Eshboyeva Tursuntosh Soxatmamatovna,
SamDCHTI 2-kurs magistranti
Tarjima- bu bir tildagi matnni boshqa tilda qayta yaratishdan iborat adabiy ijod turi bo’lib, tarjima millatlararo muloqotning eng muhim ko’rinishidir. Asliyat va qayta tiklangan matn xususiyatiga qarab badiiy tarjima, ilmiy tarjima va boshqa turlarga ajratiladi. Asl nusxani aks ettirish tarziga ko’ra tafsir, tabdil, sharh kabi ko’rinishga ham ega bo’lishi mumkin. Tarjima qadimgi davrlarda, turli qabilaga mansub kishilar orasidagi o’zaro aloqa, muloqot ehtiyoji tufayli yuzaga kelgan.
She’r – badiiy ijodning his-tuyg‘ularga boy eng nafis namunasidir. She’riyatda xalqning roli, madaniy taraqqiyot darajasi, o‘ziga xosligi, tilining qudrati, iste’dod va iqtidorining mavqeyi mujassamlashgan bo‘ladi. She’r nasrga qaraganda boshqacha rol tasvir etadi. Unda katta umumlashtiruvchi kuch mavjud. Bir band she’rda bir olam ma’no ifodalanishi mumkin.
Chunki sh’er inson kechinmalari, kayfiyati va ichki dunyosini, tuyg‘u-hissiyotlarini to‘laroq va chuqurroq bayon qila oladi, kishining qalbiga juda tez kirib boradi. Shuning uchun she’r estetik ta’sir o‘tkazuvchi beqiyos katta qudratga, ulkan tarbiyaviy ahamiyatga molik san’atdir. Fikr she’rda tuyg‘ular, ehtiroslar va barqaror intonatsiyalar orqali uyushib yuzaga keladi.
Intonatsiya she’rdagi har bir so‘zni o‘ziga tobe qilib, uning ta’sir kuchini oshiradi, mazmunni kitobxon ruhiga ta’sir ettirib, yorqinroq ro‘yobga chiqaradi.
Nasriy asarni bir tildan ikkinchisiga o‘girish qanchalik qiyin bo‘lmasin, she’rni tarjima qilish undan ko‘ra ancha mushkul, chunki she’riy asar tarjimasining o‘ziga xos tomonlari mavjud. Tarjimon faqat she’r tarkibidagi so‘zlarning mazmuninigina emas, shu bilan birga, uning ritmi, qofiyasi va intonatsiyasini ham qayta tiklashi lozim [1.b.30].
She’riy asarda shakl va mazmun bir-biri bilan chambarchas bog‘langan bo‘ladi. Har bir she’riy asar o‘z mazmuniga mos shakl – vazn, qofiyalanish sistemasi, ritmi va intonatsiyasiga ega. Shoir muayyan g‘oyani ifodalash uchun unga muvofiq so‘z va so‘zlar silsilasi, sintaktik birikish yo‘li, vazn turini tanlaydi va shu orqali o‘z g‘oyasini mukammalroq bayon eta oladigan shakl ijod qiladi. Har bir shakliy zarra she’rda mazmunni ro‘yobga chiqaruvchi vosita hisoblanadi. She’rda mazmun bilan shakl birikuvi uyg‘undir.
Ma`lumotlar shuni ko`rsatadiki, tarjima qadimgi davrlarda turli qabilalarga mansub kishilar orasidagi o‘zaro aloqa, muloqot ehtiyoji tufayli yuzaga kelgan. Tarjima – bir tildagi matnni boshqa tilda qayta yaratishdan iborat adabiy ijod turi hisoblanadi. Tarjima millatlararo muloqotning eng muhim ko‘rinishi bo`lib ,uning asliyatga shaklan va mazmunan monand tarzda yaratilishi tarjimonning o`z tilida asliymonand lisoniy vositalar tanlab ifoda etish bilan belgilanadi.Asliyat va qayta tiklangan matn xususiyatiga qarab tarjimalar badiiy tarjima, ilmiy tarjima va boshqa turlarga ajratiladi. Asl nusxani aks ettirish tarziga ko‘ra tafsil, tadbil, sharh kabi ko‘rinishlarda ham uchratish mumkin.
Tarjima – murakkab jarayon va mas’uliyatli ishdir. Suniy intellekt texnologiyalariga asoslangan avtomatik tarjima tizimlari paydo bo‘lib borishiga qaramay tarjima har doim ijodiy ish bo‘lib kelgan va shundayligicha qoladi. She`riy asarlarni nasriy ijoddan ajratib, farqlab turadigan o`ziga xos xususiyatlari tarjima jarayoniga ham o`z tasirini ko`rsatadi. Shunday ekan, she’rning biror muhim zarrasi o‘zgarishi bilan uning butun ruhi o‘zgacha tus olib ketishi mumkin. Ritm o‘zgarishga uchrar ekan, so‘z va so‘zlar mazmuni ham binobarin, intonatsiya, uslub ham o‘zgaradi. Demak, asarning butun she’riy mohiyati, mazmuni o‘zgacha bo‘lib qoladi. Lirik qahramon, uning ovozi, dunyoga munosabati bo‘lakcha maqomga ko‘chadi.
She`riy tarjima murakkab ijodiy jarayonni o`z ichiga qamrab oladi.Bu murakkablik, ayniqsa, she`riy asarlar tarjimasida yaqqol namoyon bo`lishini kuzatamiz. Shuning uchun ham biz mazkur soha vakilini haqli ravishda shoir-tarjimon deb ataymiz. Bunda tarjimon-chizmakash emas, rassomdek ijod qiladi va tarjimaning turli jumladan, yashirin ma`nolarini mufassal bayon qilish yo`llari orqali muallif fikrini kitobxonga aniqroq yetkazishga intiladi. Ammo, to`rt satr she`rdagi ohang va lirik kechinmani o`quvchi qalbidan joy oladigan darajada tarjima qilish tarjimondan shoirona ilhom va ulkan mahoratni talab qiladi. She`riy tarjima ham she`r kabi ilhom kelganda , asar tarjimonga kuchli ta`sir ko`rsatganda dunyoga keladi.
Ammo, she`r tarjimasi ko`ngil ishi ekanini tan olmasdan ilojimiz yo`q.Chunki, tarjimon yuragiga yaqin, ko`ngliga mos keladigan, ruhiyatiga tushadigan g`azalni yoki she`rnigina estetik zavq bilan qayta yaratadi. Agar tarjimon o`z tarjimasidagi g`azal yoki she`rdan estetik zavq olmasa, u qilgan tarjimaning estetik ta`sirchanligi bo`lmaydi,natijada tarjima quruq va shirasiz bo`lib qoladi.
She`riy tarjima lisonda (nutq) ona tili va xorijiy tillarni oʻrganishda, terminologiyani ishlab chiqish va takomillashtirishda, lisoniy matnlarni ilmiy sharhlashda muhim ahamiyatga ega; mavjud va xayoliy narsalar (moddiylik va gʻoyaviylik)ning oʻzaro aloqadorligi muammolarini hal qilish, ijtimoiy ongni va ijtimoiy mavjudot boʻlmish insonning oʻzini toʻgʻri tushunish uchun nazariy xulosalar chiqarishga imkon beradi.
Til va tafakkurning, lisoniy va mantiqiy birlik (kattalik)larning oʻzaro aloqasi muammosi she`riy tarjimaning lisoniy kognitiv tahlili tomonidan baravar, bir vaqtning oʻzida oʻrganiladi. Asosiy lingvistik metodlar sifatida tavsifiy (qiyosiy, konfrontativ, kontrastiv, tipologik), tarixiy (qiyosiy-tarixiy, komparativ) va normativ stilistik (meʼyoriy uslubiy) metodlarni koʻrsatish mumkin.
She`riy tarjimada lisoniy –kognitiv metod ham mavjud. Kognitiv so`zi inglizcha “cognize- bilmoq, anglamoq, tushunmoq” so`zidan olingan bo`lib, bu soha faqat falsafadagi bilish nazariyasi bilan cheklanmay, balki tilni tafakkur bilan bog`lab, lisoniy hodisalar bilan uzviy aloqasini chuqur ilmiy tadqiq etadi. Kongnitologiya bilimning lisoniy voqelanishi jarayonini tavsiflashni gumanitar fanlar sohasidagi eng asosiy muammolar qatoriga qo’yadi. Ushbu muammo zamonamizda rivoj topayotgan ilmiy taqdiqotlarning muhim yunalishlarini belgilab bermoqda.
Professor Sh.Safarovning fikricha, kognitiv tilshunoslikning vazifasi til yordamida bilim olish va saqlash, tilni amalda qo`llash hamda uzatish, umuman, til tizimi va tarkibini inson miyasidagi tafakkur bilan bog`lab, chuqur ilmiy tadqiq etishdir diya ta`kidlaydi [2.b.10]. Shunday ekan insonning kundalik voqea- hodisalarga munosabati tilning kognitiv nazariyasining amalda qo`llanishi bilan uzviy bog`liqdir.
Zotan,biz yillar davomida hosil bo`lgan hayot tajribamiz, bilim va ko`nikmalarimiz asosida voqelikdagi u yoki bu tarzda mavjud bo`lgan narsa – predmetlar, voqealar,hodisalar haqida fikrlar olamiz va ana shunga tayangan holda o`zaro so`zlashuv jarayonida nutqimizning yanada ravon bo`lishiga ya`ni, bekam-ko`stligiga erishamiz.
Bizga ma`lumki, bilish faoliyati insonning voqelikni bevosita sezish, his etish bilan boshlanadi. Hozirgi zamon tilshunosligida kognitiv yunalish leksik- semantik sathdagi tahlillar bilan chambarchas bog`liq bo`lib, unga ko`ra til umumiy kognitiv mexanizm bo`lishi bilan birga , kognitiv qurol tarzida axborotning taqdimotini , kod yordamida uzatish va o`zgartirish vazifasini bajaruvchi belgilar tizimi hamdir.
She'riy asarlarni nasriy ijoddan ajratib, farqlab turadigan o`ziga xos xususiyatlari tarjima jarayoniga ham o'z ta'sirini ko'rsatmoqda. Har qanday she'riy asarni ko'lga olishingiz bilan dastlab ko'zga tashlanadigan narsa uning zohiriy tomoni bo`lib, hali mazmuni bilan tanishmay turib, nazmni nasrdan farqlash imkoniyatini beradi.
Bu zohiriy tomon - she'riy asarlarning ma'lum tartibidagi shakli: o'lchovi, bandlanishi, kofiyasidir. Zohiriy fazilatlar she'riy asarning mazmunini ifoda qilish uslubiga (ifoda siqiqligi, obrazli uslubiy vositalarning ko'p ishlatilishi, o`ziga xos sintaksis) ta'sir qiladi.
Nazm uchun xos bo'lgan maxsus xususiyatlarning tarjima jarayonida qay tarzda va qay sifatda qayta ishlatilishi, ularning tarjima asarlarining estetik ta'sir ko'rsatadigan kuchini qayta tiklanishidagi mohiyatni o`rganish tarjima nazariyasi va amaliyoti nuqtayi nazaridan ma'lum qiziqish uyg'otadi.
Filolog,tarjimon Murodxon Ergashev she’riy tarjimaga yuqori baho berib, shunday ta’rif beradi: “Badiiy tarjimaning boshqa turlariga qaraganda she’riy tarjima badiiy tarjimaning oliy navi – desa bo‘ladi”. Atoqli tarjimashunosimiz she’riy tarjimaga bejiz bunday yuqori baho bermaganlar. Chunki she’riy tarjima jarayonida shoir tarjimon, ijodkor tarjima mahsulini dunyoga keltiradi. Mana shunday mashaqqatlar bilan xalq mulkiga aylanadigan tarjima asarlar san’at darajasiga ko‘tariladi.
She’riy asarda shakl va mazmun bir-biri bilan chambarchas bog‘langan bo‘ladi. Har bir she’riy asar o‘z mazmuniga mos shakl – vazn, qofiyalanish sistemasi, ritmi va intonatsiyasiga ega. Shoir muayyan g‘oyani ifodalash uchun unga muvofiq so‘z va so‘zlar silsilasi, sintaktik birikish yo‘li, vazn turini tanlaydi va shu orqali o‘z g‘oyasini mukammalroq bayon eta oladigan shakl ijod qiladi. Har bir shakliy zarra she’rda mazmunni ro‘yobga chiqaruvchi vosita hisoblanadi. She’rda mazmun bilan shakl birikuvi uyg‘undir.
She`riyat boshqa uslub va janrlar ichidagi eng jonli va ta`sirchani bo`lganligi, shuningdek, u qofiya, misra, band kabi qayta tartibga soluvchi unsurlarga ega bo`lganligi tufayli, undagi gaplarda so`z tartibi nasrga qaraganda ko`p va antiqa o`zgarishlarga uchrab turadi. Sintaktik uslubiy vositalar ham nazmda nasrdagidan ko`ra ko'proq ishlatilib, ular she'r ritmini tashkil etishda, uning ifoda kuchini oshirishda, eng muhimi, uning g`oya va mazmunini kitobxonning his-tuyg`ulariga kerakli ta`sirni o`tkazishda ishtirok etadi.Inversiya, ajratilgan bo'laklar, takrorlar, sintaktik parallelizm, xiazm (teskari 8 parallelizm), ritorik savollar kabi sintaktik vositalar fransuz tilidagi she'riy asarlarda ham, o'zbek nazmida ham ko`plab uchraydi.
Har ikki tildagi adabiyotda keng qo‘llanilgani, milliy bo`yog`i bo`lmagani tufayli, yuqorida sanab o'tilgan uslubiy vositalarning matnda bajargan vazifasini tarjimada qayta yaratish katta qiyinchiliklarni vujudga keltirmaydi va ular ko`pincha asliyatga mos holda aks ettiriladi. Mustaqillik yillari o'zbek mumtoz adabiyoti namunalari bir necha bor fransuz tiliga tarjima qilindi. 1991-yili Parijdagi "Orphée» nashriyoti Alisher Navoiyning g'azallari va boshqa she'rlaridan tashkil topgan to`plam "Gazels et autres poèmes» ni e'lon qildi.
Asarlarni o'zbek tilidan Hamid Ismoilov tarjima qilgan, Jan-Pyer Balp fransuz tiliga moslashtirgan. To'plamdan 27 ta g'azal, qator qit`a, chiston, ruboiy, muxammas, fard va mustazodlar o'rin olgan.
Mazkur to'plamning qiziqarli tomoni shundaki, undagi asarlarning asliyatlari eski o'zbek (arab) alifbosida keltirilib, ularning yonida fransuzcha tarjimasi beriladi.
Asarlarning o'zbek tiliga tarjimasi Ma'mura Rashidovaning kalligrafiyasida berilgan. Bundan tashqari "Action poétique» jurnalining 121-sonida A.Navoiynning qator g'azallari e'lon qilindi. 1996-yili Parijdagi "Jarach-La Ruche» nashriyotida "A la Cour des Princes Timurides" (Temuriy shahzodalar saroyida) nomida o'zbek mumtoz she'riyati vakillarining asarlari e'lon qilindi.
To'plamdan Lutfiy, Atoiy, Sakkokiy, Navoiy, Bobur, Zebiniso va Nodirabegimning g'azal va ruboiylari joy olgan. Ularni fransuz tiliga B.Ermatov tarjima qilgan.
2007 -yili Brest (Fransiya) shahridagi "Georama» nashriyoti A.Navoiyning g'azallarini "Gazels» fransuz tilida e'lon qildi. Asarlarni fransuz tiliga filolog, tarjimon Murodxon Ergashev va Jan-Jak Gate tarjima qilishgan. A.Navoiyning ayrim g'azallari fransuz tiliga bir necha marta tarjima qilingan. Bu tarjimalarni qiyosiy o'rganish qiziq natijalarini beradi. Jumladan, Navoiyning "Munojot» g'azali mustaqillik yillarida fransuz tiliga uch marotaba tarjima qilindi. Bu tarjimalar "Gazels et autres poèmes» to'plamida, "Action poétique» jurnalida va "Gazels» da e'lon qilingan.
Asliyatda g'azal quyidagicha boshlanadi;
"Kecha kelgumdur debon ul sarvi gulru kelmadi
Ko‘zlarimga, kecha tong otguncha uyqu kelmadi ... »
P.SHuven tarjimasi:
«Le soir je viendrai, a dit ce cyprès à visage de fleur; il n’est pas venu
Sur mes yeux, de la nuit jusqu’à l’aube, le someil n’est pas venu... »
H.Ismoilov va J.P.Balp tarjimasi:
«Sa silhouette de cyprès, son visage de fleur promettent
sa venue mais elle ne vient pas.
Cette nuit, du crépuscule à l’aube, le sommeil n’est pas
venu sur mes yeux» [Navoï, 1991, Р.29].
М.Ergashev va J.J.Gate tarjimasi:
«Elle avait tant promis qu’elle viendrait ce soir,
Souplesse de cyprès au visage de fleur.
Jamais elle ne vint.
Mes yeux ont attendu que l’aube soit venue.
Et le sommeil jamais ne vint» [Navoiy, 2007, P. 70.].
Keltirilgan misoldan ko'rinib turganidek, Pyer Shuvenning fransuzcha tarjimasi asliyatga ham shakl jihatidan, ham mazmun jihatidan juda yaqin turadi. Tarjimada g'azalga xos qofiya ham, musiqa ham saqlangan. Biroq, mazkur tarjimada "sarvi gulru» mujskoy rodda keltirilgan bo`lib, asliyatga qusur etgan (il n'est pas venu).
P.Shuvendan farqli o'laroq, М.Ergashev va J.J.Gate asar mazmunini saqlashga intilishgan va buning uddasidan ham chiqishgan. Sintaktik uslubiy vositalar so`zlar orqali anglatilgan mazmunni o`quvchiga yorqinroq, ifodaliroq, ta'sirchanroq etkazib berishga yordamlashadi [3.Navoiy, 2007, 70-bet]. Aksar vaziyatlarda ular leksik uslubiy vositalar bilan birlashib, so'zlardagi obrazlilik, emotsionallikni kuchaytirib, o'quvchi diqqatini kerakli so'z, ibora va gaplarga tortishga yordam beradi. Tarjimada sintaktik uslubiy vositalalarni xuddi shunday vazifada yuzaga chiqirish muhim ahamiyatga molikdir.
She'riy asardagi sintaktik jihatlarning tarjimada aks ettirilishi yoki ettirilmasligi asar mazmunini qayta ifoda qilishga salbiy yoki ijobiy ta'sir o‘tkazmay, shu mazmunning o'quvchiga qay tartibda yetib borishi, o'quvchi hissiyotlariga qanday ta`sir ko`rsatishi bilan bog'liqdir.
Tarjima amaliyotida kam uchrasa-da, ba’zida tarjimonning asliyatidagi gap tuzilishiga yetarlicha e'tibor bermaganligi tufayli, asar mazmunining noto‘g'ri talqin qilinishi hollari ham uchrab turadi. Xullas, tarjima qilinayotgan she'riy asar shakli va mazmuni mutarjimlar tomonidan yetarlicha chuqur his etilsa, uni tarjimada ham qayta yaratish mumkin, zero, har qanday asar fazilatlarini, undagi uslubiy vositalar vazifasini tarjima matnida tiklash uchun o'zbek she'riyatining zahirasi yetarlicha so`z san`ati boyliklariga ega. Sintaktik vositalar tarjimada hamma vaqt ham xuddi asliyatdagi shaklda berilmasa-da, mohir tarjimonlar ularning matndagi vazifasini boshqa vositalar yordamida qayta tiklash imkoniyatlaridan keng foydalanadilar. Bu esa asarni tarjima tili o'quvchisiga asliyatga mutanosib holda yaxlit yetkazib berish uchun muhimdir.
Xulosa qilib aytganda, tarjima qilinayotgan she`riy asar shakli va mazmuni tarjimonlar tomonidan yetarlicha chuqur his etilsa uni tarjimada ham adekvat qayta yaratish mumkin, zero, har qanday asar fazilatlarini, undagi uslubiy vositalar vazifasini tarjima matnida tiklash uchun o`zbek she`riyati zahirasi yetarlicha so`z san`ati boyliklariga ega. Sintaktik vositalar tarjimada hamma vaqt ham xuddi asliyatdagi shaklda berilmasa-da mohir tarjimonlar ularning matndagi vazifasini boshqa vositalar yordamida qayta tiklash imkoniyatlaridan keng foydalanadilar. Bu esa asarni tarjima tili o`quvchisiga asliyatga mutanosib holda yaxlit yetkazib berish uchun muhimdir.
Аdabiyotlar:
1. Salomov G’., Komilov N. Tarjimon mahorati. – T.: Fan, 1979. – B. 30.
2. Safarov SH. Kognitiv tilshunoslik. –Jizzax: Sangzor, 2006. -B. 10.
3. Navoiy Mir Alisher. Gazels. - Brest: Georama, 2007.-B.70.
4. Navoï Alisher. Gazels et autres poemes – Paris: Orphee La Difference, 1991.-b.29.
Эшбоева Т. Лингвистико-когнитивный анализ поэтического перевода. В статье исследуется специфика художественного перевода, в частности поэтического перевода. Теоретические обобщения основаны на переводах газелей Алишера Навои на узбекский и французский языки. Теоретические выводы основаны на сравнительном анализе текстов: в переводе газелей, который является одним из важнейших жанров классической турецкой литературы, переведенный текст ближе к оригиналу. Проанализированы особенности поэтического перевода, сложность методов перевода с периодической сменой и совершенствованием поэтических жанров, а также различия между ними.
Eshboyeva T. Linguistic-cognitive analysis of poetic translation. This article examines the specifics of literary translation, in particular, poetic translation. Theoretical generalizations are based on the translations of Alisher Navoi's ghazals into Uzbek and French. Theoretical conclusions are based on the comparative analysis of the texts. In the translation of ghazals, which is one of the most important genres of classical Turkish literature, the translated text is closer to the original text. The features of poetic translation, the complexity of translation methods with the periodic change and improvement of poetic genres, and the differences between them were analyzed.