XALQARO XITOY TILI DARAJASINI ANIQLASH IMTIHONI HSK TALABLARI HAQIDA

Hozirgi rivojlanayotgan davrda har bir sohada til bilish eng muhim xususiyatlardan biriga aylanib qolmoqda. “Til bilgan-el bilar” maqolini shior qilib olish hozirgi zamonda nafaqat yoshlarning, balki o‘z sohasining mohir ustasi bo‘lishni istagan barcha kadrlar uchun eng muhim vazifaga aylanib qolgandek go‘yoki.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-maydagi 312-son “Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirishni samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaroriga muvofiq ko‘plab ishxona va tashkilotlar bir nechta xorijiy tillarni egallagan mutaxassislarni ishga olishni boshladi va ish samaraligi ham ko‘p tilli xodimning yordami bilan amalga oshiriladigan bo‘ldi [ https://lex.uz/docs/].

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 10-dekabrdagi PQ–1875-sonli “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorini amalda qo‘llashni ommalashtirish hamda  chet tillar o‘qituvchilarining bazaviy lavozim maoshlariga oylik ustama belgilash uchun test sinovlarini  o‘tkazishni tashkil etilganidan keyin ham til bilish darajasini tekshirish, ustama olish uchun ham ko‘plab o‘qituvchilar ham mazkur testlardan o‘tish uchun bor shijoat va bilimlarini sarfladilar va hozirda ham bu jarayon davom etmoqda [https://lex.uz/docs/].

Ma’lumki, yurtimizda hozirgi kunda oliy ta’lim muassasasiga til bilish darajasining mahalliy sertifikati hisoblanmish C1 darajasi bo‘lmasa ishga qabul qilinmaydi va mazkur sertifikatga ega o‘qituvchilarga baza

viy oylik maoshlarining 50% darajasida ustama ham berilib borilayapti. Bu albatta prezidentimizning “….ustozlarning oylik maoshini ming AQSH dollarigacha ko‘taraman” degan va’dalarining yaqqol isboti ham hisoblanadi.

Bu qaror, ya’ni ustama olishga bo‘lgan qiziqishni oshirish vazifasi tubida boshqa bir oqilona maqsad turganligi hech kimga sir emas. Ya’ni hozirgi yoshlarning aql-zakovatini yanada oshirish uchun ulardan-da oqil va yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlash va ma’lum bir xorijiy til bazasi bilan oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirgan talabalarning bilimini yanada oshirish va ularning bilish darajasini magistratura bosqichiga yetgunga qadar C1 darajaga ko‘tarishning mohirona va chuqur o‘ylangan strategiyasidir bu aslida.

Yurtimizda xorijiy til bilish darajasini aniqlovchi ko‘plab test markazlari faoliyat olib bormoqda. Deyarli barcha xorijiy tillar yo‘nalishida test olib boruvchi markazlar mavjud. Ingliz tili, nemis tili, koreys tili, yapon tili, xitoy tili va hokazolar bunga yaqol misoldir. Xususan, xitoy tilini olib aytadigan bo‘lsak, O‘zbekiston Respublikasi Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti qoshida hamda Samarqand davlat chet tillar instituti qoshida ham Xitoy xalq respublikasining Konfutsiy instituti filiallari o‘z faoliyatini bir necha yillardan beri samarali olib bormoqda. Jumladan, ularda nafaqat talabalar va o‘quvchi yoshlarga xitoy tili o‘rgatiladi, balkim yana til bilish darajasini aniqlovchi HSK (xitoy tili daraja imtihoni) deb nomlanadigan xalqaro sertifikat olish imtihoni ham o‘tkaziladi.

HSK (Hanyu Shuiping Kaoshi ( 汉语 水平 考 试 ) - Xitoy tilini bilish darajasini aniqlash uchun o‘tkaziladigan xalqaro imtihon hisoblaniladi. Mazkur imtihonning 1,2,3,4,5 va 6-darajalari mavjud bo‘lib, hozirgi kunda ingliz tilidan o‘tkaziladigan IELTS xalqaro imtihoniga o‘xshab 9 ta darajada olib borish ishlab chiqilmoqda. Mazkur imtihon 1984-yilda Pekinda ishlab chiqilgan va 2010-yilda modernizatsiya qilingan, o‘qitishning yangi usullarini hisobga olgan holda qo‘shimcha materiallarni audio-video shaklida  kiritib, onlayn tarzda imtihon topshirishga imkon berilgan [https://learnchinese.uz/uz/hsk-4-testi-v-uzbekistane/].

Hozirgi kunda eng ommalashgan va talab yuqori bo‘lgan Daraja bu HSK 4 hamda HSK 5 darajalaridir. Sababi, HSK 4 darajasi milliy sertifikat hisoblangan CEFRning B2 darajasiga tenglashtiriladi va shu darajaga ega abituriyentlar oliy ta’lim muassasasiga xorijiy til blogidan 100% natijani DTM tomonidan belgilangan imtihonni topshirmasdan ega bo‘ladi, bu tabiiyki hozirgi yoshlar uchun juda ham yaxshi imkoniyat.

Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish joiz, 2025-2026-o‘quv yilida abituriyentlarni o‘qishga qabul qilishda ham faqat sertifikatga ega talabgorlar ro‘yxatdan o‘ta olishdi ham eng yuqori ballga ega abituriyentlar talabalik baxtiga ega bo‘lishdi.

HSK 5 darajasi esa milliy sertifikat hisoblangan CEFRning C1 darajasiga tenglashtiriladi hamda bu sertifikatga ega bo‘lish sizni magistratura bosqichiga xorijiy tildan imtihon topshirmasdan 100 foiz balga ega bo‘lishingizga sharoit yaratadi hamda magistratura bosqichini tugatib oliy ta’limda bilim berishni xohlagan kadrlar uchun esa mana shu orzusiga erishish eshigini lang ochib qo‘yadi.

HSK 4 imtihoni 4 ta ko‘nikmani o‘z ichiga oladi, bular: eshitish (听力), o‘qish (阅读), yozish (书写) va gapirish (口语) ko‘nikmalaridir.

HSK 4 darajasi til bilish darajasini aniqlash imtihoni statistikasiga qarab aytadigan bo‘lsak boshqa daraja talabgorlariga nisbatan talabgorlar soni eng ko‘p hisoblanadigan daraja hisoblanadi. Sababi, HSK 4 darajasida xitoy tilini bilgan shaxs xitoylik bilan bemalol kundalik muloqotga kirisha oladi.

Hozirgi kunda xitoy tilini o‘rganayotgan talabalar HSK 1 yoki 2dan boshlab o‘rganishadi, ammo, imtihon topshirishmaydi, bunga zarurat yo‘q deb hisoblashadi chunki HSK 3 darajadagi bilimlarni o‘zlashtirgandan keyin ham bunga zarurat yo‘q deb hisoblashadi, ammo, HSK 4 darajadagi bilimlarni o‘zlashtirdik deb ishonch hosil qilgan har qanday o‘quvchi xitoy tilidagi bilimlarini HSK 4 darajasi aksida ko‘rishni xohlaydi. Hozirgi kunda HSK 4 imtihoniga ro‘yxatdan o‘tish 120 AQSH dollarini tashkil etadi.

Imtihonning birinchi qismi, ya’ni eshitish qismida 45 ta test savollari mavjud bo‘lib, uch darajadagi murakkablik bo‘yicha tuzilgan bo‘ladi. Ikkinchi-o‘qish qismida jami savollar 40 tani tashkil etib, bu qism ham uch xil murakkablikda tuzilgan. Uchinchi qismda esa, ya’ni yozish qismida jami 15 ta savol ikki turdagi murakkablikda tuzilgan hisoblaniladi. 10 ta savollar chalkish holda berilgan so‘zlarni taxlab gap holiga keltirish bo‘lsa, qolgan 5 ta savollar berilgan rasmni rasmga mos keluvchi taqdim etilgan so‘z bilan bitta grammatik jihatdan to‘g‘ri bog‘langan gap holida yoritib berish sanaladi.

Har bir qism uchun alohida baholash tizimi ham mavjud bo‘lib, har bir qism 100 ballik shkalada jami 300 ballni tashkil etadi, o‘tish balli esa 180 ballni tashkil etadi. Eshitish, o‘qish va yozish qismi alohida baholanilib, yozma tarzda topshiriladi va bu uchta ko‘nikmani yechish uchun ajratilgan umumiy vaqt 105 daqiqani, ya’ni 1 soat-u 45 daqiqani tashkil etadi.

Gapirish ko‘nikmasi uchta ko‘nikma topshirilib bo‘lingandan keyin boshlanadi va bu uchun beriladigan ball alohida hisoblaniladi va uch ko‘nikma balliga ta’sir etmaydi. Gapirish ko‘nikmasi o‘z navbatida maksimal 100 ballik bilan hisoblaniladi va o‘tish balli 60 ballni tashkil etadi. Bu qism ham yana 3 qismdan iborat bo‘ladi. Birinchi qismda imtihon topshiruvchi 10 ta xitoycha gapni eshitib o‘sha gapni qaytarishi kerak bo‘ladi. Ikkinchi qismda ikkita rasm berilib, mana shu berilgan rasmlarga ikki daqiqalik nutq tayyorlab aytib berish va uchinchi qismda yozma tarzda berilgan ikkita savollarning har biriga yana ikki daqiqalik nutq tayyorlash kerak bo‘ladi. Ikkinchi va uchinchi qismga tayyorgarlik ko‘rish uchun jami 10 daqiqa vaqt beriladi hamda 10 daqiqadan keyin to‘rtta savolga ikki daqiqadan birin-ketinlikda javob beriladi, ya’nikim tayyorlangan nutq  tekst shaklida aytib beriladi va shu bilan imtihon nihoyasiga yetadi.

Imtihon sanasidan 4 hafta o‘tib javoblar avval elektron shaklda e’lon qilinadi va yana bir haftalardan keyin barcha talabgorning natijalari sertifikat shaklida taqdim etiladi.

Xitoy xalqida bitta yaxshi ibora mavjud: 不到长城非好汉, ya’ni Buyuk Xitoy devoriga chiqmagan xitoylik asl xitoylik emas va bu ibora hech bir ishga mashaqqatsiz yetib bo‘lmaydi degan mazmunda ishlatiladi. Jumladan, xitoy tili ham xuddi shunday, agarda o‘quvchi tirishqoqlik bilan xorijiy tilni o‘rgansa va mana shu yo‘lda muvaffaqiyatga erishishning to‘g‘ri usulini tanlay olsa albatta marraga samarali va muvaffaqiyatli yeta oladi [Yu Miao, Li Lin 2015: 10].

Va yana shuni qo‘shimcha qilmoqchimizki, xitoylar aytganidek, 读书好,读好书,好读书, ya’nikim Kitob o‘qish yaxshi, yaxshi kitobni o‘qish, o‘qishni yaxshi odat qilish. Yanada chuqurroq qaraydigan bo‘lsak, dunyoda kitob ko‘p, kitob o‘qish kerak deb hamma kitoblarni ham o‘qiyversak vaqtimizni behudaga sarflagan hisoblanamiz, shu sababli kerakli kitobni, bizga foydasi tegadigan kitobni hamda maqsadimizga tez va samarali yetishishimizda yo‘limizni yoritib, yaqin qiluvchi kitoblarni o‘qishni odat qilishimiz zarur [Jiang Liping 2014: 9].

Xitoy tilini bilish darajasi bo‘yicha HSK 4 darajasini olishda yuqoridagi to‘rtta ko‘nikmalardan samarali o‘tishda ham kitoblarning va tanlangan o‘qitish metodi va ajratilgan vaqtning ham o‘rni beqiyosligini xulosa qilgan holda, mazkur maqolamiz imtihon topshiruvchilar uchun foydali bo‘lishiga umid qilamiz.

 

 

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

 

  1. Jiang Liping “Standart Course HSK 4 上”, Beijing language and culture university press, Pekin-2014.-9 p.
  2. Jiang Liping “Standart Course HSK 4 下”, Beijing language and culture university press, Pekin-2014
  3. Yu Miao, Li Lin  “Standart Course HSK 3”, Beijing language and culture university press, Pekin-2015.- 10 p.
  4. www.lex.uz
  5. www.baidu.com
  6. www.learnchinese.com

 

Kuliyeva D. About the requirements of the international Chinese language exam (HSK). This article examines the current role, importance and relevance of international and local  language level certificates in education process and work It also discusses the HSK exam, which is an international exam to determine the level of Chinese language, its requirements, parts and what to pay attention to, and in particular, the reasons why the importance of HSK level 4 is increasing nowadays

 

Кулиева Д. О требованиях международного экзамена по китайскому языку HSK. В данной статье рассматриваются современная роль, значение и актуальность международных и местных сертификатов в сфере работы и учёбы. Особое внимание уделяется экзамену HSK — международному экзамену, определяющему уровень владения китайским языком: его структуре, требованиям, важным аспектам подготовки, а также причинам растущей значимости HSK 4-го уровня в настоящее время.

 

 

 

Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati