ZEBUNNISOBEGIM SHE’RIYATIDA ILOH VA MAJOZ TUSHUNCHASI

Zebunnisobegim xalqning yuksak ehtiromiga sazovor bo‘lgan, irfoni va buning ilhomida yaratilgan asarlari esa juda ko‘plab muxlis orttirgan. “Inson go‘zalligi va ishq-muhabbatni ulug‘lash, islomiy iymon-e’tiqod va pokdomonlikni targ‘ib etish, toat-ibodat va odob-axloqqa, sabr-qanoat va mehr-muhabbatga da’vat Zebunnisobegim asarlarida yetakchi mavzu sifatida badiiy yuksak ifodasini topdi. Shoira inson qadr-qimmatini sharafli deb biladi, unga abadiy baxt-saodat tilaydi:

- Bu jahonga kim kelibdur – bo‘lmasun baxti qaro!..

Shoiraning she’riyati xuddi shu fazilatlari bilan keng omma diliga yo‘l topgan” - deya, haqli ta’kidlagan edi marhum adabiyotshunos, professor Abdurashid Abdug‘afurov. Zebunnisobegim ijodiyoti ko‘p sonli hammaslaklaridan nimasi bilan farq qiladi? U ham orifona mazmunda va pand-axloq mavzusida o‘lmas qadriyatlarni tarannum etgan, abadiy go‘zallik namunasi - insonni alqagan, oshiq sifatida yor sitamu hijronidan kuyingan... lekin ushbularni qanday ifodalagan, bu mavzular uning qalamida qay darajada aks etgan, qanday yo‘sinda shoir menligini ko‘rsatgan?.. Mumtoz adabiyot namoyandalarining ijodlaridagi mavzular o‘xshashligi ular bir xil asarlar yozganligidan emas, bir xil mavzuda turlicha mazmun va badiiyatga ega asarlar bitganligidan dalolat. Qolgan gap, buni ilmu tafakkur vositasi ila ilg‘ay bilishdadir. Shunga binoan shoira asarlarining g‘oyaviy tematikasini mazmunan quyidagicha tasniflash mumkin:

I. Diniy-ijtimoiy: islom e’tiqodi yoki tavhid; vatanparvarlik; insonparvarlik va axloqiy; ilm-ma’rifat.

II. Tasavvufiy-orifona: tariqat ta’limi; ishqiy.

III.Lirika.

Shoiraning qator asarlari sharq mumtoz adabiyotining fikr mag‘zi –  haqiqiy yor (Alloh taolo) vasfini kuylash konsepsiyasidan ayri emas. “Ki, tavhid jomi islomdin no‘sh etduk” – deya e’tirof etgan turkum she’rlarida, jumladan, “Gunohim avf etib...”, “Xudoga bandalik shuldur...”, “Yo, Rab”, “Muhammad Mustafo sha’niga...”, “Qilmag‘il”, “Judo”, “Eshit”, “Ikki olamda erursiz...” kabi g‘azal, murabba’, muxammaslarida e’tiqod va tavhid, Rasulullohga muhabbat g‘oyasi munojot hamd va na’t tarzida keladi. Zebunnisobegim orif shoira sifatida xalqni turli dahshatlar bilan qo‘rqitib emas, Allohning lutfu karamiga umid qilib, uni sevishga da’vat etadi; Haq taolo hukmlarini muhabbat bilan ado etishga chaqiradi. Inchunin, payg‘ambarimiz (s.a.v.) bir hadisi shariflarida: “Din ahkomlarini xalqqa oson qilib ko‘rsatinglar, qiyin qilib ko‘rsatmanglar. Ularga Allohning va’dalarini gapirib bashorat beringlar, azoblaridan ko‘p gapirib, bezitib qo‘ymanglar!”[1]- deya marhamat qiladilar. Shoira ham xolis Alloh uchun ibodat qilishlikni, yaxshi amallar bilan umr daftarini bezashlikni va shu bilan ikki dunyo saodatiga erishib, mahshar kuni yorug‘ yuzli bo‘lish mumkinligini uqtiradi. Hazrati payg‘ambarga cheksiz hurmat bilan “Umidim shul qiyomatda-shafoat osiy ummatga” deya ilinjda bo‘ladi. Yoki, “Muhammad ummatiga rahmati Haqdin bashorat bor...“ deya mujdalar beradi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, Zebunnisobegim ancha dardli she’rlar yozgan”:

Man az dahani mor shakkar metalabam,

Az xonai ankabut par metalabam.

Az sinai narrasher shir metalabam,

Az mardi barahnapoy zar metalabam.

(Ma’nosi: Men ilon og‘zidan shakkar talabman,

O‘rgumchak inidan men par talabman.

Erkak sher ko‘ksidan sut talab qilsam,

Oyoqyalanglardan siym – zar talabman).

kabi misralarida mehru shafqat, o‘zaro oqibat tushunchalarini targ‘ib etib, “Shod etgil har kishini bu tiriklikda mudom, tashla dilozorlikni” - deya, “sangdillar” ga tanbeh beradi. “G‘alat”, "Qayu jonlik...”, “Qadrini” kabi g‘azal va taxmislarida mutafakkir sifatida bu dunyo bebaholigidan shikoyat, inson umrining g‘animatligi va shu umrni faqat ezgulik, yaqinlarga muhabbat, miskinlarga muruvvat, ilmu amal birligida toatu taqvo bilan o‘tkazish kerakligini falsafiy mushohada qilsa; “Bir nechalarning fikru yodi mol yig‘moqdur”, “Har kimni etma g‘iybatin” kabi misralarida esa mol-dunyoga mukkasidan ketgan johil, fosiq, g‘iybatchi, himmatsiz, takabbur, ilmga e’tiborsiz kimsalarni qattiq qoralaydi. “Fisqu isyon etgali, ey banda, Allohdin uyol!” - deya o‘git berib, “Ey yaxshilar, tarki jaholat aylasanglar-chi!” -  debon xitob qiladi. Va u Alloh taolo mukarram  qilib insonni yaratganiga shukrona keltiradi:

Shukri behad o‘zga qilmay, bizni inson ayladi...

Avvalo, shoiraning o‘zi – amali solih, xushxulq kishi sifatida o‘zgalarga o‘rnak bo‘lganligini hayotiga daxldor ayrim lavhalardan ko‘rish mumkin. Umuman olganda, Zebunnisobegim ma’rifat hosil etgan orif zot sifatida ko‘plab she’rlarida Qur’oni Karim va Hadisi Sharifga murojaat qiladi, ishoratlar beradi. Shu bilan birga:

Hayf bar ammomai zohid ba chandin pechutob,

Rishtai tasbeh gashtu tori zunnore nashud

deb, o‘gitlaydi. Ammo, ko‘pgina bilimlarga ega bo‘lgach, ibodatiga ishonib kibrlanguvchi kishilarni tanqid etadi. Chunki, ilmli bo‘laturib amal qilmaslik va ilmiga kibrlanish, toatu ibodat qilaturib yomon fe’llarni tark etmaslik va o‘zgalarga ozor berish mo‘minlarga xos emas. Olimligiga havolanib, toatlarga bino qo‘yib kibrlangan azroil marhamatdan sivo (ayri) bo‘ldi;  ya’ni  iblis alayhillanaga aylanib, shayton bo‘ldi.

Shoira Zebunnisobegim:

Har matoero xaridorest dar bozorho,

Pir shud Zebunniso, o‘ro xaridore nashud.

deydi-da, “Shoh qizi bo‘lsam-da, qildim faqir yo‘lini ixtiyor” misrasi bilan zamin kabi vazminlikka va sabrga chorlaydi. Chunki, odam aslanu naslan tuproqqa oiddir: tuproqdan yaralgan va tuproqqa qaytadi!

Shoira bu taxlit asarlarida “ibodat”, “toat”, “taqvo” so‘zlarini ko‘p takrorlagani ham kishi diqqatini tortadi. Misol uchun, ibodat[2] kalimasini qo‘llashda, ilmi irfon sohibi Zebunnisobegim faqat rukniy amallarnigina nazarda tutgan emas. Balki, uning ma’rifiy mohiyatiga urg‘u bergan. Chunonchi, Muhammad (s.a.i.) ning “Ilm – ibodatdan afzal va u taqvo dinning ustunidir”, deyilgan hadislari bor[3] va bu xususda hujjatul-islom Imom G‘azzoliy (r.a.): “Ey farzand, ilm olishdan murod – toat-ibodat mohiyatiga erishmoqdir. Bilgilki, toat-ibodat yaxshi va yomon, go‘zal va xunuk, halol va xarom ishlarda, so‘z va amalda shariatga ergashmoqdan iborat”,[4] – deya ta’kidlaydi.

Shunga ko‘ra shoira qalb sofligi, dil pokligini tilaydi: Ibodat nuri birlan qalbimiz mir’ot qil, yo Rab!

Ya’ni, qalb go‘zal amallar natijasida hosil bo‘lgan nur tufayli, Haq tajalliysini aks ettiradigan oyna bo‘lsin. Chindan ham pokiza niyat!

