XUSHMUOMALALIK KATEGORIYASINING LINGVOMADANIY XUSUSIYATLARI (XX–XXI ASRLAR INGLIZ VA O‘ZBEK ROMANLARI MISOLIDA)

Chog‘ishtirilib tahlil etilayotgan muayyan tillarni shu til egalarining madaniyatiga bog‘lab o‘rganish tilshunoslik va madaniyatshunoslik sohalari uyg‘unligida tarkib topib, to‘laqonli ravishda antropotsentrizm omiliga tayanuvchi yangicha tarmoqning, lingvomadaniyatshunoslikning, asosiy tekshiruv obyekti hisoblanadi. O‘z navbatida, mazkur yo‘nalishning tadqiqot qamrovi faqat tillarni emas, balki madaniyatlararo kommunikatsiyani tahlil etishni ham taqozo etadi. Shu jihatlari bilan lingvomadaniyatshunoslikka doir muammolar talqini bugungi kunda dolzarb xarakter kasb etmoqda hamda tadqiqotchilar e’tiborini tortmoqda. Shuning uchun bo‘lsa kerak, jahon tilshunosligida lingvokulturologik mavzular anchayin keng muhokama etilmoqda. Ammo shunday bo‘lsa-da, bu sohada hali o‘z yechimini kutayotgan masalalar talaygina. Bunga misol qilib xushmuomalalik tushunchasini olishimiz mumkin. Zero, xushmuomalalik muloqotda alohida o‘rin tutadi va uning tavsifi keng qamrovli hisoblanadi. Bu uning ifodalanishi usullarining xilma-xilligida namoyon bo‘ladi.

Shuni aytish kerakki, bugungi tilshunoslikda xushmuomalalik kategoriya darajasida o‘rganilmoqda [Лю Хуэй 2024:12]. To‘g‘ri, uni kategoriya maqomida talqin etish mumkin, ammo sof lingvistik nuqtayi nazardan emas, albatta. Zero, sof lingvistik kategoriya deganda zamon, rod, son kabilar nazarda tutiladi. Chunki ular o‘z tasarrufida birdan ortiq grammatik ma’noni mujassam etadi. Bu o‘rinda shunga ahamiyat berish kerakki, xushmuomalalik ham madaniyat, odob va axloq normalarini mujassam etishi bilan kategoriya hisoblanadi, biroq uni lingvomadaniy kategoriya sirasiga kiritamiz xolos. Bundan tashqari, tilni to‘g‘ridan to‘g‘ri madaniyat bilan tenglashtirib bo‘lmaydi. Zotan, har qanday madaniyat mafkura demakdir. Til esa o‘z holicha hech bir mafkura bilan aloqador emas va hech qanday g‘oyani ham targ‘ib etmaydi. U o‘zining sistemasiga va shu sistema tasarrufidagi grammatik qonuniyatiga ega. Lingvistika shu jihatlari bilan yondosh ijtimoiy sohalardan farq qilib turadi. Madaniyat esa jamiyat tomonidan yaratilgan barcha narsani – texnologiyadan tortib folklorgacha bo‘lgan boylikni o‘z ichiga oladi. Axloq ham xulq-atvorning axloqiy jihatlariga qaratilgan madaniyatning bir ko‘rinishidir. Shunday ekan, lingvomadaniyatshunoslikni o‘rganishda unga xos bo‘lgan xususiyatni lingvistik xususiyat bilan chalkashtirib yubormaslik zarur. Ammo tilning ham asosiy vazifasi kommunikatsiya quroli ekanini hisobga olgan I.A.Sternin xushmuomalalik va bag‘rikenglik kabi tushunchalarni ham kommunikativ kategoriyalar jumlasiga kiritadi [Стернин 1996: 5-6].

Ta’kidlash joizki, I.A.Sternin tomonidan taklif qilingan kommunikativ kategoriyalar kommunikativ xatti-harakatlarning barcha jihatlarini qamrab olmaydi. Masalan, unda globallashuv va internet kommunikatsiyalarining rivojlanishi davrida ahamiyat kasb etgan aloqa shakllari bilan bog‘liq holat mavjud emas. Shuningdek, kategoriyalarni tanlash mezonlari ham aniq emas. Shunday ekan, nima sababdan mazkur tushunchalar asosiy kategoriyalar sifatida tanlangan, boshqalari emas degan savol tug‘iladi.

I.A.Sternin turli madaniyatlarning kommunikativ holatini chog‘ishtirishda oppozitsion yondashuvning muhimligini ta’kidlaydi. Biroq faqat shu usulga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, ma’lumotlarni talqin etishda bu subyektivlikka olib kelishi mumkin. Masalan, ingliz va o‘zbek madaniy kommunikatsiyasini taqqoslashda tadqiqotchi o‘xshashliklarni emas faqat farqlarni yoritishi tabiiy. Bu esa olam manzarasining noto‘g‘ri talqin qilinishiga sabab bo‘ladi.

Umuman, lingvomadaniyatshunoslikda xushmuomalalikning kategorial xususiyatlarini ifoda etuvchi aniq ta’rifning o‘zi mavjud emas. Shu nuqtayi nazardan, xushmuomalalikning kommunikativ kategoriyaga mansubligini e’tirof etgan Y.A.Zemskaya uning muloqotning turli vaziyatlarida namoyon bo‘lishini ta’kidlaydi. Y.A.Zemskaya xushmuomalalikni nutqiy vaziyatda lingvistik vositalardan foydalanishni tartibga soluvchi o‘ziga xos kommunikativ-pragmatik kategoriya sifatida talqin etadi. U xushmuomalalikni nafaqat salomlashish, xayrlashish, minnatdorchilik kabi ritualizatsiyalashgan formulalarni, balki nutqiy faoliyatni shakllantiruvchi omil deb hisoblaydi. Uning fikricha, xushmuomalalik ifodalovchi iboralar mavjud bo‘lib, ularni tanlash tarbiya, yosh, ma’lumot va hokazolarga bog‘liqdir [Земская 1994: 131-137].

Y.A.Zemskaya bu tushunchalarni farqlashga harakat qilib, xushmuomalalikni keng kategoriya sifatida o‘rgangan bo‘lsa ham, ular o‘rtasida aniq chegaralovchi farq har doim ham kuzatilmaydi, chunki nutq odob-axloqi umumiy xushmuomalalik tamoyillarining timsoli bo‘lib xizmat qiladi. Bundan tashqari, Y.A.Zemskaya ishida xushmuomalalikning pragmatik tomoniga ko‘proq to‘xtalgan, ammo, bizningcha, xushmuomalalik milliy xulq-atvorni ifodalovchi universal lingvomadaniy kommunikativ kategoriyadir. Shu jihatdan qaraydigan bo‘lsak, Y.A.Zemskayaning yondashuvida xushmuomalalikning madaniyatlararo ifodasi va uning o‘zgaruvchan xususiyati yetarlicha inobatga olinmagan.

V.A.Kondrashov xushmuomalalikka inson shaxsiyatining axloqiy sifatlarini, boshqa odamlarga nisbatan munosabatlarini gumanistik nuqtayi nazardan belgilovchi, yuqori qadriyatlarini aks ettiruvchi vosita deb baho beradi [Кодрашов 1999: 130].

Bizningcha, V.A.Kondrashovning mulohazasida xushmuomalalikning o‘ziga xos kommunikativ ko‘rinishlariga ahamiyat berilmagan. Boshqacha aytganda, u hurmat, axloq va madaniyatni xushmuomalalilik tushunchasining elementlari sifatida tilga olgan bo‘lsa-da, bu komponentlar bir-biri bilan qanday o‘zaro bog‘lanishini yoki inson xatti-harakatlarida qanday shakllarda namoyon bo‘lishini aniq ko‘rsatmaydi.

Lingvistik nuqtayi nazardan xushmuomalalik tushunchasi XX asrning o‘rtalarida o‘rganila boshlandi. Jumladan, E.Goffman xushmuomalali muloqotning asosiy qoidalarini belgilab, muloqot asnosida vujudga keladigan va boshqalar tomonidan baholanadigan “shaxs” tushunchasini iste’molga kiritdi. E.Goffmanning fikricha, muloqotda “shaxs” maqomini saqlab qolish ma’lum bir madaniy va lingvistik guruhga xos bo‘lgan shaxslararo marosimlarga rioya qilishni talab etadi [Goffman 1967: 5-62].

Nazarimizda, E.Goffman muloqotning marosim tabiatiga haddan ortiq urg‘u bergan ko‘rinadi. Asarni o‘qir ekanmiz, uning fikridan insoniy munosabatlarning chuqurligi va samimiyligi e’tiborsiz qoldirilgani sezilib turadi. Uning yondashuvi ijtimoiy o‘zaro ta’sir shaxslar e’tiqodlarga asoslanib belgilanishi o‘rniga vaziyatga doimiy ravishda moslashadigan “yuzaki niqob o‘yini” sifatida taqdim etilgani uchun, bizningcha, e’tirozlidir. Bu, o‘z navbatida, shaxslar hamda ijtimoiy tuzilmalar barqarorligini noo‘rin baholanishiga olib keladi. Bundan tashqari, asarda shaxs ichki qadriyatlar va barqaror xususiyatlarning egasi (tashuvchisi) sifatida emas, balki tashqi ijtimoiy jarayonlar va vaziyat talablarining mahsuli sifatida ko‘proq taqdim etiladi. Bu yondashuv inson tabiatining chuqurligi va harakatga bo‘lgan ichki motivatsiyaning hisobga olinmasligidan dalolat beradi.

Sh.A.Abdujalilova, N.N.Fayziyevalarning “O‘zbek tilidagi xushmuomalalikning kategoriyalari” nomli maqolasiga murojaat etar ekanmiz, xushmuomalalik kategoriyalarga bo‘linar ekan degan tasavvurga ega bo‘lamiz[Abdujalilova, Fayziyeva 2025: 113-117]. Ammo maqola shunday nomlangan bo‘lsa ham, unda kategoriya xususida hech qanday fikr yuritilmagan. Bundan tashqari, mualliflar tomonidan xushmuomalalik insonning hayotida katta muvaffaqiyatlarga erishish omillaridan biri ekanligi, u taraqqiy etgan jamiyat qurilishida asosiy rol o‘ynashi haqidagi xulosalar bayon etiladikim, aynan qaysi jarayonda va qanaqa muvaffaqiyatlarga erishish mumkinligining izohi berilmagan. Xullas, maqolada xushmuomalalik mutlaq fazilat sifatida ko‘rsatilib, to‘g‘ridan to‘g‘ri mulozamat o‘rinsiz bo‘lishi mumkin bo‘lgan holatlar yoki ehtimoliy murakkabliklar e’tiborga olinmagan. Maqola ilmiy jurnalda nashr etilgan bo‘ishiga qaramay, unda bayonchilik usuli yetakchilik qiladi.

G.R.Vlasyan xushmuomalalikning yagona ta’rifi yo‘qligini, chunki u etnik-madaniy o‘ziga xoslikka ega ekanligini to‘g‘ri ta’kidlaydi [Vlasyan 2010: 38]. V.I.Karasik esa xushmuomalalik va hurmat o‘rtasida uzviy bog‘liqlik mavjudligini, ammo hurmat “nima?”, xushmuomalalik “qanday?” so‘rog‘iga bog‘lanishini, xushmuomalalik hurmatning tashqi tabiati, insonning mavqeini baholocvhi omil ekanligini o‘rinli izohlab o‘tadi [Karasik 1991: 114].

Biz ham bu o‘rinda G.R.Vlasyan hamda V.I.Karasiklarning mulohazalarini to‘g‘ri deb bilamiz. Zero, xushmuomalalik qanday ifodalanishidan qat’i nazar, u insonning oliy fazilatga ega ekanligidan dalolat beradi. Albatta, mag‘firat qilinishi muqarrar bo‘lgan sabablardan biri salom berish va suhbatda xushmuomala bo‘lishdir [Ат-Табарани 2009: 469]. Tarjima – bizniki. Maqoladagi barcha tarjimalar muallif tomonidan amalga oshirilgan.

Shunday qilib, xushmuomalalikni madaniyat, odob va axloq me’yorlarini o‘zida mujassam etishi bilan lingvomadaniy kategoriya sifatida talqin etar ekanmiz, quyida shu tushunchaning ingliz va o‘zbek tillari faktik materiallari misolida tahlil qilib o‘tmoqchimiz. Jumladan, XX-XXI asrlarda sermahsul ijod qilgan taniqli ingliz yozuvchilaridan biri Julian Patrik Barns hisoblanadi. Hozirda u sakson yoshda. 2026-yilda o‘zining “Departure” (“Xotima”) nomli oxirgi romanini e’lon qilgan yozuvchi 1946-yilning 19-yanvarida Angliyaning Lester shahrida tavallud topgan. Adib o‘n sakkizta romanning muallifidir, ammo shulardan to‘rttasini Den Kavana taxallusi bilan nashr ettirgan. Biz ishimizda xushmuomalalik kategoriyasining tahlilini uning o‘n uchinchi “The Only Story” (“Bir voqea”) nomli romani asosida olib boramiz. Aslida, xushmuomalalikni uning istalgan romani misolida ko‘rishimiz mumkin. 2018-yilning 1-fevralida Buyuk Britaniyada nashr etilgan “Bir voqea” romani rossiyalik adib Yelena Petrova tomonidan «Одна история» nomi bilan 2019-yilda rus tiliga o‘girilgan.

Asarda insonlar hayoti tayyor hikoyadir degan g‘oya yotadi. Romanning bosh qahramoni o‘n to‘qqiz yoshli Pol Roberts ta’til paytida London chekkasidagi ota-onasining uyiga keladi. Tennisga qiziqqani tufayli mahalliy tennis klubiga a’zo bo‘ladi. Bu yerda Syuzan Maklaud degan qiz bilan tanishadi. Ular o‘rtasida ishqiy munosabatlar boshlanadi. Pol Roberts Syuzan bilan turmush quradi va er-xotin Janubiy Londonga ko‘chib ketadi. Vaqt o‘tishi bilan munosabatlar buziladi. Chunki Syuzan alkogolizmga berilib, aqliy zaiflikka duchor bo‘ladi. Pol ko‘chib ketadi. Hayotini qaytadan qurishga harakat qiladi. Sayohat qiladi, ishini o‘zgartiradi. Yillar o‘tib, u o‘z hayotining bu “yagona hikoyasi” haqida fikr yuritadi. Muhabbatning tabiati, achchiq xotiralari haqida falsafiy mushohada qiladi.

Asarda individual xushmuomalalik yetakchilik qiladi. Boshqacha aytganda, konventsional (conventio – lotincha “kelishuv”) xushmuomalalikning ko‘rinishlari nisbatan kam uchraydi. Konventsionallikda esa an’anaviy me’yorga asoslangan tushunchalar nazarda tutiladi. Romandagi individual xushmuomalalik jumlasiga kishilarning o‘zaro murojaati shakllarini kiritishimiz mumkin. Masalan, Mrs Macleod (Macleod xonim) yoki Mr Ellis (janob Ellis) kabi. Buni yoshlarning uy bekasiga murojaatida ko‘rishimiz mumkin:

1. The long silence was broken by Susan asking if anyone wanted any more to eat. “Have you got any beans, Mrs Macleod?” (J.Barnes. The Only Story). – Uzoq davom etgan sukunatni Syuzanning: “Kimdir yana ovqat yemoqchimi? Loviyangiz bormi, Makleod xonim?” – deb so‘ragan murojaati buzdi.

Murojaat shakllaridan tashqari romanda xushmuomalalikning, yuqorida eslatib o‘tganimiz singari, konventsional shaklini ham kuzatishimiz: (I’m) sorry (kechirasiz), thank you, thanks (rahmat), please (iltimos) kabi.

2. “Sorry I’m late, darling”, she says, putting down her handbag (J.Barnes. The Only Story). – “Kechirasiz, jonim”, – deydi u sumkasini qo‘yib.

3. The phone goes one evening. ‘Is that Henry?’‘No, sorry, wrong number’ (J.Barnes. The Only Story). – Bir kun kechqurun telefon jiringladi: “Bu Genrimi?” “Yo‘q, uzr, adashibsiz”.

Shuni aytish kerakki, xushmuomalalik har doim janob, xonim, kechirasiz, rahmat va hokazo kabi etiket rusumiga aylanib qolgan so‘zlar bilan ifodalanavermaydi. U lingvomadaniy kategoriya sifatida so‘zlovchining xohishiga qarab, boshqa so‘z bilan aks etishi ham mumkin. Bunda, albatta, paralingvistik vosita hisoblanuvchi ohangning ahamiyati katta bo‘ladi:  

4. You hear the psychiatrist’s voice, quite clearly, say, “And how are we today, Mr Ellis?” (J.Barnes. The Only Story). – Siz psixiatrning: “Bugun biz qanday ahvoldamiz, janob Ellis?” – degan ovozini juda aniq eshitasiz.

Ko‘rinib turibdiki, berilgan misolda “Bugun biz qanday ahvoldamiz” jumlasi orqali “Sizning ahvollaringiz yaxshimi” degan xushmuomalali savolni tushunamiz. Bunda hakamning o‘z mijoziga nisbatan xushmuomalali murojaatini o‘qiymiz.

Shu kabi analogik hodisani suhbat asnosida so‘zlovchining tinglovchiga o‘z fikrini yumshatib yetkazishni mo‘ljallagan nutqiy parchada ko‘ramiz:

5. “You see, I haven’t been in love before, so I don’t understand about love. What I’m worried about is that, if you love me, it will leave you less for the other people you love” (J.Barnes. The Only Story). – “Ko‘rib turganingizdek, men ilgari sevmaganman, shuning uchun men sevgi nimaligini tushunmayman. Meni tashvishga solayotgan narsa shuki, agar siz meni sevsangiz, bu sizni sevgan boshqa odamlarning sevgisiga nisbatan kam joy oladi”.

Tahlilga tortilayotgan misolda qo‘llangan “ko‘rib turganingizdek” kirish birikmasi suhbatdoshning e’tiborini tortish va o‘zaro munosabatni tushunishga qaratilgan bo‘lib, referentning o‘z kamchiliklarini iymanibgina izhor etishini ifodalaydi. Bu esa, o‘z navbatida, xushmuomalalikning belgisi hisoblanadi.

Ushbu asarni tahlil qilish jarayonida shunga amin bo‘ldikki, unda xushmuomalalilik kategoriyasini shaklantirishda ishtirok etgan lingvistik birliklarning repertuari xilma-xildir. Ular orasida so‘roq, inkor va buyruq gaplar, ergash gapli qo‘shma gaplar, ravishlarning ayrim turlari, kirish birikmalar va boshqa qurilmalar mavjud. Mazkur lingvistik vositalar romandagi ayrim o‘rinlarda jamlanib qo‘llanganki, natijada xushmuomalalik tushunchasining darajasi oshgan. Ammo birgina maqola miqyosida asardagi bu birliklarning hammasini bir yo‘la tahlil etishda imkoniyatimiz cheklangandir. Shu bois yuqorida ularning ayrimlariga to‘xtaldik, xolos.

Eslatib o‘tganimizdek, xushmuomalalik imperativ shaklda ham o‘z ifodasini topishi mumkin. Buni o‘zbek tilidagi misolda ko‘rib o‘tamiz:

6. Sohibqiron motamda qolgan kelini Xorazm malikasi Xonzoda xonimga atab ikki sandiq sovg‘a-salom tayyorlatishni buyurdi. Birinchi sandiqqa tilla isirg‘a-yu bilakuzuklar, yoqut ko‘zli shohonaklar-u kumush kamarlar, zar taqinchoqlar-u marjonlar, oltin zebigardon-u tillaqoshlar, qashqar baldog‘i-yu oybaldoqlar, ko‘zmunchog‘-u tumorlar, Yaman aqiqi, javohir-u zabarjad, la’l-u yoqut, durri Adan, gavhar-u marvaridlar solinsin….

Podshoh kelini sandiqlarga qarab quvonib ketdi, shahlo ko‘zlari nurlandi (Muhammad Ali. Ulug‘ saltanat. Ikkinchi kitob).

Abzas shaklidagi mazkur makromatn taniqli adib Muhammad-Ali (Ahmedov) qalamiga mansub bo‘lgan “Ulug‘ saltanat” epopeyasidan olindi. Yozuvchi 1942-yilning 1-martida Andijon viloyatining Bo‘ston tumanida tavallud topgan. Muhammad-Ali ta’limni Moskvadagi Adabiyot institutida olgan. Ijodiy faoliyatini o‘tgan asrning 50-yillarining oxirlarida boshlagan. Yozuvchi ellikka yaqin nasriy hamda she’riy asarlar muallifidir. Uning ijodi turli mavzularni qamrab oladi, ammo adibning asosiy yo‘nalishi tarixdir. Muhammad-Alining mashhur asarlari orasida “Buyuk Amir Temur”, “Mashrab” dostonlari, “Abadiy tinchlik” she’riy romani, “Abadiy quyosh” tarixiy romani, “Hindiston malikasi”, “Navoiy va Boyqaro” dramalari mavjud. Shuningdek, u qadimgi hind dostoni “Ramayana”ni o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Uning asarlari yigirma besh tilga tarjima qilinib, AQSh, Xitoy, Turkiya, Rossiya va boshqa mamlakatlarda nashr etilgan.

Muhammad Alining “Ulug‘ saltanat” asari yigirma yil davomida yozilgan. Asarning taqdimoti 2014-yilning 2-dekabrida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasining majlislar zalida bo‘lib o‘tgan. Asar epopeya bo‘lib, “Jahongir Mirzo”, “Umarshayx Mirzo”, “Mironshoh Mirzo”, “Shohrux Mirzo” deb nomlanuvchi jildlardan iborat. Asar Amir Temurga bag‘ishlangan bo‘lib, unda bu tarixiy shaxsning hayoti va faoliyati, oilasi, zamondoshlari, davr muhiti, urf-odatlar, uning harbiy yurishlari qalamga olingan.

Yuqorida keltirilgan misolda turli ohanglarga ega bo‘gan ikki xil buyruq shaklidagi sintaktik qurilmalar mavjud: 1) to‘g‘ridan to‘g‘ri buyruq (Sohibqiron motamda qolgan kelini Xorazm malikasi Xonzoda xonimga atab ikki sandiq sovg‘a-salom tayyorlatishni buyurdi). Bu yuqori martabali amaldor nutqiga xos buyruq semantikasiga ega bo‘lgan fe’l orqali ifodalanmoqda.

2) bilvosita buyruq (Birinchi sandiqqa…solinsin…). Bu ko‘rsatma shaklida bo‘lib, birinchisiga nisbatan yumshoq ohangda aytilgan. Mazkur buyruq buyruq-istak mayli -sin shakli orqali namoyon bo‘lmaqda. U o‘zbek tilida ko‘pincha ko‘rsatma yoki istakni ifodalash uchun ishlatiladi.

Shuni aytish kerakki, mavjud qurilmalar buyruq ma’nosida bo‘lishiga qaramay, u bir qator stilistik va sintaktik texnikalar tufayli xushmuomalalik deb qabul qilinadi, zero qimmatbaho sovg‘alarning qiymati ko‘rsatilgan e’tiborni va hurmatni ko‘rsatadi. Tahlil shuni ko‘rsatadiki, buyruq hukmdor tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri aytilmagan: U yerga oltin va yoqutlarni qo‘ying! kabi. Bu usul, o‘z navbatida, yumshoqlikka ishora qiladi, qo‘pollikni bartaraf etadi. Bundan tashqari, hukmdorlar xushmuomalalikni yumshoq so‘zlar bilan emas, balki protokolga rioya qilishga o‘xshash tarzda ifodalashgan. Uning xushmuomalaligi ham rad etib bo‘lmaydigan qonundir. Shu tarzda podshohning kelini sandiqlarga qarab quvonib ketadi, shahlo ko‘zlari nurlandi. Bu esa muloqotning muvaffaqiyatli amalga oshganini tasdiqlaydi. Natijada podshoh hurmatli va saxovatli deb qabul qilinadi. Chunki sohibqiron muammoli vaziyatning yechimini topadi. A.Vejbitskaya ta’biri bilan aytganda, tashabbuskorning pragmatik jihatdan egallagan mavqeyi uning unvoniga, lavozimiga va yoshiga qarab belgilanmoqda, zero, bu vaziyatda faqat sohibqirongina buyruq ifodasidagi xushmuomalali nutqning adresanti bo‘lishi mumkin [Вежбицкая 1997: 90].

Shunday qilib, verbal hamda noverbal belgilarning bixevioristik makonda pragmatik omillar asosida faollashuvidan global muloqot jarayonida biz “xushmuomalalilik” deb atayotgan kategoriya vujudga keladi. Bunda, albatta, inson omili yetakchilik qiladi. 

 

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

 

1. Лю Хуэй. Категория вежливости как объект лингвистического исследования // Лингвокультурная репрезентация вежливости в традиционном общении и онлайн-коммуникации. Дисс. канд. …филол. наук. – Краснодар: КубГУ, 2024. – 191 с.

2. Стернин И.А. Русский речевой этикет. Учебное пособие. – Воронеж: ВОИПКРО, 1996. – 123 с.

3. Земская Е.А. Категория вежливости в контексте речевых действий // Логический анализ языка: язык речевых действий. Коллективная монография. – М.: Наука, 1994. – 185 с.

4. Кондрашов В.А. Этика. Учебное пособие. – Ростов н/Д.: Феникс, 1999. – 509 с.

5. Goffman E. Interaction rituals: essays on face-to-face behavior. Essay collection. – NY: Anchor books, 1967. – 270 p.

6. Abdujalilova Sh.A., Fayziyeva N.N. O‘zbek tilidagi xushmuomalalikning kategoriyalari // Central Asian Journal of Multidisciplinary Research and Management Studies. Volume 2, Issue 3, March 2025.

7. Власян Г.Р. Различные подходы к определению лингвистической вежливости // Вестник Нижневартовского государственного университета, 2010. – №3.

8. Карасик В.И. Язык социального статуса. – М.; – Волгоград: Институт языкознания АН СССР, Волгоградский педагогический институт, 1991.                                                                – 495 с.

9. Сулейман ибн Ахмад ат-Табарани. Аль-Муджам аль-Кабир. Сборник хадисов. – Бейрут: Дар аль-Ихия ат-Турас аль-Араби, 2009. – 11 томов.

10. Вежбицкая А. Язык. Культура. Познание. – М.: Наука, 1997. – 416 с.

11. Julian Barnes. The Only Story. London: Jonathan Cape, 2018. – 213 p.

12. Muhammad-Ali. Ulug‘ saltanat. Ikkinchi kitob: Sharq, 2014. – 448 b.

 

Aманов А. Лингвокультурные особенности категории вежливости (на примере английских и узбекских романов XX-XXI вв.). В данной статье рассматривается категория вежливости как комплексное лингвокультурное явление, проявляющееся в текстах художественных произведений. Основное внимание уделяется анализу особенностей репрезентации этой категории в английской и узбекской литературе XX–XXI веков. Вежливость в лингвистическом аспекте представляет собой многослойное коммуникативное поведение, включающее в себя прагматические, семантические и социокультурные компоненты. В рамках данного исследования вежливость рассматривается как система речевых стратегий и тактик, направленных на установление и поддержание гармоничных отношений между коммуникантами.

 

Amanov A.  Linguocultural Features of the Politeness Category: Based on 20th and 21st Century English and Uzbek Literature. This article examines the politeness category, a linguoculturally complex phenomenon manifested through literature. It analyzes how this category has been represented in English and Uzbek literature of the 20th and 21st centuries. From a linguistic point of view, politeness can be seen as a multifaceted communicative behavior that includes pragmatic, semantic, and sociocultural components. The article examines politeness in terms of strategies and techniques for establishing and preserving harmony between speakers.

Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati