Tashxis va jonlantirish san’ati badiiy so‘z san’ati namunalarining ma’naviy san’atlar turkumiga kiradi. Tashxis va jonlantirish san’ati badiiy asarning yanada qiziqarli, jozibali va voqelikni yaqqol ko‘rsatishda xizmat qiladi. Tashxis adabiyotda jonlantirish ma’nosida, jonsiz va tabiat hodisalariga jon ato etib, turli xildagi hasharot va parrandalarni inson tilida gapirtirishdir. Shoir tashxis san’ati bilan jonsiz va mavhum narsalarga jon bag‘ishlab, ularni odam ko‘rinishida namoyon etadi [1:103,].
Tashxis va jonlantirish san’atining o‘ziga xosligi shundaki, bu san’at namunalarida jonsiz narsalar inson qarshisida odam shaklida gavdalantiriladi. Har bir o‘quvchi nazarida tasvirga bunaqa yondashish judayam qiziqarli va maroqli bo‘lib, u jonlanib inson shaklida namoyon bo‘lgan jonsiz narsalardan zavqlanadi va buning asl mohiyatini tushunishga harakat qiladi. Buning natijasida, ijodkor tasvirlayotgan jonsiz narsa insonga o‘xshab harakatlanadi, gapiradi va hokazo. Masalan, Hofiz Sheroziyning mashhur g‘azalidan olingan quyidagi baytda tabiat, lola va nargis guli ko‘zga tashlanib, unda lola guli sog‘ar, ya’ni qadah tutqazuvchi shaxs misolida va nargis guli mast inson shaklida namoyon bo‘ladi:
Lola sog‘argiru nargis mastu bar mo nomi fisq,
Dovari doram base, yo rab, kiro dovar kunam? [5:67,].
Bu baytda shoirning lirik qahramoni shaxsiyati g‘amga cho‘kkan, dunyo ishlaridan hayratda qolgan inson sifatida namoyon bo‘ladi. Ya’ni u dunyo ishlarining adolatsizligidan, yaxshi insonlarning tuhmat va bo‘htonlarga duchor bo‘lishi, adolat mezoni buzilganini nihoyatda yuksak did bilan bayon etadi. Baytda lola qadah tutqazadi, nargis bo‘lsa qadah olib may ichib, sarxush bo‘ladi. Mazkur baytda keltirilgan badiiy obrazlar o‘quvchi qalbiga tabiatda inson harakatlarini bajarishga qodir bo‘lmagan narsalarni insondek harakat qildirib zavq va shavq beradi.
Fors-tojik shoirlari tashxis va jonlantirish san’atidan ko‘proq she’rlarining mazmunli, dilga yaqin va notakror bo‘lishi uchun foydalanishgan. Sharq mumtoz adabiyotida juda ko‘p jonlantirilgan va ma’mul bo‘lgan obrazlardan biri bu «gul» obrazidir. Gul obrazi ko‘pincha insonga xos fazilatlarni qabul qilib, tarovati, go‘zalligi va lobarligidan maqtanadi, kiborlik va g‘urur sifatlarini o‘zida namoyish etadi.
Masalan, mashhur fors-tojik mumtoz shoiri Umar Xayyomning bir ruboyisida gul o‘zini maqtab, quyidagi sifatlarni bayon etadi:
Gul guft, ki man Yusufi Misri chamanam,
Yoquti garonmoyai pur dar dahanam.
Guftam: Chu tu Yusufi, nishone binmoy,
Gufto ki: Ba xun g‘arq nigar pirahanam [3:72,].
Bu ruboiyda gul shoir bilan munozara qilib, o‘zining mashhur sifatlarini tavsiflaydi. Ruboiyning birinchi misrasida tashxis va tashbih san’atlari bir radifda kelgan va gul o‘zini Yusuf alayhissalomga o‘xshatib, go‘zalligidan g‘ururlanadi. Ikkinchi misrada gul go‘zalligini qimatbaho yoqutga o‘xshatadi. Uchinchi misrada shoir gulga savol berib, agar Yusufga o‘xshasang, unda o‘xshash jihatingni ko‘rsat deb izoh talab qiladi. Gul insonlarga xos so‘zlash sifatini o‘ziga qabul qilib, o‘zining rangiga ishora etadi va ta’kidlaydiki, uning tanasini berkitgan kiyimi Yusufning birodarlari tomonidan otasi Yaqubga ko‘rsatgan qon bilan bo‘yalgan qizil libosdan namunadir. To‘rtinchi misrada shoir tashxis va talmih badiiy san’atlarini birgalikda keltirib, ruboiy mazmunini boyitgan. Aytib o‘tish joyizki, mazkur ruboiyda tashxis san’ati badiiy ifodalashning asosiy mezoni sifatida xizmat qilib, tashbih va talmih san’atlari bu san’at turining yaxshiroq ifoda etilishiga ma’lum darajada xizmat qilgan.
Tashxis va jonlantirish san’atining o‘ziga xos xususiyatlaridan biri bu inson qo‘li bilan yaratilgan jonsiz moddiy jism va buyumlarni jonlantirishdan iboratdir. Mumtoz adabiyotda mavjud bunday badiiy obrazlar qatoriga qadah, shamshir, qalam va boshaqa jonsiz narsalarni misol tariqasida keltirishimiz mumkin. She’riyatda ba’zan bu jonsiz jismlar jonlanib, insonlarga xos xarakter va xususiyatlarga ega bo‘ladilar. Asadiy To‘siyning quyidagi ruboiysini bunga misol tariqasida keltirishimiz mumkin:
So‘roxi ba go‘shi qadah burda sar,
Bad-o‘ rozi sarbasta gufti magar.
Nadonam, chi gufti, chi ando‘xti,
Ki guftiyu az dida xun rexti [1:103,].
Mazkur ruboiyda ko‘zachaning og‘zi qadahning labiga insondek labini qo‘yib, kechinmalarini bayon etadi. Ko‘zacha qadahning qulog‘iga o‘zining dardu alamini, sirlarini aytib, yig‘layotgan inson qiyofasida namoyon bo‘ladi va didalaridan ko‘z yoshi o‘rniga qon tomchilaydi. Bu ruboiyda shoir oddiygina shishadan qadahga sharobning quyilishini yuqori mahorat bilan, ularga jon ato etib, ruboiyning badiiy mazmunini yuksaltirishda foydalanadi.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, tashxis va jonlantirish san’ati orqali inson ko‘ziga ko‘rinadigan tabiatning umumiy jismlari, shaxs tafakkurida sayqallanib, jonlantirilgan holatda o‘quvchiga havola etiladi va ular o‘zlarining odamlarga xos xususiyatlari bilan namoyon bo‘ladi. Tabiatning jonsiz jismlari jonlantirilgan holda, insonga xos xususiyat va xislatlarga ega tarzda namoyon bo‘ladi va o‘zlarining harakatlari orqali atrof muhitga ta’sir o‘tkazib, uning rivojiga yoki inqiroziga sabab bo‘ladi.
Mumtoz adabiyotda jonlantirilib, badiiy obrazlar sifatida qo‘llanilgan, ko‘zga ko‘rinmaydigan va faqatgina tasavvur qila oladigan mavhum narsalar aql, bilim, so‘z, yaxshilik va yomonlik, yolg‘on, rostgo‘ylik, muhabbat va boshqalarni misol tariqasida keltirishimiz mumkin. Shoirning kasbiy mahorati natijasida, quyida zikr etilgan mavhum jismlar jonlantirilib, insonga xos xususiyatlarni qabul qilgan holda namoyon bo‘ladi. Masalan:
Do‘sh devona shudam, ishq maro didu biguft:
Omadam man na’ra mazan, joma madar hej mago‘.
Guftam: Ey ishq man az chizi digar metarsam,
Guft: On chizi digar nest, hej mago‘.
Man ba go‘shi tu suxanhoi na on xoham guft,
Sar bijunbondu bale juz, ki ba sar hej mago‘.
Guftam in ro‘z sarishta ajab ast yo bashar,
Guft in g‘ayri basharastu, hej mago‘ [2:115,].
Buyuk mutasavvif shoir Mavlono Jaloliddin Balxiyning ushbu baytlarida ikki qahramon: ishq va shoirning o‘zaro munosabatlari ko‘zga tashlanadi. Shoir jonlantirish san’ati imkoniyatlari bilan bog‘lagan holda, adabiyotning asosiy mavzularidan bo‘lgan ishq obrazini jonlantirib, u bilan suhbat quradi va unga o‘zining qalbidagi kechinmalarini oshkor aylab, ishqga xos xususiyatlarni ishqning o‘zidan so‘raydi. Bu g‘azalda ishq va oshiq o‘zaro savol-javob qiladilar. Oshiq ishq bilan kechgan mukolamani tashxis va jonlantirish san’ati asosida sahnalashtiradi. Insoniyatning oliy tuyg‘usi muhabbat bu g‘azalda insonga xos xarakterga sohib bo‘lib, oshiqning oldiga keladi va unga «Men sening oldingga keldim, endi devonalikni bas qil, jomalaringni yirtib o‘zingni har kuyga solma deb murojaat qiladi». Oshiq bu savollarga javoban boshqa narsadan qo‘rqishini izhor etadi. Ishq yana tilga kirib, ta’kidlaydiki, «Ishqdan bo‘lak boshqa narsa yo‘qdir. Olam ishq asosida yaratilganini va unda faqat ishq mavjudligini», ta’kidlaydi. Mukolama yana davom ettirilib, ishq oshiqning savollariga javob beradi, javob berish jarayonida insondek bosh silkitib, oshiq so‘zlarini tasdiqlaydi. Shuni aytish lozimki, tasavvufiy mazmundagi mazkur g‘azalda asosiy mavzu ishq va muhabbatning buyukligidir. Bu g‘azalda tashxis san’atidan tashqari savol-javob, tazod va boshqa badiiy san’at turlari ham qo‘llanilgan.
Tashxis va jonlantirish san’ati X-XI asr shoirlari ijodiyotida ham ko‘p uchraydi. Mazkur davr shoirlari ijodiyotida tashxis va jonlantirish san’ati, asosan, tabiat manzaralarini tasvirlash jarayonida foydalaniladi. Farruxiy Siistoniy o‘zining bir qator g‘azal va she’rlarida tabiat manzaralari va unda yuz beradigan hodisalarni tasvirlash jarayonida tashxis va jonlantirish san’atinng badiiy imkoniyatlaridan samarali foydalangan. Shoir kuz faslining kelishini, tabiatdagi mavjudotlarni sovuq urgan va qarigan inson qiyofasida gavdalantirishni jonlantirish san’ati vositasida mohirlik bilan bayon etadi. Mazkur she’rda shoir oddiy tabiat hodisasi, fasllar almashuv jarayonini tasvirlaydi. She’rda kuz o‘zining lashkarlari bilan bostirib kelib, tabiatdagi mavjudotlar va unsurlarni zir qaqshatadi, kuzning qahrli hujumidan zulol suv dag‘-dag‘ titrab qaltiraydi va kuz tabiatda hukmronlikni qo‘lga oladi:
To xazon toxtan ovarad so‘i bodi shamol,
Hamchu sarmozada bo larza gasht obi zulol.
Bod bar bog‘ hame arza kunad zarri iyor,
Abr bar ko‘h hame to‘da kunad simi halol.
Har zamon bog‘ ba zarrob furo‘ sho‘yad ro‘y,
Har zamon ko‘h ba simob furo‘ sho‘yad yol [4:97,].
Yuqorida keltirilgan fikrlardan xulosa qilish mumkinki, tashxis va jonlantirish san’ati badiiy adabiyotning go‘zal va betakror san’atlaridan hisoblanib, adabiy durdona va timsollarning yaratilishida beqiyos ahamiyatga sohibdir. Ijodkorlarning tabiat va uning betakror manzaralari haqidagi she’rlarida tashxis va jonlantirish san’atidan faol foydalanilgan. Xususan, turli yovvoyi hayvonlar, qushlar, mevalar, mavhum jismlar, tabiat manzaralarini tasvirlashda jonlantirish va tashxis san’atining o‘rni kattadir. Umuman olganda, tashxis va jonlantirish san’ati dunyo xalqlari, mumtoz va yangi adabiyotning poetikasida eng ko‘p murojiat etiladigan badiiy san’atlardan biridir.
Adabiyotlar ro‘yxati