Yoki, bir necha asarlarida takrorlangan “Hijrat” mavzusini olaylik. Ijodkor “ko‘chish” ma’nosida keluvchi bu kalimani ham ko‘p holda istiloh sifatidagi mohiyatiga ishora etgan. Negaki, yana bir hadisda: “...Hijratning ikki xil ma’nosi bor: 1.Vatanni tark etish; 2. Haromdan halolga ko‘chish”[5] – deyiladi. Fikrimizcha, irfon sohibasi Zebunnisobegim bu asarlarida ko‘proq ana shu ikkinchi ma’noni ko‘zda tutgan. Bu va boshqa yuksak insoniy fazilatlarni ulug‘lovchi, komillik sari undovchi g‘oya shoira ijodining mag‘zi-mag‘ziga singib ketgan. Zeroki, Zebunnisobegim ijodida muhim o‘rin tutgan, tasavvufiy-orifona mavzudagi asarlarning maqsad va g‘oyasi inson kamoloti ekanligi ayon.

Zebunnisobegim she’riyatidagi etakchi mavzulardan yana biri ishqdir. Uning bu mavzu va g‘oya aks etgan asarlari lirik xarakterdagi va ishqi ilohiy tasvirlangan she’rlaridir. Majoziy ishq tarannumi esa shoirning ko‘pgina asarlarida o‘ziga xos tarzda bayon etilgan. Aytish lozimki, uning ayrim she’rlarida iloh va majoz tushunchasi uyg‘unlashib ketgan. O‘z davri adabiyotida Zebunnisobegimning majoziy ishqni vasf qiluvchi asarlari originallik kasb etgan. “Bo‘lmoq shunchalar”, “Laziz”, “Qildi”, “Koshki”, “Olamda monanding saning”, “Yo‘q”, “Kel”, “Oxtarur” radifli g‘azallari ana shular jumlasidan.

Shoira ISHQ istaydi. Muhabbat sharbatini esa “Xudovando, nasib etgin saqqohimning sharobidin” – deya, o‘tinadi. Ishq yo‘lidagi riyozatu malomatlarga tayyor, shu bilan birga:

No‘sh etar ushbu jahonda kim muhabbat sharbatin,

Xalq aro xomush bo‘lub, ahli fanoni oxtarur -

fikrida, “ahli fano” ni, ya’ni o‘zidek “daryoi muhabbatga cho‘mgan”larni izlaydi. fano – yo‘qliqdir; tasavvufda “o‘z borlig‘idan kechmoqlik”[6] ma’nosida keladi. “Fano ahli” esa, ishq yo‘li (tariqat)dagi oshiqlar. Ular Haq nuri-tajalliysidan bebahra emas. Bu foniy dunyoda shu nurni bir-birlarida ko‘radilar va ma’shuqqa “u”, ya’ni “majoz” orqali shaydo bo‘ladilar. Majoz – insonga bo‘lgan pok muhabbat nihoyasida HAQ ishqiga vosil bo‘lmoqlikdir. Bu turli ramzlar, ishoralar, voqea va rivoyatlar orqali sharq mumtoz adabiyotida izohlangan. “Majoziy obrazlar ustunlik qilgan she’rlarda, hatto, shoirning o‘zi ko‘zlagan yoki o‘ylaganidan ham ancha ko‘p va keng mazmun aks topadi”[7]. Umuman olganda, turli she’riy san’atlar, ayniqsa, talmeh orqali timsollar bilan fikrni to‘laqonli asoslash mumtoz adabiyotimiz ijodkorlari uchun xos. Masalan, bu xususiyat Navoiyning:

Ishq agar komildurur mashuqni mahkum etar,

Bo‘lmayin Mahmud, bo‘lmoq istama yoring Ayoz.

Gar Navoiy yig‘lasa, ishqing majoziydur dema

Kim, nazar pok aylagach, ayni haqiqatdur majoz –[8]

misralarida Mahmud G‘aznaviy va Ayoz qissasiga ishora orqali berilgan. Bu qissa majoziy ishqni talqin etuvchi eng mashhur qissalar sirasidan hisoblanadi[9]. Mazmun va mohiyatan o‘zaro yaqin bu kabi she’rlarda “ishqi ilohiy”ga etishishdan avval “ishqi majoz”ni o‘tamoq lozimligi va buning o‘zi “ayni haqiqatga” yaqinligi nazarda tutiladi. Bunday qissa-afsonalarga murojaat ko‘plab mumtoz shoirlar ijodida uchraydi. Lekin, aynan “Mirzo Hamdam qissasi”ga munosabat-ishoratni, o‘sha davr adabiyotida faqat, Zebunnisobegim she’riyatidagina ko‘ramiz.

Necha donolarni nodon ayladi ishqi majoz,

Yorning ko‘yida sarson ayladi ishqi majoz –

deya boshlanuvchi g‘azali ana shunday asarlar jumlasidandir.

To‘qqiz baytli mazkur g‘azalning deyarli har bir baytida biror bir afsona, rivoyat, doston, tarixiy voqeaga ishoralar bor. Talmeh san’ati vositasida Layli va Majnun, Farhod va Shirin, Vomiq va Uzro, Tohir va Zuhro, Shayx San’on, Ya’qub (a.s.) hamda uning o‘g‘li Yusuf (a.s.) va Zulayho qissalariga murojaat qilingan. G‘azalning maqtaida esa Mirzo Hamdam qissasi yodga olinadi:

Ey Zebunniso, Mavlaviy Jomiy bila Hamdamni ko‘r,

Ul Husayn Mirzoni tug‘yon ayladi ishqi majoz.

Qissa o‘tmishda “Qissai Mirzo Hamdam va Mavlono Jomiy”, “Qissai Mirzo Hamdam va latofati Jomiy” va “Qissai Mirzo Hamdam” nomlari ostida mashhur bo‘lgan.

Mazkur qissada Abdurahmon Jomiy, Husayn Boyqaro va Mirzo Hamdam ishtirokidagi ajib tarovatli nafis majlis-she’rxonliklar, insonning insonga (va u orqali yagona Allohga) bo‘lgan chin va samimiy muhabbati aks etgan. Uning ba’zi variantlarida, hatto, Alisher Navoiy timsoli (obrazi) ham uchraydi.

Shoira haqiqiy pok muhabbatni tarannum etib, ma’rifatga erishmoq istaganlarni ishq yo‘liga da’vat etadi:

Ishq yo‘li birla kim tariq etsa, haqiqatga etar,

Ma’rifat hosil etolmasdur, muhabbat bo‘lmasa .

“Shoira kalomidagi ishq va uning manbalari qaerdan? – degan haqli savol tug‘iladi. Imom G‘azzoliy (r.a.) ishqqa shunday ta’rif beradi: “Sevgi – inson tabiatining zavq olgan bir narsasiga mayl qo‘yishidir. Buning quvvatli shakli – ISHQ deyiladi”. Muhyiddin ibn al-Arabiy (r.a.) ham sevgi maqomining to‘rt ismini keltiradi va shulardan biri ishqni shunday ta’rif etadi: “ISHQ – muhabbatning ifroti, ya’ni sevgining oshirilishi. Yoki ortiq bir darajaga yetishgani sevgidir”. Haqqa bo‘lgan muhabbat esa ishqi lohutiydir. Ishqi Ilohiy, Ishqi Haqiqiy, Ishqi Ma’naviy kabi ta’birlar ham janobi Vojibul vujudga doir shiddatli muhabbat va sevgini ifodalaydi. Shunga ko‘ra, asl ishq – Allohdan va Allohgadir!

Zebunnisobegim g‘azalidagi majozga kelsak, kalima o‘laroq [arabcha (o‘tmoq) fe’lidan yasalib] (majoz) – “o‘tadigan yer”, “yo‘l” ma’nosidadir. Boshqacha izohlash, obrazli ifoda, metafora ma’nosiga ham ega[10] (“g‘ayri haqiqat”, “ziddi haqiqat” mazmunida ham kelishi mumkin)[11]. Adabiyotshunoslikda esa, haqiqiy ma’nosi bilan emas, unga o‘xshash boshqa bir mazmun yoki istalganini eslatadigan biror kalima bilan atamoq, istalganiga o‘xshash bir ma’no ifodasidir. Naql etishdagi munosabatga “aloqa” – deyilib, aloqasi tashbeh bo‘lgan majozlar istiora (ko‘chma ma’no), boshqa bir turli aloqasi bo‘lganlar esa majozi mursaldir. (Majozi mursalning ham bir necha turi mavjud). Shoira she’ridagi majozdan murod esa – istioradir. Anglashilganidek, ma’shuqqa bo‘lgan muhabbat aslida shu ma’shuqani yaratguvchisiga bo‘lgan majoziy ishq ekan.

“Inson hissiyot olami vositasi bilan ma’no olamini idrok qiladi, boshqacha qilib aytganda, nisbiy haqiqat mutlaq haqiqatni bilishga olib boradi”[12]. Badiiy tarzda bu mavzu haqida  hazrat Navoiy aniq qilib shunday yozadilar:

Majozdin manga maqsud erur haqiqiy ishq,

Nedinki, ahli haqiqatqa bu tariqat erur.

Majozdin chu haqiqatqa yo‘l topar oshiq,

Qilur majozni nafy ulki, bahaqiqat erur –[13]

Ushbuni eng go‘zal tarzda ifodalovchi hazrat Bahouddin Naqshband (q.s.) va boshqa naqshbandiy shayxlaridan naql etilgan: “Al-majozu qantarat ul-haqiqat” (majoz haqiqatning ko‘prigidur) hadisi[14] mashhur. Muhammad Sayid Amir Umarxon (1787-1822) o‘z devoni debochasida nazokat va shoirona ta’b bilan majozga shunday izoh beradi: sarmashq esa Parvardigor qudrati bilan yaratilgan aziz va mukarram inson hamda unga bo‘lgan muhabbat tasviri – ishqi majoz nomi ostida mumtoz adabiyotimizda kuylandi. Shoira Zebunnisobegim ijodi ham shu an’ana asosida rivojlandi. Shoiraning o‘z davri uchun xos bo‘lgan yo‘sindagi, xalq tili va diliga yaqin she’rlari badiiy obrazliligi hamda tarovati bilan o‘quvchi ko‘z o‘ngida namoyon bo‘ldi. Zebunnisobegim ustoz Navoiy kabi, asarlarida majoziy ishqsiz haqiqiy ishqqa yetib bo‘lmasligi haqidagi g‘oyani olg‘a suradi. Shoira:

Ishq ahli ta’nai zohidlara parvosi yo‘q,

Majnun emasdur, o‘shal oshiqni ham Laylosi yo‘q –

deya boshlanuvchi g‘azalida yana o‘sha qissani esga tushiradi va majoz vositasidagi ishq har kimga ham nasib etavermasligini ta’kidlaydi:

Har nechuk olimni ko‘rsangiz, ani Jomiy demang,

Mirzo Hamdamdek ajab ma’shuq ham barnosi yo‘q.

Qissada keltirilishicha, Mavlaviy Jomiy (Hirotdagi) madrasada talabalarga dars berardi. Bir kuni Samarqanddan kelgan qalandar mazkur shahardagi Husayn Boyqaroning ma’shuqi Mirzo Hamdam va u haqidagi sho‘rishu g‘avg‘olar to‘g‘risida xabar beradi. Jomiyda Mirzoga nisbatan g‘oyibona muhabbat hosil bo‘lib, Samarqand sari yo‘l oladi va Mirzoning “jamoli” hamda “suhbatiga” musharraf bo‘ladi[15]. Zebunnisobegim aytmoqchi, qissada ta’riflangan Jomiyda ishqu amal bor edi. Faqat  Mirzo Hamdam (visoli)ga yetishgach, bu ishq takomilga erishdi:

Kim majozi o‘tig‘a kuymaydi – ul oshiq emas,

To, Zebunniso, har kishida yorning savdosi yo‘q.

“Demak, majoziy ishq ilohiy ishqni kuchaytiruvchi, tezlashtiruvchi vosita”[16] ekanligi shoir misralaridan ayon. Zebunnisobegimning ishqi majozni ta’rif etishda bot-bot, zikr etilgan qissaga murojaat etganligining sababi nimada?

Fikrimizcha, bu qissada majozga nisbatan muhabbat va u orqali Ilohga bo‘lgan ishqning sodda va xalqona tasviri mujassamligidir. Xalq kitoblaridan yaxshi xabardor bo‘lgan shoira bunga bee’tibor qolmagan, albatta. Qissadagi Jomiy timsoli ham bunga yetakchi omil bo‘lgan, deyish mumkin.

Zebunnisobegim majoz ishqiga munosabatini ta’kidlangan misralarda izohlagan bo‘lsa-da, bu mavzudagi aniq fikrini, aytish mumkinki, o‘z konsepsiyasini mashhur Shayx San’onga ishoratlar bilan  ifodalaydi:

Zebunniso, Vomiqu Farhod birlan o‘zni teng tutmay,

Taqib zunnori ishq, o‘shal Shayx San’onimni yod ettim –

U o‘z ishq savdosiga ishoratlar qiladi:

Tushub boshimg‘a savdo, kimsaga izhor etolmasman,

Bu sirni maxfiy aylab yurmoqqa qolu balo bois.

Satrlardan shu ma’lum bo‘ladiki, majoziy ishqqa sabab, “parivash”, “qamartal’at” yuzning olamga oshkor bo‘lishi va yurakdagi ishqning jo‘sh urmog‘i, ammo, bularning hammasi sir chunki bu azalda, ya’ni “qolu balo”da taqdiriga yozilgan. “Qolu balo” (aslida “bala”, bu o‘rinda vazn talabiga ko‘ra shunday o‘qiladi) Qur’oni Karim “A’rof” surasining 172-oyatiga ishoradir: «Parvardigoringiz Odam bolalarining bellaridan (ya’ni pushti kamarlaridan to qiyomat kunigacha dunyoga keladigan barcha) zurriyotlarini olib: «Men Parvardigoringiz emasmanmi?» deb, o‘zlariga qarshi guvoh qilganida, ular: «Haqiqatdan sen Parvardigorimizsan, bizlar bunga shohidmiz», deganlar! Sizlardan bunday guvohlik – ahd-paymon olishimiz qiyomat kunida: «Bizlar bundan bexabar edik» demasliklaringiz uchundir»[17].

Ya’ni ruhlar yaratilganda, Allohning ularga qarata: (Men Rabbingiz emasmanmi?) deya buyurganida, ruhlar: (Ha, dedilar) tarzida javob berganliklarini xotirlatmoq uchun qo‘llaniladigan birikma. Mazkurga nisbatan “Bazmi alast”, “ro‘zi alast” ta’biri ham ishlatiladi. Zebunnisobegim bir she’rida “ro‘zi alast” deya ifoda etgan:

Azalda mubtalolarga sitamni

Qalam yozganmukin ro‘zi alastda.

Buning boshqa bir badiiy go‘zal shaklini shoira “Moni” radifli g‘azalida ham aks ettirgan. U yana majoz orqali haqiqiy sevgisi mavjudligini asoslashga harakat qiladi. Bu esa qissa qahramonlari va o‘z “suygani”ga ishora bo‘lib misralarga tizilgan:

Ul Mavlaviy Jomiy dedi: “Hamdamim”,

Mirzo Husayn der erdilar: “Mahramim”,

Zebunnisoman, Ibrohimdur suyganim...

“Ibrohim – Ibrohimxon” ismi uning ayrim g‘azal va murabba’larida ham keladi. Lekin, “Xudodan suhbatini ato qilishni” so‘rab: Ey, dilbari olam aro yagona, Holo o‘zing bir Yusufi Farg‘ona – deya ta’rif etilgan bu Ibrohimxon kim? – degan savolga javob berish albatta mushkul. Fikrimiz-cha, “O‘xshamas”da “xushtakallum, porsovash, xo‘bsuvrat, falotuntab” – deya sifatlanadi. Shayx va shoira bilan Ibrohimxon ismli kishi orasidagi muomalot, Navoiy ta’biri bilan aytganda “pok yuzga pok nazar bilan muhabbat” tarzidagi xushsuhbatlardan iborat bo‘lgan deyishga asos bor. (Masalan, Mavlono Jaloliddin Rumiy va Shams Tabriziy orasida bo‘lib o‘tgan xos suhbatlarni eslash kifoya).

Shu tariqa aniq-real shaxsga bo‘lgan samimiy munosabat, shoira ijodida majoziy ishq tarzida berilib, oxir-oqibat, albatta, HAQ muhabbatiga yetkazuvchi vosita sifatida namoyon bo‘lgan. Majoz va unga bo‘lgan ishqning takomili ilohiy muhabbat – mumtoz adabiyotimizning ulkan namoyandalari qatori Zebunnisobegim ijodida ham mazmun, ham tasvir va mohiyatiga ega bo‘lib kelgan. U bir she’rida:

Ishq darsini o‘qurg‘a bir muallim topmadim,

Kimga aytsam, aytadur: “Ko‘fada No‘‘moning kerak” –

deydi. No‘mon – “Imomi A’zam” (buyuk imom) nomi bilan mashhur Abu Hanifa No‘mon ibn Sobit (hij. 80-150). Ul zot Ko‘fada tug‘ilib, Bag‘dodda vafot etgan  islom olamining ulug‘ mujtahid olimi, hanafiya mazhabining asoschisi. Dunyo musulmonlarining ko‘p qismi, jumladan, Movarounnahr musulmonlari ham shu mazhabda qoim va u to‘g‘ri e’tiqod sifatida tan olingan. Hanafiya mazhabining ko‘p ulug‘ olimlari ayni damda, tasavvuf arboblari ham bo‘lishgan. Xususan, Alisher Navoiy “Nasoyim ul-muhabbat” asarida Imomi A’zamning o‘zini ham valiyullohlar qatorida zikr etgan[18]. Zebunnisobegim bu o‘rinda Imomi A’zamga ishora bilan, e’tiqodda (ahli sunna val jamoa)da bardavom ekanligini ta’kidlamoqdaki, u ishq bobida ham, g‘ayri ta’limotlarga emas, haq mazhab ulug‘lariga iqtido qilganligi anglashiladi.

Shoiraning tasavvuf ruhidagi asarlarida sof so‘fiyona ma’no va mazmun tarannum etilsa, axloqiy mavzulardagi bitiklarida poklik, odamiylik, saxovatpeshalik kabi yuksak insoniy fazilatlar ulug‘lanadi. Diniy va ijtimoiy mavzudagi she’rlarida esa islomiy tushunchalar yordamida jamiyatda sodir bo‘layotgan siyosiy-ijtimoiy, ma’rifiy-madaniy masalalar haqida fikr bildiriladi.

Zebunnisobegim she’riyatini, mumtoz badiiyat me’yorlari asnosida tadqiq etar ekanmiz, u nafaqat orif ijodkor, balki yor go‘zalligini ta’rif etuvchi va uning muhabbati sitamlaridan kuyinuvchi she’rlarida o‘z mahoratini namoyish eta bilgan lirik shoira sifatida ham ko‘z oldimizda bor bo‘y-basti bilan gavdalanadi. U lirikada ham aniq she’riy maromga amal qiladi. Uning asarlarini o‘qir ekanmiz, fikr aniqligi va misralarning ravonligidan zo‘r qoniqish hosil qilasiz, ibratli hikoyalarga ishoralardan, benihoya go‘zal yor ta’rifining jozibasidan zavqlanasiz. Shoira ma’shuqa obrazini yaratishda va unga murojaatda an’anaviy badiiy tasvir vositalarini mohirona qo‘llash barobarida o‘ziga xoslik ham namoyon qila bilgan. Aytish mumkinki, u ko‘p o‘rinlarda o‘ziga xos kashf darajasidagi badiiyatga erisha olgan.

Zebunnisobegim  lirik qahramonini maroq bilan serjoziba tasvirlaydi:

Jamoling safhasidin sabz o‘lub bir mushki rayhoning,

Tamoshoyi Chaman yo bog‘ aro gulzora o‘xshattim .

Mazmunan bir-biriga yaqin bo‘lgan "chaman, bog‘, gulzor” tanosub hosil qilib, chiroyli dalillovchi husni ta’lil san’atiga asos bo‘lmoqda. Yoki, yana nihoyatda ta’sirli va original ifodalangan baytlardan biri:

Vujudim shahrining Iskandarisan, bandadur aqlim,

Ra’iyyat - hushu idrokim, xayolim - posi bedoring.

Avvalo, bunda badiiy tasvir vositalaridan istiora, tamsil va tashbeh g‘oyat go‘zal shaklda qo‘llangan. “Vujud Shahri” - istioraviy ifoda bo‘lib, shoir qalbini zabt etgan “qamartal’at”ni mantiqan unga podshoh hisoblaydi. Iskandarning shohligiga ishora tarzida, uni misol keltirib, asosli tamsil topadi. Endi, albatta, mamlakatda shoh bo‘lgach, uning tobesi xalq va posbonlari ham mavjud. Oshiqning aqli - iskandarmisol ma’shuqaga banda, hushu idroki - raiyat, xayoli doimo birga bo‘lguvchi - posbon. Bu esa shoira hissiyotlari mohirona o‘xshatilgan tashbeh san’atidir. Mumtoz she’riyat namunalari, xususan, g‘azal matnining tahlil hamda talqini uning g‘oyasini izohlaydi. Undagi badiiyat orqali ijodkorning ruhiy olamiga kirib boriladi, asar mohiyati yechiladi. Bu esa keyinchalik asarning yaratilishi haqidagi turli taxminlarga yo‘l ochmaydi.

Xullas, shoira she’riyatida yuqoridagiday lirik-hissiy jonlanish ko‘p uchraydi. Mumtoz adabiyotimizdagi go‘zal an’analardan biri ham ana shu kabi jonlanishlarni badiiy tarzda tasvir etuvchi san’at asari yaratmoqlikdir. Badiiy san’atlar esa ko‘p holda ana shuning vositasidir. Ya’ni oddiy badiiyatgina emas, badiiyatdan badiiy san’atga tomon ilgarilanadi. Fikrni badiiy ifodalashda ko‘plab san’atlar qo‘llaniladi. Zebunnisobegim she’riyatda ma’naviy va lafziy san’at turlaridan unumli foydalangan. Misol uchun, tazmin san’atining namunasi. “Yovvoyi chorgoh” kuyida aytiluvchi qo‘shiq tarzida mashhur bo‘lgan: Tiyra dilimning ravshanisiz, ro‘shno keling – deya boshlanuvchi muxammas shu san’at vositasida bitilgan. Shuningdek, ko‘plab asarlarida Kalomi Sharifning o‘ndan ortiq suralariga murojaat etgan bo‘lib, bu iqtibos badiiy san’atidir. Uning vositasida Qur’oni Karimning oyatlariga ochiq yoki yarim ochiq ishoralar, ularning ma’nolarini she’riy kontekstda ochib berish namunalariga diqqat etilsa, ijodkordagi yuksak ma’naviy va ma’rifiy saviya, hamda baland tab seziladi. Zebunnisobegim salohiyatli ijodkor bo‘lish bilan birga, ilmi irfon sohibi – valiy zot ekaniga uning asarlarini chuqur va atroflicha o‘rganish jarayonida amin bo‘lish mumkin.

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati

  1. У.Уватов. Муслим ибн ал-Ҳажжож. –Тошкент: 1995. 61-бет.
  2. Ҳадислар. –Тошкент : 1991. 95-бет.
  3. И.Ҳаққул. Ирфон ва идрок. –Тошкент: 1998. 26-бет.
  4. Алишер Навоий. МАТ. 4-жилд. Наводир уш-шабоб. 147-бет.
  5. Алишер Навоий. МАТ. 12-жилд. Лисон ут-тайр. 290-291-бетлар.
  6. Арабско-русский словарь. Том 1. С.138; Арабча-ўзбекча бошланғич луғат, 192-бет.
  7. Фарҳанги забони тожики. Жилди 1. С.680.
  8. А.Рустамов. Алишер Навоий. Ҳикматли сўзлар. –Тошкент : 1985. 131-бет.
  9. Алишер Навоий. МАТ. 6-жилд. Фавойид ул-кибар. 512-бет.
  10. Мақомоти Муҳаммад Баҳоуддин Нақшбанд. -Истанбул, 1328. 144-саҳ.; Баҳоуддин Балогардон. -Тошкент, 1993. 28-бет.
  11. 11.Ё.Исҳоқов. Нақшбандия таълимоти ва ўзбек адабиёти, 21-бет; Алишср Навоий асарлари тилининг изоҳли луғати. 4-жилд, 250-бет.
  12. Н Комилов. Тасаввуф. I китоб. –Тошкент: 1996. 56-бет.

Қуръони Карим.(Ўзбекча изоҳли таржима муаллифи: Алоуддин Мансур.) –Тошкент: 1992.113-бет.

 

[1]У.Уватов. Муслим ибн ал-Ҳажжож. –Тошкент: 1995. 61-бет.                                          

 

[2]Ибодат – 1) бўйсуниш, итоат этиш; 2) Аллоҳга сиғиниш; 3) диний расм-русум, удумлар. Арабча-ўзбекча бошланғич луғат, 383-бет; Арабско-русский словарь. Том 2, С.ЗЗ.

[3]Ҳадислар. –Тошкент : 1991. 95-бет.

[4]Охиратнома. –Тошкент : 1994. 12-бет.

[5]Хадислар. 69-бет.

[6]Яна, фанофиллоҳ – қулнинг зот ва сифати Ҳақнинг зот ва сифатида йўқ бўлмоғи.

[7]И.Ҳаққул. Ирфон ва идрок. –Тошкент: 1998. 26-бет.

[8]Алишер Навоий. МАТ. 4-жилд. Наводир уш-шабоб. 147-бет.

[9]Алишер Навоий. МАТ. 12-жилд. Лисон ут-тайр. 290-291-бетлар.

[10]Арабско-русский словарь. Том 1. С.138; Арабча-ўзбекча бошланғич луғат, 192-бет.

[11]Фарҳанги забони тожики. Жилди 1. С.680.

[12]А.Рустамов. Алишер Навоий. Ҳикматли сўзлар. –Тошкент : 1985. 131-бет.

[13]Алишер Навоий. МАТ. 6-жилд. Фавойид ул-кибар. 512-бет.

[14]Мақомоти Муҳаммад Баҳоуддин Нақшбанд. -Истанбул, 1328. 144-саҳ.; Баҳоуддин Балогардон. -Тошкент, 1993. 28-бет; Ё.Исҳоқов. Нақшбандия таълимоти ва ўзбек адабиёти, 21-бет; Алишср Навоий асарлари тилининг изоҳли луғати. 4-жилд, 250-бет.

[15]Бу қиссанинг XVIII-XIX асрлар ўзбек ва форс адабиётида кенг тарқалиши ва “Жомийнинг Самарқанддаги ҳаёти заминида юзага келган ривоятлардан фойдаланилиш”лигини Р.Орзибеков ва Қ.Тоҳиров ҳам таъкидлайди (Жомий ва XIX аср ўзбек адабиёти // Абдураҳмон Жомий. Тўплам: -Тошкент, 1989. 112-бет).

[16]Н Комилов. Тасаввуф. I -китоб. –Тошкент: 1996. 56-бет.

[17]Қуръони Карим.(Ўзбекча изоҳли таржима муаллифи: Алоуддин Мансур.) –Тошкент: 1992.113-бет.

[18]Алишер Навоий. МАТ. 17- жилд. –Тошкент: 2001. 31-32-бетлар.

Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati