TILSHUNOSLIKDA KINOYA TUSHUNCHASINING NAZARIY TALQINI

Zamonaviy tilshunoslikda kinoya nutqning pragmatik va semantik jihatlari bilan chambarchas bog ‘liq holda tahlil qilinadi. Kinoya aytilgan so'zning literal ma’nosi bilan nutq egasi nazarda tutgan haqiqiy ma’no o‘rtasidagi tafovut orqali yuzaga keladi va uni to‘g‘ri anglash uchun nutq konteksti, kommunikativ vaziyat, intonatsiya va madaniy omillar muhim ahamiyat kasb etdi. Shu jihatdan kinoya tilshunoslikning pragmatika, diskurs tahlili, kognitiv lingvistika va psixolingvistika yo ‘nalishlarida alohida o‘rganilmoqda.

Kinoya (irony) — tilshunoslik va madaniyatshunoslikda keng o‘rganilgan murakkab fenomenlardan biri hisoblanadi. U nutq jarayonida subyektning o‘z fikrini bevosita emas, balki yashirin yoki bilvosita tarzda ifodalash vositasi sifatida namoyon bo‘ladi. Kinoya kommunikativ jarayonda muhim ijtimoiy va pragmatik rol o‘ynab, insonning subyektiv tajribasini boyitadi hamda uning dunyoqarashi, madaniy muhit va tafakkur shakllari bilan chambarchas bog‘liqdir. Shu sababli kinoya nafaqat tilshunoslikda, balki falsafa, adabiyotshunoslik va madaniyatshunoslik fanlarida ham muhim tadqiqot obyektlaridan biri sifatida qaraladi.

Kinoya tushunchasining ilmiy tahlili qadimgi antik davrlardan boshlab rivojlanib kelgan. Antik falsafada kinoya bilish jarayoni va dialogik muloqotning muhim vositasi sifatida talqin qilingan. Xususan, Suqrot kinoya usuli suhbatdoshni haqiqatni izlashga undovchi metod sifatida qaralgan. Keyinchalik Aristotel kinoyani nutqning uslubiy vositalaridan biri sifatida tavsiflab, uning ma’no va ifoda o‘rtasidagi qarama-qarshilikka asoslanishini ta’kidlagan[1].

Keyingi davrlarda kinoya tushunchasi falsafiy tafakkur doirasida yanada chuqurroq o‘rganildi. Nemis klassik falsafasi vakillaridan biri bo‘lgan Georg Vilgelm Fridrix Hegel kinoyani subyektiv ongning voqelikka nisbatan tanqidiy munosabatini ifodalovchi hodisa sifatida izohlagan. XIX asr faylasufi Soren Kierkegor esa kinoyani shaxsning ichki erkinligi va mavjudlik shaklini ifodalovchi falsafiy kategoriya sifatida talqin qilgan.

Shuningdek, Ueyn C. But [But,1961: 158-159] kinoyani adabiy va retorik kommunikatsiya vositasi sifatida ko‘rib, uning yuzaki va yashirin ma’no o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqligini tahlil qiladi va kinoyaning auditoriya tomonidan anglanishidagi kontekstual ahamiyatini ta’kidlaydi.

Kinoya (ironiya) tushunchasining paydo bo‘lishi qadimgi antik davrga borib taqalib, dastlab falsafiy va ritorik nutq jarayonida shakllangan. “Ironiya” so'zi (yunoncha eirōneia – aytish yoki so‘rash) Suqrot dialoglardan oldin maqtanish yoki kamsitish ma'nosida ishlatilgan bo'lib, salbiy ma'noda qo‘llangan.  Ammo o‘sha davrning o‘zida ham ironiya tushunchasi turli faylasuflar tomonidan turlicha talqin qilingan. “Masalan, antik davr faylasuflari, xususan Suqrot, Platon va Aristotel ironiya tushunchasini turli kontekstlarda turlicha talqin qilgan. Ularning asarlari va nazariyalari orqali ironiya va kinoyaning ma’nosi va qo‘llanilishini batafsil ko‘rib chiqamiz.”

Suqrot va ironiya. Ironiyaning falsafiy kategoriya sifatida shakllanishi qadimgi yunon faylasufii, xususan, Suqrot faoliyatiga borib taqaladi. Garchi “Suqrot kinoyasi” (Socratic irony) atamasi keyingi davrlarda paydo bo‘lgan bo‘lsa-da, uning mazmun-mohiyati Suqrotning suhbat olib borish usulida yaqqol namoyon bo‘ladi. Tadqiqotchilar ta’kidlaganidek, Suqrotning mashhur “Men faqat shuni bilamanki, hech narsani bilmayman” degan pozitsiyasi ham aynan ironik xarakterga ega. U o‘zining bilimsizligini ta’kidlagandek ko‘rinsa-da, aslida bu holat haqiqiy bilimsizlik emas, balki maqsadli ritorik strategiya bo‘lib, suhbatdoshning qarashlari va bilimlarini sinovdan o‘tkazishga xizmat qilgan. Shu sababli Knox Suqrot ironiyasini “masxara qiluvchi maqtov va soxta kamtarlik” shakli sifatida tavsiflaydi [Knox, 1972: 3].

Suqrot ironiyasining asosiy maqsadi raqibni sharmanda qilish emas, balki uni o‘z bilimsizligini anglashga va haqiqatni birgalikda izlashga undashdan iborat bo‘lgan. Shu sababli ironiya Suqrot uchun oddiy stilistik vosita emas, balki bilishning muhim falsafiy metodi hisoblangan. U insonni o‘z bilimiga tanqidiy qarashga, mavjud tasavvurlarni qayta ko‘rib chiqishga va chin haqiqatga yaqinlashishga xizmat qilgan. XIX asr faylasufi Soren Kierkegor ushbu masalani o‘zining The Concept of Irony (“Kinoya tushunchasi”) asarida chuqur tahlil qilgan [Kirkegor, 1841: 200–205].

Platon va Suqrot ironiyasi. Suqrotning eng mashhur shogirdi hosiblangan Platon ustozining ironik suhbat usulini o‘z asarlarida badiiy-falsafiy shaklda davom ettiradi. U o‘zining Gorgias asarida Suqrotning savol-javobga asoslangan kinoyaviy yondashuvi orqali axloq, adolat va haqiqat masalalari muhokama qilgan. Platon ironiyani shunchaki nutqiy bezak sifatida emas, balki falsafiy haqiqatga erishish vositasi sifatida ko‘rgan. Shu bilan birga, u ironiyaning salbiy jihatlariga ham e’tibor beradi, uni ayrim hollarda “vulgar ifoda(qo‘pol masxaraviy ifoda usuli) va tanqid”, shuningdek, “ayyor, masxara qiluvchi yolg‘on va aldov” bilan bog‘lagan [Knox, 1972: 3]. Bu xususiyatlar qadimgi yunon madaniyatida ayyorlik va makkorlik timsoli hisoblangan tulki obrazi orqali ifodalangan. Biroq Platon uchun Suqrot ironiyasining asl mohiyati aldash emas, balki suhbatdoshning qarashlarini tanqidiy tahlil qilish va uni haqiqatni mustaqil ravishda anglashga yo‘naltirishdan iborat edi. Shu sababli Platon ironiyani nafaqat argumentatsion vosita, balki inson tafakkurini rivojlantirish, mavjud stereotip (an’anaviy tasavvurlar) va xurofotlarni fosh etish hamda ijtimoiy haqiqatni ochib berishga xizmat qiluvchi muhim falsafiy metod sifatida baholaydi. Natijada Suqrot tomonidan amaliyotda qo‘llangan ironik usul Platon ijodida nazariy asoslangan falsafiy tamoyil darajasiga yetkazildi.

Aristotel va ironiya. Qadimgi yunon faylasufi Aristotle ironiyani asosan ritorik va nutq san’ati sifatida talqin qilgan. U o‘zining Rhetoric (“Ritorika”) asarida ironiyani nutqning muhim stilistik vositalaridan biri sifatida tariflaydi. Aristotel ironiyani hazil bilan qiyoslash orqali, ularning vazifasi va maqsadi o‘rtasidagi farqni ko‘rsatadi: hazil ko‘proq boshqalarni kuldirishga qaratilgan bo‘lsa, ironiyada shaxs o‘zini kamtar, sodda yoki bilimsiz qilib ko‘rsatib yashirin ma’noni ifodalaydi. Shu sababli ironiya so‘zning bevosita (literal) ma’nosi bilan nazarda tutilgan ma’no o‘rtasidagi tafovutga asoslanadi. Aristotelning fikriga ko‘ra, kinoyachi ochiq aytish noqulay bo‘lgan fikrlarni bilvosita shaklda ifodalab, tinglovchini mustaqil xulosa chiqarishga undagan. Bu esa ironiyani nafaqat kulgi uyg‘otuvchi usul, balki muloqotning nozik va ta’sirchan shakliga aylantiradi. Shunday qilib, Aristotel ironiyani oddiy hazil vositasi sifatida emas, balki nutqning estetik jozibadorligini oshiruvchi, fikrni ta’sirchan va nafis tarzda yetkazishga xizmat qiluvchi muhim ritorik hamda pragmatik vosita sifatida baholagan.

Antik davr faylasuflari kinoya tushunchasini yagona nutqiy birlik sifatida talqin qilinmagan. Suqrot uni pedagogik va falsafiy vosita sifatida ishlatgan bo‘lsa, Platon Suqrot kinoyasini dialoglarda aks ettirgan va bilimni ochish vositasi sifatida qo‘llagan. Aristotel esa ironiyani adabiy va nutqiy metod sifatida talqin qilgan. Shu tarzda antik davrda ironiya tushunchasi turli yondashuvlar orqali shakllangan.

Antik davrdan keyingi davrda kinoya tushunchasi falsafiy tafakkurda subyektivlik, tanqidiy ong va mavjudlik masalalari bilan uzviy bogʻliq holda rivojlandi. Oʻrta asrlar va Uygʻonish davrida ingliz tilida “irony” shakli paydo boʻlgan boʻlsa-da, biroq u dastlab faqat ilmiy, falsafiy yoki ritorik matnlarda ishlatilgan.  Keyinchalik, ya’ni XVIII asrda (Daniyel Defo davri) “irony” keng tarqalib, adabiy va kundalik nutqda ham qo‘llana boshlagan. Bu davrda kinoya hali ham asosan ritorik vosita ya’ni understatement(kichraytirish), litotes (inkor) va meiosis (ataylab kichraytirish) sifatida qaralgan. XIX asr boshida esa nemis romantizmi (Fridrix Shlegel, Novalis, Ludvig Tik davrida) kinoya tubdan oʻzgaradi va romantik kinoya sifatida falsafiy-estetik tamoyilga aylandi.

Romantiklar kinoyani cheksiz mutlaq salbiyat (infinite absolute negativity) deb taʼrifladilar: bu subyektning hamma narsani (shu jumladan oʻzini ham) masxara qilish orqali cheklanganlikdan ozod boʻlishi, doimiy oʻz-oʻzini tanqid qilish va mutlaq haqiqatga yetib boʻlmasligini anglash usuli edi. Kinoya endi faqat nutqiy figura emas, balki sanʼat, hayot tarzi va falsafiy pozitsiyaga aylandi – mutlaq haqiqat yoʻqligi sababli har qanday dogmatizmni (ma’lum bir g‘oya yoki ta’limotni ) rad etish va cheksiz izlanishni talab qiluvchi holat hisoblangan.

Georg Vilgelm Fridrix Hegel (1770–1831) romantik kinoya nazariyasining eng keskin tanqidchilaridan biri hisoblanadi. U, Lectures on Aesthetics va Lectures on the History of Philosophy asarlarida romantik kinoyani tanqid qilib, uni Eitelkeit (“bema’ni fahrlanish”, “manmanlik” ), “mutlaq sofizm” “mohirona fikr”, “hiylali dalil”), “yovuzlik” va nihilizm (lotincha nihil — “hech narsa”) bilan bog‘laydi. Hegel nazarida nihilizm obyektiv haqiqat, ma’no va qadriyatlarning mavjudligini inkor etuvchi qarash bo‘lib, u barcha axloqiy, diniy va ijtimoiy me’yorlarni nisbiy va asossiz deb hisoblaydi. Shu sababli Hegel romantik kinoyani har qanday qat’iy haqiqat va qadriyatlarni rad etuvchi, ammo ularning o‘rniga yangi mazmun taklif qilmaydigan pozitsiya sifatida baholaydi. Uning fikricha, bunday yondashuv san’at va falsafani konstruktiv rivojlanishdan mahrum qilib, ularni mutlaq inkor va subyektivlik tomon yetaklaydi. Hegel kinoyani faqat haqiqatni ochishga xizmat qilgan holatda, xususan, Suqrot qo‘llagan dialektik metod shaklida qabul qiladi. Aks holda, u kinoyani shaxsning o‘zini mutlaq mezon sifatida qo‘yishiga olib keluvchi subyektiv egoizm va “mutlaq negativlik”ning ifodasi deb hisoblaydi. Shu bois Hegel romantik kinoyani o‘z davrining muhim madaniy va falsafiy tahdidi sifatida ko‘rgan, chunki u uning sistemali falsafa hamda mutlaq ruh (Geist) haqidagi ta’limotiga zid edi.

Bottom of Form

Soren Kierkegor (1813–1855) kinoyani mavjudlik falsafasining (ekzistensializmning) muhim kategoriyalaridan biriga aylantirgan mutafakkirlardan biri hisoblanadi. Uning 1841-yilda yozilgan The Concept of Irony (“Kinoya tushunchasi (Suqrotga doimiy havola bilan)”) asarida kinoya “cheksiz mutlaq salbiyat” (infinite absolute negativity) sifatida talqin qiladi. Bu tushuncha subyektning o‘z “men”ini anglash jarayoni va jamiyatdagi mavjud qadriyatlarni tanqidiy qayta ko‘rib chiqish imkonini beruvchi falsafiy qarashni anglatadi.

Kierkegaard kinoyani Georg Vilgelm Fridrix Kierkegor kinoyani ikki asosiy turga ajratadi: birinchisi — sinovchi (verbal yoki ritorik) kinoya, ya’ni nutq va yozma ifoda orqali jamiyatdagi qarama-qarshiliklarni ochib beruvchi, ko‘pincha Suqrot uslubiga yaqin tanqidiy dialog shakli hisoblanadi;

 ikkinchisi — xayoliy (ekzistensial) kinoya, ya’ni shaxs ongida yuzaga keladigan ichki ziddiyat, insonning o‘z mavjudligini anglab borishi va ijtimoiy muhitdan masofalanishi bilan bog‘liq holatdir.

Hegel va romantik mutafakkirlar idealizmiga qarshi qo‘yilgan tanqidiy vosita sifatida ham ko‘radi. Uning fikricha, kinoya hodisa va mohiyat o‘rtasidagi ziddiyatni yuzaga chiqaradi: tashqi ifoda ko‘pincha ichki mazmunning teskarisini anglatadi. Shu bilan birga, kinoya insonning subyektiv erkinligini saqlab qoladi, biroq u yakuniy maqsad emas, balki individni estetik, etik va diniy bosqichlarga olib o‘tuvchi oraliq bosqich sifatida xizmat qiladi.

Shu tariqa, antik davrdan boshlab kinoya oddiy ritorik figura darajasidan asta-sekin falsafiy va ekzistensial kategoriyaga aylangan: romantizmda u cheksiz salbiylik va o‘zini inkor etish shakli sifatida, Hegelda esa subyektivizm va xavfli negativlik sifatida talqin qilingan bo‘lsa, Kierkegaardda u insonning mavjudligini anglash va erkinlikni saqlash vositasiga aylangan. Bu evolyutsiya kinoyani nafaqat falsafa, balki til va ma’no nazariyalarining ham muhim obyektiga aylantirdi.

Kinoya (ironiya) tushunchasi tilshunoslikda lingvistik, pragmatik va madaniy kontekst nuqtai nazaridan talqin qilinadi. Antik davrda Suqrot, Platon va Aristotel kinoyani epistemologik va retorik vosita sifatida ishlatgan bo‘lsa, XIX asrda Hegel uni tarixiy va ijtimoiy ong vositasi sifatida, Kirkegor esa sub’ektiv va ekzistensial fenomen sifatida talqin qilgan. Shu bilan birga, Kuno Fisher va Richard Kroner Hegel tafakkurini tizimli va tarixiy kontekstda sharhlab, kinoyaning falsafa tarixidagi o‘rnini ilmiy asosda ko‘rsatgan. T. M. Knox [ Knox, 1972:173-180] esa Hegelning Jena davridagi tizimli izlanishlarini tahlil qilgan va kinoyaning metodik ahamiyatini yoritgan.

Pol Grays nutqdagi kinoyani konversatsiya printsiplari va maksimalarning buzulishi orqali tushuntiradi [Grays,1975:44-45]. Unga ko‘ra, nutq egasi yuzaki ma’no orqali tinglovchini ma’lum inferensiyalar chiqarishga undaydi. Masalan, so‘zlovchi biror haqiqatni to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytmay, aks ma’noni ifodalaydi, tinglovchi esa kontekst va ko‘rsatilgan signallar yordamida asl niyatni anglaydi. Graysning nazariyasi kinoyaning lingvistik va pragmatik mexanizmlarini aniqlashda asosiy ilmiy baza hisoblanadi.

Sperber va Uilson esa kinoyani relevance theory asosida tahlil qilib, uni echoic mention  (aks ettirish) sifatida talqin qiladi [Sperber va Uilson,1995:48-50, 239-240]. Bu nuqtai nazarga ko‘ra, kinoya odatda avvalgi fikr yoki normaning aksini ifodalaydi va uning to‘g‘ri tushunilishi tinglovchining kognitiv resurslari va kontekstual ma’lumotlarga bog‘liq. Ular shuningdek, kinoyaning infersial va pragmatik tabiatini yoritib, uning nafaqat nutq uslubi, balki ijtimoiy va psixologik kontekstga ham tayanishini ko‘rsatadilar.

Zamonaviy tilshunoslik va ritorika nazariyasida kinoyaning muhim talqinchilaridan yana biri Ueyn C. But (Wayne C. Booth) hisoblanadi. Uning 1974-yilda chop etilgan "The Rhetoric of Irony" asarida kinoya adabiy va ritorik kommunikatsiyaning murakkab vositasi sifatida ko‘rib chiqiladi. But kinoyani ikki asosiy turga ajratadi: barqaror (stable) kinoya va beqaror (unstable) kinoya.

Barqaror kinoyada ma’no aniq teskari bo‘lib, o‘quvchi yoki tinglovchi tomonidan kontekst, uslubiy zidliklar, muallifning qadriyatlari va madaniy kodlar asosida rekonstruksiya qilinadi. Bu jarayon to‘rt bosqichdan iborat: 1) yuzaki ma’noni rad etish; 2) muqobil talqinlarni ko‘rib chiqish; 3) muallifning haqiqiy niyatini baholash; 4) yangi, barqaror ma’noni qabul qilish. Natijada kinoya ironist va auditoriya o‘rtasida yaqinlik va umumiy tushunishni yaratadi – bu kommunikativ intimlik (intimacy) deb ataladi.

Beqaror kinoyada esa ma’no cheksiz salbiyatga (infinite negativity) olib borishi mumkin, ya’ni doimiy shubha va yangi talqinlar zanjiri yuzaga keladi (romantik kinoyaga o‘xshash). Butning fikricha, samarali kinoya ko‘pincha barqaror bo‘lib, auditoriyani muallifning dunyoqarashiga yaqinlashtiradi va nutqning ritorik kuchini oshiradi. Bu yondashuv kinoyani nafaqat semantik tafovut, balki ijtimoiy va madaniy hamkorlik vositasi sifatida ko‘rsatadi [Ueyn C. But, 1974:158-159].

Psixolingvistik tadqiqotlar nuqtai nazaridan, Roger J. Kruz kinoyaning kognitiv va kontekstual xususiyatlarini o‘rganadi. U kinoyaning tinglovchi tomonidan qabul qilinishi ilgari qabul qilingan bilimlar, kontekstual signallar va intonatsiyaga bog‘liqligini ko‘rsatadi. Shuningdek, Kruz ironik nutqning psixologik qayta ishlanishi va tinglovchining inferensial qobiliyati bilan chambarchas bog‘liq ekanini ilmiy jihatdan tasdiqlaydi.

Zamonaviy tilshunoslikda kinoya pragmatik va semantik jihatdan chuqur oʻrganilishi natijasida uning bir necha asosiy turlari ajratib koʻrsatilgan. Bu tasniflar asosan verbal (ogʻzaki) kinoyaga asoslangan boʻlib, pragmatika (Grays, Sperber va Vilson), psixolingvistika va diskurs tahlili yoʻnalishlarida rivojlangan. Eng keng tarqalgan va ilmiy adabiyotda qoʻllaniladigan tasnif quyidagicha:

Verbal (ogʻzaki) kinoya — nutqda yuzaki (literal) maʼno bilan haqiqiy (intendlangan) maʼno oʻrtasidagi ziddiyatga asoslangan eng keng tarqalgan tur. Bu yerda soʻzlovchi soʻzlarning teskarisini nazarda tutadi.

Masalan:"Qanday ajoyib ob-havo!" (yomgʻir yogʻayotganda, yaʼni aksincha).

Pragmatik nazariyalarda (Grays 1975) bu konversatsiya maksimalarining (ayniqsa, sifat maksimasi) buzilishi orqali, Sperber va Vilson (1995) relevance theory boʻyicha echoic utterance (aks ettiruvchi gap) sifatida talqin qilinadi.

Situational (vaziyatga xos) kinoya — kutilgan natija bilan haqiqiy natija oʻrtasidagi keskin farq. Bu nutqdan emas, balki voqea yoki holatdan kelib chiqadi.

Masalan: yongʻin oʻchirish mashinasi yongʻin chiqqan joyda yonib ketishi.

Zamonaviy lingvistikada bu tur ijtimoiy va kognitiv kontekstda oʻrganiladi, chunki u madaniy kutishlar va real voqealar zidligiga asoslanadi.

Dramatic (dramatik) kinoya — tomoshabin yoki oʻquvchi voqea haqida personajlardan koʻproq biladi. Bu asosan adabiyot va dramaturgiyada qoʻllaniladi.

Masalan: Shekspirning "Romeo va Juliet" asarida oʻquvchi Julietning oʻlimini soxta deb biladi, lekin Romeo buni bilmaydi.

Tilshunoslikda bu tur pragmatik va diskurs tahlilida "bilim assimetriyasi" (knowledge asymmetry) sifatida koʻrib chiqiladi.

Ammo baʼzi olimlar verbal kinoyani ichki turlarga ajratadilar:

Suqrotik kinoya — Suqrot usuli: oʻzini bilimsiz qilib koʻrsatib, suhbatdoshning bilimsizligini fosh etish (antik ildizlari bor, lekin zamonaviy pragmatikada pedagogik vosita sifatida oʻrganiladi).

Sarkazm — verbal kinoyaning oʻta salbiy, masxara va tanqidiy shakli (intonatsiya va kontekst orqali kuchayadi).

Understatement / overstatement — kamaytirib yoki oshirib koʻrsatish orqali kinoya yaratish.

Shu tarzda zamonaviy tilshunoslikda kinoya nafaqat stilistik figura sifatida, balki multidimenzional lingvistik fenomen sifatida o‘rganiladi. U pragmatik inferensiyalar, semantik tafovutlar, psixologik kognitsiya va sotsiokultural kontekst bilan chambarchas bog‘liqdir. Bu yondashuv kinoyani nutq, madaniyat va kommunikatsiya kontekstida chuqurroq tushunishga imkon yaratadi.

Shu bilan birga, kinoya (ironiya) tushunchasi tilshunoslikda, falsafada va adabiyotshunoslikda ko‘p qirrali fenomen sifatida qaraladi. Semantik-pragmatik o‘lchov va sotsiokultural-kontekstual o‘lchov orqali amalga oshirilgan tahlil, kinoyaning murakkab va ko‘p o‘lchovli tabiatini yanada aniqroq tasvirlaydi. Semantik-pragmatik o‘lchov kinoyaning yuzaki leksik ma’nosi bilan bildiruvchi ma’no o‘rtasidagi tafovutni yoritib, uning kommunikativ va pragmatik funktsiyalarini tushunishga yordam beradi. Sotsiokultural va kontekstual o‘lchov esa kinoyaning ijtimoiy va madaniy nuqtai nazardan qanday shakllanishi va qanday qabul qilinishini ko‘rsatadi. Natijada, kinoya zamonaviy tilshunoslikda nafaqat lingvistik hodisa sifatida, balki ijtimoiy, psixologik va madaniy kontekstlarda yuzaga keladigan murakkab fenomen sifatida o‘rganilmoqda.

Antik davrlardan boshlab kinoya o‘zining bilish vositasi sifatidagi rolini, ijtimoiy, falsafiy va sub’ektiv tajribalarga asoslanib, kommunikativ va pragmatik tahlil obyektiga aylangan. Bu yondashuv, kinoyaning til, madaniyat va kommunikatsiya kontekstida qanday o‘zgarishlar, yangilanishlar va amaliyotlar yuzaga kelishini tushunishga imkon yaratadi. Shu tarzda, kinoya tilshunoslikda multidimenzional hodisa sifatida tahlil qilinishi zarur, chunki u nafaqat so‘zlarning leksik ma’nosi, balki uning qabul qilinishi va anglanishida ijtimoiy, madaniy va psixologik omillar ham katta rol o‘ynaydi.

Shu bilan birga, kinoyaning pragmatik va semantik jihatlari, uning nutq jarayonidagi funksiyalari va madaniyatdagi o‘rni, zamonaviy tilshunoslikda yangi tadqiqotlar va yondashuvlarni talab qiladi.

Kinoya (ironiya) tushunchasi tilshunoslik va falsafada eng murakkab va ko‘p qirrali hodisalardan biri bo‘lib, nutq jarayonida yuzaki (literal) ma’no bilan bildiruvchi (haqiqiy) ma’no o‘rtasidagi qarama-qarshilik orqali namoyon bo‘ladi. Ushbu tadqiqotda kinoyaning tarixiy shakllanishi, falsafiy talqinlari hamda zamonaviy tilshunoslikdagi o‘rni batafsil tahlil qilindi.

Antik davrda kinoya birinchi navbatda Suqrot tomonidan pedagogik va epistemologik vosita sifatida ishlatildi: u o‘zini “hech narsa bilmayman” deb ko‘rsatib, suhbatdoshlarining bilimsizligini fosh etar va haqiqatni izlashga undardi (Suqrotik kinoya). Platon bu usulni dialoglarda aks ettirib, uni bilim ochish va etika kontekstida qadrladi. Aristotel esa kinoyani nutqning stilistik figurasi deb hisoblab, u hazil bilan solishtirganda shaxsning mulohaza va noaniq fikrlarni yumshoq yetkazish qobiliyatini ta’kidladi. Keyingi davrlarda kinoya falsafiy tafakkurda chuqurlashdi.

Romantizmda (Fridrich Shlegel va boshqalar) u cheksiz mutlaq salbiyat (infinite absolute negativity) sifatida talqin etildi — subyektning hamma narsani, shu jumladan o‘zini masxara qilish orqali cheklanganlikdan ozod bo‘lishi. Hegel romantik kinoyani tanqid qilib, uni subyektiv egoizm, nihilizm va sistemali falsafaga tahdid deb baholadi. Kirkegor esa kinoyani mavjudlik falsafasining markaziy kategoriyasiga aylantirdi: u shaxsning ichki erkinligi, jamiyat qadriyatlariga tanqidiy munosabat va hodisa-mohiyat zidligini ifodalovchi vosita bo‘ldi (sinovchi va xayoliy kinoya turlari).

Zamonaviy tilshunoslikda kinoya pragmatik va semantik jihatdan o‘rganiladi. Pol Grays uni konversatsiya printsipi va maksimalarning buzilishi orqali tushuntirsa, Sperber va Vilson relevance theory doirasida echoic utterance (aks ettiruvchi gap) sifatida talqin qiladi. Shuningdek, Ueyn C. Butning yondashuvi kinoyani nutqning retorik va kommunikativ strategiyasi sifatida tahlil qiladi, ya’ni u kinoyaning auditoriya tomonidan qanday anglanishini va nutqdagi bilvosita ma’noni etkazishdagi rolini yoritadi. Shu bilan, Boothning tadqiqotlari zamonaviy tilshunoslikdagi kinoya tahlilini pragmatik va kontekstual jihatlar bilan mustahkamlaydi. Kinoyani to‘g‘ri anglash kontekst, intonatsiya, madaniy kodlar va kommunikativ vaziyatga bog‘liq bo‘lib, u nafaqat lingvistik birlik, balki ijtimoiy-psixologik va madaniy fenomen sifatida namoyon bo‘ladi.

Natijada, kinoya oddiy ritorik figuradan falsafiy va kommunikativ ongning asosiy paradoksiga aylandi: u bilish vositasidan (antik davr) subyektiv erkinlik va tanqidiy tafakkur kalitiga (Kirkegor), keyin esa pragmatik-semantik hodisaga (zamonaviy tilshunoslik) o‘tdi. Ushbu tadqiqot kinoyaning tarixiy-falsafiy ildizlari bilan zamonaviy lingvistik talqinlarini muvozanatli birlashtirib, uning til, madaniyat va inson tajribasini bog‘lovchi multidimenzional tabiatini isbotlaydi.                  Kelajak tadqiqotlarda kinoyaning sun’iy intellekt (LLM modellarida sarcasm/ironiya aniqlash), bolalar nutqidagi rivojlanishi va ko‘p tilli kontekstdagi o‘zgarishlari yanada chuqur o‘rganilishi mumkin. Chunki Kinoya nafaqat tilning stilistik vositasi, balki inson ongining murakkab mexanizmi sifatida ham o‘rganilmoqda. Zamonaviy dunyoda, ayniqsa raqamli kommunikatsiya davrida, kinoya ijtimoiy tarmoqlar, meme madaniyati va virtual diskurslarda yangi shakllarga ega bo‘lib, ko‘pincha sarkazm va post-ironiya bilan aralashib ketmoqda. Bu holat kinoyaning semantik va pragmatik chegaralarini yanada kengaytirib, uning tilshunoslikdagi ahamiyatini oshiradi. Shu bilan birga, kinoyaning noto‘g‘ri talqin qilinishi (masalan, madaniy farqlar tufayli) kommunikativ muammolarga olib kelishi mumkinligi ham e’tiborga loyiq. Ushbu tadqiqot kinoyaning ko‘p qirrali tabiatini yoritib, uning til, falsafa va madaniyat kesishmasidagi o‘rnini tasdiqlaydi. Kelgusida kinoyaning sun’iy intellekt tizimlarida (chatbotlar, sentiment tahlili) aniqlash va ko‘p tilli muhitdagi o‘zgarishlari bo‘yicha empirik tadqiqotlar zarur bo‘lib qolmoqda.

 

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

 

  1. Aristotle. Rhetoric. – Cambridge, MA: Harvard University Press, 1932. – 45–60 p.
  2. But W. C. The Rhetoric of Irony. – Chicago: University of Chicago Press, 1974. – 50–88 p.
  3. Grays H. P. Logic and Conversation. – New York: Academic Press, 1975. – 41–58 p.
  4. Hegel G. W. F. Aesthetics: Lectures on Fine Art. Vol. 1. – Oxford: Clarendon Press, 1975. – 112–150 p.
  5. Kierkegor S. The Concept of Irony with Continual Reference to Socrates. – Princeton, NJ: Princeton University Press, 1989. – 23–76 p.
  6. Knox T. M. Hegel and the Problem of Irony. – Berlin: Akademie Verlag, 1972. – 10–35 p.
  7. Kreuz R. J. The Psychology of Irony and Sarcasm. – Cambridge: Cambridge University Press, 2000. – 15–40 p.
  8. Plato. Gorgias. – London: Loeb Classical Library, 1924. – 30–55 p.
  9. Schmitt M., Schwerk A., Lempert S. Enhancing Sentiment Classification and Irony Detection in Large Language Models through Advanced Prompt Engineering Techniques. – arXiv preprint, 2026. – 1–20 p.
  10. Sperber D., Wilson D. Relevance: Communication and Cognition. 2-ed. – Oxford: Blackwell, 1995. – 105–135 p.
  11. Wilson D., Sperber D. Relevance Theory // The Handbook of Pragmatics. – Oxford: Blackwell, 2002. – 607–632 p.

 

Bektosheva H. The theoretical interpretation of the concept of irony in linguistics. This article analyzes the historical development of the concept of irony, its philosophical interpretations, and its role in linguistics. The study examines the formation of the irony phenomenon in ancient philosophy, particularly in the views of Socrates and Aristotle. Additionally, the development of the concept of irony in the philosophy of Søren Kierkegaard and Georg Wilhelm Friedrich Hegel is explored. The semantic and pragmatic aspects of irony in modern linguistics are also discussed. Booth analyzes irony as a literary and rhetorical communication tool. The study explains irony through the conflict between surface and hidden meanings, speech context, cultural codes, and the interpretation by the audience. Furthermore, the multidimensional nature of irony, including its social, philosophical, and linguistic dimensions, is highlighted. The findings of the research confirm that irony remains a significant object of scientific study.

 

Бектошева Х. Теоретическое толкование понятия иронии в лингвистике. В данной статье анализируется историческое развитие понятия иронии, её философские толкования и роль в лингвистике. В исследовании рассматривается формирование феномена иронии в античной философии, в частности через взгляды Сократа и Аристотеля. Также анализируется развитие понятия иронии в философии Сёренa Кьеркегора и Георга Вильгельма Фридриха Гегеля. В современном языкознании также освещаются семантические и прагматические особенности иронии. Бут анализирует иронию как средство литературной и риторической коммуникации. В исследовании ирония объясняется через противоречие между поверхностным и скрытым смыслом, контекстом речи, культурными кодами и интерпретацией слушателя. Кроме того, подчеркивается многомерная социальная, философская и лингвистическая природа иронии. Результаты исследования подтверждают, что ирония является важным объектом научных исследований.

 

 

 

 

[1] Aristotle. Rhetoric. – Cambridge, MA: Harvard University Press, 1932. – 45–60 p.

Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati