VA’DA BERISH NUTQIY AKTLARINI MULOQOT MATNIDA VOQELANTIRUVCHI LISONIY VOSITALAR

Va’da nutqiy aktlarning illokutiv maqsadi adresat foydasiga amalga oshiriladigan adresant niyatini bildirishidan iborat. Ushbu harakat odatda nutqiy aktning propozitsional mazmuni orqali tasvirlanadi. Va’da nutqiy tuzillmalarning propozitsiyasi kelgusida bajarilishi lozim boʻlgan harakatga tegishli boʻlib, uning oʻziga xos kategoriyalari vaʼda va taklif hisoblanadi. Illokutiv maqsad – soʻzlovchiga vaʼda berish yoki kelajakda bajarilishi kerak boʻlgan biron majburiyatni yuklash. Moslashtirish yoʻnalishi – “voqelik – soʻz”. Ruhiy holat – niyat, intensiya. Propozitsion mazmun – soʻzlovchi qandaydir kelajakdagi faoliyatni bajaradi. Masalan: vaʼda, kafolat, qasam. Ushbu guruh Ostin ajratgan guruh bilan mos keladi: ofrecer, prometer, garantizar, comprometer, amenazar (Austin 2004: 119).

Nutqiy tuzilma propozitsion mazmunidagi cheklashdan nutqiy aktning samaradorligini taʼminlash maqsadida foydalaniladi. Masalan, vaʼda berish holatida ushbu mazmun kelasi zamonga tegishlilik sharti bilan bogʻlangan boʻladi. Haqiqatdan ham, biror bir ishni vaʼda berish oʻtgan zamon shaklida ifodalanishi mantiqsiz hisoblanadi va bu kommunikativ muvaffaqiyatsizlikka olib keladi. Ushbu qoidalarning universalligi J. Syorlning nutqiy aktlar tasnifini yaratishiga asos boʻlib xizmat qildi (Searle 1983). J. Syorl tomonidan ishlab chiqilgan qoidalar, birinchidan, illokutiv aktning turini aniqlashga qaratilgan boʻlsa, ikkinchidan, nutqiy akt samaradorligini taʼminlovchi shart-sharoitlarni aniqlashga moʻljallangan, bu holda lingvistik mazmun nazardan chetda qoladi.

Va’da nutqiy aktlari tinglovchining foydasini moʻljallagan illokutiv mazmunni faollashtirgani bois, ijobiy hurmatni yetkazish uchun prototip aktlarni ifodalaydi. Ular orqali adresant nutqiy muloqot doirasida suhbatdoshi bilan hamkorligini ko‘rsatadi ifodalaydi hamda oʻz saxiyligini namoyish etish orqali ijobiy obrazini mustahkamlaydi. Shu sababli, mazkur turdagi nutqiy aktlar ham mohiyatan xushmuomala strategiyalar safiga kiradi.

Yuqorida taʼkidlab oʻtganimizdek, oʻzining xushmuomala tabiatiga ega boʻlishiga qaramasdan, taklif nutqiy aktlarida, har holda, tinglovchiga nisbatan nafaqat foyda, balki uning ijobiy obraziga tahdid solish ehtimoli ham yoʻq emas. Ayrim muloqot vaziyatlarida taklifni bir martada qabul qilgan tinglovchi faqatgina oʻzi va oʻz foydasini koʻzlaydigandek tuyulishi mumkin va bu oʻz navbatida, xudbinlik sifatida uning shaxsiy obraziga putur yetkazishi mumkin. Shu sababli, muloqot muhitiga asoslanib, baʼzan taklifni rad etish ham xushmuomala nutqiy harakat sifatida qabul qilinishi mumkin.

Albatta, boshqa nutqiy aktlar guruhida boʻlgani kabi va’dalarni muloqot matnida voqelantirishda milliy-madaniy meʼyorlarni hisobga olish kerak. Masalan, ispan muloqot madaniyatida notanish yoki yaqindan tanish boʻlmagan shaxslarni mehmonga chaqirib, uyga taklif qilinmaydi. Shu sababli, biz, oʻzbeklarning suhbatni yakunlayotib, “Keling”, “Bir piyola choy ichamiz” kabi taklif nutqiy tuzilmalarimiz  ispan til sohiblari uchun gʻalati tuyulganiga shaxsan oʻzimizning tajribamizda amin boʻlganmiz. Ushbu vaziyatni yapon muloqot matnida kuzatadigan boʻlsak, ularda ham xayrlashish nutqiy akti sifatida mehmonga taklif qilish qabul qilingan va ushbu lokutiv aktni yapon til sohibi taklif sifatida qabul qilmaydi va javoban u ham taklifni ifodalaydi. Xoʻsh, agar haqiqatdan ham taklif  lokutiv kuchini voqelantirish qanday amalga oshiriladi, degan savol tuhilishi tabiiy. Yaponlar birinchi marta taklifni xushmuomala rad etadilar, soʻzlovchi ikkinchi marta iltimos qiladi, tinglovchi uni tashvishga qoʻyishni xohlamasligini ifodalaydi va nihoyat uchinchi marta taklif qilinganda, uchrashuv vaqtini ham aniq koʻrsatilganidan keyingina suhbatdosh taklifni qabul qiladi. Shundagina soʻzlovchi va tinglovchining har birining ijobiy obrazi saqlab qolingan boʻladi.

Tinglovchi taklifga rozi boʻlishi hamda taklif rad etilgan taqdirda ham obrazga tahdidga yoʻl qoʻymaslik maqsadida soʻzlovchi nutqiy akt illokutiv kuchini yumshatuvchi strategiyalar yoki rasman va’da nutqiy aktlarini amalga oshirishga xos boʻlgan bir yoki undan ortiq sharoitlarni aks ettiruvchi nutqiy harakatlardan foydalanishi mumkin. H. Xaverkate (2004:107) bu oʻrinda uchta inobatga olinishi lozim boʻlgan sharoitlarni ajratadi: qobiliyat, maqbullik va asoslanganlik. Mazkur sharoitlar va’da nutqiy aktlarining lisoniy voqelanishida oʻz aksini topadi.

Suhbatdoshining maʼlum bir harakatni bajarishga qobiliyatini inobatga olgan holda voqelantiriladigan va’da nutqiy aktlar poder feʼli vositasida tasdiq va inkor nutqiy tuzilmalari shaklida ifodalanadi. Qiyoslang:

En cambio, Gabriel, yo puedo hacer por ti lo que no has soñado ni podrías soñar (Galdós, 2013:127).

Oye, prosiguió la voz: yo puedo revelarte secretos que no ha penetrado la ciencia y sabrás en qué consiste la enfermedad que mata a tu hija. – Hazlo, contestó la madre con vehemencia (Baró, 2015:121).

Por mi parte, y sin prejuicio de averiguar todo lo que a usted le convenga, yo puedo desde ahora mismo darle a usted razón de uno (Zugasti, 1993:171).

Shu bilan birgalikda, tahlil obyektimizda poder feʼli birinchi shaxsda faollashgan soʻroq nutqiy tuzilmalari orqali va’da illokutiv mazmuni bevosita ifodalangan hollarni ham uchratdik. Ushbu muloqot vaziyatida roder feʼli assertiv nutqiy aktlarda boʻlgani kabi tinglovchining harakatni bajara olish qobiliyati mazmunini emas, balki maʼlum bir harakatni bajarishga ruxsat soʻrash illokutiv kuchi faollashganini kuzatish mumkin. Mazkur nutqiy strategiya orqali soʻzlovchi eksplitsit tarzda suhbatdoshi foydasiga qaratilgan faoliyatni amalga oshirish uchun ruxsat soʻraydi. Soʻroq nutqiy tuzilmaning implitsit maqsadi adresantni vaʼda berilgan harakatni amalga oshirishga ishontirishdan iborat. Ruxsat soʻrash suhbatdoshning ixtiyorisiz va’da nutqiy akti amalga oshirilmasligi hamda bu borada uning roziligini olish lozimligini anglatadi.

(…) ¿puedo hacer algo por ti? (Gorostiza, 2008:11)

(…) ¿en qué puedo servir a Vds.? (Marqués y Espejo, 2022:52).

¿Puedo hacer algo en obsequio de usted? (Picón, 2003:269).

Shuningdek, querer, preferir feʼllarining soʻroq nutqiy tuzilmalari doirasida ishlatilishi va’da nutqiy tuzilmaning maqbulligini nazarda tutadi hamda H.Xaverkatening taʼbiri bilan aytganda, soʻzlovchi tomonidan vaʼda berilgan harakatni suhbatdosh amalga oshirmaslikdan koʻra, bajarishni afzal koʻrishini ifodalaydi (Xaverkate, 1994:107). Tahlilga tortilgan ispan muloqot matnidan maʼlum boʻldiki, maqbullik tilshunoslik jihatdan suhbatdoshning ixtiyorini nomoyon etuvchi querer, preferir kabi feʼllarning soʻroq nutqiy tuzilmasi orqali voqelanadi. Soʻroq adresatga nisbatan bildirilgan boʻlib, uning istaklariga va foydasiga bogʻliq ravishda  faollashgan boʻlishi mumkin.

¿Quiere usted abanicarse? – Mil gracias (Rubí, 2019:18).

¿Quieres que vaya yo a la ciudad – cuchicheó la navarra – y le dé aviso al corregidor de lo que nos? (Alarcón, 1999:114).

¿Prefiere V. que lea unos apuntes que he tomado? (Sanjuán, 2015:121).

Shuningdek, taklif nutqiy aktlarida Querer kesimining  inkor shaklida qoʻllanilish holatlari ham tez-tez uchrab turadi.

¿Pero no quiere vuecencia tomar un bocado? (Bermejo, 2012:35)

¿Y no quiere usted sentarse? (Rubí, 2019:16).

Taklif nutqiy aktlari, avvalambor, darak mayli hozirgi zamondagi lisoniy tuzilmalar hamda tinglovchiga eksplitsit tarzda maʼlum savollarni bevosita talaffuz etish orqali ham aks ettiriladi. Mazkur soʻroq nutqiy tuzilmalari suhbatdoshni uning foydasiga moʻljallangan maʼlum bir taklifni qabul qilishiga undaydi. Ushbu savollar orqali soʻzlovchi tomonidan suhbatdoshning manfaatini koʻzlab amalga oshirilgan harakatni bajarish uchun adresatning tasdigʻi talab etiladi. Mazkur holatda gap bilvosita takliflar haqida bormoqda. Demak, bilsosita voqelangan soʻroq nutqiy tuzilmalari uygʻun munosabatlar uchun zamin tayyorlash va taklifni yumshitish maqsadida tinglovchining xohish-istagini inobatga olgan holda, harakat erkinligini taʼminlash uchun xizmat qiladi.

Al fin, ¿te ayudo? (Vega, 2016:32).

¿Le sirvo a usted agua? (Vital, 1998:37).

Va’da nutqiy aktlarining yana bir oʻziga xos xususiyati – maʼlum bir harakatni bajarish uchun asos boʻlgan sabablarni keltirish bilan bogʻlangan. Mazkur muloqot vaziyatining lisoniy voqelanishi suhbatdoshga qaratilgan necesitar performativ feʼli orqali amalga oshiriladi. Ushbu holatda kesim mavjud sabablarni yaqqol  ochib bermasa-da, maʼlum harakatni bajarish ehtiyoji mavjudligini hamda va’da aktini amalga oshirish maʼqulligini dalillashga harakat qiladi.

Lo que usted necesita es un buen fuego y un regular alimento, y de todo le proveeremos al punto, si Dios quiere (Pereda, 2009:132)

Después de lo que acabas de hacer, necesitas ropa y cuidados, que yo te proporcionaré, acompañándote también a casa (Taboada, 1994:59).

Har ikkala keltirilgan misollarda va’da nutqiy aktlari uchun boshqa nutqiy strategiya (kelasi zamon) ishlatilganini kuzatish mumkin. Mazkur lisoniy strategiya nutqiy aktning hurmat tamoyillariga asoslangan holda voqelanishi va tinglovchining ijobiy obrazini kuchaytirilishiga zamin yaratadi. Va’da nutqiy aktlari doirasida xushmuomala nutqiy strategiyalarning qoʻllanilishi yetarlicha oddiy holat boʻlib, soʻzlovchi tinglovchiga nisbatan qaygʻurishi hamda uni maʼlum bir harakatni bajarishga ishontirish maqsadini namoyon etadi.

Mazkur nutqiy harakat ham necesitar feʼli orqali, ammo soʻroq nutqiy tuzilmasi shaklida soʻzlovchining suhbatdoshiga murojaatini qamrab oladi. Suhbatdoshining ehtiyojlari haqida soʻraganda soʻzlovchi ayni paytda unga qadrdon ekanligini, undan xavotir olishini hamda zaruriyat tugʻilganda barcha ehtiyojlarni qondirishga shayligini maʼlum qiladi.

Señorita, ¿necesita usted alguna cosa? (Alba, 2013:23)

¿Quieres que te proteja yo? ¿Necesitas algo? – me preguntó con bondad (Galdós, 1994:76).

Va’da nutqiy aktlarining bevosita prometer performativ feʼli orqali voqelanishi nutqiy tuzilmaning illokutiv maqsadini tushunishini osonlashtiradi va soʻzlovchi maʼlum harakatni bajarishga vaʼda berilayotganligini anglashi hech qanday qiyinchilik tugʻdirmaydi.

Yo te prometo velar por ella (Montemar, 2018:39).

Perfectamente; por mi parte le prometo a V. que desde mañana, mis amigas y yo, iremos al paseo a la una (El Album, 2000:3).

Bundan tashqari, va’da nutqiy aktlari performativ feʼllarni keltirmasdan, vaʼda qilingan harakatni nomlovchi bosh gapdagi kesimning kelasi zamonda ifodalash orqali ham amalga oshirilishi mumkin. Feʼl birinchi shaxs birlikda ishlatiladi, yaʼni, soʻzlovchi keltirilgan harakatni keyinchalik amalga oshirish uchun masʼul boʻladi.

Si, señor, trabajaré. – Me conformo con esa promesa (Zamora y Caballero, 2011:45).

Callaré como una muerta (…) (Moratín, 2017:11).

¡Pobre anciano! Venid a aquel aposento: os daré algún refrigerio, y después podréis dormir (Tamayo, 2012:36).

Taklif ham suhbatdoshga moʻljallangan eksplitsit ifodalangan savol tariqasida bildiriladi. Mazkur soʻroq nutqiy tuzilmasi orqali faollashgan va’da nutqiy aktlari tinglovchiga taklifni qabul qilish yoinki uni rad etish oʻrtasida tanlashga imkoniyat beradi. Ushbu lisoniy strategiya orqali soʻzlovchi suhbatdoshiga oʻz irodasini majburiy oʻtkazmaslikni nazarda tutadi.

A propósito, ¿vas ahora a tomar conmigo una copita de ron? ¡Verás que rico! (Mota, 2018:13)

¿Una aceituna? – Muchas gracias. (Vital, 2008:35)

¿Se queda usted? (Tamayo, 2000:14).

Ispan muloqot matnini tahlil qilish davomida, shuningdek, va’da nutqiy aktlarining yana bir oʻziga xos lisoniy strategiyaning tez-tez ishlatilishini kuzatdik. Bu bevosita va eksplitsit ifodalangan buyruq mayli boʻlib, tinglovchining obraziga tahdid solish xavfi yuqori boʻlgan nutqiy harakat hisoblanadi. Boz ustiga, buyruq mayli, birinchi navbatda, xushmuomala boʻlmagan nutqiy aktlar safiga kiradi.  Biroq, mazkur kontekstda buyruq mayli vositasida faollashgan va’da nutqiy aktlarida hech qaysi ijtimoiy meʼyor buzilmaganligi hamda uning hurmat tamoyillariga asoslanganligi isbotlandi. Mazkur turdagi nutqiy tuzilmalar bilvosita nutqiy aktlar guruhiga mansub boʻlib, lokutiv aktning maʼnosi direktivlarga, yaʼni tinglovchini harakatga undayotgan buyruq ohangida boʻlsa ham, illokutiv kuch adresatining maʼlum bir harakatni bajarishi natijalari unga foyda keltiradigan taklif ekanligiga ishontirish hisoblanadi.

Escoja usted la que más le guste (Alba, 2013:16).

Pruebe usted de este (Alba, 1993:32).

Tome usía este vaso de agua azucarada (Barrera, 2018:23).

Shunga oʻxshash muloqot vaziyatlariga har kungi faoliyatimizda, masalan, mehmon va mezbon oʻrtasidagi dasturxon atrofidagi suhbatda duch kelishimiz mumkin:

  Oling, mehmon, shirinlikni tatib ko‘ring!

  Rahmant, qornim to‘yib qoldi.

  Kamroq boʻlsa ham yeb koʻring, aynan sizga deb pishirganmiz. Oling, mehmon boʻling!

Haqiqatdan ham, ushbu muloqot matnida nutqiy tuzilma buyruq mayli orqali ifodalangan boʻlsa-da, mazmun tinglovchiga nisbatan hurmat, uni qadrlash illokutiv kuchiga ega. Shu bois ham, har bir nutqiy aktning tahlili jarayonida muloqotning ekstralingvistik omillarini hisobga olgan holda talqin qilinsa, maqsadga muvofiq boʻlar edi.

Guvoh boʻlib turganimizdek, nutqiy akt  – maʼlum bir jamiyatda tan olingan muloqot qoida va tamoyillariga asoslangan hamda soʻzlovchining aniq bir maqsadni koʻzlagan holda amalga oshirilgan nutqiy faoliyati hisoblanadi. Nutqiy akt hodisasi tavsifiga suhbatdoshlarning aniq bir maqsadga erishishga yoʻnaltirilgan faoliyati sifatida yondashish maqsadga muvofiqdir. Nutqiy aktlar samaradorligini taʼminlovchi shart-sharoitlar va vositalar, ularning turlari va ushbu turlarni ajratuvchi tamoyillar, nutqiy akt natijasi soʻzlovchining illokutiv maqsadga erishish omillari sifatida oʻrganilishi lozim.

 

 

 

Foydalangan adabiyotlar ro‘yxati:

 

  1. Austin J.L. Cómo hacer cosas con palabras. Edición Paidós Ibérica, S.A. – Barcelona, 2004. – 220 p.
  2. Haverkate H. Aproximaciones pragmalingüísticas al español. – Amsterdam: Ediciones Rodopi, 1993. – 149 р.
  3. Haverkate H. La cortesía verbal. Estudio pragmalingüístico. – Madrid: Gredos, 1994. – 245 р.
  4. Haverkate H. Estrategias de cortesía. Análisis intercultural // Asele; Actas VII. Centro Virtual Cervantes, 1996. – P. 45- 57.
  5. Searle J.R. Intentionality: an essay in the philosophy of mind. – Cambridge: Mass. – 1983. – 162 p.

 

Шамахмудова А. Лингвистические средства реализации комиссивных речевых актов в дискурсе. В статье рассматриваются языковые стратегии выражения принципов вежливости в испаноязычном дискурсе. Выявлены лингвистические структуры, употребляемые в рамках комиссивных речевых актов.

Shamakhmudova A. Linguistic means of implementing commissive speech acts in discourse. The article discusses linguistic strategies for expressing the principles of politeness in Spanish-language discourse. The linguistic structures used in the framework of commissive speech acts are revealed.

 

 

Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati