Tabu – o‘zaro aloqalar va munosabatlar asosida shakllangan ijtimoiy birlikdir. Tabular ko‘pincha o‘zaro bir-birini to‘ldiruvchi, birlashtiruvchi ijtimoiy elementlardan tashkil topadi. Tabu o‘z ichida a’zolar, o‘zaro aloqalar va hissiyotlar bilan bog‘langan. Ularning roli hamda maqomi tabuning dinamikasini belgilaydi. Shuningdek, tabu o‘zaro munosabatlarda namoyon bo‘ladi, bu a’zolar o‘rtasidagi ijtimoiy munosabatlar, do‘stlik, hamkorlik, va qo‘llab-quvvatlash kabi tushunchalarni o‘z ichiga oladi[1].
Ma’lumki, tabuning ijtimoiy birlik sifatida o‘rganilishi ijtimoiy ilm-fan, antropologiya, psixologiya va madaniyatshunoslik kabi sohalarda muhim ahamiyatga ega. Ushbu o‘rganishlar ijtimoiy strukturalar, madaniyatlararo munosabatlar, ijtimoiy tashkilotlar to‘g‘risida chuqur tushuncha berishi mumkin.
Ijtimoiy birlik – bu bir yoki bir necha shaxslar o‘rtasida o‘zaro aloqalar, hissiyotlar va manfaatlar asosida paydo bo‘lgan, doimiy yoki vaqtinchalik guruh. Bu birliklar o‘zaro bog‘lanish, hamkorlik va umumiy maqsadlar uchun birlashish orqali shakllanadi. Ijtimoiy birliklar jamiyatda ijtimoiy tuzilma, madaniyat va an’analarni yaratishda muhim rol o‘ynaydi. Ular ko‘pincha o‘zaro yordam, qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy ko‘mak orqali ijtimoiy barqarorlikni ta’minlaydi[2].
Ko‘plab izlanishlar va manbalarda qayd etilishicha, tabuning ijtimoiy, madaniy jihatdan xususiyatlarining shakllanishi jamiyatni ijtimoiy boshqarish, inson ruhini poklash, ijtimoiy nazariyani yo‘lga qo‘yishning tarixiy shakli bo‘lgan asoslar bilan ham ko‘rsatish mumkin. Har bir davrda yangi ehtiyojlar, muammolar hamda texnologiyalar tabular va ijtimoiy birliklarning o‘ziga xos xususiyatlarini shakllantirgan. Ularning roli hamda ahamiyati zamon bilan birga o‘zgarib, yangi shakllarni qabul qilib boradi.
Xususan, A.Omonturdiyevning ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi toifadagi odam (homa sabins) bundan taxminan 40-50 ming yil muqaddam vujudga kelgach, ijtimoiy hayot asta-sekin shakllana borgan. Ijtimoiy hayotni qaror toptirish odam ruhiy olamidagi hayvoniy his-tuyg‘ularini barqaror qilish ehtiyoji zaminida har bir mintaqada o‘ziga xos madaniyat, ma’naviyat vujudga kela boshlagan. Ma’naviyatni qaror toptirishning dastlabki shakli tabu – ya’ni ibtidoiy jamiyatda muayyan xatti- harakatlar va narsalarga tegish, iste’mol qilishni taqiqlash sifatida vujudga kelgan. Tabu jamiyatni ijtimoiy boshqarish, inson ruhini poklash, ijtimoiy nazariyani yo‘lga qo‘yishning tarixiy shakli bo‘lgan, deya asosli fikrlarini bayon qilgan[3].
Masalan, uning yordamida qarilarni, xotin va bolalarni so‘yib еyish (kannibalizm) taqiqlangani, bunday yo‘l tutgan odamlarga nisbatan jamoatchilik nafrati qo‘zg‘atilib, jazolangani, urug‘dan chiqarib yuborilgani juda katta mohiyatga egaligi bilan tarbiyaviy ahamiyat kasb etgan. Buning o‘rniga keksalar urug‘ faoliyatini chorvachilikka yo‘naltirganlar va ma’naviy-axloqiy jarayonni sog‘lomlashtirishga e’tibor qaratganlar. Tabuni buzuvchilarga oliy jazo berilgan yoki jamoa (urug‘, qabila)dan haydab yuborilgan. Bu voqelik ilohiy kitoblarda ham aks ettirilgan. Masalan, “Аvesto”da Iyim man etilganligiga qaramay, qora mol go‘shtini, “Qurʼon”da Odam Аto va Momo Havo bug‘doyni, “Injil”da Аdam va Yeva “Donishmandlik daraxti”ning mevasi (olma yoki anjir)ni еganliklari uchun Аllohning g‘azabiga uchraganlar va behishtdan haydalib, еrga, turli jazolarga giriftor etilish uchun jo‘natilganlar[4].
Yoki o‘sha davr shariati tomonidan man etilganligiga qaramay, o‘z tug‘ishgan jufti – singlisi bo‘lgan Iqlimani xotinlikka olish uchun talashib ukasi Qobil Hobil (Iqlima Hobil bilan egizak emas)ni o‘ldirganligi uchun Qobilni еr yutganligi qon-qarindoshlik (urug‘) ichidagi nikoh (endogamiya) man etilganligining ko‘rinishlari bo‘lib, bu haqida batafsil ma’lumotlar yozma adabiyotlarda ham aks etgan[5].
Tabular ijtimoiy birliklar sifatida o‘rganilishini kuzatganimizda, tarix davomida bir qator o‘zgarishlarga uchraganini guvohi bo‘lamiz. Ularning ijobiy tomonlari va xususiyatlari jamiyatning ehtiyojlari, texnologik rivojlanish va ijtimoiy strukturalar bilan bog‘liq ravishda o‘zgarib kelgan. Quyida asrlar davomida tabular va ijtimoiy birliklarning ijobiy tamonlari qanday o‘zgarib kelganini ko‘rib chiqamiz:
Birinchi davr – qadimgi jamiyatlar o‘rtasida tabular va boshqa ijtimoiy birliklar axborot almashish, resurslarni taqsimlash, o‘zaro aloqalarni mustahkamlash uchun muhim edi. Ular qabilalar, jamoalar o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirdi. Tabular qabilalar o‘rtasida ijtimoiy birliklar, ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilishda muhim rol o‘ynagan. Masalan, qabilalar o‘zaro yordam va resurslarni taqsimlashda birlashgan.
Ikkinchi davr – O‘rta asrlar, bu davrda ijtimoiy birliklar, ayniqsa, feodal tizimlar asosida rivojlangan. Bu davrda tabular ko‘proq qishloq jamoalarida yuzaga kelgan, bu esa qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga yordam bergan. Tabular ishchilar va dehqonlar o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirib, qishloq xo‘jaligi hamda hunarmandchilikni rivojlantirishga yordam bergan.
Uchinchi davr – yangi davr bo‘lib, sanoat inqilobi bilan birga, ijtimoiy birliklar yangi shakllarga o‘tgan. Tabular ijtimoiy huquqlarini himoya qilish, xavfsiz ish sharoitlarini ta’minlashda ximat qilgan. Yangi texnologiyalar, masalan, bosma pressaning rivojlanishi, axborot almashish imkoniyatlarini kengaytirdi va tabular ijtimoiy aloqalarni mustahkamladi.
To‘rtinchi davr – XX asr, jtimoiy birliklar fuqarolik huquqlari, gender tengligi va ekologik masalalarda faoliyat yuritdi. Tabular yangi ijtimoiy harakatlar uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qildi. Texnologik taraqqiyot davri bo‘lgan kompyuter va internet texnologiyalarining rivojlanishi, axborot almashish jarayonini sezilarli darajada o‘zgartirdi. Tabular va ijtimoiy birliklar onlayn platformalarda, ijtimoiy tarmoqlarda faoliyat yuritish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Beshinchi davr – XXI asr, raqamli transformatsiya asri hisoblanib, raqamli texnologiyalarning rivojlanishi ijtimoiy birliklar va tabularni global darajada bog‘lab turadi. Bular onlayn jamoalar va platformalar orqali global muloqot hamda hamkorlikni ta’minlaydi. Yoshlar va ijtimoiy harakatlar faolligi yosh avlodning jamiyatda barqaror rivojlanish masalalariga e’tibor qaratdi. Tabular yoshlarni birlashtirish va yangi g‘oyalar bilan ta’minlashda muhim rol o‘ynovchi omil vazifasini bajardi[6].
Tabu ijtimoiy-madaniy jihatdan taqiqlangan yoki ruxsat etilmagan harakatlar, fikrlar yoki predmetlar bo‘lib, ijtimoiy birlikda u o‘z xususiyatini turli madaniyatlarda farq qilish va ko‘plab omillarga bog‘liq holda namoyon bo‘ladi[7]. Masalan, Emil Dyurkgeym “O‘zaro bog‘lanish” (The Division of Labor in Society) nomli asarida tabularni ijtimoiy normativlar sifatida nazarda tutadi, ularning ijtimoiy birlikni saqlash, barqarorlikni ta’minlashdagi rolini tadqiq qiladi. U tabularni ijtimoiy tartib va axloqiy qoidalar bilan bog‘laydi[8].
Emil Dyurkgeym diniy tabularni ijtimoiy normativlarning bir qismi sifatida tadqiq qiladi. Diniy tabular, masalan, muayyan xulq-atvor yoki fikrlarni taqiqlovchi qoidalar bo‘lib, bu qoidalar jamiyatning qadriyatlari, e’tiqodlari bilan bog‘liqdir. Ushbu tabularning ijtimoiy roli quyidagi jihatlarda namoyon bo‘ladi:
Jamiyatning birligi sifatida namoyon bo‘lishi, bunda diniy tabular, masalan, taqiqlangan xulq-atvor (noto‘g‘ri harakatlar, muayyan taomlarni iste’mol qilish yoki qaysidir diniy marosimlarni buzish) ijtimoiy birlikni saqlab qolish uchun zarur. Ular jamiyat a’zolari o‘rtasida umumiy qadriyatlar va e’tiqodlarni rivojlantiradi[9].
Sanksiyalar sifatida namoyon bo‘lish, tabularni buzgan shaxslar ko‘pincha jamoatchilik tomonidan jazolanishi yoki izolyatsiyalanishi mumkin. Bu sanksiyalar tabularni kuchaytiradi va ularning ijtimoiy ahamiyatini yanada oshiradi[10].
Meri Duglas “Poklik va xavf: ifloslanish va tabu tushunchalarining tahlili” (“Purity and Danger: An Analysis of Concepts of Pollution and Taboo”) nomli asarida tabularni ijtimoiy tuzilmalarning bir qismi sifatida tahlil qilib, ularning madaniy kontekstdagi ahamiyatini va turli ijtimoiy tizimlar ichidagi o‘zaro bog‘liqligini ko‘rsatadi. U tabu va ifloslik tushunchalarini o‘rganish orqali ijtimoiy tajribani chuqurroq tushunishga yordam beradi[11]. Bu asari tabularni ijtimoiy-madaniy jihatdan o‘rganish uchun muhim nazariy asoslarni taqdim etadi. M.Duglasning asari tabularning ijtimoiy funksiyalari, o‘zaro aloqalari va madaniy kontekstdagi ahamiyatini tahlil qilishga yo‘naltirilganligi bilan yanada ahamiyatlidir[12].
Viktor Ternerning “Ritual jarayoni: tuzilma va anti-tuzilish” nomli asarida tabu hamda rituallarni ijtimoiy transformatsiya jarayoni o‘rganilgan. U ritual jarayonlar va tabu o‘rtasidagi munosabatlarni tahlil qilib, ularning ijtimoiy va madaniy kontekstdagi rolini ko‘rsatib beradi. Shuningdek, asar orqali u tabularning ijtimoiy-madaniy jihatdan shakllanishini va ularning ijtimoiy tuzilmada qanday ahamiyatga ega ekanligini chuqur o‘rganadi[13].
V.Terner “liminal” (chegara, me’yor) yoki “o‘tish davri” tushunchasini o‘rganib, tabularning bu holatdagi rolini tahlil qiladi. Me’yoriy (liminal) holat, odatda, shaxs yoki guruhning ijtimoiy mavqe o‘zgarishi jarayonidagi davrni ifodalaydi. Shu paytda ko‘plab tabular joriy etiladi, chunki bu davr ijtimoiy jihatdan noaniq va beqaror holatda bo‘ladi. Masalan, o‘tish marosimlarida qatnashuvchilar ma’lum taqiqlarga rioya qilishlari shart, chunki ular jamiyatdagi yangi rol yoki mavqega ega bo‘lishadi[14].
V.Terner ijtimoiy tuzilmaga qarshi “anti-tuzilish” (strukturaga qarshi) tushunchasini kiritadi. Anti-tuzilish davrida, ayniqsa, liminal jarayonlarda, tabular va qoidalar vaqtinchalik buzilishi yoki yumshatilishi mumkin. Bu jarayon ijtimoiy tizimda yangilanish hamda yangicha birlashuv uchun imkoniyat yaratadi. Shu sababli V.Terner tabularning o‘zgaruvchanligini, ular orqali ijtimoiy yangilanishning shakllanish jarayonlarini o‘rganadi[15].
V.Terner ritual (diniy marosim) jarayonlarni tabular bilan bog‘lab, bu jarayonlar orqali ijtimoiy birlik mustahkamlanishini ta’kidlaydi. Tabular, ritual ishtirokchilarga qoidalar va taqiqlarga qat’iy rioya qilish orqali jamoa bilan birlashish imkonini beradi. Bu, odatda, jamiyat a’zolari o‘rtasidagi birlikni, hamjihatlikni kuchaytiradi[16].
V.Ternerning fikriga ko‘ra, tabular jamiyatning ichki tartibini mustahkamlash uchun zarurdir. Ritual (diniy marosim) jarayonlar davomida taqiqlar hamda tabular muhim rol o‘ynaydi, chunki ular yangi vaziyat va tuzilmalarga moslashish jarayonini osonlashtiradi. Masalan, marosimda taqiqlangan narsalarga rioya qilish orqali odamlar o‘ziga xos ruhiy hamda jismoniy poklanish jarayonidan o‘tadi, bu esa ularning yangi ijtimoiy mavqega ega bo‘lishi uchun tayyorgarlik vazifasini bajaradi[17].
V.Terner tabularni ritual jarayonlar orqali ijtimoiy xavfsizlik, barqarorlikni ta’minlovchi vosita sifatida ko‘rib chiqadi. Liminal holatda qatnashuvchilar bir-biriga ishonch, hurmat va hamjihatlikni namoyon qiladi, chunki ular tabularga amal qilish orqali o‘zlarini ijtimoiy tartib hamda xavfsizlikka rioya qilayotganliklarini ko‘rsatadi. Ternerning ushbu asarida tabuning ijtimoiy yangilanish va o‘zgarishlarni boshqarishi, ijtimoiy tartibni saqlash, madaniy o‘zaro aloqalarni mustahkamlashda qanday ahamiyatga ega ekanligi batafsil o‘rganiladi. Bu tahlil tabuning jamiyatdagi funksional ahamiyatini keng qamrovli tushunish imkonini beradi[18].
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
Шермаматова З. Исследование табу как социального явления и анализ особенностей его языковой реализации. В данной статье исследуются сущность табу как социального феномена и особенности его языковой реализации. Цель исследования заключается в выявлении социально-культурных функций табу в обществе, описании форм его проявления в языковой системе и раскрытии взаимосвязи языка и общества. В ходе исследования использованы описательный, сравнительно-аналитический и лингвокультурологический методы. Полученные результаты показали, что табу является важным механизмом сохранения и регулирования моральных норм, ценностей и культурных традиций общества. Его языковая реализация проявляется через эвфемизмы, косвенные способы выражения, коммуникативные стратегии и культуру речи. Также установлено, что табу изменяются в процессе исторического развития под влиянием социальных, культурных и технологических факторов. В заключение обосновывается положение о том, что табу представляет собой важное социолингвистическое и лингвокультурологическое явление, отражающее тесную взаимосвязь языка и общества.
Shermamatova Z. An Investigation of Taboo as a Social Entity and an Analysis of Its Linguistic Manifestation. This article examines the nature of taboo as a social phenomenon and analyzes the features of its linguistic realization. The aim of the study is to identify the socio-cultural functions of taboo in society, describe the forms of its manifestation in language, and reveal the interrelationship between language and society. Descriptive, comparative-analytical, and linguocultural methods were employed in the research. The findings indicate that taboo serves as an important mechanism for preserving and regulating moral norms, values, and cultural traditions within society. Its linguistic realization is reflected through euphemisms, indirect expressions, communicative strategies, and speech etiquette. The study also reveals that taboos undergo transformations under the influence of social, cultural, and technological factors throughout historical development. The article concludes that taboo is a significant sociolinguistic and linguocultural phenomenon that reflects the close relationship between language and society.
[1] https://ru.wikipedia.org/wiki
[2] https://azkurs.org/falsafa-fanidan-tayanch-maruzalar-matni
[3] Omonturdiyev A.J. Professional nutq evfemikasi. – Toshkent: Fan, 2006. – B.12.
[4] Qissasi Rabruziy. 1-kitob. – Toshkent: Yozuvchi, 1990. – B. 29-30.
[5] Qissasi Rabruziy. 1-kitob. – Toshkent: Yozuvchi, 1990. – B.29-32.
[6] Есикова Т.В. Психологические особенности возникновения и развития права. Ученые записки РГГМУ, № 26, 2010. – С. 273-278.
[7] https://ru.wikipedia.org/wiki/%D0%A2%D0%B0%D0%B1%D1%83
[8] Durkheim E. The Division of Labour in Society. The Macmillan Press Ltd., 1984. – 412 с.
[9] Durkheim E. O‘sha asar. – B. 68-70.
[10] Durkheim E. O‘sha asar. – B. 70-80.
[11] Дуглас M. Чистота и опасность анализ представлений об осквернении и табу. – М., 2000. – С.42-45.
[12] Duglas M. O‘sha asar. – B. 45-50.
[13] Turner V. The Ritual Process: Structure and Anti-Structure. – New York, 1966. – P.94-100.
[14] Terner V. O‘sha asar. – B. 94-115.
[15] Turner V. O‘sha asar. – B. 117-120.
[16] Turner V. O‘sha asar, o‘sha betlar.
[17] Turner V. O‘sha asar, o‘sha betlar.
[18] Turner V. O‘sha asar. – B. 94-131.