XITOY TILI IYEROGLIFLARINI O‘RGANISHDA TOPISHMOQLARNING O‘RNI

Bugungi tezkor rivojlanayotgan zamonda ilm-fan, texnika ham shiddat bilan o‘sib bormoqda. Har bir sohada taraqqiyot ilgari qadam tashlamoqda. Xususan, ilm-fanda ham katta o‘zgarishlar, sezilarli yutuqlarga erishilmoqda. Har bir fanni turli samarali pedagogik texnologiyalar, yangi innovatsion pedagogik texnologiyalardan foydalanib talabalarga yetkazib berish bugungi kundagi ta’limning asosiy talablaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning 2012-yil 13-dekabrdagi PQ 1875 –sonli qarori qabul qilingandan so‘ng mamlakatimizda chet tillarini o‘qitishga, o‘rganishga bo‘lgan e’tibor yanada kuchaydi. Yurtimizda chet tillarni o‘qitishda yangicha bosqich, yangicha davr boshlandi. Chet tili darslarining o‘qilishi jarayonida ilg‘or pedagogik texnologiyalarni, interfaol, innovatsion usullardan, kommunikativ-axborot vositalaridan foydalanish talab qilinmoqda. Chet tilini o‘rganishga ehtiyoj yuqori bo‘lgan bir davrda, ta’lim jarayonida zamonaviy axborot texnologiyalaridan, innovatsion ta’lim texnologiyalaridan unumli foydalanish bu jarayonni samarali bo‘lishiga olib keladi.

Xitoy haqida gapirganimizda, "noan'anaviy", "qadimgi", "sirli" kabi epitetlar ko‘z oldimizga keladi. XXRning "sirliligi" xitoy tilini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishni yanada kuchaytiradi. Xitoy tilining ohangdorligi va oddiy alifbo yozuvidan tubdan farq qiladigan iyerogliflar mazkur tilning boshqa tillardan ajratib turuvchi jihati hisoblanadi. Putonghua (zamonaviy xitoy tili)ni o‘rganishga bo‘lgan qiziqish o‘z o‘rnida xitoy tili iyerogliflarini oson va qiziqarli o‘qitish usulini ham talab qiladi. Xitoy tilini o‘rganish barobarida iyerogliflarni yodlab qolishning samarali usullarini o‘ylab chiqish har doim xitoy tili mutaxassislarining oldida turgan eng dolzarb masalalardan biri bo‘lgan. Iyeroglifik yozuv o‘ziga xos jumboqdan, sirdan iborat yozuv hisoblanadi. Xitoy iyerogliflari bir qator  o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lib, xitoy tilini o‘rganish jarayonida ko‘p vaqt talab qiladigan unsur hisoblanadi. Aynan mana shu jarayonni qiziqarli usulda yengillashtirish, ya'ni iyerogliflarni tez, qiziqarli,oson va eng muhimi samarali yodlab qolish uchun topishmoqlarning o‘rni sezilarli darajada.

Topishmoq-xalq ogʻzaki poetik ijodining eng qadimgi va ommaviy janri hisoblanadi. Jahondagi barcha xalqlar adabiyotida uchraydi. Topishmoqlarda xalq hayoti, turmush darajasi, madaniyati, urf-odatlari maʼlum darajada oʻz ifodasini topadi. Topishmoqda yechilishi mumkin boʻlgan so‘roq majoziy shaklda ifodalanib, uning maʼnosi yashirincha boʻladi. Topishmoqlar baʼzan nasriy, koʻpincha sheʼriy shaklda, kompozitsion va ritmik jihatdan ixcham, sodda va ohangdor boʻladi. Topishmoqlar hajmi va shakliga ko‘ra maqollarga o‘xshaydi. Ba’zan mazmuniga ko‘ra ham yaqinlik seziladi. Ammo, yaratilish maqsadi boshqa hisoblanadi. Janrning nomlanishiga e’tibor bering. “Top” so‘zining talaffuz etilishidanoq o‘yla, axtar, solishtir, izla ma’nolari yetakchilik qiladi. Unga “ish” qo‘shimchasi qo‘shilganda, vazifa aniqlashadi: “-moq” harakat nomi qo‘shimchasidan keyin “qo‘lingdan kelsa”, “eplasang”, “uddalay olsang” tushunchalari ifodalanadi. Topishmoqlarning quyidagi janr xususiyatlari bor:

1. Hajm jihatdan qisqa va ixcham.

2.Shaklan she’riy, nasriy ko‘rinishga ega.

3.Yaratilish maqsadida matnda yashiringan narsani topish vazifasi qo‘yiladi.

4.Mazmunida hayvonot, o‘simlik, koinot, maishiy hayotdagi narsalarning xususiyatlari yashirin tarzda ifodalanadi, uni topishga da’vat etiladi.

5.Topilishi lozim bo‘lgan narsa, ko‘pincha, bitta, ba’zan ikki va undan ortiq miqdorga ega bo‘ladi.

6.Topishmoqlarda qo‘llangan asosiy badiiy san’at istiora (metafora) hisoblanadi. Topishmoqlarda topilishi lozim bo‘lgan narsaning shakli, hajmi, rangi, vazifasi va shu kabi xususiyatlari haqida ma’lumot beriladi, ammo, bu belgilar istiora san’atidan foydalanilgan holda boshqa narsa bilan bog‘lanadi. Odatda, topishmoqlar xalq hayotining hamma sohalarini egallagani bilan ham diqqatga sazovor. Maishiy hayotdagi, ijtimoiy muhitdagi munosabatlar topishmoq mavzularida o‘z ifodasini topadi. Topishmoqlar narsa yoki hodisalarning ataylab yashirilgan belgisi, shakli, xatti-harakati, holati va vazifasini boshqa narsa yoki hodisalarga qiyoslash asosida topishga asoslangan she'riy yoki nasriy tuzilishdagi savol va topshiriqlardir. Topishmoqlar xalq turmushi bilan chambarchas bog‘liq holda yaratiladi. Ularning zaminida kishilarning qadimiy e'tiqod va tasavvurlari, olamni bilish va idrok etishga bo‘lgan intilishlari yotadi. Topishmoqda yashirilgan narsalar uning javobi hisoblanadi. Topishmoqning javobini topish uchun topishmoq matnini yaxshilab o‘qish, nimaga ishora qilinayotganligini fahmlash, topishmoqning asosiy xususiyat va belgilari aynan nimaga qaratilganligini taxmin qilish bilan ham topishga harakat qilish kerak. Topishmoq o‘quvchilarni topqirlik va hozirjavoblikka o‘rgatadi.

Tabiiyki, xitoy tilida so‘zlar iyerogliflar bilan ifodalanar ekan, xitoy tili topishmoqlari ham ma'lum bir iyeroglifga berilgan jumboqli ta'rif hisoblanadi. Berilgan oddiy jumboqli ta'rifni yechish jarayonida xitoy tilini o‘rganayotgan o‘quvchi ham yangi so‘zni fikrlab topishga harakat qiladi, ham ta'rifda berilgan yangi so‘zlarni yodlash barobarida so‘z boyligi oshadi [Alekseev V.M 1982; 67]. Xitoy topishmoqlari xitoy iyerogliflarining shakli, talaffuzi va ularning ma'nosi bilan o‘zaro bog‘liq hisoblanadi. Topishmoqlarning kelib chiqishi  va ularning xalqning ijtimoiy va madaniy hayotidagi o‘rni hali ham olimlar e'tiborining markazidadir. Mashhur adabiyotshunos Vensin Dyaolun xitoy topishmoqlari haqida shunday deydi: [3,285]"Topishmoqlar-so‘zlarni aralashtirib qo‘llash orqali jumboq tuzishdir". Darhaqiqat, topishmoqlarda jumboqning javobiga ishora qilinadi, javobning xususiyatlari aytiladi, ko‘chma ma'nolari tilga olinadi, mana shu tarzda bir so‘zning sinonimik qatori hosil bo‘lishiga erishiladi. Quyida bir nechta iyerogliflarga berilgan topishmoqlarni tahlil qilib chiqamiz:

一只牛过独木桥 (yī zhǐ niú guò dú mù qiáo) So‘zma-so‘z tarjimasi: bitta sigir yolg‘iz ko‘prikdan o‘tadi. Bu 生iyeroglifining ta'rifidir, tahlil qiladigan bo‘lsak, haqiqatan ham 牛 va 一iyerogliflarining qo‘shilishidan hosil bo‘lganligining guvohi bo‘lamiz.

一加一不是二 (yī jiā yī bù shì èr) So‘zma-so‘z tarjimasi: birga birni qo‘shsak ikki emas. Mazkur ta'rif 王 iyeroglifiga berilgan ta'rifdir. Ya'nikim, 一,+ ,一 iyerogliflarining qo‘shilishidan hosil bo‘lgan.

一口吃掉牛尾巴 (yī kǒu chī diào niú wěi ba) So‘zma-so‘z tarjimasi: Bitta og‘iz sigirning dumini yeb qo‘ydi. Bu 告 iyeroglifining ta'rifidir. Ya'ni, 牛 iyeroglifining past qismi o‘rnida 口 iyeroglifi degan ma'nolardan kelib chiqqan.

Xitoy topishmoqlarini topishda, asosan, ikkita shart bilan fikrlash topishmoqning javobini topishni osonlashtiradi:

  • berilgan topishmoqning yechimini shakli jihatdan topish
  • berilgan topishmoqning yechimini ma'nosi jihatdan topish 

Volterning aytishicha, turli tillarni o‘rganish bitta topishmoqning turlicha yechimini topishga o‘xshaydi [3,26]. Xitoy tili iyerogliflarini topishmoqlar orqali o‘rganish  so‘z boyligining oshishiga sabab bo‘ladi. Hozirgi kunda xitoy tilida "topishmoq" so‘zini anglatuvchi quyidagi iyerogliflar mavjud:[1,54] 廋 辞 (sōucí) “topishmoq; ishora; shartli til; evfemizm ", 隐语 (yǐnyǔ) -" 1) ishora; sir; 2) jargon, maxfiy  til", 谜 (mí) -" topishmoq, sir ".

Yana misol keltiramiz: 五个兄弟,生在一起, 有骨有肉 , 长短 不齐 (wǔ gè xiōngdì, shēng zài yìqǐ, yǒu gǔ yǒu ròu, chángduǎn bù qí). Bu yerda 5ta aka-uka bir et va suyakdan tug‘ilishgan, ammo, shakli turlicha ta'rifi bilan 手 iyeroglifiga jumboq berilgan.

一月一日非今天 (yī yuè yī rì fēi jīn tiān).[2,34] Tarjimasi: Bitta oy, bitta kun, lekin, bugun emas. Bu topishmoqning javobi 明 uyeroglifi hisoblanadi.

Xitoy tili iyeroglif yozuvini har qancha samarali usullarda o‘zlashtirish jarayonida, tabiiyki, bir qator qiyinchiliklar paydo bo‘ladi:

-har qanday ma'no va so‘z tarjimasidan ko‘ra ko‘proq asosiy grafik elementlarni o‘zlashtirish zarurati;

-iyeroglif tarkibidagi asosiy grafik elementlarning deyarli cheksiz o‘zgaruvchanligi va ularning ko‘pligi;

-"belgi-tovush" va "belgi–ma'no" odatiy aloqasining buzilishi

I.V.Kocherginning ta'kidlashicha, iyerogliflarni eslab qolishda xotiraning uch turi ishtirok etadi[Кочергин 2006; 214], bular:

a) kinestetik

b) majoziy

c) og‘zaki

Assimilyatsiyaning dastlabki bosqichida kinestetik xotira hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Bundan tashqari, ma'lum bir mexanik to‘plam sifatida ko‘nikmalar - majoziy xotiradan foydalanishga o‘tish orqali davom ettiriladi. Oxirgi bosqichda esa og‘zaki yodlash mexanizmi amalga oshiriladi. Aynan xotirada olib qolishning ikkinchi bosqichida 猜字谜 (cāi zìmí) metodi juda ham samarali hisoblanadi.[1,120] 字谜 (zìmí), ya'ni iyeroglifik jumboqlar-lingvistik hodisa bo‘lib, iyerogliflarni tarkibiy qismlarga ajratish orqali ma'lum bir so‘zni ta'riflab berishdir. Shuningdek, topishmoq yashirin iyeroglifning ma'nosini bilvosita ko‘rsatishni o‘z ichiga olishi mumkin. Iyerogliflar juda qiziqarli va sirli bo‘lib, ular grafema qismlaridan tuzilgan, ularning har biri o‘ziga xos ma'noga ega. Bu shuni anglatadiki, siz iyeroglifni tuzuvchi grafiklarni tushuntirish orqali taxmin qilishingiz mumkin. Bu o‘z o‘rnida alohida so‘zlarni lug‘at boyligiga qo‘shib, so‘z boyligini ham oshirishga yordam beradi. Yana misol keltiramiz:

一只狗,两个口,谁遇它谁发愁 [1,65](yī zhǐ gǒu, liǎnggè kǒu, shuí yù tuō shuí fāchóu) – bitta it, ikkita og‘iz, kim uni uchratsa xafa bo‘ladi ta'rifi orqali 哭 iyeroglifiga ishora berilayapti. 一人一口 一只手 (yīrén yīkǒu yī yī zhǐ shou) -bitta odam, bitta og‘iz, bitta qo‘l ta'rifi orqali 拿 iyeroglifi nazarda tutilgan. 两 横 加 一 竖 – 千 (liǎng héngjiā yīshù – qiān)-ikkita gorizontal chiziqqa bitta vertikal chiziq qo‘shildi, ya'ni 千 iyeroglifi, 兔子掉尾巴 (tùzi diàowěi ba)-quyon bir tomonini tushirib qoldirdi, ya'ni 免 iyeroglifini bildiruvchi juda ham ko‘plab xitoy tilidagi qiziq topishmoqlarni misol qilib keltirishimiz mumkin.

Bundan yaqqol ko‘rinib turibdiki, topishmoq javobini topish uchun bir so‘z doirasida bir nechta so‘z va so‘z birikmasiga duch kelamiz, bu o‘z o‘rnida lug‘at boyligimiz oshishiga sabab bo‘ladi. Amaliy darslar mobaynida o‘quvchilarga xitoy tilidagi topishmoqlarni berish barobarida ularning xitoy tiliga bo‘lgan qiziqishlarini yanada orttirish, ularning so‘z boyliklarini ko‘paytirish va mustaqil fikrlashga undash mumkin. Xitoy tilidagi jumboqlar, topishmoqlar xitoy xalqi hayoti va dunyoqarashining barcha nozikliklarini aks ettiradi, desak adashmagan bo‘lamiz.

 

 

Adabiyotlar:

 

1. Alekseev V.M. “Kitayskaya literatura” Izbrannie trudi. –M.: 1982.

2. “中文读本” (第一册) 北京, 人民教育出版社, 2001

3. 俄汉对教语言学名词 (Xitoycha-ruscha lisgvistik atamalar lug`ati), -Pekin: 1990.

4. Известия Восточного Института 2015/2 .

5. Кочергин И.В. Очерк лингводидактики китайского языка. – М.: «Восточная книга», 2006.

6. Ziyamuhammedov J, Ochilov O-Xitoy adabiyoti (Qadim va o‘rta asrlar) Darslik.  –T.:2021.

7. Ziyamuhammedov J.-O`rta asr Xitoy novellistikasi. O`quv qo‘llanma T.:-2010.

8. Ziyamuhammedov J, Komilova Sh.-Xitoy adabiyoti, o`quv qo`llanma T.:-2009.

9. 最有中国味儿的字和词-Beijing Language and culture university press, -Pekin. 2010.    

 

 

Кулиева Д. Роль загадок в изучении китайских иероглифов. В последнее время наблюдается рост интереса к изучению китайского языка. По мере увеличения числа студентов китайские учителя также должны стремиться найти наиболее эффективные способы обучения. На наш взгляд, работа с китайскими загадками, отгадывание китайских иероглифов через загадки является не только эффективным способом запоминания иероглифов, но и элементом, помогающим в изучении особенностей китайской культуры.

 

Kuliyeva D. The role of riddles in the study of Chinese characters. Recently, there has been a growing interest in learning Chinese. Just as it is difficult to learn Chinese script, teaching Chinese is a difficult process. As the number of students increases, Chinese teachers should also strive to find the most effective ways to teach. In our opinion, working with Chinese riddles, guessing Chinese characters through riddles is not only an effective way to memorize hieroglyphs, but also an element that helps in studying the peculiarities of Chinese culture.

 

 

Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati