TILSHUNOSLIKDA HAYVON VA O‘SIMLIK NOMLARINING O‘RGANILISH JIHATLARI

An‘ana va urf-odatlar, etnik va madaniy xususiyatlarni aks ettiruvchi olamning milliy lingvistik manzarasining bir qismi, eng boy, rang-barang mavzuli guruhlardan biri bo‘lgan hayvon va o‘simliklar nomlari lugʻaviy ma’nolari ustida tadqiqotlar olib borish uzoq vaqtlardan beri davom etib kelmoqda. Dunyoning turli til materiallari asosida bu yoʻnalish bo‘yicha ilmiy izlanishlar muvaffaqiyatli amalga oshirilganligiga qaramasdan, tilshunos olimlarning bu til obyektiga bo‘lgan qiziqishi susaymaydi, chunki hayvonlar va o‘simliklar nomlari milliy dunyoqarashni shakllantiruvchi omillardan biri hisoblanadi. Shu bois hayvonlar va oʻsimliklar nomlarini o‘rganish dolzarb bo‘lib qolaveradi.

Hayvonlarni sut emizuvchilar (umurtqalilar), o‘txo‘rlar, hamma narsani yeyaveradiganlar va hokazolarga biologik tasniflash ularning anatomik va fiziologik xususiyatlariga qarab amalga oshiriladi. Hayvonlar va o’simliklar, umuman tirik mavjudotlar nomlarini tillarda tasniflash inson hayotiy tajribasi asosida sodir boʻlgan. Kundalik hayotda hayvonlar odatda yovvoyi va uy hayvonlariga bo’linsa, oʻsimliklar madaniy va yovvoyi turlarga ajratiladi. Hayvonlar va oʻsimliklarning bunday universal tasnifi ularning odamlar uchun oziq-ovqat, foydali materiallar va uy-ro‘zg‘or ishlarida yordamchilar sifatida alohida ahamiyatga ega bo‘lganligi bilan izohlanadi.

Uy hayvonlari va madaniy oʻsimliklarni tasniflashda odamlar ulardan olinadigan foydali jihatlarni hisobga oladilar. Masalan: go‘sht, sut, mo’yna, un, moy, gazlama va boshqalar. Bundan tashqari, barcha tillarda odamlarning uy hayvonlari va madaniy oʻsimliklarga bo‘lgan alohida munosabatlarini alohida ta’kidlash lozim boʻladi. Ammo, ularning har xil tillardagi nomlari har doim ham hayvonlar va o‘simliklar dunyosining ilmiy tizimlashtirilishi bilan mos kelavermaydi.

Shunday qilib, biz ko‘rib chiqayotgan tillarda, ya’ni nemis va o‘zbek tillarida “Pflanze” oʻsimlik, “Tier” hayvon soʻzlarini hayot, jon, oʻsish, nafas olishni bildiruvchi soʻzlardan kelib chiqqan degan xulosaga kelishimiz mumkin.

“Zoonim” va “Fitonim” atamalari tilshunoslikda XX asrning 60-yillarida paydo bo‘lgan. XX asrning 70-yillariga kelib, olimlarning ushbu leksik guruhlarga bo‘lgan qiziqishi yanada ortdi va so‘nggi o‘n yilliklarda bu qiziqish so‘nmadi, aksincha, tobora chuqurlashdi. Zoonim va fitonim atamalariga bag‘ishlangan ilmiy izlanishlar juda ko‘p bo‘lsa-da, ularning frazeologik va paremiologik birliklar tarkibida chogʻishtirma holda qiyosiy tadqiq etilishi ko‘plab bahs-munozaralarga sabab boʻlmoqda. Chunki zamonaviy tilshunoslikda hayvonlar va o‘simliklar nomlarini qamrab olgan maxsus leksik va frazeologik birliklar atamalari majmuasi mavjud emas. Bu atamalarning kamchiliklari uning o‘ziga xos dualizmligidadir, u o‘ziga xos nutq harakatlarida va vaziyatlarda qo‘shimcha tushuntirishlarni talab qiladigan onomatologik va apellativ (qaytadan koʻrib chiqishni talab etuvchi) ma’nolarni o‘z ichiga oladi.

Ushbu leksika guruhi XX asrning so‘nggi yillaridan boshlab jadal o‘rganila boshlaganiga qaramay, tilshunos olimlar bu guruh soʻzlarini nomlashda har xil atamalardan foydalanadilar. Masalan: zooleksika, zoosemizm, zoomorfizm, zoometafora, “animalistik leksika”, “zoonim” va boshqalar (Solnseva, 2004; Galimova, 2004).

“Animalizm” “hayvon nomlari” yoki “hayvonot nomlari” atamasi “hayvonlarning nomlari” tematik guruhini nomlash uchun ham ishlatilishi mumkin (adabiyotda zoonimlar shunday ataladi, ammo, baʼzi olimlar bu atama “zoonim” tushunchasini toraytiradi, degan fikrda”) [Nikolayeva, 2020]. Ba’zi tilshunos olimlarning so‘zlariga koʻra, hayvon nomlaridan olingan barcha soʻzlarni animalizm deb, butun leksik-semantik guruhni esa “hayvonlarning nomlari” bilan bogʻliq hayvoniy animalistik leksika deb atash kerak.

“Zooleksika” (zoonimik leksika) atamasi nafaqat zoonimlarni, balki ularning hosilalarini ham bildirish uchun ishlatiladi. Toʻgʻridan-toʻgʻri (birlamchi) maʼnoda qoʻllaniladigan zoonomlarni baʼzi tilshunos olimlar zoosemizmlar, koʻchma maʼnoda qoʻllanganlarni (shaxsni tavsiflashda) zoomorfizmlar deb atashadi [Nikolayeva, 2020].

Yuqoridagilardan tashqari, B.A.Abramov tomonidan kiritilgan “faunonim” atamasi mavjud. Bu atama bilan u hayvonot dunyosi vakillarini bildiruvchi otlar guruhini nazarda tutgan. “Faunonim” atamasi boshqа olimlarning asarlarida ham qoʻllaniladi, ammo, bu tushuncha “zoonim” atamasi kabi keng tarqalmagan, chunki ikkinchisi nafaqat hayvonning nomlanishi, balki uy hayvonlarining taxallusi, atoqli ot sifatida ham tushuniladi. Ammo, ba’zi tadqiqotchilar uchun hozirgi vaqtda zoonimlardan nafaqat tegishli nomlarni, balki hayvonlarning nomlarini ifodalovchi boshqa so‘zlarni ham qoʻllash masalasi bahsli, munozarali bo‘lib qolmoqda.

Nemis tilidagi zoonimlarning metaforizatsiyasiga oid ilmiy maqolalarda polisemantik leksemalarni - hayvon nomlarini zoonimlar deb, turli metaforalangan leksik-semantik variantlarni zoometafora va metafora orqali odamga o‘tgan so‘zlarni zoomorfizm deb nomlash taklif qilinadi. N.V.Solnseva ham odamni tavsiflash va baholashda “zoomorfizm” atamasidan foydalanish tarafdori boʻlib, hayvonlarning bevosita nomlarini zoonimlar deb ataydi. U “zoonim”ni “umumiy lugʻat birligi” deb ataydi va u bir tomondan zoosemizmning “koʻrinishini”, ya’ni hayvonlarning (sut emizuvchilar, qushlar, hasharotlar va boshqalar) haqiqiy nomini olishi mumkinligini, boshqa tomondan, zoomorfizm, uning majoziy, metaforik varianti odamni har xil nuqtayi nazardan tavsiflaydi va baholaydi” [Solnseva, 2004].

A.S.Maslova hayvonlar nomlarining semantik tuzilishida birinchi (zoonim), ikkinchi (zoometafora) va oraliq nuqtayi nazar (zoomorfizm) kabi holatlarni ajratib koʻrsatadi. “Zoometaforadan farqli oʻlaroq, zoomorfizm muallif tomonidan individuallashtirilgan subyektiv belgini nomlash usuli sifatida qabul qilinadi.” [Maslova, 2013].

Ilmiy izlanishlarda zoonimlarning shaxsni tavsiflash uchun ishlatiladigan metaforik ma’nolariga katta e’tibor beriladi. Shunday qilib, M.N.Lapshina hayvon nomlari “asrlar davomida odamzotning metaforik otlarining paydo boʻlishi uchun boy va qiziqarli manba boʻlib xizmat qilib kelgan” deb hisoblaydi [Lapshina, 1998]. O.V.Galimovaning soʻzlariga koʻra, “shaxsni tavsiflovchi hayvon nomlarining etnik-madaniy oʻziga xosligini aniqlashda eng qulayi bu soʻzning leksik-semantik versiyasi sifatida tushuniladigan an’anaviy “zoonim” atamasi, hayvonning umumiy nomi sifatida ishlatiladi hamda leksik tahlil qilishda insonning hissiy-baholash xususiyatlari nuqtayi nazaridan metaforik nomlash sifatida, odamlarning lingvistik ongiga mos ravishda hayvonot dunyosining ma’lum bir vakili ishtirok etadi” [Galimova, 2004].

Ts.Ts.Ogdonovaning fikricha, “inson tafakkuri dunyoni antropomorf yoki zoomorfik tarzda aks ettirishga moyil. Ushbu aks ettirish natijalari koʻplab til birliklari tomonidan qayd etilgan, ular orasida soʻzlarning alohida turi zoomorfizmlar ajralib turadi. Zoomorfizmlar hayvonlarning real xarakter xususiyatlariga yoki xayoliy (subyektiv) sifatlariga asoslanadi, bu xususiyatlar odamlarning tasavvuri va ijodiy tafakkuri asosida yaratiladi. Zoomorfizmlar haqiqatan ham jonli va ifodali boʻlib, ularni tilning ekspressiv fondiga qoʻshsa boʻladi” [Ogdonova, 2000].

Biz ham, O.V.Galimovaning fikriga qoʻshilgan holda, “zoonim” atamasini ham hayvonlar nomini atash uchun, ham odamning xarakter xususiyatlarini tavsiflash uchun metaforik koʻchim sifatida qoʻllanilishi tarafdorimiz [Galimova, 2004].  “Zoonim”  atamasi eng qulay va keng tarqalgan ekanligini ta’kidlash muhimdir, chunki u hayvon nomini bildiruvchi so‘z ma’nosini hamda metafora, qiyoslash va frazeologik birliklar komponentini aniq ifodalaydi. Bundan tashqari, Ts.Ts.Ogdonovaning hayvonlarning odamlarga oʻtgan sifatlari, xarakter xususiyatlarini ifodalovchi zoomorfizmlarda aks etgan [Ogdonova, 2000] inson tafakkurining antropomorfligi va zoomorfligi haqidagi gʻoyasida haqiqat yotadi. Shunday qilib, bizning ishimizda “zoonim” atamasi uy hayvonlari va yovvoyi hayvonlar, uy va yovvoyi parrandalar, sudraluvchilar, kemiruvchilar, hasharotlar belgilarini oʻz ichiga oladi. Shunga koʻra, ushbu tadqiqot ishimizda zoonimlar hayvonlarning umumiy nomlari boʻlib, koʻchma ma’noda (odamni tavsiflashda) ishlatiladigan hayvonlar nomlari ham zoomorfizm sifatida belgilanadi.

Tilshunoslik bilan bogʻliq soha olimlari zoonimlarni turli jihatlardan ilmiy oʻrganadilar: etimologik jihatdan; dunyo manzarasining turli til madaniyatlarida aks etishi nuqtayi nazaridan; frazeologik birliklarning komponent tarkibi sifatida va boshqa jihatlardan [Yaxshiyev, 2022].

Zoonimlarni qiyosiy tahlil qilish bilan Germaniya, Rossiya, Xitoy va boshqa xorijiy mamlakatlar olimlari ham shugʻullanganlar (Solnseva, Abdulkarimova, Djabarova va boshqalar). Soʻnggi yillarda bu sohada, ayniqsa, xitoy tilshunoslari faollik koʻrsatmoqda (Lin Li, Yao Xue, Geng Yuanyuan va boshqalar). Koʻpgina tadqiqotchilar zoonimlarni badiiy asarlarda oʻrganadilar (Gafarova, Xolibekova, Salnikova va boshqalar).

Zoonimikaga oid ilk ilmiy maqola sifatida mashhur turkolog N.K.Dmitriyevning maqolasini aytish mumkin. Ushbu maqolada SSSR Fanlar akademiyasining 1928 yildagi lingvistik-folklor ekspeditsiyasi natijalariga asoslanib, boshqird tilida itlarning taxalluslari tahlil qilingan. Trubachyev slavyan tillaridagi zoonimlarni ilmiy oʻrgangan boʻlsa [Trubachyev, 1960], turkologiyada A.M.Sherbakning “Turk tillarida uy va yovvoyi hayvonlar nomlari” maqolasi, “Turkiy tillar lug‘atining tarixiy rivojlanishi” to‘plamida chop etilgan [Sherbak, 1961].

O.K.Xolibekovaning tadqiqotlari zoonimlarni qiyosiy tadqiq qilish sohasida alohida qiziqish uygʻotadi. Olim qardosh bo‘lmagan tillardagi zoonomlarning mos kelishini ham ko‘rib chiqqan. Tilshunos olim K.T.Gafarova oʻz tadqiqotlarida xalqlarning an’anaviy hayoti va diniy tizimini tavsiflab, ma’lum bir hayvonning diniy e’tiqod va marosim harakatlari tizimidagi ahamiyatiga baho bergan.

Soʻnggi oʻn yilliklarda kognitiv fan sohasidagi tadqiqotlar faollashdi. Etnolingvokulturologiyaga bagʻishlangan tadqiqotlar paydo boʻla boshladi, masalan, Sh.Safarovning bu boradagi tadqiqotlarini keltirishimiz mumkin. Qiyosiy tarixiy tadqiqotlar hozirgi kunda ham olimlar tomonidan ham olib borilmoqda. Xususan, O.K.Xolibekovaning “Oʻzbek va ingliz tillarida zoonim va fitonim komponentli frazeologik birliklarning semantik-struktur tadqiqi” nomli dissertatsiyasida oʻzbek va ingliz tillaridagi hayvonlar nomlarini tahlil qilgan [Xolibekova 2022]. Yu.N.Isayevning zamonaviy kognitiv tilshunoslikning dolzarb muammolaridan biri – hayvoniy bilish, hayvoniy (zoonimik) metaforizatsiya va qiyosiylashtirishga bagʻishlangan monografiyasida ham qator tahlillar amalga oshirilgan [Isayev, 2016].

K.T.Gafarovaning “Tojik, nemis va rus tillaridagi zoonim va fitonim komponentli frazeologik birliklarning qiyosiy tahlili” nomli nomzodlik dissertatsiyasida qardosh boʻlmagan tillarning hozirgi holatini oʻrganish nuqtayi nazaridan ham, qiyosiy tarixiy tahlil nuqtayi nazaridan ham keng koʻlamli ilmiy izlanish olib borilgan [Gafarova, 2007].

Yuqorida keltirilgan ilmiy tadqiqotlarning asosiy maqsadi “hayvon nomlari” mavzuli guruhning tarixiy-etimologik, lingvo-geografik va so‘z yasalishi-semantik tahlilidir. Ushbu tadqiqotimizning maqsadi nemis va oʻzbek tillarining zoonim va fitonim qatlamini taqqoslash va metafora, ibora, maqol hamda aforizmlarning bir qismi sifatida zoonimik lugʻat tarkibiy qismining faolligini milliy oʻziga xosligi va mazmunan xilma-xilligini oʻrganish va aniqlashdan iborat. Bizning tadqiqotimiz hayvonlar va oʻsimliklar dunyosining nomlari tarkibiy qismiga aylangan frazeologik birliklarni ilmiy nuqtayi nazardan tadqiq qilishni nazarda tutadi va ularning lugʻatlarda berilishi hamda badiiy asarlarda lingvokulturologik jihatdan qoʻllanilishlarini tahlil qiladi.

 

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

 

  1. Бинович Л.Э.   Немецко-русский   фразеологический    словарь    / Л.Э. Бинович. – М.: Аквариум, 1995. – 768 с.
  2. Галимова О.В. Этнокультурная специфика зоонимической лексики, характеризующей человека: на материале русского и немецкого языков: автореф. дис. … канд. филол. наук: 10.02.20 / Галимова Ольга Владимировна. – Уфа, 2004. – 22 с.
  3. Исаев Ю.Н. Анималистическая когниция. Метафора и сравнение / Ю.Н. Исаев, В.И. Сергеев, Н.В. Николаева. – Чебоксары: Изд-во Чуваш. ун-та, 2016. – 260 с.
  4. Лапшина М.Н. Семантическая эволюция английского слова (изучение лексики в когнитивном аспекте) / М. Н. Лапшина. – СПб. : Изд-во Санкт- Петербург. ун-та, 1998. – 159 с.
  5. Маслова А.С. Использование индекса инвективности при характеристике зоометафор в современном русском языке / А.С. Маслова // Научные ведомости Белгородского государственного университета. Серия гуманитарные науки. – 2013. – № 13. – C. 51–58.
  6. Мокиенко В.М. Большой словарь русских народных поговорок / В.М. Мокиенко, Т.Г. Никитина. – М.: Олма медиа групп, 2007. – 784 с.
  7. Николаева Н.В. Фразеологизмы с анималистическими компонентами в разных языках / Н.В. Николаева // Лингвистика, лингводидактика, переводоведение: актуальные вопросы и перспективы исследования: междунар. науч.-практ. конф. – Чебоксары, 2020. – С. 100–104.
  8. Огдонова Ц.Ц. Зооморфная лексика как фрагмент русской языковой картины мира: автореф. дис. … канд. филол. наук: 10.02.01 / Огдонова Цырена Цыцыковна. – Иркутск, 2000. – 21 с.
  9. Сафаров Ш.С. Когнитив тилшунослик. – Жиззах: Сангзор нашриёти, 2006. – 96 б.
  10. Солнцева Н.В. Сопоставительный анализ зоонимов русского, французского и немецкого языков в этносемантическом аспекте: автореф. дис. ... канд. филол. наук: 10.02.20 / Солнцева Наталья Владимировна. – Омск, 2004. – 32 с.
  11. Трубачев О.Н. Происхождение названий домашних животных в славянских языках / О.Н. Трубачев. – М.: Изд-во АН СССР, 1960. – 116 с.
  12. Щербак А.М. Названия домашних и диких животных в тюркских языках / А.М. Щербак // Историческое развитие лексики тюркских языков. – М., 1961. – С. 83–172.
  13. Duden. Band 11: Redewendungen und sprichwörtliche Redensarten: Idiomatisches Wörterbuch der deutschen Sprache. – Mannheim: Bibliographisches Institut, 1992. – 934 S.
  14. Duden. Die Grammatik. 4. –Mannheim e.a.: Dudenverlag, 1998. –912 S.
  15. Gibbs R.W., Steen G. (Ed.). Metaphor in cognitive linguistics: Sel. papers from the Fifth Intern. Cognitive linguistics conf., Amsterdam, 1997 / Ed. by Gibbs. R.W. jr., Steen G.– Amsterdam;Philadelpia:Benjamins, 1999. – VIII, 233 p.
  16. Gibbs R.W. Idioms and Formulaic Language / R.W. Gibbs // The Oxford Handbook of Cognitive Linguistics. – New York: Oxford University Press, 2007. – pp. 697–725.
  17. Yaxshiyev A.A. Grundlagen der Allgemeinen und deutschen Phraseologie. – Samarkand: SamSIFS, 2022. – 64 S.

 

Jo‘raqulov A. Способы изучения названий растения  и животных в лингвистике. В данной статье анализируются проблемы, связанные с изучением названий растения и животных с научной точки зрения. А также проанализированы ряд научно-теоретических работ посвященные данной тематике.

 

Jurakulov A. Aspects of Studying the Names of Animals and Plants in Linguistics. T his article examines the challenges involved in learning the names of animals, plants, and related concepts from a scientific perspective. Additionally, it investigates the theoretical aspects of several scientific research studies on this topic.

 

 

Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati