Paradigmatik munosabat tilning har bir alohida sathi birliklarining sistema ichida mavjudligi, yoki boshqacha aytganda, ularning sistemada yashashlari tarzini taqozo etadi. F.doʻ Sossyur til birliklarining paradigmatik munosabati (Sossyur terminologiyasida assotsiativ munosabat) ketma-ketlik qoidasiga boʻysunmasligini, mazkur munosabat muayyan uyushma a’zolari oʻrtasida roʻy berishini qayd etadi va shu munosabatdagi til birliklari ongimizda alohida guruhlar tarzida mavjud boʻlishini ta’kidlaydi. Har qanday soʻz u yoki bu tarzda fikran oʻzi bilan bog‘lanadigan narsani xotiraga keltirаdi [1:145]. Darhaqiqat, tilning yashaydigan joyi insonlar tafakkuridir. Til insonlar tafakkurida, aniqrog‘i insonlar xotirasidagi neyronlarda ma’lum sistem xarakterdagi qonuniyatlarga asoslanib yashaydi, boyiydi, rivojlanadi. Keyinchalik bu til birliklarining oʻzaro munosabatlariga katta e’tibor berilib, “paradigmatik munosabat” yoki “paradigmatika” atamasi bilan nomlana boshlandi [2:199]. Bizningcha, bu fikrlarga toʻliq qoʻshilish mumkin, zero, “paradigmatik munosabat” yoki “paradigmatika” atamasi bir-biri bilan bevosita bog‘liqdir. Sistema va struktura haqida taniqli nazariyotchi olim R.Rasulov quyidagicha yozadi: Sistema elementlar aloqasining, bog‘liqligining tugallangan nuqtasi, yaxlitligi. Struktura – elementlar aloqasining boshlang‘ich nuqtasi, ularning dastlabki qator ichki bog‘lanishi, munosabati. Sistema sintetik, struktura analitik tushunchalardir [3:178]. Sistema va struktura bir narsa boʻlmay, biri ikkinchisi bilan bog‘liq boʻlgan, alohida tushunchalardir. Barcha narsalar sistem xarakterga ega boʻladi. Shu jumladan til ham ideal sistema hisoblanib, nutqiy faoliyatda paradigmatik munosabatlar uning struktur xarakterini taqozo etadi. Shu sabab ham, paradigmalar tilning barcha qatlamlariga xos tushunchalardir deb qarash xato emas. Aniqrog‘i, paradigmatik munosabat tilning barcha sathida boʻladi. Bu haqda A.Berdialiyev quyidagilarni yozadi: Tilning qaysi sathida boʻlmasin, har qanday paradigma lisoniy jihatdan oʻzaro munosabatdosh birliklar yig‘indisi tarzida tasavvur etiladi [4:7]. Buni biz til va nutqning eng kichik birligi boʻlgan fonemadan tortib, eng katta birligi matnda ham uchratishimiz mumkin.
Sistem tilshunoslik har qanday lingvistik hodisani muayyan elementlardan tashkil topgan butunlik sifatida e’tirof etadi. Masalan, til sistemasidan eng kichik birlik sanaluvchi va moddiy tomondan boshqa mayda boʻlakka boʻlinmaydi, deb hisoblanuvchi fonema ham sistem tilshunoslik tomonidan oʻzaro munosabatda boʻlgan muayyan belgilarning majmuasi sifatida talqin etiladi. Bunday talqinga muvofiq har qanday fonema ma’lum mundarijaga ega boʻlib, uning mundarijasini shu fonemaning bevosita kuzatish bosqichida turli variantlari orqali namoyon boʻluvchi akustik, artikulyasiya va funksional belgilari hamda bu fonemaning boshqa fonemaga zidlash orqali aniqlanuvchi farqlovchi belgilari tashkil etadi [5:6]. D.A.Nurmonovaning bu fikrlariga toʻliq qoʻshilamiz. Sistema boʻlgan joyda struktura albatta, boʻlishi kerak. Bu degani, barcha til va nutq birliklari nutqiy faoliyatda paradigma hosil qiladi. Bu haqda Yu.S.Stepanov quyidagicha fikr yuritgan: “Sistema – bu muayyan qismlardan va bir-biri bilan oʻzaro bogʻliq boʻlgan unsurlardan (elementlardan) tashkil topgan yaxlitlikdir. Bu unsurlarning oʻzaro munosabati strukturani taqozo etadi. Shuning uchun sistemaning strukturasi haqida soʻz yurita olamiz. Ana shu unsurlar bilan struktura yaxlitligi sistemani tashkil etadi” [7:228]. B.M.Solnsev esa: Sistema va struktura munosabatida bir butun obyekt va shu obyektning tuzilishini ta’minlovchi, uning tarkibi boʻlgan elementlar, qismlar aniq, obyektiv namoyon boʻladi. Shunga koʻra, har bir sistema unda elementlar, qismlar mavjudligiga va ajralishiga koʻra alohida hisoblanadi. Anig‘i, alohidalik har qanday sistemaning eng muhim xususiyatidir [8:11]. Bizningcha, bu fikrlarga toʻliq qoʻshilish mumkin, zero, har bir sistema unda elementlar, qismlar mavjudligiga va ajralishiga koʻra alohida hisoblanadi, struktura esa obyektning tuzilishini ta’minlovchi, uning tarkibi boʻlgan elementlar yig‘indisidir.
Shuningdek, leksik paradigmalarga sinonimik qatordagi ma’lum bir soʻzlar paradigmasini misol qilishimiz mumkin.
Yig‘moq, toʻplamoq, toʻdalamoq, jamlamoq, jamg‘armoq, yig‘inmoq. Mana bu keltirilgan sinonimik qatorda sinonimlar paradigmasidan tashqari -moq affiksi paradigmasi ham roʻy bermoqda. Ya’ni, “oʻzak+moq” qolipi asosidagi operand + operator = derivatsiyasini ham koʻramiz. Oltita soʻzda “oʻzak + moq” soʻz shakli yasovchi modeli tipidagi paradigmani hosil qilgan. Bu sinonimik qatorda oltita soʻz, sinonimik belgilariga koʻra paradigmatik munosabatga kirishgan.
Til birliklari oppozitiv munosabati paradigmasi haqida T.Qudratov quyidagi fikrlarni asosli aytgan: Sistema deb oʻzaro ichki ziddiyat (oppozitsiya)ga ega boʻlgan hodisalarning guruhlanishiga aytiladi. Har bir sohaning oʻziga xos guruhlari sistemasi bor. Masalan, fonetikaning oʻziga xos birliklari bor yoki morfologiyadagi har bir konkret forma ziddiyatli sistemasiga ega. Chunonchi, oʻzbek tilida -(i)m, -(i)ng, -i/si; -(i)miz, -(i)ngiz, -lari qoʻshimchalari birining oʻrnida boshqasini ishlatib boʻlmaydi. Bu xususiyat ularning ziddiyatligidir. Ammo ularning hammasi birgalikda bir narsaning boshqasiga qarashli ekanligini koʻrsatadi. Bu jihatdan ular bir sistemani tashkil etadi [8:35]. Bu fikrlarga toʻliq qoʻshilamiz. T.Qudratov egalik qoʻshimchalari paradigmasini ularning ziddiyatligidir deb toʻg‘ri qayd etgan. Bu yerda olim mikrosistemalar paradigmasi haqida oʻrinli zalvorli fikr yuritgan.
Tadqiqotchi G.Toirova paradigmatik sistema va pragmatik sistema orasidagi oʻxshashlik haqida quyidagilarni yozadi:
1) paradigmatik sistema elementlari zamon bir xilligiga ega boʻlmaydi – hamisha bir-birini inkor qiladi, biri qoʻllanilganda ikkinchisi qoʻllanilishi mumkin emas. Pragmatik sistema situativ mohiyatga ega boʻlganligi sababli uning tarkibiy qismlari bir zamonda voqelanadi. Shuning uchun paradigmatik sistema elementlarining qoʻllanishida zamon va makon farqi shart boʻladi. Pragmatik sistema elementlari uchun zamon va makon umumiyligi shartdir;
2) paradigmatik sistema elementlari bir-birini eslatib turadi, lekin ayni zamonda biri ikkinchisini rad qiladi, bir-biri bilan sintagmatik munosabatga kirisha olmaydi, birgalikda qoʻllanilmaydi. Pragmatik sistema birliklari esa, aksincha, biri ikkinchisini takrorlaydi, toʻldiradi; etik-estetik nuqtai nazardan bezaydi. Shuning uchun sistemada ma’lum bir tarkibiy qism eksplitsit ifodalanmagan boʻlsa, boshqa elementlar uning oʻrnini bemalol bosa oladi” [9: 6]. Bizningcha, G.Toirovaning paradigmatik sistema va pragmatik sistema orasidagi oʻxshashlik haqidagi mulohazalari ilmiy asoslidir. Paradigmatik sistema elementlari zamon bir xilligiga ega boʻlmay – hamisha bir-birini inkor qilganligi uchun ham turli xil munosabat hosil qiladi. Paradigmatik munosabatlar sistema elementlarining qarama-qarshi joylashishini shakllantiradi.
Til birliklarining paradigmatik munosabati “yoki ... yoki” tarzidagi qonuniyatga boʻysunadi va bu qonuniyat ular oʻzidan katta birlik doirasida qoʻllanmaguncha davom etadi. Masalan, fonemalar morfema yoki soʻz sathida real qoʻllanilganda, “yoki ... yoki” qonuniyatiga binoan yo u fonema, yo bu fonema tarzida ularning ketma-ket kelishini ta’minlab boʻlmaydi. Chunki endi til birliklarining “va .... va” qonuniyatiga boʻysunuvchi sintagmatik munosabati tamoyillari faollik koʻrsatadi [7:227].
Til birliklari vertikal harakat doirasida ierarxiya yoki lingvistik elementlar toʻplamidan bitta birlikning ichki tuzilishida namoyon boʻladi. U fonema, morfema, soʻz va iboralar kabi til birliklari strukturasida uchraydi.
Aytilgan fikrlarimizni quyidagi misollar orqali dalillay olamiz. Fonetik sath doirasida: Fonemalar vertikal harakatini tildagi muayyan fonemalarni tanlashda kuzatish mumkin. Masalan, oʻzbek tilida “til” va “dil” kabi soʻzlardagi /t/ va /d/, “soʻz”, “koʻz” soʻzlaridagi /s/ va /k/ fonemalari oʻrtasidagi tanlov vertikal harakatni aks ettiradi, bunda bir fonema boshqasiga koʻra farqlangan.
Bu haqda L.Blumfild quyidagilarni qayd etadi: “Muayyan koʻrinishdagi bir yoki undan ortiq fonemalardan tarkib topgan har qanday morfema ham (ma’noni e’tiborga olmagan holda) mukammal tarzda tahlil etilаdi. Masalan, duke “gersog” morfemasi [d], [ju:], [k] tarzida berilgan sodda va murakkab fonemalardan tashkil topganligini koʻramiz. -ess morfemasi esa [e], [s] fonemalarining ketma-ket kelishi orqali shakllangan” [10: 175].
Xulosa qilib aytganimizda, til birliklarining vertikal va gorizontal harakati nutq faoliyatida ma’no va strukturaning shakllanish usullari haqida tushunchani beradi. Paradigmatik tahlil orqali til tizimidagi murakkab munosabatlarni o‘rganamiz. Faqat paradigmatik munosabatlar tahliligina til qurilishi va maʼno tizimining chuqurroq oʻrganilishiga imkon beradi. Bu munosabatlar orqali soʻzning turli maʼnolari va ularning matnda qoʻllanishi tahlil qilinadi. Shuningdek, paradigmatik munosabatlar tilning semasi va sintaksisiga oid yangi bilimlarni yaratishda muhim manba hisoblanadi. Til tizimidagi paradigmatik munosabatlar tilning turli qatlamlarida ifodalanib, tilning semantik, morfologik va sintaktik sathini oʻrganishga xizmat qiladi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro ‘yxati:
3.Расулов Р. Умумий тилшунослик. – Тошкент, 2017. – Б. 178.
4.Бердиалиев А. Ўзбек тили синтактик қурилиши асосининг парадигматик тизими. – Хўжанд, 2019. – Б.7.
5.Нурмонова Д.А. Ўзбек тилида парадигма аъзолари ўртасидаги зидланишларнинг мўътадиллашуви (Фонологик сатҳ): Номзодлик диссертация автореферати. – Тошкент, 1998. – Б. 6.
6.Степанов Ю.С. Основы общего языкознания. – М.: Просвещения, 1975. – С. 228.
8.Қудратов Т. Нутқ маданияти асослари. – Тошкент: “Ўқитувчи”, 1993. – Б. 35.
9.Тоирова Г. Нутқий мулоқот ситуатив прагматик система сифатида: Номзодлик диссертация автореферати. – Тошкент, 1998. – Б. 6.
10. Блумфилд Л. Язык. – М.: УРСС, 2002. – С. 175.
Маликова И. Анализ парадигматических отношений в языковой системе. Данная статья посвящена анализу реализации языковых единиц в речевой деятельности. Анализируется парадигматическое отношение в языковой системе. На примерах показана реализация языковых единиц в речевой деятельности. На основе теоретических соображений было изучено системное поведение языка.
Malikova I. Analysis of paradigmical relationships in the language system. This article is devoted to the analysis of the realization of language units in speech activity. The paradigmatic relation in the language system is analyzed. The implementation of language units in speech activity is shown through examples. Based on theoretical considerations, the system behavior of the language was studied.