Ushbu maqolada biz zamonaviy tilshunoslikda konsept tushunchasini kognitiv tilshunoslik, lingvokulturologiya va semantika yo‘nalishlarining markaziy kategoriyalaridan biri sifatida tahlil qilamiz. Konsept inson tafakkurida shakllangan bilimlar, tajribalar, madaniy qadriyatlar hamda dunyoqarash elementlarining umumlashgan modeli bo‘lib, u til orqali namoyon bo‘ladi. Til esa ushbu konseptlarni ifodalash, uzatish va saqlashning eng muhim vositalaridan biri hisoblanadi. Shu sababli konseptlarni til birliklari asosida o‘rganish til va tafakkur o‘rtasidagi o‘zaro munosabatni aniqlashda muhim ilmiy ahamiyatga ega.
Tilshunoslikda konseptlarni tahlil qilishda semantik maydon nazariyasi muhim metodologik asoslardan biri sifatida qo‘llaniladi. Semantik maydon muayyan tushuncha bilan bog‘liq bo‘lgan leksik birliklarning tizimli majmuini anglatadi. Ushbu birliklar o‘zaro semantik aloqalar orqali bog‘lanib, yagona ma’no tizimini hosil qiladi. Semantik maydon tarkibida markaziy va periferik birliklar mavjud bo‘lib, ular konseptning asosiy va ikkilamchi semantik komponentlarini ifodalaydi. [Lakoff G., Johnson M., 1980].
Umumaт olganda kognitiv tilshunoslik nuqtayi nazaridan konsept insonning dunyoni idrok etish jarayonida shakllanadigan mental model hisoblanadi. Ushbu model til birliklari orqali ifodalanadi va milliy madaniyat bilan uzviy bog‘liq bo‘ladi. Har bir xalq o‘z tarixiy tajribasi, madaniy qadriyatlari va ijtimoiy hayot tarziga ko‘ra muayyan konseptlarni o‘ziga xos tarzda talqin qiladi. Shu sababli turli tillarda bir xil konseptlar mavjud bo‘lsa ham, ularning semantik tarkibi va lingvokulturologik xususiyatlari turlicha bo‘lishi mumkin.
“Sayohat” konsepti insoniyat tarixida muhim o‘rin egallagan tushunchalardan biridir. Sayohat insonning yangi hududlarni o‘rganish, turli xalqlar madaniyati bilan tanishish hamda tajriba orttirish jarayoni bilan bog‘liq faoliyat turidir. Ushbu konsept insoniyat sivilizatsiyasining rivojlanish jarayonida muhim rol o‘ynagan. Tarixiy manbalarga ko‘ra, qadim zamonlardan boshlab savdo, ziyorat, ilmiy izlanishlar hamda diplomatik aloqalar sayohat orqali amalga oshirilgan.
Til tizimida sayohat konsepti turli leksik birliklar, frazeologik birikmalar hamda paremiologik birliklar orqali ifodalanadi. Ushbu birliklar sayohat jarayonining turli jihatlarini — yo‘l, safar, harakat, yangi joylarni kashf etish, dam olish va madaniy almashinuv kabi elementlarni aks ettiradi. Shu sababli sayohat konseptining semantik maydoni juda keng va murakkab tuzilishga ega.
Nemis va o‘zbek tillari turli til oilalariga mansub bo‘lishiga qaramay, har ikkala tilda ham sayohat bilan bog‘liq leksik birliklar keng rivojlangan. Nemis tilida sayohat tushunchasi bilan bog’liq bo‘lgan bir qancha leksemalar uchraydi, masalan: die Reise, die Fahrt, die Tour, der Ausflug, die Expedition, die Pilgerreise kabi birliklar orqali ifodalansa, huddi shuday leksemalar o‘zbek tilida sayohat, safar, sayr, yo‘l, ziyorat kabi birliklar orqali namoyon bo‘ladi. Ushbu birliklarning semantik xususiyatlari va lingvokulturologik talqini har ikki tilning madaniy va tarixiy rivojlanishi bilan chambarchas bog‘liqdir.
Mazkur maqolaning asosiy maqsadi nemis va o‘zbek tillarida sayohat konseptining semantik maydonini aniqlash, ushbu maydon tarkibiga kiruvchi leksik birliklarni tahlil qilish hamda ularning lingvokulturologik xususiyatlarini qiyosiy jihatdan o‘rganishdan iborat.
O‘zbek tilida sayohat konseptining markaziy birliklari quyidagilar hisoblanadi: sayohat, safar, sayr, yo‘l, ziyorat. Ushbu birliklar semantik jihatdan o‘zaro yaqin bo‘lsa-da, ularning qo‘llanishi va ma’no soyalarida muayyan farqlar mavjud. Masalan, safar ko‘proq uzoq masofaga amalga oshiriladigan harakatni bildirsa, sayr dam olish yoki hordiq chiqarish maqsadida qilinadigan qisqa yurishni anglatadi. Ziyorat esa diniy yoki muqaddas joylarga borish bilan bog‘liq sayohat turini ifodalaydi.
Nemis tilida sayohat konsepti die Reise, Fahrt, die Tour, der Ausflug, die Expedition kabi birliklar orqali ifodalanadi. Ushbu birliklar ham sayohat jarayonining turli semantik komponentlarini aks ettiradi. Masalan, die Reise umumiy ma’noda sayohatni bildirsa, der Ausflug qisqa muddatli sayr yoki ekskursiyani anglatadi. Die Expedition esa ilmiy yoki tadqiqot maqsadida amalga oshiriladigan uzoq safarni ifodalaydi.
Semantik maydon tarkibida markaziy birliklardan tashqari periferik birliklar ham mavjud. Ushbu birliklar sayohat bilan bilvosita bog‘liq bo‘lgan tushunchalarni ifodalaydi. Masalan, transport vositalari, yo‘l infratuzilmasi, sayohatchi shaxslar hamda sayohat bilan bog‘liq faoliyat turlari semantik maydonning periferik komponentlarini tashkil etadi. O‘zbek tilida bunday birliklarga yo‘lovchi, sayyoh, karvon, mehmon, safar yo‘ldoshi kabi birliklar kiradi. Nemis tilida esa der Reisender, der Tourist, der Wanderer, der Fahrer kabi birliklar sayohat konseptining periferik komponentlari hisoblanadi.
O‘zbek tilida bu guruhga yo‘lga chiqmoq, safarga otlanmoq, kezmoq, sayr qilmoq kabi birliklar kiradi. Nemis tilida esa reisen, fahren, wandern, unterwegs sein kabi fe’llar ushbu semantik guruhni tashkil etadi.
O‘zbek tilida bu guruhga yo‘l, manzil, safar yo‘li, bekat, karvon yo‘li kabi birliklar kiradi. Nemis tilida esa der Weg, das Ziel, die Route, der Bahnhof, der Flughafen kabi birliklar ushbu semantik guruhni tashkil etadi.
O‘zbek tilida sayyoh, yo‘lovchi, musofir kabi birliklar ushbu guruhga kiradi. Nemis tilida esa der Reisender, der Tourist, der Wanderer kabi birliklar sayohatchi shaxsni ifodalaydi.
Sayohat konsepti turli madaniyatlarda turlicha talqin qilinishi mumkin. Har bir xalq o‘z tarixiy tajribasi, madaniy qadriyatlari hamda ijtimoiy hayot tarziga ko‘ra sayohat tushunchasini o‘ziga xos tarzda ifodalaydi.
Nemis madaniyatida sayohat ko‘pincha turizm, dam olish hamda yangi tajribalar orttirish bilan bog‘liq. Germaniyada sayohat madaniyati yuqori darajada rivojlangan bo‘lib, sayohat ko‘pincha rekreativ faoliyat sifatida qaraladi. Shu sababli nemis tilida sayohat bilan bog‘liq ko‘plab turistik terminlar mavjud.
O‘zbek madaniyatida esa sayohat tushunchasi ko‘proq ijtimoiy va diniy jihatlar bilan bog‘liq. Masalan, ziyorat tushunchasi muqaddas joylarga safar qilish bilan bog‘liq bo‘lib, u o‘zbek madaniyatida muhim diniy va madaniy ahamiyatga ega. Bundan tashqari, tarixiy jihatdan Buyuk ipak yo‘li hududida joylashgan Markaziy Osiyo xalqlarida savdo va diplomatik safarlar ham muhim ahamiyat kasb etgan.
O‘zbek tilida sayohat bilan bog‘liq quyidagi maqollar mavjud:
Ko‘p yurgan ko‘p biladi. Yo‘l yurib bilim ortar.
Bu maqollar sayohat orqali inson bilim va tajriba orttirishi mumkinligini ifodalaydi.
Nemis tilida ham sayohat konsepti paremiologik birliklarda o‘z ifodasini topgan. Masalan: Reisen bildet. (Sayohat insonni tarbiyalaydi), Wer reist, sieht mehr. (Kim sayohat qilsa, ko’proq narsani ko‘radi).
Ushbu maqollar ham sayohatning inson dunyoqarashini kengaytiruvchi ahamiyatini ta’kidlaydi.
Xulosa qilib aytadigan bo’lsak, mazkur tadqiqotda nemis va o‘zbek tillarida “sayohat” konseptining semantik maydoni qiyosiy jihatdan tahlil qilindi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, sayohat konsepti har ikkala tilda ham murakkab semantik tuzilishga ega bo‘lib, u turli leksik birliklar, frazeologik birikmalar hamda paremiologik birliklar orqali ifodalanadi. Ushbu birliklar sayohat jarayonining turli jihatlarini — harakat, makon, sayohatchi shaxs hamda sayohatning maqsadi kabi semantik komponentlarni o‘zida mujassamlashtiradi.
Tahlil natijalariga ko‘ra, nemis va o‘zbek tillarida sayohat konseptining semantik maydoni umumiy tipologik xususiyatlarga ega. Har ikkala tilda ham sayohat tushunchasi harakat va makon bilan bog‘liq asosiy semantik komponentlarga tayanadi. Shu bilan birga, sayohat konseptining lingvokulturologik talqini milliy madaniyat va tarixiy tajribaga ko‘ra ma’lum darajada farqlanishi kuzatiladi.
Nemis tilida sayohat tushunchasi ko‘proq turizm, rekreatsiya hamda yangi tajriba orttirish bilan bog‘liq bo‘lsa, o‘zbek tilida ushbu konsept ijtimoiy, madaniy va diniy jihatlar bilan ham chambarchas bog‘liq. Jumladan, o‘zbek madaniyatida ziyorat tushunchasi sayohat konseptining muhim semantik komponentlaridan biri hisoblanadi. Bu holat sayohat konseptining milliy madaniyat bilan uzviy aloqadorligini ko‘rsatadi.
Shuningdek, sayohat konsepti xalq og‘zaki ijodida ham keng aks etishi aniqlandi. Nemis va o‘zbek maqollarida sayohatning inson dunyoqarashini kengaytirish, tajriba orttirish hamda bilimni boyitishdagi ahamiyati alohida ta’kidlanadi. Bu esa sayohat konseptining universal madaniy qadriyatlar bilan bog‘liqligini ko‘rsatadi.
Umuman olganda, sayohat konseptining semantik maydonini qiyosiy o‘rganish til va madaniyat o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni chuqurroq anglash imkonini beradi. Nemis va o‘zbek tillari materiallari asosida olib borilgan tahlil sayohat konseptining til tizimidagi o‘rni hamda uning lingvokulturologik xususiyatlarini aniqlashga yordam berdi. Kelgusida ushbu konseptni frazeologik birliklar, diskurs tahlili hamda kognitiv model asosida yanada chuqurroq o‘rganish muhim ilmiy natijalarga olib kelishi mumkin.
Мамаджанова К. Семантическое поле концепта путешествия: в сравнении немецкого и узбекского языков. В статье анализируется семантическое поле концепта «путешествие» на материале немецкого и узбекского языков. Особое внимание уделяется лексико-семантическим средствам выражения данного концепта, а также их лингвокультурологическим особенностям.
Mamadjanova K. The semantic field of the concept of travel: a comparison of German and Uzbek languages. This article analyzes the semantic field of the concept “travel” based on materials from the German and Uzbek languages. Special attention is paid to the lexical-semantic means expressing this concept as well as their linguocultural features.