“TURK DUNYOSIDAN BOLALAR SHE’RLARI” NOMLI ANTOLOGIYA XUSUSIDA

Turkiya Jumhuriyati Buyuk Millat Majlisi (TBMM) G‘oziy Mustafo Kamol Otaturk boshchiligida 23-aprel 1920-yilda ochildi. Ushbu sharafli kun dunyo bolalariga sovg‘a qilindi. Turkiyada har yili 23-aprel kuni Milliy Mustaqillik va Bolalar Bayrami sifatida nishonlanib kelmoqda. 2020-yil — bu TBMM ochilganligining 100-yili edi. Ushbu 100-yil sharafiga dotsent Soner Sog‘lom va dotsent Erol Soqolli tahriridagi Turk Dunyosidan Bolalar She’rlari (Türk Dünyasından Çocuk Şiirleri, 268 bet) nomli antologiya, 2020- yilning dekabr oyida Bengü nashriyotida bosilib chiqdi.

Kitob “Turk dunyosini tilda, fikrda va ishda birlik tushunchasi bilan birlashtiradigan, kelajagimizning vorislari bolalarimizga” bag‘ishlangan. Kitobning so‘zboshi (9-10- betlar) qismida tadqiqotning ahamiyati, maqsadi, metodi, tuzilishi kabi masalalar; kirish (11-17- betlar) bo‘limida esa bolalar adabiyoti fanining va bolalar she’riyatining o‘ziga xos xususiyatlari yoritilgan.

Antologiya, so‘zboshi vа kirishdan tashqari 6 bo‘limdan iborat bo‘lib, ushbu bo‘limlarga Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qibris, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Turkmaniston kabi turkiy davlatlarning  bolalar adabiyotidan namunalar kiritilgan. Kitobning har bir bo‘limida ushbu mamlakatlarning bolalar adabiyoti haqida qishqacha ma’lumot berilgan bo‘lib, shoirlardan tanlangan 40 ta she’r va ularning turkcha tarjimasi yonma-yon berilgan. She’rlar shoirlarning tug‘ilgan sanasiga qarab xronologik tartibda joylashtirilgan. Har bir bo‘limning oxirida foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati ham berilgan.

Ozarbayjon Bolalar She’rlari (Azerbaycan Çocuk Şiirleri, 19-62- betlar) bo‘limi Erol Soqolli vа O‘nder Sezar tomonidan tayyorlangan. Ushbu bo‘limga Ozarbayjon adabiyotining namoyandalaridan Mirza Alekper Sobir, Husayn Jovid, Ahmad Javad, Nariman Gasanzade, Ilyos Topdiq, Ibrohim Yusufo‘g‘li kabi 17 ta Ozarbayjon shoirlarining she’rlari kiritilgan. Akram Ayon tomonidan tayyorlangan Qozog‘iston Bolalar She’rlari (Kazakistan Çocuk Şiirleri, 63-102- betlar) bo‘limida esa Abay Qo‘nonboyev, Mag‘jon Jumaboyev, Saken Sayfullin, Saparg‘ali Begalin kabi 11 ta qozoq shoirlaridan tanlangan she’rlar o‘rin olgan. Go‘kche Yuksalan Peler Qibris Turk Bolalar She’rlari (Kıbrıs Türk Çocuk Şiirleri, 103-137- betlar) bo‘limini yozgan. Ushbu bo‘limda Shinosi Tekman, Ayshen Dog‘li, Shirin Zafaryulduzi, Ayshe Tural, Husayn Irkadlardan she’rlar berilgan. Qirg‘iziston Bolalar She’rlari (Kırgızistan Çocuk Şiirleri, 139-184- betlar) bo‘limi muallifi bo‘lgan Jildiz Ismailova, ushbu bo‘limda To‘xtog‘ul Sotilganov, Aali To‘qumboyev, Alikul Osmonov, Jalil Sodiqov, Ismoil Qodirov kabi 22 ta qirg‘iz shoirlaridan she’rlar tanlagan. Turkmaniston Bolalar She’rlari (Türkmenistan Çocuk Şiirleri, 225-268- betlar) bo‘limi Soner Sog‘lom tomonidan yozilgan. Ozod Rahmanov, Murodkeldi So‘yegov, Berdi Kerboboyev, Qora Seytliyev, Nuriy Bayramov kabi 16 ta turkman shoirlaridan tanlangan she’rlar ushbu bo‘limga kiritilgan.

Antologiyaning O‘zbekiston Bolalar She’rlari (Özbekistan Çocuk Şiirleri, 185-224- betlar) bo‘limi Erhan So‘lmaz bilan Gulshah Tug‘laji tomonidan tayyorlangan. Kirish qismida o‘zbek bolalar adabiyotining vujudga kelishi, rivojlanishi, namoyandalari kabi masalalar bo‘yicha umumiy ma’lumotlar berilgan. Keyingi bo‘limda  o‘zbek adabiyotining turli namoyandalaridan tanlangan 40 ta bolalar she’ri turkcha tarjimalari bilan kiritilgan. Ushbu she’rlar Quddus Muhammadiy, Nazarmat, Tolib Yo‘ldosh, Obid Rasul, Po‘lat Mo‘min, E’tibor Oxunova, Miraziz A’zam, To‘lqin, Tursunboy Adashboyev, Qambar Ota, Shodi Sattor, Anvar Obidjon, Temur Ubaydullo, Umida Abduazimova, Kavsar Turdiyeva, Abdurahmon Akbar, Ulug‘bek Hamdam, Inobat Boboqulovalar tomonidan bolalarga mo‘ljallab fasllar, hayvonlar, kitoblar, mehnatsevarlik, ota-ona, mehmondo‘stlik, hurmat, muhabbat, vatanparvarlik, mustaqillik, ona tili kabi turli mavzularda yaratilgan.

Antologiyaga Turk dunyosidan turkcha tarjimasi bilan 240 ga yaqin she’r kiritilgan. She’rlarning tarjimalari bilan yonma-yon berilishi uning amaliy ahamiyatini oshiradi. Kitob o‘quvchilarga Turk dunyosi bolalar adabiyotlari to‘g‘risida qiyosiy ravishda ma’lumot olishga va bolalar she’rlaridan namunalar ko‘rishga imkoniyat beradi. Kitobdan turli turkiy tillar bilan shug‘ullanuvchilarning ham foydalanishlari mumkin.

Ushbu antologiyaning Turk dunyosi xalqlarining do‘stligini mustahkamlashtirishini va bolalarimizga Turk dunyosi xalqlarining bir ildizdan chiqib kelgan rang-barang madaniyatini tanishtirish vositasi bo‘lishini tilab qolamiz. Xulosa o‘rnida yana shuni ham aytishimiz kerakki Turkiy xalqlarning bolalar adabiyotlaridan hikoya, ertak, roman kabi boshqa janrlarning ham jamlanib tarjima qilinishi adabiyotshunoslar oldidagi dolzarb vazifalardandir.

Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati