XX–XXI asrlarda tilshunoslikning asosiy paradigmalari tubdan o‘zgardi. Agar avvalgi struktur va formal yondashuvlarda til asosan tizim sifatida tahlil qilingan bo‘lsa, zamonaviy kognitiv yo‘nalish tilda aks etgan birliklarning inson idroki, tafakkuri va konseptual tajribasi bilan bevosita bog‘liqligini ko‘rsatib berdi. Kognitiv lingvistika tildagi semantik tuzilmalarni tashqi obyektga ishora qiluvchi belgi emas, balki inson ongida tashkil topgan konseptual tizimning mahsuli sifatida talqin qiladi [Asqarova M., 2008. 14-b.] Shu sababli tilning har bir birligi – bu muayyan xalqning dunyoni qanday tasniflashi, baholashi va tushunishini ko‘rsatuvchi kognitiv birlikdir [Langacker, 2008 17-p.].
Mazkur nuqtayi nazardan, dendronimlar — o‘simlik nomlari — nafaqat leksik birlik, balki madaniy tajriba, kognitiv model, ramz va etnolingvistik kodning tarkibiy qismidir. Odamzod tabiat bilan to‘xtovsiz aloqada bo‘lganligi sababli o‘simliklar haqidagi bilimlar xalq ongida ildiz otgan, ular ko‘plab marosimlar, etnomadaniy qarashlar, ramzlar, mifologik tasavvurlarda o‘z aksini topgan. Dendronimlar xalq tafakkurining chuqur qatlamlariga singib ketganligi uchun ularning kognitiv-mental tabiatini o‘rganish til, madaniyat va tafakkur uchligining o‘zaro munosabatini ochib beradi [Кохтев, 2015 42- b.].
O‘zbek tilida archa, chinor, jiyda, anor kabi dendronimlar qadimiy marosimlar, urf-odatlar, diniy qarashlar bilan bog‘langan bo‘lsa, nemis tilida Eiche (eman), Tanne (archa), Apfelbaum (olma daraxti) kabi nomlar german xalqlarining mifologik va tarixiy ongida chuqur iz qoldirgan. Bu esa dendronimlar konseptlarning etnografik, madaniy, metaforik va psixologik qatlamlarini o‘rganish imkonini beradi.
Dendronimlar semantik strukturasi ham ko‘p qatlamlidir. Ularning eng asosiy qatlamini denotativ mazmun tashkil qiladi. Bu qatlamda o‘simlikning tashqi ko‘rinishi, biologik tabiati, yashash muhiti, bargi, shoxi, mevasi haqidagi obyektiv bilimlar mujassam bo‘ladi. Ammo, ayni obyekt turli tillarda turlicha konseptual kengayish kasb etadi. Masalan, o‘zbek madaniyatida “anor” baraka, serhosillik, farovonlik ramzi bo‘lsa, nemis tilida Apfel ko‘proq kundalik hayot, sog‘lom ovqatlanish, meva bog‘i bilan bog‘lanadi. Bu farq madaniyatlararo konseptual xaritalarning xilma-xilligini va dendronimlarning kognitiv interpretatsiyasi milliy qadriyatlar bilan chambarchas bog‘liq ekanini ko‘rsatadi [Болтабеков, 2020. 74-b.]
Konnotativ qatlam esa dendronimlarning emotsional, estetik, ramziy mazmunlarini faollashtiradi. O‘zbekchada “chinor” salobat, barqarorlik, ulug‘lik ramzi bo‘lib, shu konsept asosida ko‘plab poetik obrazlar yaratadi. Nemis madaniyatida esa eman — Eiche — kuch, qat’iyat, iroda, milliy o‘zlik timsoli sifatida talqin qilinadi. Bu parallelizm dendronimlarning universalligini ko‘rsatish bilan birga, ularning milliy rang-barangligini ham yoritadi.
Dendronimlar kognitiv tizimning eng faol qatlamlaridan biri bo‘lgan konseptual metaforalar maydonini shakllantirishda ham muhim o‘rin tutadi. Lakoff va Johnson nazariyasiga ko‘ra, inson abstrakt tushunchalarni konkret obyektlar orqali anglaydi. “Hayot — daraxt” metaforasi esa barcha madaniyatlarda mavjud bo‘lgan fundamental konseptual modeldir. Hayotning boshlanishi ildiz bilan, rivoji shoxlar bilan, natijasi meva bilan, barqarorligi tanasi bilan qiyoslanadi. Shu bois hayotiy tajriba, nasl, urug‘, tarbiya, pishish, o‘zgarish jarayonlari ko‘pincha o‘simlik modeli orqali ifodalanadi. O‘zbek tilidagi “mevasini berdi”, “shoxlanib ketdi”, “ildizi chuqur”, “nasab daraxti”, nemis tilidagi der Apfel fällt nicht weit vom Stamm kabi metaforik birliklar shu konseptual modelning mahsulidir.
Lisoniy manzarada dendronim-larning tutgan o‘rni insonning tabiatga bo‘lgan munosabati va ekologik ongiga ham bevosita daxldordir. O‘zbek xalqining qadimiy e’tiqodlarida archa muqaddas daraxt, himoya kuchi sifatida talqin qilinadi. Nemislarning qadimiy Germaniya mifologiyasida esa eman daraxti Xudo Donarning kuchi bilan bog‘langan. Bu mifologik qatlamlar zamonaviy tilda ham ong osti darajasida saqlanib qolgan va ramziy mazmun kasb etishni davom ettirmoqda.
Dendronimlarning kognitiv asoslarini o‘rganish shuni ko‘rsatadiki, til birliklarining ma’nosi nafaqat lug‘aviy definitsiya orqali, balki ularning madaniy kod, mental model, tarixiy xotira, assotsiativ tarmoqdagi o‘rnini aniqlash orqali to‘liq ochiladi. Shu bois, dendronimlarni tahlil qilish tilshunoslikning faqat nominativ funksiyasini emas, balki atamalar orqali dunyoni bilish, kategorizatsiya qilish, ramziy model yaratish jarayonlarini ham qamrab oladi. Bu yondashuv dendronimlarni lingvomadaniy birlik sifatida talqin qilish va ularning semantik imkoniyatlarini chuqurroq ochib berishga sharoit yaratadi.
Olamning lisoniy manzarasi xalqning dunyoni qanday idrok qilishi, qanday kategoriyalashi va qanday modellashtirishi bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan tizimdir. Har bir til dunyoni o‘zicha tasniflaydi, shu orqali insonning kognitiv tajribasi lingvistik shaklga aylanadi. Dendronimlar esa bu jarayonda muhim konseptual vositalardan biri sifatida namoyon bo‘ladi. Daraxtlar, ularning tuzilishi, o‘sish mexanizmi, hayot davri, mavsumiy o‘zgarishlari xalqning tabiat haqidagi bilimlar tizimida asosiy modellardan biriga aylangan. Shu sababli dendronimlar lisoniy manzarani shakllantiruvchi konseptual struktura-larning asosiy komponentlaridan biri sifatida qaraladi.
Daraxt modeli inson tomonidan dunyoni konseptual tasniflashda o‘ziga xos “kognitiv skelet” vazifasini bajaradi. Ildiz — boshlanish, asos; tana — barqarorlik, tayanch; shox — rivojlanish, kengayish; meva — natija, hosil kabi kategoriya bilan bog‘lanadi. Bu universal model o‘zbek va nemis tillarida bir xil asosiy strukturalarga ega bo‘lsa-da, milliy tafakkur natijasida turlicha semantik boyishlarga uchragan. O‘zbek tilida “terakday bo‘y cho‘zdi”, “shoxlari keng odam”, “chinorday salobat” kabi ekspressiv birliklar mavjud bo‘lib, ular inson xarakteri va tashqi ko‘rinishini tabiat obyektlari orqali tasvirlashning ko‘p asrlik an’analarini aks ettiradi. Nemis tilida esa Eiche, Birke, Tanne kabi daraxtlar atrofida shakllangan ramzlar ko‘proq tarixiy-madaniy asosga ega bo‘lgan.
Dendronimlarning lisoniy manzaradagi o‘rni faqat metaforik kengayishlar bilan chegaralanmaydi. Ular tabiatni idrok qilish jarayonining markazida turadi. Daraxtning yil fasllariga qarab o‘zgarishi — bahordagi gullashi, yozdagi yashilligi, kuzda sarg‘ayishi, qishda yaproqsiz qolishi — inson ongida hayot, vaqt, o‘tkinchilik, yangilanish kabi fundamental kategoriyalarni shakllantiradi. Bu obrazlarning barchasi til orqali mustahkamlanib, lingvistik kodga aylanadi. Masalan, o‘zbek tilida “kuzgi yaproqlar” o‘tkinchilikning, “yashil novda” yangilanishning, nemis tilida Frühlingsblüte (bahor gullashi) umidning, Winterbaum sokinlik va kutishning ramzi sifatida ishlatiladi.
O‘zbek va nemis dendronimlarining qiyosiy tahlili shuni ko‘rsatadiki, har ikki madaniyatda daraxtlar insonning ruhiy olamiga, milliy o‘zligiga, tarixi va estetikasiga chuqur singib ketgan. O‘zbek xalq og‘zaki ijodida chinor, jiyda, archa obrazlari ko‘p uchrasa, nemis folklorida Rojdestvo archa daraxti, eman haqidagi afsonalar ustuvor o‘rin tutadi. Bu ramzlar lingvistik tizimda ham o‘z aksini topganligi bois lisoniy manzarada dendronimlar markaziy konseptlardan biriga aylangan.
Til va madaniyatning o‘zaro bog‘liqligi dendronimlar misolida, ayniqsa, yorqin namoyon bo‘ladi. Daraxtlarga nisbatan qadimdan shakllangan e’tiqodlar, urf-odatlar, mifologik qarashlar va marosimlar bugungi kunda ham ma’lum darajada saqlanib qolgan. O‘zbek xalqining qadimiy dunyoqarashida archa daraxtining muqaddas sanalishi, uni ko‘chaga ekishdan oldin duo qilish, archaning “yovuz kuchlarni qaytaruvchi” timsolidagi talqini lingvomadaniyatning chuqur qatlamlarini tashkil etadi. Shu tariqa archa konsepti o‘zbek ongida nafaqat botanik obyekt, balki himoya, poklik, ruhiy xotirjamlik timsoli sifatida mustahkam o‘rnashgan.
Nemis madaniyatida eman daraxti qadimiy german qabilalari tomonidan ilohiy kuchning ramzi sifatida talqin qilingan. Bugungi kungacha eman kuch, qat'iyat, milliy ruh timsoli bo‘lib qolmoqda. Rojdestvo archa daraxti esa xristian madaniyatining muhim belgisi sifatida ko‘plab madaniy qatlamlarni shakllantirgan. Bu ramzlar o‘z navbatida til birliklari orqali kodlanib, lingvistik tizimni boyitadi.
Psixolingvistika nuqtayi nazaridan dendronimlarning qabul qilinishi inson ongidagi assotsiativ tarmoqlar bilan bog‘liq. Masalan, “anor” so‘zi o‘zbek tilida ko‘proq “baraka”, “shirin meva”, “serhosillik”, “qadimiylik” kabi assotsiatsiyalarni yuzaga keltirsa, “archa” so‘zi “havo”, “tog‘”, “poklik”, “salqinlik” kabi tasavvurlarni uyg‘otadi. Nemis tilida esa eman — Eiche — “kuch”, “qattiq yog‘och”, “o‘rmon”, “barqarorlik” kabi tushunchalar bilan bog‘lanadi. Bu assotsiatsiyalar tilning semantik tizimiga chuqur singgan bo‘lib, madaniy tajribaning lingvistik shakllanishiga xizmat qiladi. [Kövecses, 2005 25 -p.].
Folklor, badiiy adabiyot, maqol-matallar, diniy matnlar va kundalik nutqdagi dendronimlar ham lingvomadaniy kodning faol komponenti hisoblanadi. O‘zbek she’riyatida chinor ko‘proq salobat va yurt timsoli sifatida, anor esa ishq va hayotning serhosilligi sifatida tasvirlanadi. Nemis she’riyatida esa Birke tasvirlari ko‘proq noziklik, poklik, bahoriy nafislik bilan bog‘lanadi. Bunday poetik tasvirlar tilning konseptual maydonini kengaytiradi, uni madaniy-estetik jihatdan boyitadi.
Har bir xalq o‘zining ko‘p asrlik hayoti davomida tabiat bilan o‘zaro munosabatda bo‘ladi, bu esa o‘simliklar haqidagi bilimlarning tilga ko‘chishiga sabab bo‘ladi. O‘zbek xalqida archa, chinor, jiyda, anor kabi daraxtlar qadimdan ma’naviy, ramziy va estetik mazmun bilan boyitilgan. Nemis tilida esa Eiche (eman), Birke (terak), Tanne (archa) singari o‘simlik nomlari tarixiy-mifologik qatlam va milliy identitet bilan bog‘langan. Shu bois, dendronimlarni kognitiv asosda o‘rganish ularning til tizimidagi semantik xususiyatlarini emas, balki xalq ongida shakllangan konseptual tuzilmalarni ham yoritadi.
Dendronimlarning konseptual tuzilishi ko‘p qatlamli bo‘lib, birinchi navbatda denotativ ma’no – ya’ni real o‘simlik haqida bilimlar – asos bo‘lib xizmat qiladi. Lekin, dendronimlarning eng muhim xususiyati shundaki, ular konnotativ, ramziy, lingvomadaniy va metaforik qatlamlardan iborat murakkab semantik struktura hosil qiladi. Masalan, o‘zbek tilidagi “chinor” konsepti nafaqat baland daraxtning nomi, balki «kattalik», «salobat», «barqarorlik» belgilarini ifodalaydi. Nemis tilida “Eiche” konsepti kuch, qat’iyat, milliy ruh timsoli sifatida milliy ongda mustahkam joylashgan. Bu, dendronimlarning til va madaniyatda o‘ziga xos konseptual maydon yaratishini ko‘rsatadi.
Kognitiv lingvistika dendronim-larning olamning lisoniy manzarasini shakllantirishdagi o‘rnini ham tahlil etadi. Olamning lisoniy manzarasi – bu xalqning dunyoni til orqali ko‘rishi, tasniflash va baholash usuli. O‘zbek tilida «Daraxt mevasidan bilinadi», «Terakdek bo‘y cho‘zdi» kabi iboralar o‘simlik nomlarining fikrlashdagi stereotiplar bilan bevosita bog‘liqligini ko‘rsatadi. Nemis tilidagi “Der Apfel fällt nicht weit vom Stamm” maqoli esa dendronim asosidagi konseptual metaforaning universal xususiyatga egaligini tasdiqlaydi.
Konseptual metaforalar dendro-nimlarning kognitiv tabiatini ochishda muhim vositadir. «Hayot daraxti», «shajara» (nemis tilida “Stammbaum”), «ildiz otmoq», «shoxlanmoq», «yaproqday uchmoq» kabi metaforalar tilning antropotsentrik mohiyatini namoyon qiladi. Bu metaforalar inson hayotini daraxtning o‘sishi, ildiz otishi, shoxlanishi bilan qiyoslash orqali kognitiv jarayonlarning asosiy mexanizmlaridan birini tashkil etadi. Natijada dendronimlar abstrakt tushunchalarni tushuntirishda konseptual modellarning tayanch nuqtasiga aylanadi [Kövecses, 2005. 84-p].
Dendronimlar lingvomadaniy mazmunga ham ega bo‘lib, ular xalqning urf-odatlari, marosimlari, qadriyatlarida mustahkam o‘rin tutadi. O‘zbek xalqida archa bilan bog‘liq marosimlar, anorning serhosillik ramzi sifatida qadrlanishi, jiydaning tabobat bilan bog‘lanishi – bularning barchasi dendronimlarning madaniy kodga aylanganidan darak beradi. Nemis madaniyatida esa Rojdestvo arxasi (Tannenbaum) umid, yangilanish va bayram ramzi sifatida yuzlab yillar davomida madaniy ikonaga aylangan. Demak, dendronimlar tilda antropologik funksiyani bajarib, xalq mentalitetini aks ettiradi.
O‘zbek va nemis tillaridagi dendronimlarning qiyosiy tahlili ular orasida umumiyliklar bilan birga, milliy xususiyatlar ham mavjudligini ko‘rsatadi. Umumiylik asosan konseptual metaforalarda namoyon bo‘ladi: daraxt – hayot, ildiz – kelib chiqish, shox – avlod tushunchalari barcha madaniyatlarda deyarli bir xil modellashtiriladi. Milliy xususiyatlar esa metaforik va ramziy ma’nolarning turlicha talqinida ko‘rinadi: o‘zbeklarda archa poklik timsoli bo‘lsa, nemislarda Tanne ko‘proq bayram, marosim bilan bog‘lanadi; o‘zbeklarda anor serhosillik belgisi, nemislarda esa olma shu funksiyani bajaradi.
Dendronimlarning til sistemasidagi funksional xususiyatlari ularning so‘z yasalishida faol qatnashishi orqali ham namoyon bo‘ladi. O‘zbek tilida archaqand, chinorlik, teraksimon kabi yasalma birliklar; nemis tilida esa Birkenholz, Eichwald, Apfelbaumgarten kabi birliklar dendronimlarning derivatsion poten-sialini ko‘rsatadi. Bundan tashqari, poetik matnlarda dendronimlarning estetik yuklama olish xususiyati she’riyatning obrazlar tizimida ularning o‘rnini mustahkamlaydi.
Yakuniy xulosa sifatida aytish mumkinki, dendronimlar kognitiv lingvistikaning eng faol o‘rganiladigan sohalaridan biridir. Ular inson dunyoqarashi, madaniy xotirasi va fikrlash mexanizmlari haqida boy ma’lumot beradi. Dendronimlarning konseptual, lingvomadaniy va semantik tahlili tilning antropotsentrik mohiyatini yanada chuqurroq ochib beradi. Kelgusida o‘zbek va nemis tillari materialida dendronimlarning assotsiativ tarmoqlarini, konseptual xaritalarini va psixolingvistik xususiyatlarini o‘rganish mazkur yo‘nalishning ilmiy qiymatini oshiradi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
Митанова Ш. Когнитивные основы дендронимов в лингвистике. В статье анализируются когнитивные основы дендронимов, их роль в концептуализации мира, ментальные категории, семантическая структура и культурные значения. На материале узбекского и немецкого языков рассматриваются концептуальные метафоры, символические смыслы и отражение этнокультурных представлений в названиях растений. Исследование раскрывает взаимосвязь дендронимов с мышлением и культурой, а также их место в языковой картине мира.
Mitanova Sh. Cognitive foundations of dendronyms in linguistics. This article explores the cognitive foundations of dendronyms, focusing on their conceptual structure, semantic layers, symbolic meanings, and cultural representations. Based on Uzbek and German data, the study examines how plant names contribute to the linguistic worldview through conceptual metaphors and mental categorization. The findings demonstrate the significant role of dendronyms in shaping the interaction between language, cognition, and culture.