TURLI TILLAR TIZIMIDA VAQT DEYKSISI VA UNING PRAGMATIK MA’NOSI

Mustaqillikning dastlabki yillaridan ilm-fan rivojiga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Mazkur davrda respublikamizda tilshunoslik muayyan darajada yuksaldi. Buning boisi jahon fani tadrijiy natijalaridan to‘g‘ri foydalanish, mazkur natija va xulosalarni amalda qo‘llash kutilgan samarani bermoqda. Hozirda muayyan yutuqlar bilan bir qatorda amalga oshirilishi kerak bo‘lgan muhim tadqiqotlar ham mavjud bo‘lib, ular qatoriga deyksis hamda uning deyktik xususiyatlarining qiyosiy-funksional tadqiqini ham kiritish mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoev “Biz ta’lim va tarbiya tizimining barcha bo‘g‘inlari faoliyatini bugungi zamon  talablari asosida takomillashtirishni o‘zimizning birinchi vazifamiz deb bilamiz”  deya ta’kidlaydi [1;12]. Mazkur fikrdan kelib chiqqan holda, ishimiz uchun tanlangan mavzuning bugungi kun uchun dolzarb ekanligini qayd etish mumkin. Jahon  tilshunosligida  deyksis hodisasi hamda uning  qiyosiy tadqiqi masalasi ko‘plab tilshunoslarning qiziqishlariga sabab bo‘lgan. So‘ngi yillarda e’lon qilingan ishlarda deyksis hodisasi turli yondoshuvlar asosida talqin qilinmoqda va bu ushbu murakkab hodisaning turli jihatlarini tasvirlashga imkon yaratmoqda. Umuman, deyksis hodisasi bilan falsafa, mantiq, psixologiya tilshunoslik, adabiyotshunoslik kabi turli fanlarning diqqat markazida turganligini e’tirof etmoq kerak. Tilshunoslikda deyksis bir nechta yo‘nalishlarda o‘rganilib kelinmoqda va bulardan eng keng tarqalgani sistem–struktur yo‘nalish bo‘lib, unda  deyktik birliklarning turlari hamda leksik–semantik xususiyatlarga e’tibor qaratilib, mazkur birliklarning alohida tillar tizimida tutgan o‘rni o‘rganiladi. Keyingi davrlarda keng ko‘lamda tarqalayotgan funksional–semantik yo‘nalishning istiqboli yaqqol ko‘zga tashlanib turibdi, uning doirasida temporal deyksis kategoriyasining tub mohiyatini anglash oson kechmoqda. Chunki funksional–semantik yondoshuv sistemaviylik tamoyiliga qa’tiy amal qilishni hamda shu asnoda til elementlarini o‘zaro bog‘liqlikda qarashni talab qiladi. Bundan tashqari temporal deyksisning funksional-semantik maydoni universallik, tillararo umumiylik xususiyatiga ega bo‘lganligi bois, uni ifodalovchi shakllarni chog‘ishtirma va qiyosiy–tipologik ko‘rinishda, shu jumladan, genetik tipologik jihatdan qarindosh bo‘lmagan ingliz va o‘zbek tillari misolida o‘rganish mumkin bo‘ladi.

Deyksis kategoriyasini tipologik ko‘rinishda o‘rganishning yana bir muhim tomoni dunyo tillarini ushbu kategoriyalardan foydalanish me’yori nuqtai nazaridan tasniflash imkoni tug‘ilishida namoyon bo‘ladi. Binobarin, S.Levinson yozma kommunikatsiya sharoitida zamonning qaysi daqiqasi (nutqning shakllanish holatini yoki uning qabul qilinishini) asos sifatida olinishiga nisbatan tillarni ikki guruhga ajaratadi [8]. Tillarning bunday guruhlanishi balkim alohida tillar deyktik tizimining xususiyatlarini batafsil yoritishga imkon berar, lekin ba’zi semantik tadqiqotlarda deyktik iboralarni boshqa til elementlaridan keskin farqlash an’anasi qo‘llab-quvvatlanib turganligini ham unutmaslik kerak. Aslini olganda, deyktik mazmun bo‘lagiga ega bo‘lgan birliklarning doirasi ancha keng ekanligi doimo sezilib turadi.

Bizning fikrimizcha, deyksis til tizimining morfologik yoki leksik sathlariga xos hodisa bo‘lmasdan, balki uning vazifaviy qatlamidan o‘rin olgan va nutqiy muloqot muhitida faollashadigan hodisadir. An’anaga binoan deyksis nutqiy akt kechishining zamon va makon ko‘rsatkichlari bilan bog‘liq holda ta’riflanadi. V.A.Vinogradovning “Lingvistik lug‘at”da bergan ta’rifiga binoan “deyksis matnning ichki tuzilishiga qaram bo‘lib, ko‘rsatish yoki ishoraning kontekstual maydonida voqelanadi” [12;128]. Bunday vazifani bajaruvchi lisoniy birliklarni “deyksis iboralar” deb atash an’anasi mavjud. Nutqiy aktning zamon-makon ko‘rsatkichlariga ishora qiluvchi deyksis turlarga ajratgan K.Byuler uning uch turi borligini eslatadi: 1) ko‘rish deyksisi– so‘zlovchining ko‘z o‘ngida turgan narsa-hodisalarga ishora; 2) kontekst deyksisi–oldinroq qo‘llanilgan birliklarga ishora qiluvchi anoforik deyksis; 3) tasavvur deyksisi–so‘zlovchi ko‘z o‘ngida mavjud bo‘lmagan, lekin uning u yoki bu predmet haqidagi bilimiga asoslangan ishora [4; 98].

Sotsiolingvist R.Lakov deyksisni temporal-lokotiv, diskursiv va emotsional turlariga ajratish taklifini kiritadi. Dastlabki ikki turdagi deyktik iboralar an’anaviy tasnifga mos kelsa, emotsional deyksis esa so‘zlovchi ruhiy holati ta’sirida deyktik birliklarning eksplitsit ravishda faollashmasligi natijasida yuzaga keladi [3].

Amerikalik tilshunos Ch.Fillmor deyksisning shaxs, makon, temporal, sotsial va diskursiv turlarini farqlaydi. Diskursiv deyksis bevosita matn bilan bog‘liq bo‘lmasdan, leksik va grammatik elementlar tanlovi bilan bog‘liq holda yuzaga keladi. Uning fikricha, deyktik iboralar og‘zaki va yozma nutqda turlicha faollashadi [5].

Deyksisni turlarga ajratish an’anasi davom etmoqda. Masalan, D.A. Akeelrud, I. Xollidey kabilar vaziyat deyksisini matn deyksisidan farqlash tarafdoridirlar [6; 421]. Birinchi turdagilarga shaxs, makon va zamon deyksislari kirsa, matn deyksisi sifatida esa gaplar o‘rtasidagi munosabatlarni aks ettiruvchi vositalar qoraladi.

Keltirilgan tasniflardan ma’lum bo‘ladiki, deyksis doirasiga turli ko‘rinishdagi ishoralar kiritiladi. Bu, birinchi navbatda, muloqot ishtirokchilari, ya’ni so‘zlovchi va tinglovchiga ishora bo‘lib, u shaxs olmoshlari vositasida ifodalanadi. Boshqa turdagi deyksis nutq predmeti, ya’ni ob’yekt yoki odamga ishora bo‘lib, uning ifoda vositasi uchinchi shaxs olmoshidir. Deyksisning eng ko‘p tarqalgan ko‘rinishida voqea– hodisalarning zamon va makondagi o‘rniga ishora faollashib, ravish ot va boshqa kategorial birliklar ishtirokini talab qiladi. Sanab o‘tilgan  barcha holatlarda nutqiy tuzilma mazmunda aks topadigan tashqi dunyoda kechayotgan voqea-hodisalar mo‘ljalini oladi. Bundan tashqari, deyksis matnning ichki tuzilishida namoyon bo‘ladigan munosabatlarini ham aks ettirishi mumkin va bunda diskurs qismlarining semantik bog‘lanishi ta’minlanadi.

Nutqiy faoliyat kechishini deyktik iboralar ishtirokisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi, chunki nutqiy akt zamon va makonga ishorasiz o‘z vazifasini bajara olmaydi. Sub’ekt, zamon, makon kabi tushunchalarning mohiyati inson haqidagi tasavvurda, uning ishtirokida namoyon bo‘ladi. Shu bois, zamonaviy tilshunoslikda antropotsentrizm ya’ni tilni inson faktoriga bog‘liq ravishda o‘rganish an’anasi etakchilik qilmoqda. Bundan tashqari, deyksis kategoriyasi lisoniy muloqotning tabiatini chuqurroq anglash imkoniyatini yaratuvchi kategoriyalardandir. Sрu sabab bo‘lsa kerak-ki, keyingi yillarda tadqiqotchilar eng yirik kommunikativ  birlik bo‘lgan matnda deyktik birliklarning bajaradigan vazifasiga murojaat qilishib, “matn deyksisi” tushunchasini iste’molga kiritdilar. Ammo hanuz deyksisning uch asosiy turi, ya’ni shaxs, zamon va makon deyksislari tadqiqi o‘z dolzarbligini yo‘qotgancha yo‘q. Ushbu deyksis turlarini ifodalovchi lisoniy birliklar birinchi va ikkinchi shaxs olmoshlari (I-men; you-siz), lokativ (here-there; shu yerda-u yerda) va temporal (now, then, before, etc; hozir–oldin–keyin) iboralari jadal o‘rganib kelinmoqda.

Shaxs deyksisini ifodalovchi birliklar guruhlarda barcha tillar tizimida mavjud va ular qatoriga ko‘rsatish olmoshlari hamda uchinchi shaxs olmoshlari kiradi. Ikkinchi va uchinchi shaxs olmoshlari qo‘llanilganida esa so‘zlovchi va adresatning kommunikativ jarayonning bevosita ishtirokchisi ekanligiga ishora qilinadi.

Makon deyksisi otli so‘z birikmalari va boshqa iboralar ishtirokida voqelanadi: in this room–bu xonada, shuningdek, qariyb barcha tillarda bu vazifani ko‘makchilar (predlog, poslelog va hokazo) yordamida hosil bo‘ladigan birikmalar bajaradi.

Bundan tashqari, makon deyksisi ba’zan zamon deyksisi uchun asos xizmatini o‘tashi mumkin. N.D.Arutyunova qayd etganidek, “temporal mo‘ljalni makon mo‘ljalni ko‘rsatkichlari yordamida ifodalash mumkin va bu voqealar kechimi tartiboti makonlashuv munosabatlari bilan moslashuvidek xabar beradi” [3;218]. Harholda, temporal deyksis nutqiy akt bajarilishning payti va o‘rni o‘trasidagi munosabatni aniqlashtiruvchi deyksisning asosiy turidir. Mashhur fransuz olimi Sh.Balli temporallikni kechayotgan voqealar o‘rtasidagi zamon munosabatlarini aks ettiruvchi ma’no sifatida talqin qilgan edi .

Temporal deyksis rus tilshunoslari tomonidan birmuncha batafsil tadqiq qilingan bo‘lib, ular vaqt boshlanishi nuqtasini, nutq vaziyatining ilk bosqichidan unchalik farqlamaydilar. Deyksisning bu turini batamom vaqt kechishiga qaram qilib qo‘yish ushbu soddalashtirishga urunishdir [2].

Deyksis nutqiy muloqotning kommunikativ tarkib topishini ta’minlovchi hodisadir. Chunki nutqiy munosabatning shaxs, makon, zamon ko‘rsatkichlariga muvofiqlashuvi asosida nutqiy akt shakllanadi va muloqot ishtirokchilarining bir-birini anglashi osonlashadi. Shuningdek, deyksis gap tuzilishini ta’minlovchi xususiyat bo‘lgan predikativlikni hosil qiluvchi kategoriyalardan biridir. Ma’lumki, predikativlik, odatda, nutqiy akt mazmunning borliqdagi voqea-hodisalar bilan munosabatini ifodalovchi hodisa sifatida qaraladi. Gapning bunday “mavjudligi”, ya’ni zamon va makon bilan bog‘liqligi deyksis orqali ifodalanadi. Hatto predikativlik sub’ekt va predikat o‘rtasidagi aloqaning o‘rnatilishi sifatida talqin qilinganida ham bajarilayotgan harakat, kechayotgan voqea ma’lum bir makon va zamon bilan bog‘lanishi muqarrar [12; 38].  Bu holda ham deyksis gap mazmunning voqelik bilan bog‘liqlik jihatlarini aks ettiradi.

Til tizimida deyksisni ifodalovchi birliklar majmuasi mavjud bo‘lib, bu majmuadan shaxs, zamon, makonga ishora ma’nosiga ega bo‘lgan lug‘aviy birliklar bilan bir qatorda, morfologik vositalar, jumladan, shaxs, zamon, daraja kabi grammatik kategoriyalar ko‘lamidagi qo‘shimchalar, “funksional” so‘zlar ham o‘rin egallaydi. Shuning bilan birgalikda, mohiyatan deyktik bo‘lmagan ba’zi birliklar ham shu vazifada kelishi kuzatilib turiladi. Bunday birliklar qanday bo‘lishidan qa’tiy nazar kontekstga mos kelishi kerak. Hatto, morfologik unsurlar, qo‘shimchalar ham bu xususiyatga ega bo‘lishi shart. Morfologik elementlar gaplar deyktik mazmun olishga xizmat qiladi. Masalan, The inflation rate in the UK is 2,5 % “Buyuk Britaniya infilyasiya darajasi 2,5 foyizni  tashkil qiladi” gapini talaffuz qilayotgan so‘zlovchi voqea kechayotgan vaqtga ishora qiladi.

Aslida deyktik bo‘lmagan birliklarning shu vazifa qo‘llanishida ma’no referentiv ko‘rinishni olishi mumkin. Jumladan, The man who just came in “Hozirgina kirib kelgan odam” gapi ko‘proq tavsifiy ma’noga ega bo‘lsa-da, ma’lum kontekstda deyktik mazmunga ega bo‘ladi va bunda referent ma’no kontekstga bog‘liq holda yuzaga keladi. Xuddi shuningdek, “Eshik” qabilidagi tugallanmagan deskriptiv iboralar ham kontekstda aniq ma’noni ifodalaydi, chunki “Eshikni yoping” gapini eshitgan tinglovchi qaysi eshik haqida so‘z borayotganini tushunadi.

Pragmatikaga oid ishlarda ko‘pchilik iboralarning ma’nosi ularning qo‘llanishida aniq ko‘rinish olishi ta’kidlanadi [7; 37] va shunga binoan qariyb barcha lug‘aviy birliklarni ma’lum darajada deyktik, deb qarash mumkin. Masalan, Everyone had a good time – “Hamma vaqtini yaxshi o‘tkazdi” turidagi gaplarni eshitganimizda everyone– “hamma” marosimga qatnashgan shaxslarni anglatishini tushunamiz. Albatta, ta’sirchanlikning qaysi ko‘rinishlari so‘zlar ma’nosiga tegishli ekanini aniqlash qiyin. Lekin, miqdoriy ko‘rsatkichlar deyktik xususiyatiga egaligiga gumon qilmasa ham bo‘ladi va ular doimo konekstual izohga muhtojdirlar.

Muhimi deyktik  birliklar ma’lum vaziyatlarda deyktik ma’nodan xolos bo‘lishlari mumkin va bunda ushbu birliklar anaforik mazmunga ega bo‘ladilar. Anaforik mazmunni oladigan birliklar deyktik vazifani bajarilayotganlarida gap tarkibida boshqa bir birlikning deyktik ma’nosini qabul qilib oladilar. Binobarin, Have you read the American Tragedy? That is a good book. Are we there yet? tuzilmasini eshitib, uni to‘g‘ri tushunish uchun kontekstga murojaat qilishga majburmiz. Chunki o‘zining hozir egallab turgan joyi, haqida gapirayotgan kishi here ravishini qo‘llashi lozim .  Bu yerda there elementi masofaga ishora qiluvchi birlik sifatida qo‘llanmoqda.

Kontekstda deyktik vazifani bajarmayotgan deyktik birliklarga misol tariqasida quyidagi gaplarni keltirish mumkin:

  1. On our holiday we just pottered around, going here and there, doing this and that  – Dam olish kunini u yoqqa bu yoqqa sandirog‘lab, u-bu ishlarni qilish bilan o‘tkazdik;
  2. You can’t always get what you want  “Hardoim ham o‘zing xoxlaganinga ega bo‘lavermaysan”.

Ayrim tilshunoslar “deyktik markaz” tushunchasini qo‘llashga odatlanganlar. Albatta, eng muhim deyktik markaz–so‘zlovchilar va “here – bu yerda” uning makondagi o‘rniga ishora qilsa, “now–hozir” zamon  (vaqt oralig‘i) dagi joyini ko‘rsatadi, lekin ma’lum vaziyatlarda markaz o‘zgarishi mumkin.

Shaxs deyksisi faollashuvida markaz juftlashadi: so‘zlovchi va tinglovchi hamda bunda “Men” birinchisiga ishora qilsa, “Sen” tinglovchini ko‘rsatadi. Yuqorida aytilganidek, shaxs olmoshlari biror bir deyktik markazga tobe bo‘lmaganlari uchun, deyktik ibora vazifasini bajarmaydilar.

    Makon deyksisi ravishlar (this dog–bu it; that dog–u it), ayrim sifatlar, yuklamalar va fe’llar vositasida ifodalanadi. Shuningdek, on the right of–o‘ng tomonda, in front of–oldida (old tomonida) kabi iboralar ham shunday mazmun ifodasiga qodir. Ular ishtirokida tuzilgan gaplar ba’zan ikki xil mazmunga ega: Masalan, The cat is behind the sofa gapini bir holatda mushukning suyanchiq tomonining orqasida ekanligi tushunilsa, ikkinchisida uning so‘zlovchining ro‘parasida turgan divanning orqasiga joylashgani nazarga tutiladi.

Temporal deyksis faollashuvida so‘zlovchi deyktik markazni egallab, vaqtning kechishi unga nisbatan belgilanadi. So‘zlovchi “It is raining–Yomg‘ir yog‘ayapti” deganida, tinglovchi ushbu nutqiy aktni “Yomg‘ir hozir yog‘ayapti” mazmunida qabul qiladi. Ushbu turdagi deyksisni ifodalovchi iboralarga ba’zan turg‘unlik xos bo‘lsa (masalan, 2018 yilda), boshqalarining bajaradigan vazifasi nisbatandir (masalan, hozir, o‘shanda, o‘tgan yili, bu kecha, bir yil oldin va boshqalar). Bunday birliklar odatda voqea kechayotgan zamonni so‘zlovchiga nisbatan belgilab, ayrim hollarda uchinchi shaxsga ham murojaatni ifodalashlari kuzatiladi.

Ma’lumki jahon tilshunosligida deyksis tushunchasiga turlicha yondashuvlar mavjud, ya’ni ko‘rsatish, ishora, eslatish kabi ma’nolarni anglatib, ular aniq ravshan ko‘rsatish anaforik ko‘rsatish, faraz qilinayotgan ob’yektni ko‘rsatish kabilar orqali amalga oshirilishi ta’kidlanadi. Deyktik iboralarning qo‘llanilishi ayrim kommunikatsiya faoliyatining aspekt-larida, ekstralingvistik kontekstning xossalarida yoki fikr konteksti yoki nutq faoliyatining xususiyatlarida namoyon bo‘ladi. Deyksis holatning markazida so‘zlovchi yoki kitobxon turadi va uning makon va zamonda o‘rin olishi boshlang‘ich nuqta bo‘lib qoladi. Deyksis so‘zlovchining nutq faoliyati jarayonida ma’lum makonda joylashganligini hamda shu harakatining aniq bir zamonda bajarilishini yoki bajarilmasligini belgilaydi. Shu nuqtai nazardan qaralganda, deyksis mikromatnda diskurs darajasida o‘rganilishi lozim.

 

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

 

  1. Mirziyoev Sh.M. Qonun ustuvorligi va inson manfaatlarini ta’minlash – yurt taraqqiyoti va xalq farovonligining garovi. –T.: “O‘zbekiston”, 2017.
  2. Anderson S., Keenan E. Deixis// Language Typology and Syntactic Description. -Cambridge: Cambridge University Press, 1985.-P.259-308.
  3. Arutyunova N.D. Nominatsiya, referensiya, znacheniye // Yazikovaya nominatsiya obshiye voprosi. – M.: Nauka, 1977.
  4.  Byuller K. Teoriya yazika. Reprezentativnaya funksiya yazika. Progress M.: 2000. -528 s.
  5. Fillmore Ch. Lectures on deixis. Center for the study of Language and Information. -Zeland Junior University. CSLI Publication, 1997.-61 p.
  6. Haliday M. An Introduction to Functional Grammar. – L.: Oxford University Press, 2004. – 421 p.
  7. Jacobs R.A. English Syntax. A Grammar for English Language Professionals. – Oxford University Press, 1993. – 378 p.
  8. Levinson Stephan G. Pragmatics. Cambridge: Cambridge University Press, 1983.- 419p.
  9. O‘lmas Umarbekov, Odam bo‘lish qiyin. Toshkent, 2023-238 b.
  10.  Said Ahmad, Yo‘qotganlarim va topganlarim. Toshkent, 2019.-350 b.
  11.  Shukrullo, Kafansiz ko‘milganlar. Toshkent, 2023- 190 b.
  12. Vinogradov V.A. Deyksis // Lingvisticheskiy ensiklopedicheskiy slovar. – M.: Sovetskaya ensiklopediya, 1990. – 128 c.

 

 

Болтакулова Г. Временной дейксис в различных языковых системах и его прагматическое значение. В данной статье изучаются дейксис и его классификация, отражение дейксиса в процессе перевода с одного языка на другой, временной дейксис и его значение в структуре предложения. На данный момент в нашем языкознании актуально изучение сравнительно-функционального изучения дейктических падежей темпоральных единиц в системе неродственных английского и узбекского языков на основе современных методологических принципов.

 

Boltakulova G. Temporal deixis in different language systems and Its pragmatic meaning.  In this article, deixis and its classification, reflection of deixis in the process of translation from one language to another, temporal deixis and its meaning in sentence structure are studied. At the moment, in our linguistics, it is important to study the comparative-functional study of the deictic cases of temporal units in the system of unrelated English and Uzbek languages based on modern methodological principles.

 

 

 

Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati