlik” qissasidan o‘sib chiqqan “Muvozanat”dagi – Yusuf, “Isyon va itoat”dagi – Akbar; “Sabo va Samandar”dagi – Samandar romanlari qahramonlari qaysidir ma’noda yozuvchining o‘zi ekanligini, bosh qahramon atrofida uyg‘unlashgan voqelik qissada ramziy-metaforik yo‘sinda inkishof etilganining shohidi bo‘lib turibmiz. Mana shu tamoyil joriy o‘zbek noan’anaviy qissalar poetikasida uslubiy-shakliy izlanishlarning davomi ekanligini taqozolaydi. Zero, insoniyat yangi bir asrga qadam qo‘ygan ekan, uning ijtimoiy-ma’naviy miqyoslari ham zamonga qarab, turlanib-tuslanib va yangilanib, sayqallanib borishi shubhasizdir.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
Ботирова Ш. Синтез и гармония стилей в повествовательном искусстве. В данной статье анализируется синтез стилей, смешанных и раздельных в стиле писателя Улугбека хамдама, что художественное восприятие-это не работа, решаемая одним стилем. Как яркий пример критического реализма, “Равновесие”, религиозно-божественное введение жалобы “Бунт и повиновение”, демонстрирующее разнообразие в сюжете, “Сабо и Самандар”, посвященный современной интерпретации образного романа, “Путь”, в романах которого логика жизни символически подчеркнута необходимостью жить и как ее прожить, разнообразие стилей отличается от “Одиночества”. Заросший-продукт настроения.
Botirova Sh. Synthesis and harmony of styles in narrative fiction. This article analyzes the fact that artistic perception is not a work that can be solved with a single style, the synthesis of styles mixed and separated in the style of the writer Ulugbek Hamdam. As a high example of critical realism, “balance”, religious-divine inclusion stories “rebellion and obedience”, which showed variety in the plot, “Sabo and Samandar”, dedicated to the modern interpretation of figurative love, is the product of a mood that grew out of “loneliness” in the novels “Road”, where the logic of life is symbolically shrouded in the need to live and how to live it.