Mamlakatimiz hududida xitoy tilini akademik darajada o‘rganish, ayniqsa, HSK 5 imtihoniga tayyorlanish yoki uni topshirish jarayonida talabgorlar, asosan, imtihonning o‘qish va yozish qismida ko‘proq qiyinchilikka duch kelishadi. Bu qiyinchiliklar, asosan, xitoy tilida bir so‘zning ikki va undan ortiq sinonim va ma`nosi yaqin ekvivalentlarining mavjudligi, og‘zaki nutqqa oid so‘zlarning esa bir necha adabiy va yozma shakli mavjudligi hamda ularni qo‘llash jarayonidagi murakkabliklar orqali paydo bo‘ladi. Shu bois, talabgorlar ko‘pincha o‘qish qismida boshqa aspektlarga nisbatan past ball to‘plashadi.
O‘qish qismidagi savollarga to‘liq va to‘g‘ri javob berish uchun ko‘p hollarda talabgorlar HSK 5 imtihoni uchun yaratilgan standart materiallar asosida shug‘ullanishlari targ‘ib etiladi. To‘g‘ri, ko‘plab variant kitoblari va internet tarmoqlardagi savollar to‘plamida keltirilgan haqiqiy imtihonning o‘qish savollariga javob berish uchun talabgor chuqur bilimga ega bo‘lishi kerak. Biroq, e`tiborli jihati shundaki, standart kurs materiallarida keltirilgan 2500 ta so‘zning deyarli yarmi, ya`ni 1200 tasi o‘ta akademik va rasmiy uslubda qo‘llaniladigan so‘zlardir. Imtihonning o‘qish qismida keladigan matnlar aksariyat hollarda jamiyat, hazil – mutoyiba, ilm – fan, ta`lim, psixika singari sohalarga oid ekanligini inobatga olsak, akademik darajadagi 1200 ta so‘zni o‘rganish va ulardan nutq jarayonida foydalana olish shart emas.
Tipik o‘qitish tizimiga asoslansak, talabgor HSK 5 darajasiga oid barcha so‘zni o‘zlashtirishi, nutq jarayonida ulardan to‘g‘ri foydalana olishi talab etiladi. Biroq borgan sari, bu o‘qitish tizimi o‘zini oqlamasligi isbotlanmoqda. Sababi, HSK 5 darajasidagi imtihonni muvaffaqiyatli topshirish uchun talabgor jami 2500 ta so‘z boyligiga ega bo‘lishi kerak. Har bir so‘zning tarjimasini, ularni qay holatda qanday qo‘llanilishini, ularni gap va so‘z birikmasi tarkibida kelishini bilishi, inkor shaklining qanday bo‘lishi (xitoy tilida turli so‘z turkumiga oid so‘zlar turlicha inkorga uchraydi) va ularni qo‘llay olish singari bir qancha vaziyatlar talabgorga ancha qiyinchilik tug‘diradi.
Yuqorida shu kabi qiyinchiliklar bartaraf etilmagan holda HSK 5 imtihonini topshirish talabgorga tavsiya etilmaydi. Sababi HSK 5 imtihonini topshirish uchun talabgor xitoy tilidagi istalgan matnni o‘qib bemalol uni tahlil qila olishi, matn to‘g‘risidagi har qanday savolga javob bera olishi, matndagi ayrim gap yoki so‘z birikmasini uning ma`nosiga hech qanday ta`sir ko‘rsatmagan holda boshqa jumla yoki so‘z birikmasiga almashtira olish qobiliyatiga ega bo‘lishi lozim. Ko‘rinib turibdiki, bir qiyinchilik boshqa bir muammoni keltirib chiqarmoqda.
Ana shunday muammolarga duch kelmaslik uchun har bir so‘zni bittalab tarjima qilish, ko‘r – ko‘rona yodlash va ular ishtirokida bittadan jumla tuzib ularni ishlatishni o‘rganish uchun esa talabgordan ancha vaqt va mehnat talab etdi.
Mening nazarimda, har qanday tilni boshlang‘ich darajadan boshlab, erkin so‘zlasha olish darajasiga yetish uchun atigi 6 oy muddat kifoya. HSK 5 darajasida bilimga ega bo‘lish uchun esa, o‘rganuvchidan yana 6 oydan ortiq muddat talab etilishini inobatga olsak, qariyb bir yildan ortiq muddat davomida HSK 5 imtihoniga tayyorlanish qisqa muddat emas, nazarimda.
Shu bois, talabgorlarda HSK 5 darajasidagi o‘qish ko‘nikmasini rivojlantirish uchun eng dastlabki o‘rinlarda lozim bo‘lgan 300 ga yaqin bir – birini talab etuvchi birikmalar, 46 ta birin – ketin qo‘llaniluvchi so‘zlar (oldin keyin, birin – ketin singari), 32 ta barqaror ifoda usuli (hechqisi yo‘q, -ga ko‘ra, -ga asoslanib) ni o‘rganish va ulardan test ishlash jarayonida to‘g‘ri va unumli foydalanish kifoya.
Misol uchun, xitoy tilida bosmoq fe`li 踩 cai deb atalib undan keyin qo‘llaniladigan harakatni ifodalovchi hisob so‘z sifatida faqat 脚 ni qo‘llay olamiz.
Suv uchun sepmoq fe`li sifatida 洒 sani qo‘llasak, aksincha atir uchun 喷 pen fe’lini qo‘llaymiz. Xitoy tilida soqol 胡须 deb tarjima qilinib, unga nisbatan qoldirmoq, saqlamoq, ya`ni 留 fe`li qo‘llaniladi. 直 to‘g‘riga yo‘nalishni ifodalovchi so‘zdan keyin tana 身 ni qo‘llash bilan rostlanmoq, tik turmoq birikmasi yasaladi.
Xitoy tilida sinonim va polisemiyalar haddan ortiq ko‘p bo‘lganligi, o‘xshash so‘zlar va bir so‘zning turli ma’nolari o‘rtasidagi nozik farqlar ko‘pincha talabgorlarni chalg‘itib qo‘ygani bois, yozish qismidagi 80 ta belgidan tashkil topgan matn tuzish, unda taqdim etgan 5 ta mustaqil so‘zni to‘g‘ri va o‘rinli qo‘llash doim ham oson kechavermaydi. Ustiga ustak, bir so‘zning ikkinchi ma’nodosh shaklini ma’lum bir kontekstda qo‘llaganda, ikkinchi so‘z birinchi so‘z beradigan ma’noni bermasligi mumkin.
Ana shunday hollarda taqdim etilgan HSK 5 ga oid bo‘lgan 5 ta so‘zdan tashqari, talabgor o‘z tasavvuri va fikrlash qobiliyatiga qarab sodda va oddiy so‘zlardan foydalanib, hech qanday badiiy ifodalashlarsiz ham matn tuzishi mumkin. Bu holatda talabgorning yuqoridagi 5 ta murakkab so‘zdan foydalana olish qobiliyati asosiy markaziy tekshirish unsuri bo‘lganligi bois, markaz atrofida aylanadigan boshqa so‘zlar, so‘z birikmalari va jumlalarning qaysi darajada ifodalanishi to‘g‘risida hech qanday talab mavjud emas. Bu esa talabgorga bir qancha qulaylik ham tug‘diribgina qolmay, matn tuzish jarayonida vaqtni tejashga ham ko‘maklashadi.
Yoki imtihonning yozish qismidagi ikkinchi topshiriq - rasmga qarab matn tuzish vazifasini olsak. Bu holatda ikkinchi vazifani ikki xil yo‘l bilan bajarish mumkin. Ulardan birinchisi, rasmda ko‘rib turgan barcha detallarni tasvirlash. Ya`ni quyidagi rasni olaylik.
我在这张图片上看到了桌子。桌子上有花,蜡烛和杯子。而且靠着桌子的窗口上放着一朵花。那个花很好看,有白的,蓝的和红的。桌子上亮着的蜡烛飘着很香的味道。(Men bu rasmda bir stol va uning ustida gullar, shamlar, bo‘sh stakanlarni ko‘rdim. Shuningdek, stolga tayangan deraza tokchasida esa ajoyib guldasta turibdi. Unda oq, qizil va ko‘k rangli gullar bor. Shamlar yonib stolning ustidagi gullarga nafislik bag‘ishlab turibdi va hokazo).
Ikkinchi usul esa aksincha, to‘lig‘icha bizning tasavvurimizga asoslanadi. Yuqorida restorandagi stol, undagi gullar, shamlarning yonib turganligini o‘zimizning hayotimizda aks ettiramiz. Masalan, 昨天我们一家人去饭馆吃饭。那里人很多但并不热闹。我们旁边的桌子布置得很漂亮。桌子上上有花,有蜡烛。桌子的旁边一个帅的小伙子把手里的花放在桌子上。他很紧张,看来在等待谁。过了一段时间来了一个漂亮的女孩儿及坐在那个小伙子的旁边。他们俩很彼此相爱,高兴地说话。从那以后男的给女的拿出一个戒指说:“嫁给我吧!”(Biz kecha kechgi payt bir restoranga oilaviy ovqatlangani bordik. U yerda rosa odam gavjum, biroq, juda sokin edi. Yonimizdagi bir stol gullar, shamlar bilan bezatilgan edi. Stol yonida turgan bola esa qo‘lidagi ajoyib guldastani deraza tokchasiga qo‘ydi. U biroz hayajonlangan, aftidan kimnidir kutardi. Birozdan so‘ng esa, restoranga bir chiroyli qiz kirib keldi va o‘sha stolga borib o‘tirdi. Yigit va qiz bir – biriga juda mos, xursand bo‘lib suhbatlashardi. Oradan uncha ko‘p vaqt o‘tmay yigit, cho‘ntagidagi uzukni olib, qizning qo‘lini so‘radi).
Yuqoridagi ikki ifoda usuli ham yozish qismida ko‘p murojaat etiladigan usullardandir. Ammo, rasmda aks ettirilgan detallar soniga nazar soladigan bo‘lsak, doim ham birinchi usul orqali biz o‘z ko‘zlagan natijamizga yetmasligimiz mumkin. Masalan, ayrim hollarda, bittagina quti, birgina stul yoki bir dona olma rasmi beriladi. Bunda ikki og‘iz jumla bilan olma yoki stulning shaklini tasvirlash bilan talab etilayotgan 80 ta belgili matnni tuza olish imkonsiz.
Shu boisdan ham aksariyat hollarda ikkinchi usuldan foydalanish maqsadga muvofiq. Misol tariqasida shuni aytishimiz mumkinki, quyidagi singari rasmlarda birgina sovg‘aning shaklini tasvirlash orqali vazifani bajarib bo‘lmaydi. Bunday hollarda aynan ikkinchi usuldagi hayotimizga aloqalashtirib yoki voqealashtirib matn tuzamiz.
Masalan, 今天是我最好的朋友阿吉的生日。他是我最价值的人。每年我们很多朋友早上就去他的家庆祝。今年也不例外。我买了一个可爱的礼物,包起来了它,最后给她送出去。她早就想买套睡衣。昨天我和妈妈一起逛街的时候在购物中心看到了他想要的睡衣了。我跟妈妈高兴地说这正好是阿吉想要的睡衣,我就顺便买了下来。我希望阿吉会喜欢上这个礼物。(Bugun dugonam Azizaning tug‘ilgan kuni. U men uchun qadrli insonlardan biri. Har yili shu sanada biz erta tongdan uning uyiga tabriklagani boramiz. Bu yil ham xuddi shunday bo‘ldi. Men bir ajoyib sovg‘a olib o‘radim va uni Azizaga sovg‘a qildim.
Kecha onam bilan do‘kon aylanib yurganimizda dugonam anchadan beri xohlab yurgan tungi kiyimni ko‘rib qoldik. Men onamga xursand bo‘lib, bu Azizaning anchadan beri xohlab yurgan tungi kiyimi ekanligini aytib darhol sotib oldim. Umid qilamanki, sovg‘am dugonamga manzur bo‘ladi.)
O‘z yashab turgan hayotimdan misol keltiradigan bo‘lsam, mening Aziza ismli dugonam yo‘q, buning ustiga biz dugonalarimiz bilan hech qachon erta tongdan Azizani tabriklagani bormaymiz. Ammo fikr ifodasi va matnning jozibadorligini ta`minlash maqsadida markaziy so‘z ya`ni sovg‘aning atrofida voqealarni detallashtirdik.
Xulosa o‘rnida shuni ta`kidlash joizki, oldin so‘z yodlab, uni tarjima qilib, uning ishtirokida so‘z birikmasi va jumlalar tuzib, inkor va so‘roq shakllarini alohida yodlash orqali HSK 5 imtihoniga samarali tayyorlanishning imkoni yo‘q. Xitoy tilini o‘rganish hamda HSK 5 imtihoniga tayyorlanishga bo‘lgan talabning ortgani sari yuqoridagi usul o‘zini oqlamay qoldi, aksincha , ma`lum qoliplarga solingan jadvallar asosida o‘z – o‘zini talab etadigan ot va sifatlar, ravish va fe`llar, HSK 5 imtihonida eng ko‘p uchraydigan ma`nodosh va sinonim so‘zlar ro‘yxatini o‘rganish va ularning o‘xshash va farqli jihatlarini matnlarni o‘qish va yozish jarayonida qo‘llay olish qobiliyatiga ega bo‘lish mumkin.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
1. 刘超英等编著, 新HSK5级速成强化教程 – 北京语言大学出版社, 2013.5
2. 刘云, 新汉语水平考试阅读(五级) 攻略 – 北京大学出版社, 2011.11
3. Гурулева Татьяна Леонидовна. "Экзамен HSK 2.0: причины и последствия структурно-содержательной трансформации" Современное педагогическое образование, no. 3, 2021, pp. 43-48.
Хамдамова Ч. Формирование навыков китайского чтения и письма путем воображения и реализации (пример HSK 5). В данной статье рассматривается формирование навыков чтения и письма на уровне HSK 5 при обучении китайскому языку методом образов и событий, а также аспекты, влияющие на эту цель, у абитуриентов, желающих сдать HSK 5. экзамен за рубежом, особенно в нашей стране. Объясняются наиболее распространенные ошибки и эффективные способы их устранения.
Hamdamova Ch. Formation of Chinese reading and writing skills in the way of imagination and realization (example of HSK 5). In this article, the formation of reading and writing skills at the level of HSK 5 in the teaching of the Chinese language by the method of images and events, as well as the aspects affecting this goal, by applicants who want to pass the HSK 5 exam abroad, especially in our country Most common mistakes and effective ways to eliminate them are explained.