X-XI ASRLAR FORS-TOJIK MUMTOZ POETIKASIDA TASHXIS SAN’ATINING POETIK FUNKSIONAL XUSUSIYATLARI

X-XI asr Sharq adabiyotining ravnaq topishi barobarida so‘z san’atlari ham shakllanib, keng rivojlangan. She’riyat ahli badiiy so‘zning ma’no va mazmunini boyitishda, asarning estetik qiymatini oshirishda so‘z san’ati turlarining poetik imkoniyatlaridan samarali foydalanib, yangi va betakror tasvirlarni yaratishgan. Xususan, mazkur davr she’riyati poetikasida tashbih, tashxis, istiora, mubolag‘a, talmih, savol va javob, tazod, ihom, tarse’, majoz, kinoya, tavsif, tajnis, laffu nashr, irsoli masal kabi san’atlar muhim o‘rin tutadi. Mazkur davr she’riyatida badiiy obrazlarning yaratilishida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan tasviriy vositalardan biri tashxis san’atidir. Tashxis san’atidan, asosan, fasllar almashinuvi, tabiat manzaralarini tasvirlash, borliq olam go‘zalligining madhi, ishq va muhabbat tarannumi, sharob tayyorlash jarayonining badiiy talqini hamda shoirning hayotga bo‘lgan munosabati va hayotsevarlik ohanglarini bayon etishda foydalanilgan. Tadqiq etilayotgan davr adabiyotida tabiat manzaralari tasviri kuchli realistik xususiyatlarga ega bo‘lib, she’riyat ahli so‘z san’atlari asosida, ularning tabiiy xususiyatlarini madh etib, tasvirlashgan. Ayniqsa, mazkur davr adabiyotida tabiatning tarovati va go‘zalligini tasvirlash jozibali uslub va yorqin tasviriy vositalarda bayon etilgan. Somoniylar davri poeziyasida tabiat va borliqning maftunkor manzaralarini tasvirlash umumiy xususiyat kasb etgan. Professor X.Mirzozoda mazkur davr adabiyotida tabiat manzaralarini tasvirlash va madh etishning yuksak ahamiyati haqida quyidagi fikrlarni bayon qilgan: “X asr she’riyatining yana bir uslubi shoirlarning hayotsevarlik aqidalariga bog‘liq edi va bu davr shoirlarining tabiat manzaralarini (peyzaj) tasvirlashida namoyon bo‘ladi. Peyzaj tasvirlari, ayniqsa, Rudakiy, Daqiqiy, Shahid Balxiy, Amir Og‘ochiy va Kisoiy she’rlarida ko‘p kuzatiladi” [4:197]. Xususan, tabiat manzaralarini fors-tojik mumtoz she’riyati otasi Rudakiy Samarqandiy o‘zgacha did va uslub vositasida madh etib, olam go‘zalligini real va hayratlanarli tarzda ifodalaydi.

Tashxis san’ati X-XI asr poeziyasida mufassal va mo‘jaz shaklda namoyon bo‘ladi. Mazkur davr adabiyotida tabiatning turli unsurlari va hodisalari, mavhum tushunchalar va osmon jismlari, hayvonot va o‘simliklar olami tashxis san’ati vositasida tasvirlangan, She’riyat ahli tashxisning keng tasviriy imkoniyatlari va jozibadorligi tufayli aynan undan foydalanib, turli mavjudot va jismlarga Iso Masih kabi hayot va ruh bag‘ishlashgan.  

O‘z ijodida tashxis san’atidan mohirlik bilan foydalanib, jozibali va qiziqarli tabiiy obrazlar yaratgan shoirlardan biri Odamushshuaro Abuabdulloh Ja’far bin Muhammad Rudakiydir. Ustoz Rudakiy she’riyatida tashxis gohida mo‘jaz va gohida mufasaal shaklda, ba’zida boshqa san’atlar doirasida ifodalanadi. Chunonchi, shoir “Madhi Buxoro” (Buxoro madhi) qasidasida tashxisning mo‘jaz shaklini quyidagicha ifodalaydi:

Mir moh astu Buxoro osmon,

Moh so‘i osmon oyad hame.

Mir sarv ast-u Buxoro bo‘ston,

Sarv so‘i bo‘ston oyad hame [5:125].

Mazmuni: Amir oydur, Buxoro osmon, Oy osmon oldiga keladi. Amir sarv darxtidur, Buxoro bo‘ston, sarv bo‘ston tomon keladi.

Asosan tashbihdan tashkil topgan mazkur baytlarda tashxis san’atining mo‘jaz shaklini oy va sarv daraxtining harakatga kelishi misolida ko‘ramiz. Birinchi misrada oy amirga qiyoslanadi, ikkinchi misrada oy tashxis san’ati xususiyatlarini qabul qilib, harakatga keladi va osmon uzra safarga otlanadi. Uchinchi misrada ham xuddi birinchi baytdagidek shoir amirni madh etib, uni sarv daraxtiga o‘xshatadi. Voqealar silsilasi to‘rtinchi misrada davom etib, she’riy obraz-sarv daraxti tashxis san’ati xususiyatlarini qabul qilib, bo‘stonga safar qiladi.

Yuqorida qayd etganimizdek X asr shoirlari ijodida tashxis san’ati, asosan, tabiat mavzulari, shoirning ichki his-tuyg‘ulari bayoni, ishqiy kechinmalar, samoviy jismlar harakati, hayvonot va o‘simlik olami turlarining hayotini tasvirlashda, aksariyat hollarda mo‘jaz shaklda uchraydi. Masalan, Shahid Balxiyning quyidagi ruboiysida Tus xarobalarida tovus o‘rnini egallab olgan va hayotning buzg‘unchiligi-yu zamonaning adolatsizligi haqida o‘ychan fikr bildirgan boyo‘g‘li obrazi yaratilgan:

Do‘sham guzar aftod ba vayronai To‘s,

Didam jug‘de nishasta joi tovo‘s;

Guftam: “Chi xabar dori az in vayrona?”

Gufto: “Xabar in ast, ki afso‘s, afso‘s!” [1:44].

            Mazmuni: Kecha yo‘lim tushdi To‘sning vayronasiga, tovus o‘rniga boyo‘g‘li turganini ko‘rdim. Men “bu vayrona holidin ne bilar san” deb undan so‘radim, u  “xabar bu kim afsus, afsus” dedi.

            Ruboiyda tashxis san’atining mo‘jaz shaklidan foydalanilgan va uning xususiyatlari shoirning lirik qahramoni-boyo‘g‘li qushidan hozirgi zamon vaziyati haqida fikr bildirishini so‘raganida, namoyon bo‘ladi. Jug‘d (boyo‘g‘li) tilga kirib, o‘zining zamonga nisbatan mushohadalarini bayon etadi. O‘tmishning baxtli xotirasini afsus va nadomat bilan yod etadi.

Qayd etish joizki, davr she’riyatining badiiy tasvirlari aksariyat hollarda tashbih va istiora san’atlaridan tashkil topgan. X-XI asr fors-tojik she’riyati vakillari tabiat manzaralarini tasvirlash jarayonida tashbih san’atidan ko‘pgina hollarda foydalanishgan. Tashxis san’ati mazkur she’rlarda tashbih va istiora bilan birgalikda kelib, badiiy obrazlarni inson qiyofasiga kirishi va harakatlanishi jarayonida qo‘llanilgan. Masalan, Mantiqiy Roziyning bir she’rida asl maqsad oy tutilishi va bir muncha vaqt o‘tib yangi oyning chiqishini tasvirlashdan iborat. Biroq, shoirning to‘qima obrazida oy bemor bo‘lib, nola qiladi, kasallik asorati natijasida  bir muddat ko‘zlardan panada bo‘ladi. Vaqt o‘tib, simin qalqon va chavgon uchi ko‘rinishida osmonga ko‘tariladi. Yoki yugurayotgan otning sahroga tushib qolgan oltin taqasidek, hayit kechasida yangi oy timsolida o‘zgacha tarovat va joziba bilan osmonda ko‘rinish beradi. 

Mahi gardun magar bemor gashtast?

Binolidu tanash bigrift nuqson.

Siparkirdori simin bud inak,

Baromad bar falak chun no‘gi chavgon.

Tu gufti xingi sohib toxtan kard,

Bimondash na’li zarrin dar biyobon.

Shabi id az bari ro‘i falak shud

Hame abro‘i mohi nav namoyon[1:144].

Mazmuni: Falakning oyi bemor bo‘libdi, shekilli, nolish ayladi va nuqsonli bo‘ldi. Go‘yoki nuqra rangli sipar edi, chavgon misol falakka chiqdi. Yoki oq otning yugurgani natijasida uning taqasi biyobonga tushibdi. Iyd kechasida oyning qoshu kamoni falakda namoyon bo‘ldi.

Yuqoridagi she’rda badiiy tasvir, asosan, tashbih san’atidan tarkib topgan. Tashxis faqatgina bir lahza birinchi baytda mo‘jaz shaklda ko‘zga tashlanadi. Shoir oyning bir muddat ko‘zdan g‘oyib bo‘lishini poetik tasvir imkoniyatlari asosida badiiylashtirib, uni bemor bo‘lgan va nolavu faryod chekayotgan dardmand kishiday tasvirlaydi. Oy shifo topish maqsadida kirib bir muddat to‘shakka yotadi va tuzalganidan keyin yangicha siymo va tarovat bilan yana osmonda paydo bo‘ladi. Keyingi baytlarda shoir oyning go‘zalligi va husnu jamolini madh etishga o‘tib, uni tashbih orqali simin qalqon, chavgon uchi va oltin taqaga o‘xshatadi.  

Mantiqiy Roziyning yana bir she’rida osmon jismlarining harakatlari, aniqrog‘i, quyoshning chiqishi va yulduzlarning botishi tasvirlangan. Shoir quyoshning chiqishi va yulduzlarning botish vaqtini go‘zal uslubda hikoya qilgan:

Az on xurshed zarrin shud, ki bar mulkash guzar dorad,

Sitora z-on hame larzad, ki az teg‘ash hazar dorad [1:145].

Mazmuni: Agar zarrin oftob o‘z mulki uzra safar qilsa, yulduzlar uning tig‘idan qo‘rqib, larzaga tushib, g‘oyib bo‘lgay.

She’rda quyosh qudratli harbiy aslahalar egasi sifatida o‘z saltanatini kezib, olamni nazorat qilishi tasvirlangan. Quyoshning kelganini ko‘rib yulduzni titroq tutadi va uning tig‘idan qo‘rqib qochib ketadi. Baytda quyosh va yulduz insoniy sifatlarni qabul qilishgan, ulardan birinchisi podshoh siymosida va jangovar qurollar bilan saltanatiga qadam bossa, ikkinchisi dushmanni (quyosh) ko‘rib titraydi va uning tig‘i qo‘rquvidan qochadi. Aytish joizki, mazkur bayt qadimiy eroniy xalqlarning Mitra haqidagi afsonasini esga soladi. Asotirga ko‘ra, har kuni Mitra harbiy aslahalarini kiyib, jangovar ot-aravasiga o‘tiradi va dunyoga yorug‘likni yoyib, zulmat kuchlariga qarshi kurash olib boradi.

            Shoir she’rda quyosh va yulduzlar timsolida Mitra va uning raqiblarining xususiyatlarini yangicha uslubda talqin etib, tong otishi va quyoshning chiqishini badiiyat vositasida aks ettirgan. Mantiqiy Roziyning mazkur she’ri yangi fors-tojik mumtoz adabiyotining shakllanishida qadimgi davr adabiyotining bevosita ta’sirini ko‘rsatib, obraz va tasvir yaratish an’anasi davom etib kelganini ko‘rsatadi.  

Tashxis va jonlantirish san’ati davr adabiyotining ishq va muhabbat mavzusida bitilgan she’rlari tarkibida ham o‘z ifodasini topgan. Chunonchi, Robea Qazdoriyning (Balxiy) quyidagi she’riy parchasida insoniy so‘zlash sifatini qabul qilgan, ayriliq olovidan kuyib, yor hajru firoqidan nola chekayotgan  qush obrazi yaratilgan:

Do‘sh bar shoxaki daraxt on murg‘,

Navha mekardu megirist ba zori...

Man judoyam zi yor menolam,

Tu chi noli, ki bo musoid yori,

Man nago‘yam chu xuni dida biboram,

Tu chi go‘i chu xuni dida nabori [1:112].

            Mazmuni: Kecha ul qush daraxt shoxida, nola qilib yig‘lardi zor-zor. Men yorimdan judo bo‘ldim, sen buni qaydan bilursan, zero, munosib yorning oldidasan. Men ishq hajridan qon yig‘layman, sen esa mening holimni bilmaysan, zero, sen qon yig‘lamaysan.

Robeaning tahlil etilayotgan she’rida tashxis san’ati vositasida qush insonga xos bo‘lgan ishq ne’matidan bahramand bo‘lib, oshiq bo‘lgan insonning achchiq taqdiridan hikoya qiladi. Shoir tashxis san’ati orqali she’rning mazmunini ta’sirchan ifodalab, oshiqi zorning ichki kechinmalarini qush tilidan bayon etadi.

Shahid Balxiy va Mantiqiy Roziyning yuqorida tahlil etilgan she’rlaridan farqli ravishda Robea Balxiyning she’ri tashxis san’atining mufassal turi vositasida bayon etilgan va unda lirik obraz insoniy fazilatlarni qamrab, ishqiy kechinmalarini hikoya qiladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, xulosa o‘rnida aytish mumkinki, X-XI asr Sharq mumtoz adabiyotida badiiy san’atlarning shakllanish davri bo‘lib, juda ko‘plab so‘z san’atlari shoirlar ijodida o‘z ifodasini topgan. Somoniylar davri shoirlari ijodida tashbih, istiora san’atlari qatorida tashxis san’ati ham badiiy tasvirning asosiy vositalaridan hisoblangan.

X-XI asr she’riyati tahlili va tadqiqi asosida aytish mumkinki, Sharq adabiyotida tashxis san’atining mo‘jaz shakli o‘ziga xos ahamiyatga ega bo‘lib, shoirlar undan ta’sirchan she’riy obrazlarni yaratish, tabiat manzaralari va go‘zalliklarini tasvirlash, ajdodlar an’analarini davom ettirish, sharob tayyorlash jarayonini badiiy adabiyotga ko‘chirish, badiiy obrazlarni jozibali va ta’sirchan qilib bayon etish; hayvonot, nabotot va qushlar olami hayotini tarannum etish va o‘quvchining san’at hamda adabiyotga bo‘lgan estetik qarashlarini takomillashtirish uchun foydalanishgan.

 

 

Foydalanilgan adabiyotlar royxati:

 

  1. Ашъори  ҳамасрони  Рўдакӣ. Таҳияи матн ва луғату тавзеҳот аз Худоӣ  Шарифов  ва  Абдушакур Абдусатторов. – Душанбе: Адиб, 2007. – 480 с.
  2. Зеҳнӣ Т. Санъати сухан. – Душанбе: Ирфон, 1967.
  3. Исҳоқов Ё. Сӯз санъати сӯзлиги.- Тошкент: Зарқалам, 2006-128 бет.
  4. Мирзозода Х. Таърихи адабиёти тоҷик. Кит. I (I). – Душанбе: Маориф, 1989. – 424 с.
  5. Рӯдакӣ. Осори Рўдакӣ. Дар таҳти таҳрири А.Мирзоев. – Сталинобод:        Нашрдавлтоҷик, 1958. – 542 с.
  6. Ҳожиахмедов А. Шеърий санъатлар ва мумтоз қофия. –Тошкент: Шарқ, 1998.160 бет.

 

Kayumov N. Poetic functional features of the art of personification in Persian-Tajik classical poetics of the X-XI centuries. The art of personification has an incomparable influence in the creation of beautiful images and artistic images in the classical literature of the East. The personification serves as an effective, obvious and accurate description of the artistic image. In literature, personification is imposed on lifeless natural phenomena, their manifestation in human form, speech and movement of various creatures.  As a result, inanimate and abstract things became alive and acquired human qualities.

In this article, the miraculous form of personification art and its poetry in the Eastern classical poetry of the X th- XI th centuries are studied with concrete evidence on the example of the works of Persian-Tajik classical poets.

 

Каюмов Н. Поэтико-функциональные особенности искусства олицетворения в персидско-таджикской классической поэтике X-XI вв. Приемы олицетворения имеет несравненное значение в создании прекрасных и художественных образов в восточной классической литературе. Олицетворение служит эффективным, наглядным и точным описанием художественного образа. Олицетворения использовались в литературе для того, чтобы оживлять неодушевленные явления природы, воплощать их в человеческий облик, заставлять говорить и двигаться различные существа. В результате неодушевленные и абстрактные вещи оживали и приобретали человеческие качества.

В данной статье на примере произведений персидско-таджикских поэтов-классиков исследуются приемы олицетворения в искусстве и его поэтические особенности в восточной классической поэзии X-XI вв.

 

Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati