 
            Nutq til birliklari vositasida shaxslararo muloqot, ya’ni fikr almashish jarayonidir. So‘zlashuv nutqi murakkab ijtimoiy hodisa mahsuli bo‘lib, bu nutqdan fikrni anglatish, his-tuyg‘ularni ifodalash, ma’lum maqsad va muddaoni tushuntirish uchun, shuningdek, suhbatdoshda his-tuyg‘u uyg‘otish, o‘z xohish-istaklarni bildirish va boshqa shaxs ongiga ta’sir etish uchun foydalaniladi.
Jahon tilshunosligining rivoji ko‘plab olimlar tomonidan tilga bevosita antroposentrizm nuqtayi nazaridan izchil yondashilayotganligi bilan alohida ahamiyatga egadir, chunki bunday yondashuvda asosiy e’tibor, avvalambor, inson omiliga, ya’ni ma’lum bir tilda so‘zlashayotgan shaxslarga qaratilayotganligi bilan ajralib turadi. Demak, jahon tilshunosligida bugungi kunda tilni antroposentrik yondashuv asosida tadqiq etish barqarorlashib, lisoniy birliklarni “Til va uning egasi” munosabatdorligida tadqiq etish, til egasiga xos bo‘lgan milliy-madaniy, ijtimoiy, ruhiy va kognitiv belgilarni e’tiborga oluvchi lisoniy yo‘nalishlarning rivojlanishi natijasida tilning jamiyat bilan aloqadorlikda o‘rganuvchi sotsiolingvistik tarmog‘i ham istiqbolli yo‘nalishga aylandi. Bunda tilni o‘z sohibi, uning milliy mentaliteti, jamiyatda tutgan o‘rni, yoshi va jinsi bilan birga tadqiq etishga e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, nutqiy muloqot va uning yuzaga chiqishini ta’minlovchi turli vositalar tilshunoslikning asosiy o‘rganish obyektlaridan biriga aylandi.
Til muayyan jamiyatning olamni bilish, axborot uzatish va uni qabul qilish bilan bog‘liq ehtiyojlarini qondirish uchun xizmat qiladigan xos quroli sanaladi va shaxsning ijtimoiy ehtiyojlari tilning xilma-xil vazifalarini belgilab turadi.
Dunyo tilshunosligida o‘tgan asrning 50-60-yillarida boshlangan nutqiy faoliyat xususiyatlarini o‘rganishga qiziqish hozirgi kunda falsafa, mantiq, psixologiya, sotsiolingvistika, kognitiv lingvistika, tilshunoslik kabi bir qancha sohalar kesishmasidan shakllangan til falsafasidagi zamonaviy tendensiyalarni aks ettiruvchi yo‘nalish sifatida fanlar integratsiyasiga oid amaliy muammolarni hal qilishga jiddiy tasir ko‘rsatmoqda. Shu sababli, nutqiy faoliyat nazariyasi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar zamonaviy paradigmasi, lisoniy ifodaning mazmuni, so‘zlovchining niyati va tinglovchining idrok qilishi, o‘zaro ta’sir maqsadidagi muloqotning psixofiziologik mexanizmlari asosida tadqiq qilish imkonini berishi bilan muhim ahamiyatga egadir.
Muloqot - odamlar va guruhlar o‘rtasidagi aloqalarni o‘rnatish va rivojlantirishning murakkab ko‘p qirrali jarayoni, birgalikdagi faoliyat ehtiyojlari natijasida vujudga keladi [1].
Demak, muloqot inson faoliyati sifatida turli xil axborot va fikrlar almashinuvi kabi murrakab hamkorlik jarayonlarini o‘z ichiga oladi. Shunday ekan, muloqot jarayonini butun bir murakkab tizim sifatida jamiyat rivoji uchun asos bo‘lib xizmat qilishini zamonaviy ilmiy-nazariy qarashlar va metodlarga asoslangan holda tadqiq etish muhimdir. Muloqot lisoniy va pragmatik omillar asosida zamonaviy metodologik tamoyillarga tayangan holda tavsiflash hamda ularni tashkil etuvchi birliklarning lisoniy tabiatiga xos aniq nazariy xulosalar chiqarish zamonaviy tilshunoslikning amaliy natijasi uchun zarurdir.
Muloqot jarayonini, muloqot madaniyatini to‘g‘ri tashkil etish uchun kommunikativ kompetensiyalarni shakllantirish, turli-tuman sotsiopragmatik vaziyatlarda muloqot amaliyotini o‘zlashtirish hozirgi kunda muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu masala bo‘yicha Sh.Balli, E.Sepir, G.Apresiyan, D.Shirrin, F.Shuman kabi olimlar ijtimoiy va psixologik jihatlarini o‘rgangan bo‘lsalar, L.Buyeva, M.Kagan, R.Krauss, T.Rodermel, V.Fefelova, A.Liontev, B.Lomov, A.Petrovskiy, I.Kon, L.Shneyderlarning tadqiqotlarida muloqotning falsafiy va nazariy asoslari tahlil etilgan.
O‘tgan asrning 80-yillariga kelib esa muloqot va shaxslararo munosabatlar sohasida A.A.Badaliyev, L.Y.Gozmon. Y.N.Yemelyanov, Y.M.Jukov, A.A.Liontevlarning ishlari diqqatga sazavordir.
O‘zbek tilshunosligida ham muloqot tushunchasining funksional, kommunikativ, kognitiv, sotsiolingvistik, psixolingvistik, lingvopragmatik va lingvomadaniy jihatlarini zamonaviy konsepsiyalar asosida tadqiq qilina boshlandi. Jumladan, taniqli olima Sh.Iskandarovaning “O‘zbek muloqot xulqining ijtimoiy–lisoniy xususiyatlari “ nomli ilmiy ishi jiddiy ahamiyat kasb etadi.
O‘zbek tilshunosligiga ulkan hissa qo‘shgan mashhur olim A.Nurmonovning ta’kidlashicha, V.Gumboldtning tilshunoslik oldidagi beqiyos xizmati til va nutqni farqlash zarurligi haqidagi g‘oyani ilgari surganligi hamda tilshunoslik tarixida ilk bor bunday farqlanishning tadqiqot obyekti sifatida belgilanganligidadir. F. de Sossyur lisoniy faoliyatning individuallik va sotsiologik belgilarini o‘zida mujjasam etgan butunlik ekanini ta’kidlaydi va lisoniy faoliyat doirasida ikki asosiy tushunchani, ya’ni til va nutqni ajratdi. Garchi til - nutq dixotomiyasi F.D.Sossyurgacha V. Gumboldt , yosh grammatikachilar maktabi va Boduen de Kurtene tomonidan bayon qilingan bo‘lsa ham, lekin, F.D.Sossyur uni lingvistik tizimning markaziga aylantirdi. A.Nurmonov “Til va nutq” dixotomiyasining shakllanish jarayonini tahlil qilar ekan, Alisher Navoiy tilshunos olim sifatida V.Gumboldt va F.de.Sossyurdan ancha oldin til va nutq hodisalarini bir-biridan farqlanganini ta’kidlaydi [2].
Nutqiy faoliyatning to‘rt turi: gapirish, tinglash, yozish va o‘qish nutqiy muloqot jarayonining asosini tashkil etadi. Muloqot samaradorligi kommunikatorlarning ushbu nutqiy faoliyat turlari ko‘nikmalarini qay darajada egallaganligi bilan bog‘liqdir.
Tilni antropotsentrik yondashuv asosida tadqiq etish barqarorlashib, lisoniy birliklarni til va uning munosabatdorligida tadqiq etish hamda til egasiga xos bo‘lgan milliy-madaniy, ijtimoiy, ruhiy va kognitiv belgilarni e’tiborga oluvchi lisoniy yo‘nalishlarning rivojlanishi natijasida tilning jamiyat bilan aloqadorlikda o‘rganuvchi sotsiolingvistik tarmog‘i ham istiqbolli yo‘nalishga aylanishi natijasida lisoniy vositalar, matn, muloqot shakllariga qiziqish tobora kuchayib bormoqda.
Tilning ijtimoiy vazifasi nutqiy faoliyatda, ya’ni nutq sifatida kishilar o‘rtasida aloqa, fikrlashish, so‘zlashishni amalga oshirishda yaqqol ko‘rinadi. Nutq faoliyati kishilarning bir-birlariga tushunarli bo‘lgan til vositasida o‘zaro fikr almashishlari, nutqiy aloqaga kirishishlaridir. Bu jarayon ikki shaklda amalga oshiriladi: og‘zaki va yozma tarzda. Yozma nutq og‘zaki nutqdan so‘ng yozuv tarzida paydo bo‘lgan bo‘lib, adabiy tilning imloviy, punktuatsion, uslubiy qonun-qoidalariga bo‘ysunuvchi grafik shakldagi nutqdir.
Ma’lumki, til betakror muloqot vositasi sifatida unda so‘zlashuvchilarga xizmat qilib keladi, ularning obyektiv dunyo manzarasi haqidagi bilimlarining til manzarasi asosida shakllanishiga, boyishiga va kundalik muloqotda ular yuzasidan fikr almashib, o‘zlashtirilgan bilimlarni muloqotda ongli qo‘llashlarga puxta zamin yaratadi.
Til muloqot quroli sifatida bir vaqtning o‘zida ham individual, ham umumiy tavsifga ega, chunki til u yoki bu tilda so‘zlashuvchi jamoa uchun bir tomondan umumiy bo‘lsa, ikkinchi tomondan, o‘zining har bir so‘zlashuvchi bilan bog‘liq individual-xususiy jihatlari borligi bilan farqlanib turadi. Chunki u yoki bu tildan foydalanish layoqati subyektiv asosga ega bo‘lib, tilda so‘zlovchining til bo‘yicha bilimlari majmuasi hamda til bo‘yicha bilimlari majmuasini qo‘llay olishlik qobilyati va tildagi bilimlari qamrovi, qolaversa, maskur bilimlardan muloqotda ongli va to‘g‘ri foydalana olishlik layoqati bilan ham bevosita bog‘liqdir [3].
Shunday qilib, so‘nggi yillardagi lingvistik tadqiqotlar til hodisalarini o‘rganishga, ularni tilni tashuvchi xalqning tarixi, madaniyati bilan bog‘lanishi nuqtayi nazaridan yondashish imkonini beradi.
Nutqiy muloqtni oddiy nutqdan lisoniy imkoniyatlarini muayyan moddiy shaklda voqelanishidan - farqlovchi muhim omil sifatida murakkabligini va uning verbal hamda noverbal vositalarining o‘zaro uyg‘unlashuvidan iborat bo‘lgan butunlik ekanligini ko‘rsatish mumkin [4].
Ta’kidlash lozimki, nutqiy muloqotni amalga oshirishda verbal birliklar bazis, asos vazifasini bajaradi. Lekin, noverbal birliklar muloqot jarayonining kommunikantlarning muloqot jarayonidagi ruhiy holati, dunyoqarashi, ijtimoiy mansubligi, madaniyati va ma’naviyati kabi xususiyatlari haqida ma’lumot tashuvchi ustqurma vazifasini bajaradi va nutqning tushunarli bo‘lishida hamda maqsad qilingan ma’noning to‘la namoyon bo‘lishida muhim ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun ham fikr ifodalashda verbal vositaga yordamchi ravishda turli qo‘shimcha noverbal vositalar nutqiy muloqotni amalga oshirishda o‘ziga xos o‘rin egallaydi. Chunki nutq jarayoni, dialogik vaziyat va so‘zlashuvchilarning psixologik holati, fikr ifodalashda imo-ishoradan, tovush o‘zgarishlaridan, badan harakatlaridan foydalanishni taqozo etadi. Shu jihatdan noverbal vositalar nutqiy muloqotning ajralmas bir qismi sifatida lisoniy birliklar sistemasiga yondosh bo‘lgan alohida sistemani tashkil etadi. Noverbal vositalar verbal vosita bilan bog‘liq holda tekshirilgani uchun ham bevosita tilshunoslikning o‘rganish obyekti sanaladi.
Paralingvistik vositalarning nutqiy muloqotdagi ishtiroki va bajaradigan vazifasi yuzasidan olimlar tomonidan turli fikrlar bildirilgan. Ushbu maqola doirasida ushbu fikrlar tahlil qilinib, munosabatlar bildirilgan va noverbal vositalar nutqiy muloqotda quyidagi vazifalarni bajarishi ta’kidlanadi:
verbal vositani qo‘llab-quvvatlaydi;
nutqiy ifoda o‘rnida qo‘llanadi;
inson ichki his-tuyg‘ularini ifodalaydi.
Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqib, nutqiy muloqotda qo‘llanuvchi noverbal vositalarni ko‘rsatishimiz mumkin:
1) fonatsion noverbal vositalar (tovushning toni, balandligi, intonatsiya);
2) kinetik noverbal vositalar (ma’lum ma’no ifodalash uchun ishlatiladigan bosh, qo‘l, elka, badan, yuz, ko‘z, lab va qosh harakatlari);
3) proksemik noverbal vositalar (nutqiy muloqotda suhbatdoshlar orasidagi maydon) kabi guruhlarga ajratib o‘rganish maqsadga muvofiqdir.
Nutqiy muloqotning noverbal vositalari ishoralar, ko‘z bilan aloqa qilish, intonatsiya qaerda va kim bilan muloqot qilishimizdan qat’i nazar umumbashariydir. Ammo, har bir mamlakat madaniyati o‘z qonunlariga ko‘ra rivojlanadi va har bir mamlakat noverbal muloqotning o‘ziga xos xususiyatlariga ega. Bu xususiyatlarni bilish har bir kishiga "xorijiy hudud" bo‘yicha suhbatdosh bilan muloqotni samarali yo‘lga qo‘yishga yordam beradi.
Ovozning sifati bilan bog‘liq parafonetik vositalar g‘arb va sharq tillarida juda katta farq qiladi. Bu farqni rus, yapon va boshqa tillarda ham kuzatish mumkin. Ovoz toni, intonatsiya, to‘xtam, tovushning cho‘ziq-qisqaligi kabi fonetik konsept sistemasi universaliya bo‘lishdan tashqari individuallik ham kasb etib, nutq pragmatikasini kengaytiradi. Fikr ifodalashdagi umumiy fonatsion vositaga ma’lum xalq vakillarining o‘ziga xos talaffuzi uchun xarakterli bo‘lgan xususiyatlar kiradi. "Islom dini o‘z ta’sirini o‘tkazgan O‘rta Osiyo xalqlari ayollaridagi tobelik, andisha ular o‘z fikrini ifodalaganlarida past ovozda, sekin gapirishlariga ta’sir etgan. Natijada, ularning nutqlarida tobelik, mutelikni ifodalovchi ovoz ohangi hukmron bo‘lgan": «Yoshlik qilibsiz, aylanay. Bilmabsiz. U ashulachi qizning dovrug‘i dunyoni bosdi... Hammaning og‘zida o‘sha». (Cho‘lpon).
Qo‘l berib ko‘rishish turli millat va madaniyatlarda turlicha amalga oshiriladi. Shimoliy Yevropa aholisi qo‘l berib ko‘rishganda bir-birlarining qo‘llarini juda qisqa muddat qisadi va darhol qo‘yib yuborishadi. Janubiy Yevropa, Markaziy va Janubiy Amerikada esa uzoq muddat qo‘l siqib turish odatiy holdir. Hattoki qo‘l berib ko‘rishish asnosida chap qo‘l bilan suhbatdoshning qo‘lini yoki bilagini ushlash ham ko‘p uchraydi. Afrika davlatlarida odatda qo‘l uchida yengil ko‘rishiladi.
Xitoyliklar begona bilan faqat rasmiy darajada o‘zaro aloqa qilishda qo‘l berib ko‘rishishdan foydalanishadi. Ular suhbatdoshiga o‘z hurmatini bildirish maqsadida, ikki qo‘llab ko‘rishib, uzoq vaqt silkishi mumkin. Yaqin va bir-birini yaxshi biladigan odamlar bilan muloqot qilishda qo‘l berib ko‘rishish emas, balki yelka qoqib, quchoqlab ko‘rishish keng tarqalgan.
Yaqin Sharqda qo‘l berib salomlashish juda keng tarqalgan. Arablarda ham qo‘l berib ko‘rishishdan tashqari peshonasiga qo‘l kafti bilan tegib, sal ta’zim qilishadi. Keksa kishi suhbatdoshiga o‘z hurmatini ko‘rsatib, qo‘l siltagach, avval kaftini o‘padi va peshonasiga tekkizadi. Agar arab erkaklar uzoq vaqt bir-birlarini ko‘rmagan bo‘lsalar, uchrashganlarida yelkalarini quchoqlab, o‘padilar. Ular bir-birini quchoqlashib, uzoq vaqt turib qolishsa, bu uzoq ajralishdan so‘ng ko‘rishganlik, yaqinlik va quvonch ma’nolarini ifodalaydi.
O‘zbeklarda qo‘l berib ko‘rishish qisqa bo‘ladi. Lekin, qat’iy va g‘ayratli qo‘l siqish yengil va yumshoq qo‘l siqishdan afzal hisoblanadi. Alohida hurmat belgisi sifatida ikki qo‘l bilan ko‘rishiladi.
Masalan, «- Dastashagir, - dedi Rahim. Sharif bilan Qobilga ikki qo‘lini cho‘zib, ular ikkisi ham iljaygan ko‘yi qo‘llarini berdilar» (A.Qodiriy).
Ikki qo‘llab ko‘rishish Shimoliy Amerika mamlakatlarida agressiya va ustunlik belgisidir. Yana bir madaniyatimizga xos jihat shuki, yoshi yoki mavqei yuqoriroq shaxs ko‘rishish uchun qo‘l uzatmasa, boshqa taraf qo‘l uzatmaydi. Xuddi shunday holat sharq xalqlarida ayollar bilan ko‘rishishda ham o‘ziga xoslik kasb etib, ayollar qo‘l uzatmasa, ko‘rishilmaydi.
Suhbatdoshlar orasidagi masofa noverbal muloqotning muhim komponentlaridan biri hisoblanadi.
O‘zbek madaniyatida salomlashish 2 (ikki) daqiqadan 5 (besh) daqiqagacha davom etadi, salomlashuv so‘zlaridan keyin suhbatdoshning ahvoli, mehnat faoliyati, oila a’zolarining umumiy ahvoli haqida so‘raladi. O‘zbeklar tez fursatda hol-ahvol so‘rab ketib qolishdan istihola qiladilar yoki ushbu holat hurmatsizlik sifatida qabul qilinadi. Salomlashish jarayoni paralingvistik vositalar (qo‘l uzatib ko‘rishish (erkaklarda), ko‘z urishtirib, yelkaga qoqib, qo‘lidan ushlab ko‘rishish) bilan hamohang tarzda olib boriladi. Salomlashishda emotsiya ham rol o‘ynaydi, ya’ni ochiq chehra bilan tabassum qilib, ochiqko‘ngillilik va o‘ta samimiyat bilan so‘rashiladi. Suhbatdoshlar o‘rtasidagi masofa 60–80 sm.ni tashkil etadi. Uzoq Sharq madaniyatida, aksincha, suhbat chog‘ida tegish darajasining pastligi va masofaning uzoqligi kuzatiladi. Yapon, koreys va xitoyliklarning muloqotida suhbatdoshga juda yaqinlashish, qo‘l tegizish, uni quchoqlash, o‘pish kabi harakatlar xushlanmaydi.
Xullas, inson tana a’zolari harakatlari orqali ifodalanuvchi semantik konseptni o‘rganish tarjimashunoslikda, gender tahlilda, lingvomadaniy tadqiqda, psixologik ekspertizada va harbiy razvedka ishlarida to‘g‘ri xulosa chiqarishga yordam beradi.
Til muayyan jamiyatning olamni bilish, axborot uzatish va uni qabul qilish bilan bog‘liq ehtiyojlarini qondirish uchun xizmat qiladigan xos quroli sanaladi. Ijtimoiy ehtiyojlar tilning xilma-xil vazifalarini belgilaydi. Tilning sodda va ayni paytda o‘ta murakkab bo‘lgan mazkur vazifalarini amalga oshirish muntazam bir-birini to‘ldirib turuvchi ikki xil mexanizm: verbal va noverbal muloqot orqali amalga oshiriladi. Inson muloqotga kirishganida faqat nutq a’zolari bilangina emas, balki ko‘z, qosh, yuz, burun, qo‘l, oyoq na boshqa tana a’zolari bilan ham o‘z fikrini ifodalaydi. Lingvistik va paralingvistik vositalar, aslida, bir-birini to‘ldiruvchi amaliy imkoniyatlardir. Ulardan qay darajada foydalanish insonning hayotiy tajribasiga, bilim va malakasiga, odob-axloqiga har tomonlama bog‘liqdir.
Masalan: «O‘zbek tilida «Zikr kela solib qo‘limni qisdi, Rahmat, general bizga uy qurib beryapti. Rahmat sizga». (Ahtamov A. Buxorodan Berlinga).
Rus tilida «Знаю, что вместе войдём, но мне хочется здесъ пожимат тебе руку, и здесъ с тобой простится. Ну, давай руку, прошай!» (Dostoyevskiy F. Prestupleniye i nakazaniye).
Berilgan misollarda «qo‘l qisish» minnatdorlik, xayrlashuv ma’nolarini ifodalab kelmoqda.
Deyarli barcha vaziyatlarda verbal va noverbal vositalar birgalikda o‘tadi. V.Konetskayaning aytishicha, muloqotda axborot, pragmatik va parallel qo‘llanilganda qaysidir ma’noda shartli belgilar vazifasini, ekspressivlik vazifalarini bajarib, biri ikkinchisining mazmunini to‘ldirib keladi va ayrim hollarda uning o‘rnini egallaydi[5].
Aytish joizki, ayni bir noverbal vosita dialogda tasdiq va inkor ma’nosini, boshqacha qilib aytganda, bo‘lishli va bo‘lishsiz yoki ijobiy va salbiy ma’nolarni anglatishi ham mumkin. So‘zlovchi muloqotda noverbal vositalardan to‘g‘ri foydalangan holatdagina tinglovchiga nutqidagi asl maqsadini ifodalashning uddasidan chiqib, verbal vositalarning ta’sirini kuchaytiradi va ruhiy ta’sir o‘tkazadi. Bunda ortiqcha yoki keraksiz noverbal vositalardan foydalanish bilan mumkin bo‘lgan tushunmovchilikni keltirib chiqarishi mumkin. Chunki, noverbal vositalar ham verbal vositalar kabi bir ma’noli yoki bir necha ma’nolarga ega imo-ishora, harakatlardan tashkil topadi. Masalan, dastlab inglizlarda, bugungi kunda esa aksariyat millatlarda bosh va ko‘rsatkich barmoqlarning tutash holati «OK» (hammasi yaxshi) ma’nosini ifodalaydi. Biroq, mazkur imo-ishora ayni vaqtning o‘zida fransuzlarda (shu jumladan, o‘zbeklarda ham) nol (zero), turklar uchun esa qattiq haqorat vazifasini o‘taydi. Mazkur vaziyat xorijiy tillarni o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shunga ko‘ra, verbal va noverbal vositalarning parallel qo‘llanish tartibi, vaqti va o‘rniga ko‘ra 4 (to‘rt)ta: noverbal vositalarning oldinda kelishi (pre-nonverbal), noverbal vositalarning o‘rtada kelishi (in-nonverbal), noverbal vositalarning orqada kelishi (post-nonverbal) va noverbal vositalarning verbal vositalar ichida aralash holatda kelishi (inter-nonverbal) ajratilib, muloqotda ishlatish shartiga ko‘ra 3 ta: rasmiy, norasmiy va neytral turlarga bo‘linadi.
Erkak va ayolning umumiy fiziologiyasi, jumladan, nutq a’zolari (un paychalarining nozik va tebranuvchanligi, o‘pka, diafragma, ko‘krak qafasi, og‘iz, burun bo‘shliqlarining katta-kichikligi, kekirdak va h.k.lari)da bo‘ladi. Shuning uchun ham nutqiy muloqotda ularning o‘ziga xos ovoz xususiyatlari yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ma’lumki, erkak kishi tabiatan nisbatan qo‘polroq bo‘lganligi uchun ularning nutqida yo‘g‘on, kuchli va bir oz dag‘allik aralashgan ovoz ohangi hukmronlik qiladi. Erkak kishiga xos bo‘lgan jahl, qahr, g‘azab kabi emotsional xususiyatlar ovozning yuqori tonda aytilishiga sabab bo‘ladi. Erkak kishiga talabchanlik, qat’iylik, so‘zlashganda tashabbusni tez qo‘lga olishga intilish, baland ovozda so‘zlashga moyillik, agressivlik kabi xislatlar xos bo‘lganligi uchun, ularning nutqida quyidagi xususiyatlarni ko‘proq kuzatish mumkin. Bularning artikulyatsion mexanizmning fiziologik jihatlari bilan bog‘liq xususiyatlari quyidagilar: yo‘g‘on ovozda gapirish, do‘ng‘illab gapirish, do‘rillab gapirish, big‘illab gapirish, bug‘iq ovozda gapirish, xirillab gapirish, yo‘g‘on va bosiq ovozda gapirish, harsillab gapirish.
Quyidagi fonatsion noverbal vositalar esa nutqiy vaziyatda turli pragmatik mazmun ifodalash uchun ishlatiladi: qahr va g‘azab bilan gapirish, baqirib gapirish, zarda bilan gapirish, tahdid bilan gapirish, baland ovozda gapirish, tetik ohangda gapirish, g‘azab bilan hayqirish, shoshilmay to‘xtam bilan gapirish, dag‘dag‘a bilan gapirish, tomoqlarni qirib gapirish, kulimsirab gapirish va h.k.
Ayol kishiga qiziquvchanlik, suhbatdoshiga diqqat qilish, hamdardlik, yumshoqlik, musiqiylik, past ovozda eshitishga moyillik kabi xislatlar xos bo‘lganligi uchun, ularning nutqida quyidagi xususiyatlarni kuzatish mumkin: tobe va mute ovozda gapirish, past tonda gapirish, makkorona gapirish, shivirlab gapirish, yarim tovush bilan gapirish, jerkinib gapirish, chirqillab gapirish, shang‘illab gapirish, chinqirib gapirish, piching bilan gapirish, yolvorgan ohangda gapirish, mayus tovush bilan gapirish va h.k.
Xulosa qilib aytganda, nutqiy muloqotda nafaqat lingivistik vositalar bilan, balki paralingivistik vositalar yordami bilan ham ifodalanadi. Bu vositalar yordamida nutq ta’sirchanligini yanada ortadi. Paralingvistik vositalarning shaxslar o‘rtasidagi baho munosabatini yuzaga chiqarishda katta ahamiyatga ega. Har qanday noverbal harakatning ijobiy yoki salbiy mazmunga ega ekanligi bevosita nutqiy vaziyatda oydinlashadi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
1.Психологический лексикон//https://psixologicheskijleksikon.
slovar online.com.
2.Нурманов А. Ўзбек тилшунослиги тарихи. - Т.: Ўзбекистон. 2002. -Б.80.
3.Mahmudov N., Rafiyev A., Yo’ldoshev I. ”Nutq madaniyati va davlat tilida ish yuritish” T.Cho’lpon nomidagi nashriyot-matbab ijodiy uyi.2013.-B.11.
4. Тоирова Г. Ўзбек нутқий мулоқотида системавийлик ва информативлик: филология фанлари бўйича фалсафа доктори (PhD) дисс. – Тошкент: 2017. – Б. 42.
5. Конецкая В. Социология коммуникации. Учебник.- М:1997. - стр.110.
Mamatkulov A. Forms of communication in linguistics, features of verbal and non-verbal means. The article is devoted to the forms and types of communication in linguistics, the relevance of their meaning at the present time. The article examines such issues as gender and non-verbal means, the role of paralinguistic means in speech communication, the nature of paralinguistic means. It is shown that verbal and non-verbal means represent a single whole, which is a combination of each other. The views of scientists on this problem are analyzed, interrelations are identified, and paralinguistic means used in speech communication between representatives of different nationalities are classified.
Маматкулов А. Формы общения в лингвистике, особенности вербальных и невербальных средств. Статья посвящена формам и видам коммуникации в лингвистике, актуальности их значения в настоящее время. В статье рассматриваются такие вопросы, как гендер и невербальные средства, роль паралингвистических средств в речевом общении, природа паралингвистических средств. Показано, что вербальные и невербальные средства представляют собой единое целое, являющееся совокупностью друг друга. Анализируются взгляды учёных на данную проблему, выявляются взаимосвязи, классифицируются паралингвистические средства, используемые в речевом общении представителей разных национальностей.