
Samarqand davlat chet tillar instituti delegatsiyasining AQSHning Yuta shtatiga qilgan rasmiy tashrifi doirasida navbatdagi uchrashuv Brigham Young University (BYU) rahbariyati hamda mazkur oliygohning “Xorijiy tillar” kafedrasi professor-o‘qituvchilari bilan o'tkazildi.
Tadbirda ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini kengaytirish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi dasturlarini yo‘lga qo‘yish hamda til va madaniyat sohalarida yangi tashabbuslarni ilgari surish masalalari muhokama qilindi.
Samarqand davlat chet tillar instituti rektori, professor B. Xoliqov tadbir doirasida Brigham Young Universityning xalqaro aloqalar bo‘yicha mas’ullari, “Xorijiy tillar” kafedrasi mudiri Jennifer Bown, fakultet dekani Grant Ludberg, professor Toni Braun va kafedra professor-o‘qituvchilari uchun tashkil etilgan “Luncheon” ilmiy uchrashuvida “Xorijiy tillar va madaniy diplomatiya” mavzusida ma’ruza qildi.
Ma’ruza davomida u til o‘rganishning xalqaro muloqotdagi o‘rni, madaniy diplomatiya orqali xalqlar o‘rtasida do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlash istiqbollari haqida batafsil so‘z yuritdi.
Uchrashuvda tomonlar hamkorlikni mustahkamlash, ilmiy loyihalar ustida ishlash, qo‘shma seminar va ilmiy anjumanlar tashkil etish hamda talabalar uchun yangi o‘quv dasturlari ishlab chiqish borasida kelishuvga erishdilar.